Yong’inga qarshi tadbirlar.Elektr tarmog’i va elektr jihozlarining qizib ketishi, qisqa tutashuv toki, disklarning ishqalanishi natijasida hosil bo’ladigan issiqlik, tasmali uzatmalar va alanga, nur issiqligi, chaqmoqlar yong’inni keltirib chiqarishi mumkin. Ishlab chiqarish chiqindilari, moyli latta, qog’oz va boshqalarning yonib ketishi, qattiq mineral yoqilg’ining o’z-o’zidan alangalanishi natijasida ham yong’in sodir bo’lish ehtimoli bor.
Yong’in xavfsizligini baholashda haroratning ko’tarilishi alohida o’rin tutadi. Bunday sharoitda gaz yoki suyuq yonilg’ining gazlari havo bilan aralashib, ochiq alangada tez o’t oladi. Yonuvchi gaz va bug’lar (benzin, atsetilen, skipidar, vodorod va b.) kislorod bilan aralashib, portlovchi aralashma hosil qilishi mumkin. Portlash—sekundning yuzdan bir ulushida favqulotda tezlik bilan yonish jarayoni bo’lib, undan katta miqdorda issiqlik ajralib chiqadi.
Yong’inga qarshi tadbirlarning eng asosiysi ish joyini toza va tartibli saqlash, oson alangalanadigan moddalar hamda isitish asboblaridan ehtiyotlik bilan foydalanishdir. Ish joyida yengil alangalanadigan xom ashyolarni ko’p to’plamaslik, ishlab chiqarish chiqindilari, ayniqsa, yonilg’ilarni maxsus ajratilgan xonalarda saqlash kerak. Yengil alanga oladigan suyuqliklar bilan to’ldirilgan idishlar, gazli ballonlarni ish tugashi bilan doimiy joyida saqlash, nazorat lampasidan tashqari barcha elektr asbob va yoritish vositalarini o’chirib qo’yish lozim. Har bir korxonada maxsus o’t o’chirish vositalaridan tashqari oddiy jihozlar — qum to’ldirilgan quti, belkurak, yong’in krani, nasos, o’t o’chirgichlar bo’lishi va ular doimo shay holda saqlanishi kerak. Chelak va suv uchun gidropult, turli choyshablar (asbestli choyshab, brezent) ham shular jumlasidandir.
OP-3 yoki OP-5 o’t o’chirgichi yong’inni o’chirish vositalaridan hisoblanadi. OP-3 o’t o’chirgichini ballon muhrasiga qattiq asbobda zarb berish, OP-5 ni esa dastani yuqoriga ko’tarish orqali ishga tushiriladi. Shundan keyin o’t o’chirgich korpusini pastga burib teshigidan otilib chiqayotgan ko’pik alangaga yo’naltiriladi.
Yong’in chiqishi bilanoq barcha elektr qurilmalarni tarmoqdan uzib, telefon yoki maxsus ogoxlantiruvchi signal orqali o’t o’chirish komandasini chaqirish, ular kelgunga qadar mavjud bo’lgan o’t o’chirish jihozlari bilan yong’inning atrofga tarqab ketmaslik choralarini ko’rmoq kerak.
Yonayotgan suyuqliklarni (kerosin, benzin, lok, spirt, atseton kabilarni), moylash materiallarini qum sepib, suv yoki ko’pik sochib o’chirish mumkin. Yong’in paytida xona derazasining oynalarini sindirib bo’lmaydi, chunki havo alangani kuchaytirib yuboradi. Bunday paytda o’t o’chiruvchilarning buyrug’ini so’zsiz bajarish talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |