Rahbar kompetensiyasining shakllanish bosqichlari
– qobiliyatni aniqlash;
– tarbiyalash va shakllantirish;
– chiniqtirish (kichik hajmdagi topshiriqlar berish);
– ishonch (mustaqil rahbarlik lavozimiga tayinlanish);
– rahbarlik cho‘qqisi;
Zamonaviy boshqaruvning eng muhim vazifalari
rejalashtirish;
tashkillashtirish;
tahlil qilish;
asoslash (motivatsiya);
nazorat qilish;
Ularning har biriga izoh berar ekanmiz, qayd etish lozimki, rahbarlikning asosiy maqsadi, muhim vazifalar o‘rtasida mutanosiblik va uyg‘unlikka erishish hamda shu orqali tashkilot butunligini ta’minlashdir. Rejalashtirishda birinchi navbatda rahbar o‘z tashkilotining maqsadini aniqlashtirishi lozim. Bu maqsadga yo‘naltiruvchi vazifasi hisoblanib, tashkilotni ma’lum strategik maqsadga olib boruvchi vazifalarni mujassamlashtiradi. Tashkillashtirish belgilangan vazifalar, ish hajmi, unga ketadigan vaqtni hisobini aniq belgilab olish, ya’ni tashkilotning turli bo‘limlaridagi mavjud imkoniyatlardan optimal darajada foydalanishdir.
Rahbar kompetensiyasining shakllanish bosqichida rahbarlik qobiliyatining mavjudligini aniqlash zarur. Bunda rahbarlik lavozimiga tayinlashdan oldin uning ish va hayotiy tajribasini ham hisobga olgan holda ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Bu rahbarning qadriyatli yo‘nalishlari bilan bog‘liq. Uning ijtimoiy borliqni his eta bilishi va tushunish qobiliyati, mustaqil hayot yo‘lini topa olishi, o‘zining ijtimoiy jamiyatdagi roli va o‘rnini anglab yetishi, harakatlarni tashkil etishda aniq maqsadni belgilash hamda qaror qabul qilish malakasi, dunyoqarashi bilan bog‘liq kompetentlik. U rahbar uchun ta’lim jarayonida va boshqa vaziyatlarda o‘zini aniqlash mexanizmini ta’minlaydi. Rahbarning individual ta’lim yo‘nalishi va hayotiy faoliyatining umumiy dasturi ana shu kompetentlikka bog‘liq. Ta’lim tizimidagi har bir rahbar boshqaruvning zamonaviy uslublari va muhim vazifalarini anglab yetadi.
Rahbar ado etishi zarur bo‘lgan ishning boshlanish jarayonidan boshlab oxirigacha to‘liq tahlil qilishi maqsadga muvofiq. Bunda olib borilayotgan ish va mahsulot natijalaridagi ba’zi holatlarning kamchiligini joyida tushunib borishga imkon yaratiladi. Rahbar strategik maqsadlarni ko‘zlar ekan, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib borishiga asosli dalillar ham zarur. Shu sababli har bir rahbar tomonidan tashkillashtirilgan ishlar asosli va o‘zaro qiyosiy tahlillarga ega bo‘lishi kerak. Boshqaruvdagi nazorat qilish vazifasi ta’lim standartlari, pedagogik jarayonni mavjud qonun va boshqa hujjatlarda ko‘rsatilgan talablar asosida kechishini ta’minlaydi.
Boshqaruvning uslublari ham rahbar qobiliyatlari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning avtoritar, demokratik, liberal kabi turlari ma’lum.
Avtoritar rahbar barcha ko‘rsatmalarni ishchanlik ruhida, aniq, ravshan, keskin ohangda xodimlariga yetkazadi. Muloqot jarayonida ham xodimlarga do‘q-po‘pisa, keskin taqiqlash kabi qat’iy ohanglardan foydalanadi. Uning asosiy maqsadi o‘z hukmini o‘tkazish bo‘lib nutqi ham aniq va ravon, doimo jiddiy tusda bo‘ladi. Biror ish yuzasidan xodimlarini maqtash yoki ularga jazo berish, tanqid qilishi sof subyektiv bo‘lib, bu narsa boshliqning kayfiyatiga va o‘sha shaxslarga nisbatan shaxsiy munosabatiga bog‘liq. Jamoa a’zolarining tilak-istaklari, fikrlari, maslahatlari juda kam holatlardagina inobatga olinadi.
