12.2.3. Jinsiy gormonlar, ularning unumlari, sintetik o‘rin bosuvchilar va antagonistlarining dori vositalari Ayollar jinsiy bezlari gormon dori vositalari Tuxumdonda gormonlar follikulalarda (estrogenlar) va sariq tanada (gestagenlar) hosil bo‘ladi. Estradiol follikulalarning asosiy gormoni bo‘lib, tuxum hujayralarining rivojlanish jarayonida hosil bo‘ladi. Organizmda estradioldan (asosan jigarda) qon va peshobda estron va estriol hosil bo‘ladi. Kimyoviy tuzilishi bo‘yicha bu birikmalar steroid qatoriga mansub. Estrogenlar jinsiy a'zolar va ikkilamchi jinsiy belgilarni rivojlanishi uchun zarur. Ular ta'sirida hayz siklining birinchi yarimida endometriy proliferatsiyasi ro‘y beradi. Tuxum hujayra yetilgach follikula yoriladi ovulyatsiya boshlanadi. Follikula o‘rniga sariq tana hosil bo‘ladi. Progesteron sariq tananing asosiy gormonidir. Jigarda u peshob tarkibida ajraladigan pregnandiolga aylanadi1. Gestagenlar (progestagenlar), estrogenlar kabi, steroid tuzulishli birikmalar qatoriga mansubdirlar. Gestagenlar hayz ko‘rish siklining ikkinchi yarimida (sekretor faza) bachadon shilliq qavatining keyingi transformatsiyasini amalga oshishiga, tuxum hujayrasi urchiganda detsidual parda va yo‘ldoshni shakllanishiga imkon yaratadi. Shunday qilib, homilani homiladorlik davrida rivojlanishi uchun sharoit tayyorlanadi. Shu sababli sariq tana gormoni ko‘pincha homiladorlik gormoni deb ataladi. Yo‘ldosh ham gestagen va estrogen gormonlar manbaasi hisoblanadi. Yo‘ldosh ta'sir xususiyatlari bo‘yicha gipofiz oldingi bo‘lagi gormoniga xos bo‘lgan xorionik gonadotrop gormon (lyuteinizatsiyalovchi) ajratadi. Agar tuxum hujayrasi urchimasa, sariq tana teskari rivojlanishga uchraydi va hayz ko‘rish bachadon shilliq qavatining ko‘chishi kuzatiladi. Jinsiy bezlar gormonlarining ishlab chiqarilishi gipofizning oldingi bo‘lagining gonadotrop gormonlari boshqaradi.
Estrogen va gestagen maxsus retseptorlar bilan bog’lanib hujayra ichida ta'sir ko‘rsatadilar. Asosiy ta'sir joyi bu hujayra yadrosi bo‘lib, u yerda estrogen yoki gestagen retseptor kompleksi (majmuasi) DNK bilan birikadi va shu yo‘l bilan oqsil sinteziga ta'sir ko‘rsatadi. Estrogen va gestagen (progestagen)lar ta'sir ko‘rsatuvchi retseptorlarning eng ko‘p miqdori bachadon, qin, sut bezlari, hamda gipotalamus va gipofizning oldingi bo‘lagida joylashgan.
Ayollar jinsiy gormon dori vositalarining spetsifik faolligi ba'zan biologik standartizatsiya usuli bilan aniqlanadi. Estrogenlarni axta qilingan sichqon yoki kalamushlarda kuyikish chaqirish (estrus) xossasi asosida sinaladi. Estrogenlar ta'sirini jonivorlar qinidagi ajratmadan tayyorlangan surtma xarakteriga ko‘ra xukm chiqariladi. Osoyishtalik davrida (anestrus) surtmada shilliq, leykotsitlar va juda kam miqdorda yadroli epitelial hujayralar aniqlanadi. Kuyikish davrida surtmada ko‘p miqdorda yadrosiz dag‘allashgan epitelial hujayralar aniqlanadi. Bir ta'sir birligi (1 TB) 0,1 mkg estron faolligi mos keladi.
Gestagenlarni biologik standartizatsiyalashni balog‘atga yetmagan urg‘ochi quyonchalarda o‘tkaziladi. Ma'lum sxema bo‘yicha jonivorlarga avval estron, so‘ngra progesteron kiritiladi. Bunda soxta homiladorlik rivojlanadi. Bachadon shilliq qavatining o‘zgarishlari tahminan homiladorlikning 8-kuniga mos kelishi kerak (gistologik tekshirishlar o‘tkaziladi). Bir ta'sir birlik ( 1TB) 1 mg kristallik progesteron faolligiga teng.
_________________________________________
1 Estrogen va progesteronlar almashinuvi mahsulotlari glyukuron va sulfat kislota bilan kon'yugatlar ko‘rinishida buyrak orqali ajraladi.