248
Bu oʻxshatishlarning baʼzilarini u xalq topishmoqlari, maqollari va ertaklaridan olgan.
Zabardast bahodir, afsungar Ayoz hukmdorning ajoyib qiyofasini ham u xalq ertaklaridan topgan:
Daraxtdan daraxtga tashlaydi qadam,
Yaxlagan qoʻllardan qarsillab oʻtar,
Ham yorqin oftob tovlanar biram,
Paxmoq soqolida yarqirab ketar…
Nekrasov, ayniqsa, samimiy, choʻziq, xushohang, mayin rus xalq qoʻshiqlarini juda yoqtirgan.
Bu qoʻshiqlarni rus xalqi asrlar davomida yaratgan. Nekrasov yoshlik chogʻlaridan boshlab xalqning
bu qoʻshiqlarni qanday kuylashini tinglaydi va oʻzi ham shunday goʻzal qoʻshiqlar yaratishni
oʻrganadi. “Soldat qoʻshigʻi”, “Hovli qarolining qoʻshigʻi”, “Notavon qashshoq qoʻshigʻi”, “Rus”,
“Yashil shovqin” va boshqa koʻpgina qoʻshiqlar shunday tilda, shunday hijoda yozilganki, xuddi xalq
oʻzi yaratgan qoʻshiqlar deysiz.
“Dehqon bolalari”, “Oʻzi mitti – juda miqti”, “Bolalar yigʻisi” kabi sheʼrlarida bolalarning
turli-tuman yumushlarni bajarib, tirikchilik qilganliklarini, ularning mehnatkash tabiati va ogʻir
qismatini chuqur xayrixohlik bilan ifodalaydi. Endigina olti bahorni qarshilagan bolaning kattalardek
fikr yuritishi kishini hayratga soladi:
Nonxoʻrlar yetgulik, ishlovchi kam,
Faqat ikki erkak: otam bilan man!
Nekrasovning sheʼrlari goʻzal, ohangdor, mazmunan boy va ayni zamonda sodda tilda
yozilgandir.
Nekrasov oʻzining dam olish kunlarida koʻpincha Kostroma, Yaroslavl, Novgorod
oʻrmonlariga borar, ov qilish bilan kunini oʻtkazar edi. Kostroma oʻrmonining Maliye Veji degan
qishlogʻida yashovchi Mazay bobo uning eng yaqin doʻstlaridan biri edi. Shoir Mazay bobodan koʻp
ajoyib voqealarni maroq bilan eshitadi. Shular asosida “Mazay bobo va quyonlar” nomli sheʼrini
yozadi.
“Daraxt kesish”da xalq boyligi – oʻrmonlarni shafqatsizlik bilan kesib yuborilishini qalamga
oladi. Birorta pomeshikka pul kerak boʻlib qolsa, oʻrmonni sotib yuborishi, puldor boy esa oʻrmonni
tag-tugi bilan kesib yuborishi hech gap emas, u zumrad oʻrmonlarning yoʻqolib ketishidan shoir
singari qaygʻurmaydi. Shuning uchun Nekrasov:
Bir vaqtlar asriy oʻrmonlar
Shovullagan katta maydonlar,
Endi oʻsha bepoyon boʻston
Boʻm-boʻsh, jim-jit, goʻyo qabriston! –
deb alam chekadi. “Temiryoʻl” nomli sheʼrida Peterburg bilan Moskva oʻrtasidagi temiryoʻl
qurilishida Rossiyaning turli shahar va qishloqlaridan haydab keltirilgan ishchi va dehqonlarning
alamli hayoti Vanya degan bolaga hikoya qilib beriladi. Buning bilan Nekrasov yosh avlodning diqqat
va eʼtiborini oʻsha zamonning muhim ijtimoiy masalalariga – xalqning kuchi va qudratiga tortadi, uni
chuqur tushunishga, oʻylashga undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: