4.Biologik resurslaridan samarali foydalanish va muhofaza qilish.
Tabiiy resurslar orasida biologik boyliklar alohida ahamiyatga ega. Chunki, ular tugallanmaydigan resurslar bo’lib mahsulotlarni cheksiz muddatda beradi. O’simliklarning inson hayotidagi ahamiyati nihoyatda katta. O’simliklarning tuproqni eroziya va deflyatsiyaga qarshi barqarorligini oshirishda bosh omil, deb baho berilsa mubolag’a bo’lmasa kerak.
O’zbekistonning barcha mintaqalari o’simlik va hayvonot resurslariga boy. Respublikada o’simliklarning 120 oilasiga mansub bo’lgan 3700 turi, O’zbekiston faunasida sutemizuvchilarning 97, sudralib yuruvchilarning 57, qushlarning 410 turi mavjud.
Erning biologik resurslarini biologik “tirik” organizmlar ya’ni, o’simlik va hayvonlar tashkil etadi.Tiriklikning asosiy belgilari organizmlarning nafas olishi, oziqlanishi, o’sishi, rivojlanishi, ko’payishi, harakatlanishi kabilardir.
Erning o’simlik resurslari (Er biomassasini 97% ini tashkil etadi) madaniy va yovvoyi holda o’suvchi o’simliklardan iborat. Hozirda Er sharida 500000 ga yaqin o’simlik turi bor, shundan 6000 ga yaqini madaniy o’simliklar (ya’ni navlar) hisoblanadi. Lekin Er sharida ko’p tarqalgan qishloq xo’jalik ekinlari 80-90 turni, eng ko’p tarqalganlari esa 15-20 turni tashkil qiladi. Ular asosan oziq-ovqat va sanoat uchun xom-ashyo ekinlari hisoblanadi.
Yovvoyi holda o’suvchi o’simliklar orasida o’rmon resurslarini hosil qiluvchi o’rmon o’simliklari ko’pchilikni tashkil etadi. O’simlik resurslari ham hayvon resurslari singari tugaydigan, lekin tiklanadigan resurslari hisoblanadi. Ulardan turli xil maqsadlarda foydalaniladi. Masalan: o’rmondan qurilishdan tashqari, smola, skipidar, bo’yoqlar, lak ekstraktlar, elim, mebel, tsellyuloza, qog’oz, spirt va h.k lar olinadi.
Jahon o’rmon resurslari 2ta ko’rsatkich bilan ifodalanadi:
1.Egallagan maydoni (jahondagi barcha o’rmonzorlar 4,2mlrd ga ni tashkil etadi yoki 40 mln.km2 ya’ni jahon er fondini 30% ini tashkil etadi).
2.Yog’och zahirasi bilan (jami yog’och zaxirasi 350mlrd m3), yog’ochning sifatiga ko’ra. Doim o’sib turganligi sababli yog’och zaxirasi har yili 5,5 mlrd m3 ko’payadi. Shunday ekan, kelajakda yog’och muammosi bo’lmaydigandek tuyuuladi. Aslida unday emas. Chunki yog’och qadimdan qurilish va ishlov berish materiali sifatida foydalanib kelingan va hozirda ham ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Chunki yog’ochdan X1X-asrning o’rtalarida 4,5-5 ming xil mahsulot olingan bo’lsa, hozirda 20 ming xil mahsulot ishlanadi.Hozirgi vaqtda ham yog’ochga talab doimiy oshib bormoqda.
Dehqonchilik paydo bo’lgan neolit davridan boshlab minglab yillar davomida o’rmonlar ekin ekish uchun yo’qotib borildi. Ayniqsa keyingi 200 yil davomida quruqlikdagi o’rmonlar maydoni 2 barobarga kamaydi va u havfli tus oldi.
Tuproq erroziyasi va atmosferada O2ni kamayishi o’rmonlarni yo’qolishi bilan bog’liqdir. Masalan: dunyoda o’rmonlar maydoni har yili kam deganda 25mln ga.ga yoki 0,5% qisqarmoqda. Dunyoda tayyorlanadigan yog’och miqdori 2000 - yil 4,5 - 5mlrd m3 tashkil etdi. Bu esa yillik paydo bo’ladigan yog’och zaxirasi to’liq foydalaniladi degan so’z.
Dunyodagi o’rmonlar juda katta masofaga cho’zilgan. 2 mintaqani hosil qiladi. Ular shimoliy va Janubiy mintaqalardir.
