Milliy munosabatlar madaniyatni yuksaltirish omillari.
Millatlararo totuvlikni, jipslikni saqlab qolish va mustahkamlash uchun birinchi galda respublikada yashaydigan barcha millat va elatlarning tenghuquqligi ta’minlanishi kerak. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 18-moddasida “O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar” deyilgan. Ushbu konstitutsiyaviy me’yor izchil amalga oshirilmoqda. Biror fuqaro milliy belgilariga, diniy mansubligiga, ijtimoiy ahvoliga qarab kamsitilayotgani yo’q. Konstitutsiyamizning 8 moddasini eslasak, unda O’zbekiston xalqini, millatidan qat’i nazar, davlatimiz fuqarolari tashkil etishi belgilab qo’yilgan. Ushbu me’yordan Respublikamiz Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan huquqlar barcha o’zbekistonliklarga, millatidan qat’i nazar, birdek taalluqli ekanligi kelib chiqadi.
Millatlararo munosabatlar yuksalishi uchun yuridik tenghuquqlikdan tashqari, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy hayot fikrlar, qarashlar, ijtimoiy institutlar xilma xilligi, e’tiqod va vijdon erkinligi sharoitida rivojlanishi juda muhimdir. CHunki har bir millat va elatning turli xil manfaatlari, ehtiyojlari, ularni erkin ifoda etish va amalga oshirish zarurati bor. SHu sababdan mafkuraviy plyuralizm, tolerantlik va vijdon erkinligi, institutsional xilma-xillik ko’pmillatli davlat uchun barqaror rivojlanish sharti va omillaridir. Bu borada nafaqat davlatning qonunlari va siyosati, shuningdek, titul millatning boshqa elat va millat vakillariga tolerant munosabati, yordam berishga tayyorligi, ularning taqdiri uchun, ma’naviy-madaniy xususiyatlarini saqlab qolishi uchun ma’suliyatni to’liq his qilishi ham katta ahamiyat kasb etadi. Maishiy darajada titul millatning kalondimog’ligi, boshqalarining tili, urf-odatlari, madaniyati va diniga bepisand qarashi ularning milliy g’ururiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida boshqa etnik guruhlar vakillarini bevosita yoki bilvosita kamsitishning har qanday ko’rinishi zararli illat, adolatsizlik va millatchilik ekanligini yoshlarga tushuntirish, ularda bunday illatni inkor qilish, vatandoshlar taqdiri uchun mas’ullik tuyg’usini shakllantirish kerak. Ushbu munosabat bilan Islom Karimovning quyidagi fikri e’tiborga sazovardir: “Respublika aholisi o’rtasida ko’pchilikni tashkil qiladigan o’zbek millatining muqaddas burchi ona tilini, o’z milliy madaniyatini va tarixini tiklashdangina iborat emas, balki birgalikda hayot kechiruvchi kamsonli xalqlarning taqdiri uchun, ularning o’ziga xos madaniy-ma’naviy hususiyatlarini saqlab qolish uchun ularga teng sharoit va imkoniyatlar yaratib berish borasida mas’ul bo’lishdan ham iboratdir.”
