Noingalyatsion narkoz vositalari
Bu guruh vositalarini venaga tomchilab kiritiladi. Noingalyatsion yo‘l bilan chaqirilgan narkoz ingalyatsion yo‘l bilan chaqiriladigan narkozga nisbatan bir qator ustunliklarga ega:
amalga oshirilishi murakkab emas (narkoz apparatlari, intubatsiya kerak emas).
narkozning qo‘zg‘alish bosqichi rivojlanmaydi.
narkotik moddaning qondagi miqdorini aniq belgilash mumkin, lekin bu yo‘l bilan chaqirilgan narkozni boshqarish qiyin, chunki tomirga kiritilgan moddalar buyrak orqali ajraladi va uni tezlashtirish oson emas. Shuning uchun noingalyatsion narkoz uchun qo‘llaniladigan vositalar organizmda tez parchalanadigan yoki tez eliminatsiyalanadigan bo‘lishlari kerak, chunki faqat shu yo‘l bilan narkotik moddaning qondagi konsentratsiyasini va binobarin narkoz chuqurligini tez pasaytirish mumkin.
Noingalyatsion narkoz vositalari ta’sir davomligiga qarab quyidagi guruhlarga bo‘linadilar:
qisqa muddatli (15 daqiqagacha)-propanidid, ketamin.
o‘rtacha muddatli (20-50 daqiqa)-tiopental-Na, predion.
uzoq muddatli (60 daq.va undan uzoq)-oksibutirat natriy.
Propanidid – tomirga kiritilgach, narkoz tez (30-40 sek) rivojlanadi. Qo‘zg‘alish bosqichi bo‘lmaydi. Jarrohlik narkoz davri 3-5 min davom etadi. Xolinesteraza ta’sirida tez gidrolizlanadi. Narkozning jarrohlik davri tugagach 2-3 daqiqadan so‘ng bemorni es-xushi joyiga keladi, yana 20-30 daqiqadan keyin bemorning psixomator funksiyalari butunlay tiklanadi.
Qo‘llanilishi: kirish narkozi uchun, qisqa muddatli operatsiyalarda chiqqan va singan suyaklarni o‘z joyiga joylashtirishda, bronxografiya, katetr kirgizishda, choklar ipini olishda, biopsiya,bronxoskopiya va boshqalar.
Noxush ta’sirlari: narkoz boshlanishida mushaklarning tirishishi, qisqa muddatli apnoe giperventilyatsiya, taxikardiya, qon bosimini pasayishi, xiqchoq tutishi, terlash, tomir yo‘lining qizarishi og‘rishi, tromblar hosil bo‘lishi.
Shoklarda, jigarning xastaliklarda, buyrak yetishmovchiligida, yurak-tomir yetishmovchiligida, qon bosimi ortgan hollarda qo‘llash mumkin emas.
Ketamin– umumiy og‘riqsizlantirish va yuzaki uyqu chaqiradi, es-xushni chala yo‘qotadi, ya’ni haqiqiy chuqur narkoz rivojlanmaydi (dissotsiativ anesteziya,). Tomirga kiritilganda 30-60 sek keyin ta’siri boshlanib 5-10 daqiqa davom etadi. Mushak ichiga kiritilganda 2-6 daqiqadan keyin boshlanib 15-30 daqiqa davom etadi. Lekin og‘riqsizlantiruvchi ta’siri tahminan 2-3 soatgacha saqlanadi. Dori vosita ko‘proq somatik og‘riq sezuvchanlikni susaytiradi, visseral, ya’ni ichki a’zolarda keluvchi og‘riq impulslarini kuchsiz kamaytiradi. Skelet mushaklari bo‘shashtirmaydi. Reflekslar (tomoq, yo‘tal, halqum-yutish) saqlanadi. Qon bosimi oshadi, taxikariya, so‘lak ajralishi kuchayadi, ko‘zning ichki bosimi ortadi. Narkoz vaqtida ixtiyorsiz harakatlar, gipertonus, gallyutsinatsiyalar bo‘ladi. Narkoz tugagach, ruhiy qo‘zg‘alish va harakatchanlik kuzatiladi, uzoq muddat qayerda ekanligini aniqlay olmaydi.
Qo‘llanilishi: kombinirlangan anesteziyada (kirish narkozi), bemorlarni evakuatsiya qilishda, endoskopik muolajalarda, qisqa muddatli jarrohlik muolajalarida oftalmologiya, stomatologiya, tug’ruq jarayonida.
Miya-qon aylanishining buzilishi, gipertenziya, eklampsiya, qon aylanishining dekompensatsiya bosqichlarida, tutqanoq xastaligida qo‘llash mumkin emas. Barbituratlar bilan qo‘shilganda cho‘kmaga tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |