Alkogoldan o’tkir zaharlanish
Alkogol iste’mol qilinganda undan o’tkir zaharlanish mumkin. Bunda zaharlanishning uch darajasi tafovut etiladi.
Birinchi darajasi - bunda qo’zg’alish, eyforiya, o’zini-o’zi bardam tutish, vahima va qo’rquv alomatlari kamayadi, harakat pasayadi. Rangi-ro’yi qizarishi yoki biroz oqarishi mumkin. Yurak urish ritmi oshadi, ishtahasi yaxshilanadi, yaxshi narsalarni va’da qiladigan, sergap, o’zini tetik sezadigan, maqtanchoq, shoshqaloq va o’ylamasdan gapiradigan, serharakat bo’lib qoladi.
Ayrim hollarda eyforiya zaharxandalikka aylanadi, agressiv-tajovuzkor, yig’loqi, boshqalarni yomon ko’radigan, o’zgalar unga go’yo dushmanlik qilmoqchi bo’ladiganga o’xshaydi, uning nazarida.
Bunday o’zgarishlarni paydo bo’lishining sababi alkogol ta’sirida bosh miya po’stloq qismidagi tormozlanish jarayonining izdan chiqishi va po’stloq osti markazlari o’zaro bog’lanishining buzilishi hisobiga ro’yobga chiqadi.
Ikkinchi darajasi - bunda markaziy asab tizimining yuqori qismlarida tormozlanish jarayonlari kuchayadi. Natijada umumiy bo’shashishlik aqliy faoliyatining susayishi, harakatda, yurishda noaniqlik, gapi-gapiga qovushmaydigan tartibsiz va tutruqsiz gaplarni o’zidan-o’zi gapiradigan holatga tushib qoladi. Beodoblarcha so’kinadigan, uyatsiz harakatlar, kurakda turmaydigan xatti-harakatlar ba’zi sharmandagarchiliklar kuzatiladi. Bunday holatga tushishning sababi miyacha faoliyatining buzilishi miya po’stlog’i faoliyatining chukurroq tormozlanishidan kelib chiqadi.
Uchinchi darajasi - bunda ahvol ancha og’irlashadi. Chuqur aqliy buzilishlik, hatto koma holatiga tushib qolishi mumkin va oldin ko’rinishi qizarsa, so’ngra rangi-ro’yi oqarib ketadi. Ko’z qorachig’i keskin kichrayadi, tana harorati pasayadi, nafas susayadi, ba’zan to’xtab-to’xtab davom etadi. Pul’si tezlashadi, kuchsizlanadi.
Muskullarning tarangligi pasayadi. Ëtgan joyini ho’l qilib qo’yishi va ifloslantirishi mumkin. Qusish paydo bo’ladi va ba’zan bunda ovqat moddasi nafas yo’lini to’sib qo’yishi va natijada o’lim sodir bo’lishi mumkin. Organizmning ayrim tizimlari va a’zolarining faoliyati buzila boshlashi mumkin. Titrash paydo bo’ladi.
Agarda zaharlanish uzoq davom etsa qonda zaharli moddalarning to’planishi, tez charchashlik, jizzakiliklar paydo bo’ladi. Og’ir zaharlanganda hech narsani eslamasligi mumkin. Zaharlanish 8-20 kun davom etishi mumkin. Bunda uyquning buzilishi, muvozanatning buzilishi, zaharlanish alomatlarining belgilari davom etishi mumkin. Shuning uchun bunday bemorlarni tezda klinikaga yotqizib, organizmni zaharlanishlardan va boshqa simptomatik davo-chora tadbirlari bajariladi.
Shuningdek zaharlanishni atipik shakli ham kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlarda epileptik titrash, aql-zakovatning keskin o’zgarishi, nojo’ya harakatlar, ruhiyatni va aqlni keskin o’zgarishi, baqirish, jaholatlik, ahloq-odobda izdan chiqishlik, so’kag’onlilik, qo’pollik, engiltaklik kabi holatlar ko’zga tashlana boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |