O’quvchilarda tayanch-harakatlanish tizimining morfofunksional xususiyatlari. O`smirlarning jismoniy rivojlanishi mobaynida bir qator o`zgarishlar yuz beradi. Xususan tayanch-harakatlanish tizimida morfofunksional qayta qurilishlar bo`lib, ular quyidagilardan iborat: 15 yoshdan keyin kichik mushaklar intensiv rivojlanadi, mayda harakatlar koordinasiyasi va aniqligi shakllanadi. Mushak sistemasi bola ulg'aygan sari rivojlanib boradi. Chunonchi, chaqaloqda barcha mushaklar vazni tana vaznining 23% ini, 8 yashar bolada 27% ini tashkil etadigan bo'lsa, 17-18 yoshda 43-44% ini tashkil etadi. Mushaklar vazni ortib, shunga yarasha kuch ham ko`payadi, natijada organizmning uzoq muddat ishlay olish qobiliyati ortadi. Muskul vazni va muskul kuchlarining ortishi jinsiy balog'atga yetishning oxirlarida nisbatan jadalroq amalga oshadi. Bunda o'g'il bolalarda muskullarning rivojlanishi erkaklarga xos tipda, qiz bolalarning yumshoq to`qimalari esa ayollarnikiga xos tipda amalga oshadi. Bu jarayonlarning nihoyasiga yetishi esa o`smirlik davridan keyin amalga oshadi.
Muskul kuchlarining ortishi o`smir jismoniy imkoniyatlarini kengaytiradi. Buni bolalar juda yaxshi anglaydilar va ularning har biri uchun bu juda muhim ahamiyatga ega. Biroq o`smir muskullari kattalarnikiga qaraganda tez toliquvchan bo'ladi va davomli kuchlanishlarga dosh berolmaydigan boladi. Shuning uchun va jismoniy mehnat bilan shug`ullanishda buni inobatga olish lozim. Shuningdek, 15 yoshda ko`krak qafasi ko'ndalang diametri kattalashadi. Keyinroq gavdaning o`sishi ko'krak qafasining o'sishidan tezlashadi. 12 va 13 yoshlarda ko'krak qafasining shakli katta odamnikiga o'xshab qoladi, lekin o'lchamlari kichikroq bo'ladi. Ko'krak qafasi jinsiy jihatdan 15 yoshdan farq qila boshlaydi, sagital hajmi tez ortadi. Nafas olganda o'g'il bolalarda ko`krak qafasida pastki qovurg'alar, qizlarda esa yuqorigi qovurg'alar ko'tariladi. Ko'krak qafasi aylanasida ham jinsiy farq bo'ladi. O'g'il bolalarda 8 yoshdan 10 yoshgacha ko'krak qafasining aylanasi bir yilda 1-2 sm, 11 yoshdan boshlab 2-5 sm ga ortadi. 11 yashar o'g'il bolalarda ko'krak qafasining o'sishi qiz bolalarnikiga qaraganda sekinlashadi. Jinsiy voyaga yetish davrida, yoz va kuz oylarida ko'krak qafasining aylanasi tez o'sadi. Ko'krak qafasining rivojlanishi skelet muskullarining rivojlanishiga ham bog'liq [2.41; 2.56].
Ma’lumki, 10-12 yoshlarda suyakning g'ovak moddasi jadal o'zgaradi. Bolaning yoshi qancha kichik bo'lsa, suyak ust pardasi suyakning zich qavatiga shuncha yopishadi, 7 yoshda suyak ust pardasi zich qavatdan ajralib turadi. 7 dan 10 yoshgacha naysimon suyaklarning ilik qismi o'sishi sekinlashadi, 11-12 yoshdan 18 yoshgacha naysimon suyaklar to'la shakllanib bo'ladi. O`smirlik yoshida umurtqa pog`onasining o`sishi bo`yning o`sish tempidan orqada qoladi. Chunki 14 yoshgacha umurtqa pog`onalari o`rtasidagi oraliqlar tog'aylar bilan to`lgan bo`ladi, bu esa ortiqcha jismoniy zo`riqish, tana holatining noto`g`ri turishi tufayli umurtqa pog'onasining noto`g`ri rivojlanishga moyilligini bildiradi. Umurtqa rivojlanishini buzilishining eng ko`p holati 11-15 yoshlarga to'g'ri keladi va ayni shu yoshlarda ro`y berishi mumkin bo`lgan defektlarni ham bartaraf etish ham oson kechadi. 20-21 yoshlarga yetib tos suyaklarining o`sishi yakunlanadi (shu davrda qizlarning jinsiy organlari ham yetiladi). Jinsiy balog'atga yetish davrida o'sish tezligi yana ortadi, har yili o'sish 5-10 sm ni tashkil etadi. Tana o'sishining eng ko'p ortishi qiz bolalarda 12 yoshga kelib, o'g'il bolalarda esa 15 yoshda kuzatiladi. Bo'yning o'sishi asosan qiz bolalarda 19 yoshga kelib, o'g'il bolalarda esa 20 yoshga kelib tugallanadi. Jinsiy yetilish boshlanishi bilan qizlarning vazni 4,5-5 kg dan 14-15 yoshda har yili 5-8 kg ortadi. O'g'il bolalarda esa 13-14 yoshdan vazni 7-8 kg ortadi, 15 yoshdan boshlab esa ularning vazni qizlarning vaznidan ortib ketadi. Lekin, faol o'sish davrlari jadal differensiyalashuv davrlari bilan mos kelmasligi mumkin. Tananing bo'yi va eni o'rtasidagi proporsiyalarni turlicha bo`lishining uchta bosqichini ajratish mumkin: 4 yoshdan 6 yoshgacha, 6 dan 15 yoshgacha va 15 dan to voyaga yetgunga qadar. Agar, pubertatoldi davrida umumiy bo'y oyoqlarining o'sishi hisobiga ortsa, pubertat davrida esa tananing o'sishi hisobiga (suyaklarning qalinlashishi va mushak to'qimalarining o'sishi) ortadi [2.41; 2,56].
1.1-rasmda o’g’il bolalar va qizlarda bo’y uzunligining yoshga qarab ortib borishi ko’rsatilgan [2.47].
Do'stlaringiz bilan baham: |