BUXORO – QADIMIY SHAHAR
Buxoro - jahonning eng ko‘hna shaharlaridan. Bu shahar bundan XXV asr muqaddam Zarafshon vodiysining quyi qismida qad ko‘targan. Dastavval u daryoning Zerirud nomli quyi tarmog‘ining ikki sohilida bir-biriga qarama-qarshi joylashgan 3 ta qo‘rg‘on shaklida paydo bo‘lgan. Qo‘rg‘onlarning biri Foxira, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Farovis nomlari bilan yuritilgan. Qo‘rg‘onlar tevarak atrofi suvga to‘la ko‘lmaklar va botqoqliklar hamda anvoyi chechaklar bilan qoplangan bepoyon dala-yu dashtdan iborat nihoyatda xushmanzara bo‘lgan. Butun vodiy bo‘ylab atrofni qoplab yotgan asriy qalin daraxtzor, chakalakzor va to‘qaylarda son-sanoqsiz turli-tuman, yovvoyi hayvonlar hamda ajoyib-g‘aroyib qushlar uya qurgan. Shuning uchun bu o‘lkani va unda qad ko‘targan dastlabki shaharni aholi qadimda “Bug‘-oro”, ya’ni “Tangri bezagi”, “Tangri jilosi” yoki “Tangri jamoli” ma’nolarini anglatuvchi yagona nom bilan yuritgan.
Bu qadim uch qo‘rg‘onning atrofi o‘sha zamonlarida alohida-alohida mudofaa devorlari bilan o‘ralgan edi. Devorlar baland va qalin bo‘lgan. Ular paxsa va yirik xom g‘ishtlar bilan o‘rab chiqilgan. Ularning u yer-bu yerida baland tayanch minoralar bino qilingan. Qamal vaqtlarida dushmanga o‘q uzish maqsadida devor va minoralar bo‘ylab bir necha qator nishon tuynuk-shinaklar ishlangan. Shaharning bir necha darvozasi bo‘lib, har bir qismiga markaziy ko‘cha orqali darvozalardan kirilgan. Darvozaxonalarda maxsus soqchilar-darvozabonlar nazoratchilik qilib turgan. Kech tushishi bilan darvozalar berkitilib, erta saharda ochilgan. Qamal vaqtlarda ular kecha-yu kunduz tanbalanib turgan.
Shaharning maxsus devor bilan o‘ralgan eng baland qismida bino qilingan istehkomli qo‘rg‘oni Ark deb ataladi. Unda podshoh va amirlar yashagan. Arkda podshohning Ko‘shki va saroylaridan tashqari devonxona, xazina, chaqa tangalar chiqariladigan zarbxona, qamoqxona navkarlar uchun bostirmalar bo‘lgan. Shaharning qolgan asosiy ikki qismida shahar a’yonlari, hunarmandlar savdogarlar yashagan.
Qadimdan Buxoro Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgan bo‘lib bu yo‘l orqali buxorolik savdogarlar Xitoy, Hindiston, Eron va Vizantiyaga tuyalar karvoni bilan turli xil savdo mollarini olib borganlar. Aholi soni ko‘paygan sari shaharlar ham kengayib borgan. Shaharning kengaygan qismining xavfsizligini ta`minlash maqsadida IX asrda Buxoro qadimgi uchta qismni ham o‘z ichiga olgan yagona tashqi devor halqasi bilan o‘rab olingan. Asrlar o‘tishi bilan shahar maydoni yana-da kengaygan. Uning atrofida, shahar devori tashqarisida, yangi ko‘chalar, guzarlar va mahallalar qad ko‘targan. XV-XVI asrlarda esa yangi joylarni o‘rab turgan navbatdagi tashqi devor halqalari bino qilingan. Bu davrda shaharga 11 darvozadan kirilgan. Shaharda 12 mahalla, 200 dan ortiq guzar va masjidlar bo‘lgan. Har bir mahallaning katxudosi, guzar oqsoqoli, imomi va poykori-ellikboshisi bo‘lgan. Har bir mahallaning mozori bo‘lgani kabi, har bir guzarning alohida masjidi bo‘lgan. Shahar yuzdan ortiq hovuzlar orqali ichimlik suv bilan ta’minlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |