Zaharlovchi moddaning qonga o‘tishiga to‘sqinlik qilish: Ko‘pchilik holatlarda o‘tkir zaharlanish dori moddalarini ichish orqali qabul qilishda kuzatiladi. Bunday paytda asosiy e’tibor oshqozonni zaharlovchi moddadan tozalashga qaratilishi lozim. Buning uchun yoki bemor qusdiriladi, yoki uning oshqozoni yuviladi. Qusish mexanik harakat yordamida (barmoqni halqumning pastki qismiga tekkizish orqali) yoki qusdiruvchi vositalarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Qusdiruvchi vosita sifatida natriy xloridining yoki natriy sulfatining yuqori konsentratsiyadagi eritmasi ichishga, apomorfin gidroxloridi eritmasi esa in’eksiya yo‘li bilan kiritiladi. Oshqozon shilliq qavati butunligini shikastlovchi vositalar (kislotalar, ishqorlar, og‘ir metall tuzlari) bilan zaharlangan paytlarda bemorni qusishga majbur qilish mumkin emas, Chunki aytib o‘tilgan vositalar oshqozon shilliq qavatini battar shikastlab qo‘yishlari mumkin. Hattoki, og‘ir hollarda oshqozon devori teshilib ketishi ham mumkin. Ba’zan qayt mahsulotlarining nafas yo‘llariga tushishi natijasida nafas yo‘llari shilliq qavatining kuyishi kuzatilishi ehtimoli ham mavjud. Shuning uchun bunday paytlarda eng xavfsiz va samarali chora – oshqozonni zond yordamida yuvish hisoblanadi. Bunda oshqozonni iliq suv, osh tuzining izotonik eritmasi yoki kaliy permanganatining past konsentratsiyali eritmasi bilan yuviladi. Hattoki yuvish jarayonida ularga faollashtirilgan ko‘mir yoki ziddi zaharlar ham qo‘shish mumkin. Bunda oshqozonni zaharlovchi moddadan to‘liq tozalangunigaqadar bir necha marotaba yuvish lozim.
Zaharlovchi moddaning ingichka ichakdan so‘rilishini kamaytirish yoki bartaraf etish uchun asosan faollashtirilgan ko‘mirdan va tuzli surgi vositalardan hamda vazelin moyidan foydalaniladi. Zarur bo‘lgan paytlarda tozalovchi va sifon ho‘qnalar qilish mumkin.
Agarda zaharlovchi modda teriga yoki shilliq qavatlarga tushgan bo‘lsa, u holda Shu joylarni jo‘mrakdan oqib turgan suv bilan yaxshilab yuvish lozim. Agarda nafas yo‘llari orqali tushgan bo‘lsa, darhol dori vositani kiritishni to‘xtatish va bemorni bu joydan boshqa yerga olib o‘tish hamda gazlarga qarshi niqob (protivogaz) kiygizish lozim.
Agarda zaharlovchi modda teriostiga kiritilgan bo‘lsa, u holda kiritilgan joyning atroflariga adrenalin gidroxloridi eritmasini kiritish yoki o‘sha joyning ustiga muzli xaltachalar qo‘yish orqali uning so‘rilishini kamaytirish mumkin. Ba’zi holatlarda (agarda iloji bo‘lsa) o‘sha joyni jgut bilan qisib bog‘lash orqali venoz qon oqimi pasay tiriladi va zaharning organizmda tarqalib ketishi kamaytiriladi. Keltirib o‘tilganlarning barchasi zaharlovchi moddaning butun organizm bo‘ylab tarqalib ketishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlardir.