Kirish Insoniyat o’zrivojining yangi bosqichiga qadam qo’ydi. Yangi ming yillikning boshlanishi bilan industrial jamiyatdan axborot jamiyatiga o’tish boshlandi. Bu o’tishni ta’minlovchi jarayon axborotlashtirish nomini oldi. Axborotlashtirish – mehnat sifatini, yashash sharoitlarini tubdan o’zgartirish uchun yetarli bo’lgan va jamiyatning barcha a’zolarini axborot bilan ta’minlash darajasini qo’llab-quvvatlovchi axborot vositalari va texnologiyalarini yaratish, rivojlantirish va umumqo’llash jarayonidir. Axborotlashtirishning zarurati axborotning roli va qiymatining keskin o’sishi bilan izohlanadi. Axborot jamiyati axborotlarni yaratish, qayta ishlash, saqlash, uzatish va jamlash bo’yicha inson faoliyatini o’z ichiga olgan yuqori darajada rivojlangan axborot muhiti bilan tavsiflanadi. Informatika ilmiy yo’nalish sifatida turli darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda bir qator umumkasbiy va maxsus fanlar uchun asos bo’lib hisoblanadi. Hozirgi kunda axborot muhiti inson faoliyatida material manbaga nisbatan yetakchi bo’lib bormoqda. Axborot manbalari tijorat tavsifiga ega bo’lmoqda va yangi axborot xizmati jadal rivojlanmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarning hayotga tadbiq qilinishi foydalanuvchilar bilan bir qatorda ishlab chiquvchilar uchun ham tayyorgarlikni talab qiladi. Bunda barcha o’rganuvchilar uchun quyidagilar zarur: Axborot jarayonlari, tarkibi, modellari, negiz va amaliy axborot texnologiya vositalari va usullarini loyihalash va yaratish. Axborot texnologiyalari negizida tizimni boshqarish usullarini bilish. Turli fan sohalarida funksional masalalarni yechishda, hamda axborot tizimlarini ishlab chiqish va loyihalashda axborot texnologiyalarini qo’llashni bilish. Axborot tizimlarining qo’llanilish sohalari va axborot jamiyatiga o’tish sharoitida uning kelajagi haqida tushunchaga ega bo’lish. Axborot tizimlarini yaratish sohasidagi bilimlar axborot madaniyatini shakllantirishda boshqa yo’nalishlardagi mutaxassislar uchun ham zarurdir. Bunday bilim informatika sohasida malakali mutaxassislar mavjud bo’lgandagina shakllanishi mumkin. Bunday mutaxassislarga bo’lgan talab O’zbekistonda ham, chet ellarda ham ortib bormoqda. Jamiyat tomonidan axborot texnologiyalarini o’zlashtirish har bir inson yashash sharoitining yaxshilanishini ta’minlashi lozim. Axborot jamiyati insoniyat rivojining navbatdagi bosqichidir. Bunda insoniyatning yashash muhiti axborot texnologiyalariga tayanadi. Hozirgi yoshlarga yangi asrda o’qishga va ishlashga to’g’ri keladi. XXI asr oxirida insoniyat jamiyatining rivojlanish manbai deb tan olingan axborotsiz hech qanday ishlab chiqarish rivojlanmaydi. Bugungi kunda insoniyat axborot texnologiyalari sohasida yuqori natijalarga erishdi. Bu kompyuterlar va kompyuter tizimlari, lokal va global tarmoqlar, Internet xalqaro tarmog’i, multimedia texnologiyasi va boshqalardir. Informatika inson faoliyatining barcha sohalariga kirib bordi. Oxirgi yillarda axborot keng talab qilinadigan va qimmat mahsulotga aylandi, «axborot xizmati» tushunchasi insoniyat faoliyatining barcha sohalarini qamrab olgan butun bir ishlab chiqarishni aniqladi. Mutaxassis-muhandis, huquqshunos, jurnalist, psixolog axborot oqimini qiyinchilik bilan boshqarmoqda. Mutaxassis yetarli darajada o’z vazifalarini bajarishi uchun axborotga ishlov berishda qo’llaniladigan anjom va usullar zarur. Xuddi shu masala axborotga ishlov berish bilan bog’liq sohada ham ko’zga tashlanmoqda: nazariy jihatdan inson har qanday axborotni kompyutersiz qayta ishlashi mumkin, ammo informatikada mavjud bo’lgan bilim va ko’nikmalarga ega bo’lsa, buni samaraliroq bajaradi.