Ta’lim – tarbiya va ma’naviy –ma’rifiy ishlarda “O’zbekiston umumiy uyimiz”, “SHu aziz Vatan barchamizniki”... kabi g’oyalar targ’ibotiga keng o’rin ajratish kerak. Sovet davrida erishilgan barcha yutuqlar turli elat va millatlarning hamkorligi, o’zaro yordami natijasidir. Va, aksincha, sovet tizimi parchalanishining asosiy sabablaridan biri milliy manfaatlarni muvozanatga keltira olmaslik, millatlararo munosabatlarda ijtimoiy adolatning buzilishi bo’ldi. Sobiq SSSR da xalqlarning haqiqiy ittifoqi, federativ davlat vujudga kelmagan edi. SSSR deb atalgan o’ta markazlashgan unitar davlatni haqiqiy federatsiya yoki konfederatsiyaga aylantirishga qaratilgan yangi adolatli ittifoq shartnomasini tuzishning iloji topilmagani oxir-oqibatda SSSRni parchalab yubordi. SSSRning so’nggi yillariga kelib, birinchidan, millatlararo munosabatlarning qaror topgan ma’muriy - buyruqbozlikka asoslangan boshqarish va tartibga solish mexanizmi hayotdan ancha ortda qolib ketdi. Demokratiya va liberalizm g’oyalari jahonda ancha keng tarqalgan, inson huquqlarining davlat huquqidan ustuvorligi, ishchi kuchi va kapitalning jahon miqyosida erkin harakat qilishi tan olingan edi. Fikrlar va qarashlar xilma-xilligiga hamda tolerantlikka umuminsoniy qadriyat, demokratiya va liberalizm mezoni sifatida qaralar edi. SSSRda esa sinfiylik va partiyaviylik, jangovor ateizm tamoyillari hukm surar, o’zgacha fikrlaydiganlar ta’qib qilinar, faqat Stalin davridagidan farqli, jismonan yo’q qilinmas, lagerlarga tashlanmas, balki dissedent sifatida surgun qilinar yoki mamlakatdan quvib yuborilar edi. Ushbu masalada hech qanday avvalgi xizmatlar hisobga olinmas edi. Buni uch marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni, ikki siyosiy tizim o’rtasida yadroviy kuchlar paritetini ta’minlashga ulkan hissa qo’shgan akademik A.D. Saxarov taqdiri va boshqa ko’plab misollar ko’rsatib turibdi. Ikkinchidan, milliy respublikalarda yangi sanoat ob’ektlari qurish, shaharlarni rivojlantirish, hatto yerlarni o’zlashtirish ko’plab rusiyzabon ishchilarni ko’chirib kelish, aholi tarkibini sun’iy ko’pmillatli qilish uchun bahona bo’ldi. Bu aslida niqoblangan ruslashtirish siyosati edi. CHunki qaysi millat va elat vakili boshqa respublikalarga kelmasin, u o’z ona tilida emas, balki hamma uchun tushunarli rus tilida boshqalar bilan muloqot qilardi, uning bolalari rus maktablarida o’qir edi. Mahalliy tillar asta-sekin cheklanib borildi. Milliy respublikalar o’z tabiiy boyliklariga egalik qilolmadi. Ularni ittifoq vazirliklari tasarruf etar va foydani Markaz ko’rardi.
Bunday o’ta markazlashgan, adolatsiz, byurokratlashgan Ittifoqda demokratik islohotlar o’tkazish, millat va elatlarning huquqlarini oshirish talab etilar edi. Ammo o’sha davrdagi SSSR prezidenti M.Gorbachev, SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi A.Lukyanov, SSSR Ministrlar Soveti raisi N.Rijkov va boshqa rahbarlar ittifoqdosh respublikalar huquqini oshirishni, hokimiyatni nomarkazlashtirishni, haqiqiy demokratik islohotlar o’tkazishni istamadilar. CHala tadbirlar, balandparvoz gaplar va va’dalar yordamida mavjud status-kvoni (holatni, maqomni) saqlab qolishga urindilar. Natijada jamiyatda chuqur siyosiy inqiroz pishib yetila boshladi. Bu paytga kelib jahonda iqtisodiy kon’yunktura SSSR uchun o’ta yomonlashib, neft narxi jahon bozorida 1994 yilda ikki barobar tushib ketgan edi. Oqibatda sotsialistik tuzumning sistemali inqirozi yuz berdi. Ko’pmillatli SSSR, YUgoslaviya, hatto ikki o’zaro juda yaqin qardosh millatlardan tashkil topgan CHexoslovakiya parchalanib ketdi.
Gap sotsialistik mamlakatlar, ayniqsa SSSR rahbarlarining zamon talablarini his etmaydigan qariyalardan iborat bo’lganida, yoki ularning dunyoqarashi va umumiy saviyasi pastligida emas edi. Gap SSSR va unga yaqin, uning ta’siridagi sotsialistik mamlakatlarning qotib qolganida, tub yangiliklarni qabul qilolmasligida, o’z prinsiplaridan voz kecha olmasligida, ichki muammolar, jumladan ko’pmillatli davlatlarda millatlararo munosabatlarda hal qilinmagan muammolar ko’payib, kritik nuqtadan o’tib ketganida edi. Ozarbayjon va Armaniston o’rtasida Tog’li Qorabog’ Avtonom respublikasi uchun sodir bo’lgan urush, Moldaviyada Olddnepr aholisi va moldavanlar, Gruziyada abxazlar va gruzinlar o’rtasidagi ilk to’qnashuvlar, so’ng janubiy osetinlar va gruzinlar o’rtasidagi ziddiyatlar, Farg’ona, O’sh voqealari SSSR parchalanmasdan avval boshlangan edi. SSSR parchalanganidan keyin mojarolar kuchayib, ancha vaqt davom etdi. YUgoslaviya parchalanishi Serbiya, Xorvatiya, Bosniya va Gersogovina o’rtasida qirg’in-barot urushga olib keldi. Keyinchalik serblar va kosovalik albanlar o’rtasida qonli mojarolar yuz berdi va oxir-oqibatda Kosovo Serbiya tarkibidan ajralib chiqdi.
KXDR, XXR, Kuba va Vetnam kabi mamlakatlarda sotsialistik tuzumning saqlanib qolganligi sabablari haqida gapiradigan bo’lsak, eng avvalo bu mamlakatlarning deyarli bir millatli ekanligini qayd etish lozim. Xitoyda uyg’urlar, tibetliklar o’rtasidagi norozilik va ayirmachilik harakati mavjud. Ular ikkalasi va boshqa milliy ozchilikni tashkil etuvchi xalqlar (manjurlar va sh.k.) birgalikda hammasi Xitoy xalqining taxminan 5-6 foizini tashkil etadi. Aholi milliy tarkibi vaziyat keskin o’zgarishiga kuchli ta’sir ko’rsatmaydi. Xitoy hukumati ozchilik millatlar yashaydigan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga keyingi vaqtlarda e’tibor qaratmoqda. Uzoq vaqt xitoyliklar uchun qo’llanilib kelingan bir oilaga bir bola tamoyili ozchilik millatlarga nisbatan qo’llanilmas edi. Sotsializm saqlanib qolgan davlatlarda siyosiy boshqaruvda Kompartiya roli, ma’muriy-buyruqbozlik usuli (KXDRda repressiv usul) o’zgartirilmadi. Xitoy iqtisodiyot sohasida 1970-yillardan islohotlar o’tkaza boshladi. Mulkchilikning nodavlat shakllari rivojlanishiga yo’l ochdi. Iqtisodiyot sohasida Den Syao Pen kommunistik sinfiylik va partiyaviylik tamoyillari o’rniga pragmatizm, amalda foyda beradigan tamoyilni olg’a surdi. Oddiy xalqqa tushunarli bo’lishi uchun bu shunday ifodalandi: “Mushukning rangi qandayligining ahamiyati yo’q, u sichqon tutsa, bas”. Iqtisodiyotda Xitoy bozor munosabatlarini izchil rivojlantirib kelmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy hayot o’zgarishi jamiyat siyosiy va ma’naviy hayotiga, madaniyatiga yangiliklar olib kirmoqda.
Xullas, ko’pmillatli mamlakatlarda millatlararo muammolarning me’yoridan ortib ketishi, ularni hal qilish uchun jamiyatda demokratiya va fikrlar xilma-xilligining yetishmasligi pirovardida jamiyatni chuqur inqiroz domiga tortadi. Millatlararo munosabatlar jamiyat barqarorligi, mamlakat taqdiriga hal qiluvchi ta’sir ko’rsata oladigan omillar qatoriga kiradi. Xorij mamlakatlari tajribasi shuni ko’rsatmoqdaki, hatto bir millat vakillari o’rtasida diniy mushtaraklikning yo’qligi, ularning turli konfessiyalarga mansubligi vayronkor omilga aylanishi mumkin. Ba’zi mamlakatlarda turli omillar aralashib ketgan: titul millat ikki, hatto uch-to’rt konfessiyaga bo’lingan (Livan), bundan tashqari boshqa konfessiyalarga mansub ozchilikni tashkil etuvchi har xil etnoslar yashaydi. Livan, Suriya, Iroq kabi mamlakatlardagi ichki ziddiyatlar aynan yuqoridagi sabablarga borib bog’lanadi. Ko’pmillatlilik, ko’pkonfessiyalik potensial tarzda ziddiyatlarga boydir. SHa sababdan aholida, yoshlarda tolerantlikni tarbiyalash ulkan ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-madaniy ahamiyatga ega. Tolerantlik ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlash, mustahkamlash qatorida turli millat va elatlarning bir biridan o’rganishiga, milliy madaniyatlarning o’zaro boyishi va yaqinlashuviga xizmat qiladi.
SHu sababdan O’zbekistonda diniy bag’rikenglik va millatlararo totuvlik milliy g’oyaning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Milliy g’oyaga sodiqlik ruhida yoshlarni tarbiyalash mazkur tamoyillarni ular tomonidan ongli ravishda qabul qilib, o’z amaliy qo’llanmasiga aylantirishni anglatadi.
Ko’pmillatli mamlakatda milliy identlik masalasi ancha ko’pqirrali, murakkab va ziddiyatlidir. Ayniqsa, sobiq sotsialistik mamlakatlarda. CHunki ularda masalaga stalincha nuqtai nazardan yondashib, etnik mansublikka ortiqcha ahamiyat berilgan. Fuqarolik pasporti va ishga qabul qilish anketasining millatini ko’rsatuvchi alohida bandi bo’lgan. Stalin sobiq SSSRni tuzib (1922 yil dekabr) milliy chegaralanish deb atalmish, tadbirini o’tkazganda, imperialistik “bo’lib tashla va hukmronlik qil” tamoyilini qo’llagan edi. Tilda ulug’ sovet xalqining birligi, xalqlar do’stligi madh etilsa-da, amalda ittifoqdosh respublikalar o’rtasida zimdan bir-biriga ishonmaslik, shubha, nosog’lom raqobat va e’tiroz rag’batlantirilib borilgan, millat va elatlarni faqat etnos mazmunidagi talqin ustunlik qilgan. Bu milliy identlikni to’g’ri tushunishni ancha cheklagan.
Jahondagi etnik tarkibi sobiq SSSRdan-da xilma-xilroq mamlakatlar (masalan, AQSH) tajribasi ko’rsatmoqdaki, milliy identlik deganda, fuqarolarning yashayotgan davlati fuqarolari, xalqi bilan o’zini bir deb hisoblashi ichki millatlararo munosabatlarni ko’p muammolardan xalos qiladi. Buning ustiga jamiyatda demokratik me’yorlar, qonun ustuvorligi va tolerantlik qaror topgan bo’lsa, muammolar keskinligi ancha kamayadi, minimallashadi. SHu sababdan ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy ishlarda “O’zbekiston – umumiy uyimiz”, “Biz O’zbekiston xalqimiz” degan g’oyalarni tashviq etishga, odamlarning ishonch-e’tiqodiga aylantirishga harakat qilish zarur.
Millatlararo munosabatlarni takomillashtirishga kompleks yondashish kerak. Millat tushunchasini ta’riflashga diniy, etnik yondashuvlaridan tashqari boshqa yondashuvlar, xususan oykumenistik, sotsiologik, kulturologik, politologik, huquqiy va h.k. yondashuvlar borligini yangi avlod bilishi, ularning ba’zi bir foydali jihatlari, kamchiliklari va cheklangani to’g’risida ham tasavvurga ega bo’lishi millatlararo munosabatlarni takomillashtirishga yordam beradi.
Har bir millat va elatning iqtisodiy, ijtimoiy-maishiy, madaniy ehtiyojlari bor. Kamsonli etnoslar g’uj yashaydigan tumanlar, mahallalar va qishloqlarda turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma titul millat yashaydigan mahallalar, qishloqlardagidan kam bo’lmasligi kerak. Ular madaniy ehtiyojlarini yetarlicha qondirish, ona tillarini o’rganishi uchun milliy-madaniy markazlar tashkil qilish maqsadga muvofiq. Agar ularning soni o’ta kamligi uchun alohida maktablar va sinflar tashkil etishning iloji bo’lmasa, milliy madaniy markazlar qoshida ona tilini o’rgatish to’garaklari va guruhlarini tashkil etish mumkin.
O’zbekiston aynan shunday yo’ldan bormoqda. Respublikamizda o’zbek tilidan tashqari maktab ta’limi qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, turkman, qirg’iz tillarida olib borilmoqda. Qoraqalpoq va rus tillarida ta’limning barcha bosqichlari yo’lga qo’yilgan. O’zbekistonda bugun 140 dan ortiq milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. Ularga davlatimiz, madaniyat muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar, tadbirkorlar va alohida fuqarolar har tamonlama yordam bermoqda.
Turli millat va elat vakillari o’z qobiliyatlari va iste’dodlarini, yaratuvchilik imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi, o’zini shaxs sifatida namoyon etishi uchun sharoitlar yaratilgan. Ularning halol va barakali mehnati, respublikamiz iqtisodiyotiga, ilm-fani va madaniyatiga, millatlararo munosabatlar rivojlanishiga qo’shayotgan hissalari davlat tomonidan munosib taqdirlanmoqda. O’zbekiston Qahramoni oliy unvonini, respublikamiz orden va medallarini, ilm-fan, adabiyot va san’at, madaniyat va sport, iqtisodiyot sohalarida beriladigan faxriy unvonlarni olgan vatandoshlarimiz orasida respublikamizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari bor.
O’zbekistonda Iyd al-Adha va Iyd al-fitr (Qurbon hayit va Ramazon xayit) qatorida Pasxa, Rojdestvo, Peysax, Purim, Xanuka kabi boshqa dinlarning bayramlari nishonlanadi. Islom obidalari qatorida cherkovlar, ibodat uylari, jumladan Toshkentda, Samarqandda, Navoiy shaharlarida provaslav ibodatxonalari, Toshkentdagi katolik kostel, Samarqanddagi Arman Apostol cherkovi kapital ta’mirlandi. YUrtimizda tashkil etilgan rus provaslav cherkovi yeparxiyasining 125 yilligi, yevangeliye – lyuteran jamoasi 100 yilligi, Arman Apostol cherkovining 100 yilligi nishonlandi. Tegishli milliy – madaniy markazlar ular bilan yaqindan aloqa bog’lagan.
O’zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida,mahalliy vakillik organlarida, ijroiya va sud hokimiyatning turli bo’g’inlarida o’zbeklar bilan bir qatorda boshqa millat va elatlar vakillari faoliyat yuritmoqda. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar boshliqlari, mutaxasislari tarkibi to’g’risida ham shunday deyish mumkin.
