Yagona to‘siqlar qatoridan o‘tish
Yagona to‘siqlar qatorida quyidagi mashq bajariladi: masofa 200 metr. Boshlang‘ich holat — to‘siqlar qatori oldidagi chiziqqa yotgan holat.
«Olg‘a» komandasi berilganda:
1. Sakrab 20 metr yuguriladi va 2,5 metr kenglikdagi chuqurlikdan sakrab o‘tiladi.
2. Labirint yo‘laklardan yugurib o‘tiladi.
3. Xohlagan usulda 2 metrli devordan oshib o‘tiladi.
4. Vertikal narvon orqali buzilgan ko‘prikning ikkinchi qismiga chiqiladi. Balkadan yugurib borib, oxiridan yerga sakrab tushiladi.
5. Buzilgan pillapoyalarning uchinchi pog‘onasidan oshib o‘tiladi, lekin, albatta, oyoq yerga tegish sharti bilan to‘rtinchi pog‘onaning tagidan o‘tiladi.
6. Devorning derazasi orqali o‘tiladi.
7. Okop (xandaq)ga yugurib boriladi. Unga sakrab tushiladi va aloqa yo‘li orqali quduqqacha boriladi.
8. Yerdan granatani olib, devordagi derazalarning xohlagan biriga yoki devor ortidagi 2,5 metrli maydonchaga uloqtiriladi. Bunda 3 tagacha granata otishga ruxsat beriladi. Granatalarning og‘irligi 600 gr.
9. Quduqdan sakrab chiqib, devordan sakrab o‘tiladi.
10. Engashgan narvon orqali buzilgan pillapoyaning to‘rtinchi pog‘onasiga chiqiladi va pillapoya pog‘onalaridan yugurib tushiladi.
11. Vertikal narvon orqali buzilgan ko‘prikning balkasi ustiga chiqiladi. Undan yugurib borib, uzilgan joydan sakrab o‘tiladi va engashgan taxta orqali pastga yugurib tushiladi.
12. Ikki metrli kenglikdagi chuqurdan sakrab o‘tiladi, yo‘lakkacha o‘tib olib, to‘siqlar qatorining boshlanish chizig‘i kesib o‘tiladi.
Turli holatlarda granata uloqtirish texnikasini o‘rganish.
Granatani quyidagi holatlarda uloqtirish mumkin:
a) Joyda tik turgan holda granatani uloqtirish. Bunda nishon tomonga yuzi bilan qarab turiladi. O‘ng qo‘lga granata ushlanadi, o‘ng oyoqni bir qadam orqaga tashlab, salgina bukiladi. O‘ng qo‘l tepaga ko‘tarilib, orqaga tashlanadi, o‘ng oyoq bilan turilib, gavdani esa oldinga tashlab, granata uloqtiriladi. Granatani uloqtirayotganda, avtomat ko‘krakda, orqada yoki chap qo‘lda bo‘lishi mumkin.
b) Harakat vaqtida granatani uloqtirish. Harakat vaqtida granatani uloqtirish uchun chap oyoqni tashlash bilan siltash boshlanadi. Granatali qo‘l oldinga pastga tushiriladi. Ikki qadam bilan o‘ng oyoq sal tashqariga buriladi. Bir vaqtda ham gavda buriladi, ham orqaga tashlanadi. Chap oyoqni yana orqaga tashlash bilan gavda burishdan to‘xtatiladi, qo‘l orqaga oxirgi chekka holatga keltiriladi. Chap oyoqni qo‘yib bo‘lingach, tezlikdan foydalanib, granata nishonga qarab uloqtiriladi.
d) Tizzalagan holda granatani uloqtirish. Bu holatda qurol chap qo‘lga olinadi yoki brustverga qo‘yiladi. So‘ng o‘ng tizzaga o‘rnatilib, granata ushlagan qo‘l orqaga olinadi va silkilanadi. Bunda gavda orqaga engashiladi, o‘ng tomonga buriladi. Ko‘krak bilan nishonga burilib, chap oyoqqa engashiladi. Granata nishonga uloqtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |