Bozor iqtisodiyotining ziddiyatlari shundaki, bozor iqtisodiyoti o‘zining bosh nazorat mexanizmi — raqobatning kuchsizlanishiga yo‘l qo‘yadi va hatto buni rag’batlantiradi. Bunday iqtisodiyotda raqobat kuchsizlanishining ikkita asosiy manbai mavjud.
1) Bozor iqtisodiyotidagi erkin muhitda tadbirkorlar foyda ketidan quvib va o‘z iqtisodiy mavqeini yaxshilashga intilib, raqobatning cheklangan yo‘lidan ozod bo‘lishga harakat qiladilar. Firmalarning qo‘shilib ketishi, kompaniyalarning xufyona kelishuvi, shafqatsiz raqobat — bularning hammasi raqobatning kuchsizlanishi va uning tartibga soluvchilik ta’sirining pasayib borishiga olib keladi.
2) Bozor tizimi rag’batlantiradigan texnika taraqqiyoti ham raqobatning zaiflashishiga olib keladi.
Bozor iqtisodiyotning navbatdagi ziddiyati jamiyat a’zolari daromadlaridagi tengsizlikning kuchayib borishi va aholining tabaqalanishi bilan bog’liq. Bunday iqtisodiyot har qanday yuksak darajada rivojlanmasin daromadlar tengsizligini bartaraf qila olmaydi, faqat uni ma’lum darajada yumshatish mumkin.
Тovarlar hajmi bilan pul massasi o‘rtasidagi ro‘y berib turadigan nomuvofiqlikni bartaraf eta olmasligi ham bozor iqtisodiyotining ziddiyati hisoblanadi va bu - pulning qarsizlanishi - inflyatsiya bilan birga boradi.
Bozor iqtisodiyotining asosiy ziddiyatlari bilan bir qatorda quyidagi kamchilik yoki salbiy jihatlari ham mavjud:
- atrof muhitni ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlari ta’siridan muhofaza qilish mexanizmining mavjud emasligi;
- resurslarning qayta tiklanmaydigan turlarini saqlash imkoniyatining yo‘qligi;
- mehnat qilish bilan bog’liq kafolatlarning mavjud emasligi;
- fanda fundamental va amaliy tadqiqotlarning rivojlanishiga ko‘maklashuvning yo‘qligi;
- rivojlanishning beqarorligi hamda ishlab chiqarishning pasayishi va inflyatsiya jarayonlarining mavjudligi.
Тakrorlash uchun savollar va topshiriqlar: 1. Bozor iqtisodiyotining mazmuni va asosiy belgilari nimalardan iborat? 2. Klassik (mumtoz) va hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining umumiy tomonlarini va farqlarini tushuntirib bering. 3. Bozor iqtisodiyotining afzalliklari va ziddiyatlari nimalardan iborat? 4. Bozor iqtisodiyotining asosiy ishtirokchilari kimlar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar qay tarzda kechadi? 5. Bozor tushunchasining ta’rifini bering va uning asosiy vazifalarini ko‘rsating. 6. Bozorni turkumlashda qanday mezonlar asos qilib olinadi? 7. Yetuklik darajasiga qarab bozorning qanday turlari ajratiladi?
8. Bozor infratuzilmasi nima? Uning tarkibiy qismlari va asosiy unsurlariga ta’rif bering.