Shimoliy o’rmon mintaqasi mo’’tadil va qisman subtropik iqlim mintaqasida joylashgan. Dunyodagi butun o’rmon maydonining yarmi va yog’och zaxirasining deyarli yarmi shu mintaqaga to’g’ri keladi.
Asosiy o’rmon kesish ishlari, ayniqsa, yog’ochi yaxshi sifatli igna bargli daraxtlarni kesish shu mintaqada olib boriladi. Daraxt kesish jadal olib borilayotganligiga qaramay o’rmonlarni tiklash va daraxt ekish ishlari tufayli AQSh, Kanada, Finlyandiya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda va umuman shimoliy o’rmon mintaqasida o’rmonlar maydoni kamayayotgani yo’q. Biroq Rossiyada daraxtni kesish uni ekishga qaraganda ko’proq bo’lyapti.
Janubiy o’rmon mintaqasi asosan tropik va ekvatorial iqlim mintaqalarida joylashgan. Dunyodagi o’rmon maydonining deyarli yarmi shu mintaqada joylashgan. Ilgari yog’ochdan faqat o’tin sifatida foydalanilgan bo’lsa, keyingi vaqtlarda Yaponiya, AQSh va G’arbiyo Evropa mamlakatlariga eksport qilish ko’p marotaba oshdi. Janubiy mintaqa o’rmonlariga bir necha yuz yillar davomida o’rmonni yoqib er oshish va ekstensiv yaylov chorvachiligi katta zarar etkazdi. Masalan: sernam doimiy yashil tropik o’rmonlar hozir ham 1mlrd.dan ortiq maydonni egallagan, ularning yarmidan ortig’i Lotin Amerikasida joylashgan. Biroq hozirda Lotin Amerikasi va Osiyo shunda o’rmonlarning 40%ini, Afrika 50%ini yo’qotdi. Ayrim mutaxassislarning fikriga ko’ra bu o’rmonlar XX1-asrning o’rtalariga borib to’liq yo’q bo’ladi.
Tropik o’rmonlarni saqlash yuzasidan BMT rahbarligida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin hozircha u kutilgan natija bergani yo’q.
Jahonda o’rmonlar ulushi materiklar va regionlar bo’yicha quyidagicha taqsimlangan: (foiz hisobida 2008-yil)
1. Janubiy Amerikada - 52%
2. MDH da - 37 %
3. Evropada - 31 %
4. Shimoliy Amerikada - 31 %
5. Afrikada - 26 %
6. Avstraliya va Okeaniyada - 18 %.
7. Osiyoda - 17 %
Keyingi o’n yilliklarda jahon okeanshunos olimlari, shu jumladan Yu.M.Shokalskiy, V.Yu.Vize, N.N.Zubov, P.P.Shirshov, K.K.Makarov, Jak iv Kusto kabi rus tadqiqotchilari, o’nlab ekspeditsiyalarning ishlari natijasida Dunyo okeanining ko’p sirlarini kishilar bilib olishdi. Dengiz geologiyasi yordamida okean tabiiy resurslarining juda katta xazinasi ekanligi isbot qilindi.
Bu xazina avvalo dengiz suvidan iborat. Dengiz suvi miqdori 1338 mln km3 yoki gidrosferadagi suv miqdorining 96,5% tashkil etadi. Bu degani Erdagi har bir kishi uchun o’rta hisobda taxminan 270 mln m3 dengiz suvi to’g’ri keladi.
Bundan tashqari dengiz suvi o’ziga xos “tirik ruda” bo’lib, tarkibida 75 xil ximiyaviy element mavjud. Misrliklar va xitoyliklar qadim zamonlardanoq dengiz suvidan tuz ajratib olishni o’rganib olishgan. Hozirda dengiz suvidan ko’p miqdorda tuz (insoniyat iste’mol qilayotgan tuzning 1/3 qismi) undan tashqari magniy, brom, yod olinadigan manba bo’lib xizmat qiladi.
Bundan keyingi boylik Dunyo okeani tagidagi mineral resurslardir. Materik sayyozligidan qazib olinadigan resurslar orasida neft va gaz katta ahamiyatga ega. Ko’pchilik hisoblarga qaraganda bu boyliklar butun jahon zahirasining yarmidan ortig’i materik sayyozligida joylashgan. Shuning uchun 5 ta Arktika davlatlari (Rossiya, Kanada, AQSh, Norvegiya, Daniya) Shimoliy Muz okeani havzasini bo’lib olish shartnomasini 2008-yil may oyida Grenlandiyani Gotxob shaxrida imzoladi. Materik sayyozligidagi qattiq foydali qazilmalar nishab shaxtalar va dragalar yordamida qazib olinadi. Shuningdek okeanlarda cho’kib ketgan kemalar ko’plab qidirilmoqda va topilmoqda. Okean chuqur qismining asosiy boyligi temir-marganets qotishmalaridir. Dunyo okeanidagi asosiy temir-marganets qotishmalari X1X asrning 70 yillaridayoq inglizlarning “Shellenjer” ilmiy tadqiqot kemasida aniqlangan.
Dunyo okeani tagidagi barcha temir-marganets qotishmalari aniqlangan bo’lib, ularning katta qismi Tinch okeanida joylashgan. Temir-marganetsni dunyo okeanidagi umumiy zaxirasi 3trln.t.,olish mumkin bo’lgani 0,5 trln.t.ni tashkil qiladi. Qotishmalarni qazib olish dastlabki tajribasi AQSh tomonidan Gavayi orollari yaqinida o’tkazgan (1980-yil).
Dunyo okeanining bundan keyingi boyligi energetika resurslari. Bu boylik juda katta. Olimlarning hisobiga ko’ra sayyoraimzdagi suv qalqishining umumiy qudrati 1-6 mlrd kVt ga teng.1mlrd kVt qudrat Er yuzidagi barcha daryolar energiyasidan ortiq.
Suvning ko’tarilishi bilan bog’liq yirik elektr stantsiyalarni 25ta joyda qurish mumkinligi aniqlangan. Rossiya, AQSh, Frantsiya, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya eng katta suv qalqishi energiya resurslariga egadir. Bu mamlakatlarda suv ko’tarilishining balandligi 10-15 m ga etadigan sohillar bor. Masalan: Fandi qo’ltig’i (19m gacha), Penjina qo’ltiqchasi (14m), Kandalachka (12m). Dengiz suvlarining qalqishi hisobiga ishlaydigan elektr stantsiyalari qurilgan bo’lib, ularni QES (PES) deyiladi. QESlar hozirda jahonning 5 mamlakatida mavjud bo’lib, ular: Rossiya, AQSh, Frantsiya, Kanada, Xitoy.
Dunyo okeanining yana bir boyligi biologik resurslardir. Bular suvda yashovchi hayvonlar va o’simliklardir. Bu resurslardan foydalanish akvakultura va marikultura usullarida qadimdan Xitoyda rivojlangan. Okeanlarning biologik moddalari umumiy miqdori 35mlrd.t. hisoblanadi, ular 140 ming tur mavjudotdan iborat bo’lib, shundan 130 000 turi hayvonot turlariga, 10 000 turi o’simlik turlariga to’g’ri keladi. Ular hammasi birgalikda er biomassasini 5,5 % ini tashkil etadi. Norvegiya, Bering, Yapon, dengizlari dunyodagi eng maxsuldor dengizlar hisoblanadi. Biroq okeanlardagi ko’pgina organizmlar muhofazaga muhtoj. Masalan: Kitlarni ovlash 1868 yildan boshlangan. Birgina 1962 yil dunyo bo’yicha 66000 kit ovlandi. Hozirga qadar esa Dunyo okeanidan 2 mln.dan ortiq kit ov qilingan. Shuning uchun 1982 yildan boshlab jahonda kit ovlash BMT tomonidan ma’n etilgan.
Agroiqlim resurslari atmosfera havosining aktiv (+100 S) haroratlari yig’indisiga qarab baholanadi. Agroiqlimiy resurslarning taqsimlanishiga kenglik zonalligi va vertikal mintaqalanish xal qiluvchi ta’sir qiladi.
Agroiqlim resurslari-Er sharida issiqlik, yorug’lik va namlikning taqsimlanishiga bog’liq.
Agroiqlim resurslaridan issiqlik alohida o’rin tutadi. Issiqlik va yorug’lik ekvatordan har ikkala qutb tomon kamaya boradi. Natijada er sharida 7 ta agroiqlim mintaqasi shakllangan. Ulardan tropik mintaqadan tashqari qolgan 3 ta mintaqa 2 martadan takrorlanadi.
1. Tropik mintaqa. Afrika eng issiq materik bo’lib, chekka shimoliy, chekka Janubiy va baland tog’li qismlaridan qolgan barcha qismlarida 1sm.kv. joyga 80000 dan ortiq issiqlik tushadi, sovuq oyning o’rtacha haroratlar yig’indisi +150 dan yuqori. Bu joylar tropik mintaqaga mansub bo’lib, dunyoda tropik kengliklar oraliqlari (Amazoniya past tekisligi, Markaziy Afrika, Arabiston, Hindiston, Hindixitoy yarim orollari, Malayya arxipelagi va Avstraliyaning shimoli) kiradi. Bu mintaqada issiqsevar qisqa kunli o’simliklar o’sadi. Ekvator atrofida kunning uzunligi har doim 12 soat, shimoliy va Janubiy tropiklarda esa 13 soatu 13 minut. Vegetatsiya davri uzluksiz davom etadi.
2. Subtropik mintaqa tropik mintaqadan shimolda va janubda tarqalgan bo’lib, bu mintaqaga Afrikaning chekka shimoli va janubi, Janubiy Amerikaning janubi, Meksikaning shimoli-AQShning janubi, Evropaning O’rta Dengiz bo’ylari, O’rta Sharq, O’rta Osiyo, Taklamakon cho’li, Sharqiy Xitoy, Avstraliyaning janubi kiradi.
Subtropik mintaqaga odatda Shimoliy va Janubiy tropik chizig’idan shimoldagi va janubdagi hududlar kiradi. Bu mintaqada haroratlar yig’indisi 4000-80000 ga to’g’ri keladi. Yillik sovuq oyning o’rtacha tempratura yig’indisi +50 +150. Issiqsevar o’simliklar etishtiriladi. Vegetatsiya davri uzoq 210-310 kun. Kunning uzunligi 13,30-15,30 soat.
3. Mo’’tadil mintaqa katta maydonlarni egallaganligi sababli 2 mintaqachaga: mo’’tadil mintaqacha va sovuq- mo’’tadil mintaqachaga bo’linadi. Mo’’tadil mintaqa asosan shimoliy yarim sharda joylashgan.
1) Mo’’tadil mintaqachaga AQSh ning shimoli – Kanadaning janubi, butun O’rta Evropa, Belorus, Ukraina, Volga bo’yi, Kavkaz, Qozog’iston, Xitoyning markazi va shimoliy qismi, Koreya yarim oroli, Yaponiyaning shimoli kiradi. Bu mintaqada yilning sovuq oyining o’rtacha temperaturasi-100S . Yillik haroratlar yig’indisi 1 sm2 joyga 2200-40000ni tashkil etadi. Kunning uzunligi 16-17 soat. Bu mintaqachada kunning uzunligi o’rtacha va uzun bo’lgan o’simliklar (bug’doy, makka, qand lavlagi, kungaboqar, janubida esa paxta, eryong’oq, uzum) etishtiriladi.
2)Mo’tadil mintaqacha shimolida 650 shimoliy kenglikkacha sovuq mo’’tadil mintaqacha egallagan. Bu mintaqachaga Kanadaning katta qismi, Shimoliy Evropa, Rossiyaning katta qismi kiradi. Yilning sovuq oyining o’rtacha temperaturasi yig’indisi -250gacha. Yillik temperatura yig’indisi 1000-22000. Kunning uzunligi 19-23 soatgacha. Bu mintaqachada uzun kunli o’simliklar zig’ir, kartoshka, malina, chereshnika, brusnika o’sadi. Bu mintaqachaning barcha qismlarida namlik koeffitsienti 1 dan ortiq.
4. Sovuq mintaqaga 600 shimoliy kenglikdan shimoli ayrim joylarda 500shimoliy kenglikdan shimoli (Labrador yarim orolida) asosan shimoliy qutb doirasidagi hududlar kiradi. Bu mintaqaning janubida havo temperaturasining yig’indisi 400-10000 shimolida esa 4000 ni tashkil etadi. Eng sovuq oyning o’rtacha temperaturasi -250 dan -400 gacha. Vegetatsiya davri 1-1,5 oy. “Oq tunlar” bo’ladi. Namlik koeffitsienti 1 dan yuqori bo’lgan hududlarga Amazoniya, Kongo, Gang-Braxmaputra havzasi, Janubi-Sharqiy Osiyo, Madagaskar, shuningdek sovuq mo’tadil mintaqacha kiradi. Cho’l, chalacho’l va baland tog’li territoriyalarda namlik koeffitsienti 1 dan kam. Namlik koeffitsienti yog’in va parlanish orasidagi nisbatdan kelib chiqadi. Masalan:
Yog’in 500 mm-bug’lanish 500 mm namlik koeffitsienti =1 (etarli).
Yog’in 500 mm- bug’lanish 400 mm namlik koeffitsienti = 1,2(ortiqcha).
Yog’in 500mm-bug’lanish 600 mm namlik koeffitsienti = 0,8 (kam).
Quyosh – kosmik resurslar – kelajak resursidir.
Quyosh - yirik termoyadro reaktori, Erdagi butun hayotning manbai, butun energetika resurslarining manbaidir. Quyoshning atrofida temperatura +60000, markazida esa +20mln0S. Quyosh energiyasi bitmas tuganmas boylikdir.
Quyosh da H2 ning geliyga aylanishi natijasida radiatsiya ajralib chiqadi. Quyosh nuri erga 8,5 minutda etib keladi. Quyosh diametri Er diametridan 109 marta katta. Quyosh energiyasining 1/10 qismi ishga solinsa 30 000 ta Dnepro GES beradigan energiyani beradi.
Faqat Toshkent shahriga 1 yilda tushadigan Quyosh energiyasi 37 mln tonna ko’mir energiyasiga teng. O’zbekiston territoriyasi 3000 soatdan ortiq Quyosh nuri bilan yoritiladi. Quyosh 10 – 15 mlrd yildan so’ng so’na boshlaydi. Ungacha 150 mln inson avlodi almashinadi.
Hozirda Quyosh energiyasiga asoslangan elektr stantsiyalar QES lar AQSh, Yaponiya, Frantsiya, Ispaniya, Ukraina, O’zbekiston kabi davlatlarda ishlab turibdi. Germaniyada Quyosh avtomobili yaratilgan.
Kosmik resurslardan shamol energiyasi ham tugamaydigan resurslardir. Shamol tegirmonlari shamol dvigatellari, elkanli kemalar qadimdan foydalanib kelingan. Shamol energiyasi arzon va atrof-muhitni ifloslamaydi.
Lekin shamol energiyasi notekis joylashgan, ya’ni asosan mo’’tadil mintaqada to’plangan.
Rekreatsion resurslar – bu dam olish va turizm resurslaridir. “Rekratsiya” so’zi lotincha “tiklanish” bo’lib, dam olishning, kishining ma’naviy va jismoniy kuchlarini tiklaydi. Rekreatsion resurslar istirohat, turizm va shifolanish maqsadlarida bo’ladi. Ular 2 xil bo’ladi:
1.Tabiiy rekreatsion resurslarga: dengiz sohillari (Qrim, Sochi), daryo bo’ylari (Niagara, Ganga), o’rmonlar, tog’li rayonlar (Alp tog’lari, Shohimardon) kabilar kiradi.
2- Madaniy-tarixiy rekreatsion resurslar bo’lib, bularga tarixiy, arxeologik, me’morchilik, san’at yodgorliklari kiradi. Masalan: VDNH, Kreml, Ermitaj, Rim, Akripol, Misr ehromlari, Toj Mahal, Xiva, Paleontologiya muzeyi (Moskva), Buyuk Xitoy devori, Vavilon, Sherdor, Go’ri Amir, Oqsaroy va h.k.