Insoniyat jamiyati rivojlanishining barcha bosqichlari texnik rivojlanish asosida amalga oshgan. Avtomatlashtirish mehnat unumdorligining ortishiga olib keldi. Mehnat jamoalarining shakllanishi bilimlar bilan almashish zaruratini yuzaga keltirdi. Birinchi navbatda avloddan avlodga og’zaki berildi. Yozuvning yaratilishi ularni axborot ko’rinishida berish imkoniyatini yaratdi. Axborotning yuzaga kelishi insoniyat jamiyatining izlanishlari natijasi bo’ldi. Hozirgi kunda axborot eng qimmat manbalardan biri hisoblanadi. Bu material ishlab chiqarish muhitidan mehnat manbalarini axborot muhitiga ko’chirishda ko’rinadi. XIX asrning oxirlarida AQShda ishga yaroqli aholining 95% dan ortig’i jismoniy mehnat bilan va 5% ga yaqini esa axborotga ishlov berish bilan shug’ullangan. Hozirgi kunga esa, mehnat manbalari nisbatining deyarli aksini ko’rishimiz mumkin. Shunday fikrlar mavjudki, jahon ta’lim tizimidagi inqirozni axborotlashtirish negizida bartaraf etish mumkin. Hozirgi kunda AQSh oliy ta’limini yuz milliardinchi tijorat deb nomlamoqdalar. Ta’lim texnologiyalari eksportchilaridan biri hisoblangan amerikaliklar yiliga g’aznaga o’rtacha 7 mlrd. dollar tushuradilar. Bu yalpi milliy mahsulotning 2,7% ini tashkil etadi. Har yili AQShda 454 mingga yaqin xorijiy talabalar tahsil oldalar. Ulardan 57% i osiyoliklar, 15% i esa yevropaliklardir. Bunday natijalarga erishish asosan axborot texnologiyalarini keng tadbiq qilish natijasida bo’ldi. Jahon hamjamiyatining iqtisodga intilishi natijasida axborot, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari tez o’zgarib bormoqda. Telekommunikatsiyalarning rivojlanishida yuridik shaxslar va raqobatga ko’proq tayanilmoqda. Axborotga ishlov berish ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiyotning barcha sohalarida katta ahamiyatga ega bo’lmoqda. Ma’lumotlarni siqishning yangi vositalari ishlab chiqildi. Shisha tolali va simsiz aloqa texnologiyalari yangilanib bormoqda. Bog’lanish xizmatlari narxi tez tushib bormoqda. Yaqin 20 yil ichida axborot almashinuvi deyarli tekin bo’lishi mumkin. Raqamli aloqa texnologiyalariga o’tish ma’lumotlarni uzatish, axborotni tarqatish va boshqa axborot xizmatlarini yaqinlashtirishga olib keladi va global tarmoqlarning yangi imkoniyatlarini ochadi. Yangi texnologiyalar rivojlanish yo’lidagi turli to’siqlarni bosib o’tish imkoniyatini yaratadi. Masalan, masofaviy ta’lim tizimi uning an’anaviy usullariga hayotiy qo’shimcha bo’lishi mumkin. Axborot jamiyatida katta axborot oqimining yuzaga kelishi quyidagilar bilan asoslanadi: ilmiy izlanishlar va tajriba-loyiha ishlari natijalarini bayon etuvchi hisobotlar, dissertatsiyalar va boshqa hujjatlar soninig jadal sur’atlar bilan ortishi; insoniyat faoliyatining turli soxalari bo’yicha davriy nashrlarning doimiy ortib borishi; odatda magnit lentalarga yoziluvchi va kommunikatsiya tizimlari doirasiga tushmaydigan turli-tuman ma’lumotlarning yuzaga kelishi. Buning natijasida axborot krizisi yuzaga keladi. U quyidagilarda namoyon bo’ladi: inson tomonidan axborotni qabul qilish va qayta ishlov berishning chegaralanganligi va saqlanayotgan axborot massivlarining mavjud bo’lgan kuchli oqimi o’rtasida ziddiyatlar yuzaga keladi; katta hajmdagi ortiqcha axborot yuzaga keladi, bu foydalanuvchi uchun zarur axborotlarni qabul qilishni qiyinlashtiradi; ma’lum bir darajada, axborotning tarqalishiga to’sqinlik qiluvchi, iqtisodiy, siyosiy va boshqa sotsial to’siqlar yuzaga keladi. Masalan, ko’pincha sirni saqlash sababli turli tashkilotlar xodimlari zarur axborotdan foydalana olmaydilar. Bu kabi sabablar noqulay vaziyatni yuzaga keltiradi. Dunyoda katta hajmdagi axborot potensiali yig’iladi, ammo insonlar ulardan o’z imkoniyatlari doirasida foydalana olmaydilar. Axborot krizisining yuzaga kelishi jamiyat oldiga yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketish yo’llarini qidirish zaruratini qo’ydi. EHMlarni faoliyatning turli sohalariga tadbiq qilinishi yangi evolyutsion jarayonning birinchi qadami bo’ldi. Axborot jamiyatida jamiyatning ko’plab ishchilari axborotni, ayniqsa uning yuqori shakli bo‘lgan bilimlarni, ishlab chiqish, saqlash, qayta ishlash va uzatish bilan band bo’ladilar. Axborot jamiyatining xarakterli tomonlari quyidagilardan iborat: informatsion krizis muammosi hal etiladi, ya’ni axborot oqimi va axborot tanqisligi o’rtasidagi qarama-qarshilik yechiladi; axborotning boshqa manbalarga nisbatan ustunligi ta’minlanadi; rivojlanishning asosiy shakli axborot iqtisodi bo’lib boradi; yangi informatsion texnika va texnologiyalar yordamida bilimlarni avtomatik generatsiyalash, saqlash, ishlov berish va foydalanish jamiyat asosini tashkil etib boradi; informatsion texnologiya insoniyat sotsial faoliyatining barcha sohalarini qamrab olgan holda global tavsifga ega bo’ladi; butun insoniyat olamining axborot birligi shakllanib boradi; jamiyatni boshqarish, o’rab turgan muhitga ta’sirning optimal prinsiplari amalga oshiriladi. Jamiyatni axborotlashtirishning salbiy tomonlari sifatida quyidagi holatlarni keltirib o’tish mumkin:
1.Jamiyatga ommaviy axborot vositalari ta’sirining yanada ortib borishi.
2. Axborot texnologiyalarining tashkilotlar va insonlar shaxsiy hayotiga yanada chuqurroq kirib borishi.
3. Sifatli va ishonchli axborotlarni saralash muammosining yuzaga kelishi va boshqalar.