Demokratik rahbar, aksincha, o‘z qo‘l ostidagilarga mustaqillik, erk berish tarafdori. Topshiriqlar berganda ishchilarning qobiliyatini, shaxsiy moyilliklarni hisobga oladi. Buyruq yoki topshiriqlarni taklif ma’nosida beradi. Nutqi oddiy, doimo osoyishta, sokin, undan do‘stona munosabat sezilib turadi. Biror kishini maqtash, lavozimini oshirish, kamchiligiga baho berish (ishdagi) doimo jamoa a’zolarining fikri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Tanqid ko‘pincha, taklif, istak shaklida qilingan ishlarning mazmuniga baho berish shaklida «aybdor»ga yetkaziladi. Hech bir yangi ish jamoa maslahatisiz boshlanmaydi. Bunday boshliqning fazoviy ijtimoiy holati «jamoa ichida». Jamoada tanqid, O‘z–o‘zini tanqid shunday yo‘lga qo‘yilganki, uning oqibatida hech kim aziyat chekmaydi. Chunki ko‘proq boshliq emas, jamoaning boshqa faollari – norasmiy liderlar tanqid qiladilar.
Liberal (loqayd) uslubda ishlaydigan rahbarning kayfiyatini, ishga munosabatini, ishdan mamnun yoki mamnun emasligini bilish qiyin. Unda taqiqlash, po‘pisa bo‘lmaydi, uning o‘rniga, ko‘pincha, ishning oxirgi oqibati bilan tanishish bilan cheklanadi, xolos. Jamoada hamkorlik yo‘q, boshliq jamoaning muammolari, ishning baland-pasti bilan qiziqmaydiganday, go‘yoki boshqa «koinot»da yurganga o‘xshaydi. Aniq ko‘rsatmalar bermaydi, uning o‘rniga norasmiy liderlar yoki o‘ziga yaqin kishilar orqali lozim bo‘lgan topshiriqlar bajaruvchilarga yetkaziladi. O‘zining nazarida, xodimlar uchun ish sharoitini yaratish, ishdagi kamchiliklarni bartaraf etish, kerakli mahsulot, xom-ashyo kabilarni topib kelish, majlislarda qatnashish va hokazolardan iborat.
Xodimlar bilan muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri kelganda, u doimo xushmuomala bo‘lib, odob-axloq normalarini buzmaslikka harakat qiladi, lekin hech qachon ular bilan tortishmaydi. Majlislarda biror muammo munozarani keltirib chiqarsa, u bevosita jarayonga aralashmay, oxirgi so‘zni o‘ziga qoldiradi. Uning fazoviy psixologik holati «guruh tashqarisida».
Boshqaruvda rahbar muhim vazifalarni bajarish bilan birga olib borilayotgan mehnat jarayonida kompetenlilik xususiyatlarini namoyon etishi zarur. Rahbar chuqur o‘zlashtirishi zarur bo‘lgan bilim va faoliyat tajribasi doirasi, milliy va umuminsoniy madaniyatlar xususiyatlari, inson va insoniyat hayotining ma’naviy-axloqiy asoslari, oilaviy va ijtimoiy an’analarning madaniyat asoslari, inson hayotida fan va dinning roli, ularning moddiy borliqqa ta’siri, turmush va dam olish borasidagi bilimlar, masalan, bo‘sh vaqtni samarali tashkil etish usullarini bilishidan iborat. Shu boisdan rahbarning kompetentligi komponentlari ham bir qator sifatlarni o‘z ichiga oladi. Ularni quyidagicha belgilash mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |