Sun’iy - oziqa muhitlari alohida retseptlar asosida, o‘simlik va hayvon mahsulotlarining qaynatmalariga noorganik tuzlar hamda uglevodlar qo‘shilib tayyorlanadi.
Sintetik - oziqa muhitlari asosan kimyoviy toza moddalarning (tuzlar, uglevod, aminokislota va vitaminlar va boshqalar) aniq nisbatlarida olingan holda tayyorlanadi.
Oziqa muhitlari konsistensiyasiga ko‘ra suyuq, yarim suyuq va qattiq bo‘ladi. Suyuq oziqa muhitlari asosan suvdan va unda suyultirilgan moddalardan iboratdir (go‘sht suvi, go‘sht-pepton qaynatmasi, kartoshka suvi).
Qattiq oziqa muhiti suyuq oziqaga jelatin (10-15%) yoki agar-agar (1-2%) qo‘shib tayyorlanadi. YArimsuyuq oziqa muhitini tayyorlashda jelatin yoki agar-agardan kam miqdorda solinadi.
Oziqa muhitlari belgilariga qarab oddiy, maxsus, elektiv va differensial-diagnostik shaklda tayyorlanadi.
Oddiy oziqa - ko‘pgina mikroorganizmlarni o‘stirish uchun ishlatiladi. Bularga dukkakli pepton qaynatmasi, go‘sht-pepton qaynatmasi va go‘sht - pepton agari kiradi.
Maxsus oziqa - alohida guruh yoki alohida tur mikroorganizmni ajratish uchun tayyorlanadi. Masalan, Omelyanskiy oziqa muhiti anaerob mikroblar uchun, CHapeka oziqa muhiti esa zamburug‘lar uchun tayyorlanadi.
Elektiv oziqa - bitta turga mansub mikroorganizm uchun tayyorlanadi, boshqa mikroorganizmlar bunday oziqa muhitida o‘smaydi yoki rivojlanishi juda sekinlashib ketadi. Bunday oziqa muhitiga S.N.Vinogradskiyning yig‘ma oziqa muhiti misol bo‘ladi va bu oziqa ko‘pgina tuproq mikroorganizmlar uchundir.
Differensial - diagnostik oziqa - mikroorganizmlarning biokimyoviy xususiyatlarini o‘rganishda va ba’zi mikroorganizmlarning sof kulturasini ajratishda qo‘llaniladi. Differensial - diagnostik oziqa muhiti mikroorganizmlar tomonidan ajratiladigan oqsil va uglevodlarni parchalanishini va oksidlanish-qaytarilish reaksiyalarini yuzaga keltiruvchi fermentlarni aniqlashda qo‘llaniladi.
Bunga suyuq, uglevodli Giss oziqasi va Endo, Levin indikatorli qattiq oziqa muhiti misol bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda oziqa muhitlarni tayyor retseptlar bilan fabrikalarda quruq poroshok yoki suyuq konsentratsiya holida chiqarilmoqda.
Har bir mikroorganizmlarni o‘stirish uchun tayyorlangan oziqa muhiti quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Mikroorganizmlar uchun kerakli oziqa moddalar, azot, uglerod, kislorod va suv, noorganik tuzlar bo‘lishi kerak.
Mikroorganizmlar erigan holda oziqa moddalarni qabul qilgani uchun ular nam bo‘lishi kerak.
YOt mikroorganizmlardan holi qilish uchun sterillangan bo‘lishi shart.
Oziqa muhiti tiniq bo‘lishi kerak, sababi u mikroorganizmlarni o‘sishini kuzatish uchun qulaydir.
Oziqa muhiti rN reaksiyasiga to‘g‘ri kelishi kerak.
Go‘sht-pepton qaynatmasi. Bu oziqa muhitni tayyorlash uchun 500 gramm qiyma (yog‘siz) olinib, ustiga 1000 ml iliq suv quyib 12 soat qo‘yiladi. Keyin surp lattadan o‘tkazilib qaynatiladi. Oqsillar qaynaganda ivib qoladi, shuning uchun ular avval surp lattada suziladi, so‘ngra buklangan qog‘oz filtrdan o‘tkaziladi. SHu tariqa go‘sht buloni hosil bo‘ladi. SHu bulonga 1% pepton va 0,5% NaCl qo‘shiladi. Pepton eriguncha isitiladi va maxsus komparator (rN aniqlagichi) yordamida muhitning reaksiyasi aniqlanadi. Natijada go‘sht-pepton buloni hosil bo‘ladi va uni qaynatib, qog‘oz filtrdan o‘tkaziladi. Qaynatma probirkalarga quyilib, og‘zi probka bilan yopiladi va avtoklavda bir atmosfera bosimda 30 daqiqa sterillanadi.
Go‘sht pepton agari. Sovuq go‘sht pepton buloniga 1,5-2% agar qo‘shib, uni bo‘ktirish maqsadida 5-10 daqiqa shu holda qo‘yiladi, so‘ngra suv hammomida agar erib bo‘lguncha qizdiriladi. SHu tariqa tayyorlangan go‘sht pepton agari probirkalarga quyilib, avtoklavda 120ºS da 30 daqiqa sterillanadi. Agar-agar muhitining suyulish harorati 100ºS atrofida, qotish harorati esa 40-45ºS.
Do'stlaringiz bilan baham: |