Turli millat va elatlarning soni va mavqeiga qarab hokimiyat va boshqaruv organlarida o’z vakillari bo’lishi millatlararo munosabatlarda ijtimoiy adolatning, tenghuquqlikni ta’minlashning muhim ko’rsatkichidir. SHuni doimo esda tutish lozimki, hayot davom etaveradi, avlodlar tabiiy-tarixiy jarayonda yangilanib boraveradi, mustaqil hayotga yangi avlodlar kirib kelaveradi. Bu esa millatlararo tolerantlik va munosabatlar madaniyatini mudom davom ettirish, zamon da’vatlari va talablariga muvofiq takomillashtirib borishni taqozo etadi. Binobarin, millatlararo totuvlik, jipslik, umumiy taqdirimiz birligini yangi avlod ongiga singdirish, millatchilik va shovinizmning har qanday ko’rinishga qarshi kurashish masalasi dolzarbligini yo’qotmaydi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida milliy nigilizm – o’z xalqi ruhiy kuchiga, aql-zakovatiga ishonmaslikni, milliy qadriyatlarni, milliy xususiyatlarni inkor qilishni, globallashuv va ommaviy madaniyat ta’sirida bevatanlik tuyg’usiga berilishni tanqid qilish unutilmasligi kerak. Sovet davrida sotsialistik internatsionalizm (baynalminalchilik) targ’ib etilib, pinhona odamlarda, ayniqsa rus bo’lmagan xalqlarda milliy nigilizm shakllantirilar edi. Sovetlarning sotsialistik internatsionalizmni, sinfiylik va partiyaviylik tamoyillarini qo’llashidan maqsad – kommunistik mafkura asosida millat va elatlarni, shu jumladan rus xalqini ham, tarixiy xotirasidan, milliy madaniy merosidan iloji boricha uzoqlashtirish, rus tilida gaplashadigan “sovet xalqi”degan kishilarning yangi tarixiy birligini shakllantirish edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSRda kosmopolitizmga qarshi kurash boshlangani to’g’risida oldingi mavzuda gapirgan edik. YAna quyidagilarni qo’shimcha qilish zarur. Kosmopolitizm o’ta biryoqlama – aksilvatanparvarlik mazmunida talqin qilindi. Kosmopolitizmga qarshi kurash ikki maqsadni ko’zlagan edi. Birinchisi – urushdan keyin sovet xalqida paydo bo’lgan jur’atga, ijtimoiy qo’rquvni ancha-muncha yo’qotganiga, odamlarning jamiyat hayoti endi ancha erkinlashishini kutayotganiga qarshi qaratilgan edi. Ijtimoiy qo’rquvni tiklash uchun yangi qatag’onlarni asoslash lozim edi. Bahona go’yoki ayrim kimsalarning “G’arbga sajda qilishi”ga hamda kosmopolitizmga qarshi kurash bo’ldi. Ikkinchisi – kosmopolitizmga qarshi kurash bahonasida antisemitizm siyosati – yahudiy ziyolilarni, kadrlarni siqish siyosati olib borildi. Go’yoki o’z davlatiga ega bo’lmagan, dunyoning turli mamlakatlarida yashaydigan “nasl-nasabsiz” yahudiylar butun dunyoni o’zlariga makon deb biladi. Ularda vatanparvarlik yo’q, ular kosmopolitlardir. Ko’pchilik yahudiylar sionizm g’oyalari bilan zaharlangan, boshqa xalqlarni o’zlariga dushman deb hisoblaydilar va h.k. h.k. uydirma ayblar o’ylab topildi. Natijada kosmopolitizm tushunchasi SSSRda o’ta salbiy mazmun kasb etdi. SSSRda kosmopolitizmga qarshi kurashni jahon jamoatchiligi antisemitizmning bir ko’rinishi sifatida qabul qildi.