Xalqaro turizmdan tushadigan daromadning 14 % i AQSh ga, 6 % i Ispaniyaga, 6 % i Frantsiyaga, 6 % i Italiyaga, 4 % i Buyuk Britaniyaga, 3 % i Avstriyaga, 61 % i boshqa davlatlar hissasiga to’g’ri keladi
Ma’lumki, Er yuzasi umumiy maydonining 29 foizdan ortiqrog’i quruqlik, qolgan qismi dengiz va okeanlarga to’g’ri keladi. Ishlov beriladigan er maydonlari bor yo’g’i 11 foizni tashkil qilib, ular inson uchun zarur bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizini etishtirib beradi. Ammo so’nggi paytlarda iqtisodiy maqsad, manfaatlar er fondi tuzilmasini tobora o’zgartirib yubormoqda. Xususan, bir tomondan foydalanish uchun yaroqli bo’lgan erlarni kengaytirishga harakat qilinayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan erdan samarali foydalanmaslik natijasida uning buzilishi va eroziya jarayonlari kuchaymoqda. Hisob-kitoblarga ko’ra, yiliga o’rtacha 6-7 million gektar maydonlar eroziya jarayonlari bois qishloq xo’jaligida foydalanishga yaroqsiz holga kelmoqda. Bundan tashqari, sanoat va transport infratuzilmasi sohasida amalga oshirilayotgan qurilishlar, er osti boyliklarini qazib olish jarayonida hosil bo’layotgan karer va tuproq uyumlari jadal sur’atlar bilan qishloq xo’jaligi ekin erlarini qisqartirmoqda. Shundan kelib chiqib, er muammolariga dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2009 yildan 22 aprel kunini Xalqaro Ona-Er kuni deb e’lon qildi.
E’tirof etish joizki, yurtimizda qishloq xo’jaligini rivojlantirishning istiqbollari belgilanayotganida, avvalo, er va suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda qishloq xo’jaligini intensiv asosda rivojlantirish, erlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilash, selektsiya ishlarini chuqurlashtirish, yuksak zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, suvdan oqilona foydalanilmoqda.
Sobiq tuzum davrida yuzaga kelgan murakkab ekologik muammolarni bartaraf etish uchun mamlakatimizda tabiatdan foydalanishning ma’muriy-buyruqbozlik o’rniga iqtisodiy boshqarish usuliga bosqichma-bosqich o’tilmoqda. Bu borada, avvalo, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Xususan, 1992 yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida»gi Qonuni tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab berdi. Mazkur huquqiy hujjat tabiatni muhofaza qilish sohasidagi kompleks xarakterdagi birinchi Qonun bo’lib, inson va tabiat o’rtasidagi munosabatlar uyg’un muvozanatda rivojlanishini, ekologik tizimlar, tabiat komplekslari va ayrim ob’ektlar muhofaza qilinishini, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo’lish huquqini kafolatlashga qaratilgan.
Mustaqil O’zbekiston mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish va, ayniqsa, Orol fojiasini yumshatish maqsadida keng ko’lamdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Jumladan, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish va suv resurslaridan foydalanishning havza printsipiga o’tildi. Suvdan foydalanishda tejamkor texnologiyalar keng joriy etilib, qat’iy normalar belgilandi. Bu sohadagi huquqiy baza muntazam takomillashtirib borilmoqda. Sug’oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash, Amudaryo deltasida lokal hovuzlarni yaratish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish va mustahkamlash bo’yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 29 oktyabrdagi Farmoniga muvofiq, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini yanada barqaror rivojlantirish, erlarning meliorativ holatini yaxshilash, ularning unumdorligini oshirish va shu asosda qishloq xo’jaligi ekinlari hosildorligini ko’paytirishga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, melioratsiya ishlarini tashkil qilish va moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Sug’oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg’armasi tashkil etildi.
«2008-2012 yillar davrida sug’oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash» Davlat dasturi hamda «2013-2017 yillar davrida sug’oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish» Davlat dasturi ishlab chiqilib, qabul qilindi. Mazkur dasturlarda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2008 yildan boshlab mamlakatimizda qariyb 1,5 million gektar sug’oriladigan erning meliorativ holati yaxshilandi, er osti suvlari yuqori bo’lgan maydonlar qariyb 10 foizga yoki 415 ming gektarga qisqardi, kuchli va o’rtacha sho’rlangan maydonlar 113 ming gektarga kamaydi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda er va suv resurslarini asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ko’lami ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik sohalarda barqaror rivojlanishni ta’minlab, har bir fuqaroning musaffo atrof-muhitda farovon yashashga bo’lgan huquqi mustahkamlanishiga xizmat qiladi. O’rni kelganda ta’kidlash joizki, O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi Platformasida yurtimiz tabiatiga, boy tabiiy resurslariga nisbatan asrab-avaylab munosabatda bo’lishni, ulardan hozirgi va kelgusi avlodlar manfaati yo’lida oqilona foydalanilishini, shuningdek, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga ko’maklashish vazifalari belgilangan. Bu kabi maqsad-vazifalarning amaldagi ijrosini ta’minlashda partiya guruhlarining faol ishtiroki talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |