11.1. Melioratsiya tushunchasi
Melioratsiya (lot. melioratio – yaxshilash) deganda ma‘lum maydondagi ekinlardan muttasil yuqori hosil olish maqsadida shu maydonning noqulay tuproq, gidrogeologik va mikroiqlim sharoitlarini yaxshilash tushuniladi. Melioratsiyaning ko’plab tur va tarmoqlari mavjud. Masalan, agrotexnik melioratsiya, o’rmon-texnika melioratsiyasi, gidrotexnikaviy melioratsiya, suv xo’jaligi melioratsiyasi, iqlim melioratsiyasi, sug’orish melioratsiyasi, zax qochirish melioratsiyasi, madaniy-texnik melioratsiya va boshqalar.
Tuproqda nam yetishmaganda unga suv berish va suvni dala bo’yicha bir tekis taqsimlashdan iborat tadbirlarni sug’orish melioratsiyasi amalga oshiradi. Tuproqning unumdorligini oshirish maqsadida unga o’simliklar uchun qulay nam tartibotini va u bilan bog’liq bo’lgan havo, tuz hamda oziq moddalar tartibotlarini vujudga keltirish, shuningdek, tuproqdagi ortiqcha namlikni qochirish tadbirlari majmui bilan zax qochirish melioratsiyasi shug’ullanadi.
Yangi yerlarni o’zlashtirish va tuproq unumdorligini oshirishga yo’naltirilgan tadbirlar tizimi madaniy-texnik melioratsiya deb ataladi. O’rmon-texnika melioratsiyasi muayyan joyning iqlimini o’zgartirish maqsadida chakalakzor va o’rmonlar yaratish, cho’l o’simliklarini ko’paytirib, dehqonchilikka zarar yetkazuvchi qum ko’chmalarini to’xtatuvchi, qorni va nam zahiralarini saqlab qoluvchi va sh.o’. boshqa tadbirlar bilan shug’ullanadi.
Injenerlik tadbirlaridan foydalanish orqali noqulay tabiiy sharoitlarni yaxshilash, ya‘ni sug’orish va suv chiqarish shaxobchalarini qurish, sizot suvlarini chiqarib tashlash uchun zax qochiruvchi hamda tog’ etaklarida selga va toshqinga qarshi inshootlar qurish kabi tadbirlar gidrotexnikaviy melioratsiya deb ataladi. Sug’orish va zax qochirish melioratsiyasining barcha injenerlik yechimlari va tadbirlari bir vaqtning o’zida gidrotexnikaviy melioratsiyaning ham tadbirlari bo’lib hisoblanadi.
11.2. Sug’orish tizimi va tarmoqlari
Namligi yetarli bo’lmagan tuproqlarga suv keltirish sug’orish tizimi va tarmoqlari yordamida amalga oshiriladi. Sug’orish tarmoqlari deganda suvni manbadan olib sug’oriladigan dalaga yetkazib beruvchi doimiy va muvaqqat suv o’tkazuvchilar (kanallar, quvurlar) tushuniladi. Sug’orish tarmoqlari uchta asosiy turga bo’linadi: ochiq (kanallar, nov ariqlar), yopiq (quvurlar) va aralash. Suv manbai, sug’orish tarmoqlari va gidrotexnika inshootlari birgalikda sug’orish tizimini tashkil etadi.
Sug’orish tizimi umumiy holda quyidagi tarkibiy qismlarni o’z ichiga oladi (11.1-rasm): 1) suv manbai (daryo, soy, suv ombor va sh.o’.); 2) bosh suv olish inshooti, mazkur inshoot tug’onli, tug’onsiz yoki nasos stantsiyali tarkibda bo’lishi mumkin; 3) magistral (bosh) kanal (MK) – bosh inshootdan olingan suvni keyingi tartibli taqsimlagichlarga (xo’jaliklararo yoki xo’jalik kanallariga) uzatib beradi; 4) xo’jaliklararo kanal – suvni xo’jalik taqsimlagichlari (XT) ga yetkazib beradi; 5) xo’jalik ichki kanallari (XIT) – suvni xo’jaliklararo yoki xo’jalik kanalidan olib, vaqtinchalik tarmoqlarga (o’qariqlar, vaqtinchalik kanallarga) uzatadi; 6) vaqtinchalik sug’orish kanallari (o’qariqlar); 7) – egatlar. Sug’orish tizimi tarkibida shuningdek, yuqoridagilardan tashqari rostlovchi inshootlar, tashlamalar, yo’llar, gidrometrik postlar va boshqa turdagi inshootlar ham mavjud bo’ladi.
11.1-rasm. Sug’orish tizimi: 1-suv manbai; 2- bosh suv oluvchi inshoot; 3-magistral kanal; 4-xo’jaliklararo kanal; 5-xo’jalik (xo’jalik ichki) kanallari; 6-vaqtinchalik sug’orish kanallari (o’qariqlar); 7-egatlar yoki pollarga bo’lingan maydonchalar
Do'stlaringiz bilan baham: |