Aslini olganda kosmopolit tushunchasi lug’aviy dunyo fuqarosi degan mazmunni ifodalaydi. Kosmopolitizm dunyo fuqaroligi mafkurasidir. Uni ilk bor qadimgi yunon faylasuflari muomalaga kiritgan. Adabiyotlarda ushbu atamani ilk qo’llanishi turli faylasuflarga Diogen Sinopiyga, Zenonga, Suqrotga bog’lanadi. Turli davrlarda kosmopolitizm insonni turli qaramliklardan – cherkov hukmronligidan, feodal qaramlikdan ozod qilish g’oyasi sifatida talqin qilingan. Kosmopolitizm g’oyasini feodal tarqoqlik, separatizm va mahalliychilikka, milliy mahdudlikka qarshi kurashish, milliy va xalqaro birlikka erishish maqsadida vatanparvarlik g’oyasi bilan birlashtirishga urunishlar kuzatilgan. Biz buni Lessing, Gete, SHiller, Kant, Fixte kabi nemis mutaffakirlar asarlarida kuzatamiz, chunki o’sha davrda Germaniya ko’plab davlatchalarga bo’lingan edi. Keyinchalik kosmopolitizm g’oyasidan mustamlakachilik va imperialistik maqsadlarda foydalanishga urinishlar ham bo’lgan. SHu sabab marksizm-leninizm kosmopolitizmni reaksion-imperialistik mafkura deb baholagan, unga proletar (sotsialistik) internatsionalizmni qarshi qo’ygan. Proletar internatsionalizmi, xalqlarni qaram qilishga, talashga xizmat qiladigan kosmopolitizmdan farqli, go’yoki barcha ezilgan, ekspluatatsiya qilingan jahon proletarlarining xalqaro birdamligini ifodalaydi. Sotsialistik sistema vujudga kelgandan keyin proletar internatsionalizmi tushunchasi sotsialistik internatsionalizm deb o’zgardi. Avvalgi mazmuniga (birdamlikka) endi hamkorlik, o’zaro yordam, yaqinlashuv, birlashuv kabi mazmunlar qo’shildi. Aynan keyingi ikki holat uni “ruslashtirish” siyosatining mafkuraviy vositasiga aylantirdi. Milliy nigilizm ilgari kosmopolitizmga qanday xizmat qilgan bo’lsa, endi sotsalistik internatsianalizmga shunday xizmat qila boshladi.
Galoballashuv va ommaviy madaniyat keng tarqalayotgan bugungi davrda kosmopolitizm tanqidi yana dolzarblik kasb etmoqda. To’g’ri, atamaning o’zi deyarli qo’llanilmaydi. Lekin buyuk davlatlarning madaniy-mafkuraviy ekspaniyasi, axborotlar xuruji, ma’naviy taxdidlar neokolonializmning yangi ko’rinishlarini vujudga keltirmoqda. Milliylik – konservatizm, qoloqlik, milliy o’ziga xoslikni saqlashga intilish – zamondan ortda qolish va milliy mahdudlik sifatida baholanmoqda. G’arb turmush tarzini, huquqiy va axloqiy me’yorlarini, ommaviy madaniyatini qabul qilish - ilg’orlik, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun birdan bir to’g’ri yo’l deb uqtirilmoqda. Taraqqiyotga intilish g’oyasi orqali amalda milliy nigilizm targ’ib etilmoqda.
Biz O’zbekistonning jahon hamjamiyatiga tenghuquqli integratsiya bo’lishi tarafdorimiz, shu jumladan madaniyat sohasida. Milliy mahdudlikning, izolyatsionizmning har qanday ko’rinishidan voz kechganmiz. O’zbekistonda demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini har tomonlama rivojlantirishni maqsad qilib qo’yganmiz. Jahonning ilg’or yutuqlarini o’rganayapmiz va bundan keyin ham davom ettiramiz. Lekin ayni paytda biz o’zligimizni, tilimizni, madaniyatimizni saqlab qolishni, yanada rivojlantirishni O’zbekistonning ko’pmillatli aholisi o’zini yagona xalq, deb hisoblashini xohlaymiz.
Ta’lim-tarbiya, ma’naviy – ma’rifiy ishlar ushbu maqsadlarni yuzaga chiqarishga, xalqimiz saviyasini yuksaltirishga, jipsligini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |