2.2.«Dastur ul-muluk» asarida Buxoro va Xiva xonligining ijtimoiy-siyosiy hayotining yoritilishi
Abdulazizxon Kerminda bo’lgan vaqtida Buxorodan chopar keladi va Anushaxonning tobelikdan bosh tortib, hukmronlik uchun qo’zg’olon ko’targan holda Buxoroga kelgani haqida xabar beradi. Oliy hazratlari amir Bahovuddin va qozi Lutfullo kabi kishilariga pastkash xorazmliklar (Anushaxon) to’g’risida xabar beradi. Bu xabarni eshitgach, barcha xizmatkorlar to’planishib xorazmliklarga qarshi kurash olib borish kerakligini aytishadi. Shundan keyin Abdulazizxon Buxoroga yo’l oladi, hech qayerda to’xtamasdan ketar ekan, Buxoro tumanlarining biridagi Oqsoch qal’asida joylashadi. Yo’llarda esa qo’shinlarini terib qo’yadi.
O’sha vaqtda Buxoro shahri hukmdori Iskandarbiy saroy bo’lib, o’sha davrning e’tiborli kishilaridan sanalgan. Uning huzuriga Abdulazizning xizmatkorlari yetib kelgan vaqtda qamalda turgan bir nechta urganchliklar Iskandarbiy ustiga hujum qilishadi. Kuchlar teng bo’lmagani sababli xorazmliklar shahar bo’ylab talon-tarojlik ishlarini amalga oshirishadi va ularning qo’lida katta miqdorda boylik hamda o’lja to’planadi. Sarosimaga tushgan Buxoroning bir qator nufuzli kishilari Anushaxon huzuriga kelishadi va uning tomonidan qabul qilinadilar. Ular qatorida Buxoro qishloqlari sug’orilib, gullab-yashnashida hissa qo’shgan Muhammad Bakirxo’ja va qozilik ishlarini adolatli tarzda olib borgan qozi amir Nosir bo’lgan.
Bo’lib o’tgan janglarda Abdulqodir o’g’lon, Ma’sum miroxo’r saroy, Ne’matulla xo’ja, Shoh Tibxo’ja, Rahimberdi shig’ovulning mardonavorligi va jasurligi tilga olinadi, xon xorazmliklar qonini to’kib, hukumatni qo’lga oladi. Bu orada Samarqandga parvonachi lavozimiga tayinlangan Abdulkarimbiy nayman tayinlanadi. U xon bilan uchrashib, Anushaxonga qarshi jangga kirishga rozi bo’ldi va u bilan birga Qarshi qal’asi tomon yurish qilgan botir Muhammad Alibiy ham kelib qo’shiladi. Xorazmliklar esa yengilib Xorazmga qaytishadi.
Bu faslda Abdulazizxonning o’limi haqida ham hikoya berilgan. Abdulazizxon taqdir taqozosi bilan davlat ishlaridan uzoqlashadi va ikki muqaddas shahar tomon yo’l oladi. Isfahon tomon ketar ekan, kambag’al odamlarga yordam qo’lini cho’zadi. Movarounnahr taxtini esa ukasi Subhonqulixonga qoldiradi. Ka’bani ziyorat etgach, Hindiston kabi davlatni ko’rish ishtiyoqida Moxa (Yaman) portiga keladi, ammo kasalligi tufayli kuchsizlanib qoladi va safar orzusi amalga oshmay qolib vafot etadi. II fasli. 1096-yilda bo’lib o’tgan voqealar haqida qudratli Said Subhonquli Muhammad Bahodirxon Movarounnahr taxtiga o’tirgandan keyin Samarqand boshqaruvini Xo’jaqulibiy o’tarchiga topshiradi, ammo Xo’jaqulibiy xonga sodiqligini ko’rsatish o’rniga qo’zg’olon ko’taradi. U ko’psonli xitoy qabilasi-ga ishonib, xonga nisbatan hurmatsizlik qilgancha Samarqanddan chiqib ketadi va Koson qal’asiga kirib keladi.
Qudratli xon hazratlari sabr ila muallif(Xoja Samandar)ni Xo’jaqulibiyni o’z huzuriga chaqirish uchun uning oldiga yuboradi. Lekin u Xo’ja-Muborak degan joygacha kelganda bir nechta isyonchilar qo’zg’olonni kuchaytiradilar. Bu xabar xon qulog’iga yetib kelgach, bu safar muallif bilan birga Xo’jamberdi shig’ovul qipchoqni ham jo’natadi. Lekin shig’ovul so’zlarini ko’ngliga yaqin olmagan Xo’jaquli odamlarini to’plab, qo’zg’olon yo’li bilan Qarshilik musulmonlarining mulkiga bostirib kiradi. Uning dushmanligi shu darajaga yetib borganki, urganchlik (ya’ni Anushaxon) qabulida bo’lib, uni Xorazmdan chiqib harakat qilishiga ko’ndiradi. Anushaxon esa Buxoroni egallash niyatida Xo’jaquli so’zlariga quloq solib, qo’zg’olon yo’lini tanlaydi. Bu xabarni eshitgan xon dushmanga qarshi jangga kirishadi. Bu orada G’oyib Nazarbiy saroy, Jonibek to’qsoba, Sher G’ozibiy dodxox harbiy qo’shinlar bilan birga otlarda jangga kirishadi.
Ushbu dahshatli jang vaqtida xonning bahodirlari tomonidan yetkazilgan zarbalari natijasida Anushaxonning noibi bo’lmish Murod Urganjiy egaridan tushiriladi. Bu voqeadan keyin dushmanlar vodiyga qarab chekinishadi. Bundan xabar topgan Anushaxon ertasi kuni tongda katta qo’shin bilan G’ijduvon tomondan chiqib keladi. Lekin Subhonqulixon g’alabasi aniq bo’lgan edi. Mazkur jangda qahramonlik ko’rsatgan bahodirlardan qilichbozlikda mahoratini ko’rsatgan Ma’sum miroxo’r saroy, shuningdek jasoratliligi bilan ajralib turgan Shoh Tibxo’ja, chap tomondan harakat qilgan Ne’matullaxo’ja hamda Bek Muhammadbek durman va Muhammad Rahimbek durman nomlari keltiriladi. Shu kuni xon uchun o’z jonini qurbon qilgan Abdullaxo’ja (Yusuf xo’janing o’g’li) va Ollohberdibek jaloyir tarix varaqlarida saqlanib qolgan. Ajoyib g’alabalardan so’ng Subhonqulixon o’sha vaqtni o’zida xizmatkorlariga oltin egarli otlar, qilichlar, bahodirlariga esa sarpo va yirik miqdorda pul berishni buyuradi.
III fasl Subhonqulixon davrida ro’y bergan voqealar18 1097-yil bahorida Xo’jaquli Xorazmdan chiqib keladi va odamlarning azob-uqubatlariga sabab bo’ladigan bir qator ishlarga qo’l uradi. Bu haqida eshitgan Subhonqulixon jahl otiga minib, Balx va Badaxshon hukmdorlari, Andijon va Turkiston harbiy boshliqlarining katta qo’shin bilan yetib kelishlarini buyuradi.
Anushaxonning Samarqandga yurish haqidagi xabar Subhonqulxonga yetib kelgach, Subhonqulixon Kermin tomon yo’l oladi. Yo’l-yo’lakay Buxoroga kirib keladi va vaziyatni o’rganib, qo’shin tayyorlaydi. Kermin boshqaruvini qo’lga olgan Odil miroxo’r ming xorazmliklarning yurishi haqida eshitib, qal’a devorlari va minoralarini qo’riqlashga kirishadi.
Anushaxon Samarqandga yo’l oladi va o’zidan oldin bir qator va’dalar bitilgan xatlar bilan samarqandliklarning huzuriga elchini jo’natadi. Samarqandliklarda kurashish uchun kuch qolmagani sababli Anushaxonni Samarqandga taklif qilishadi. Dushmanlar esa samarqandliklarning do’stona munosabatda ekanliklarini bilish-gach, Cho’pon-Otagacha talonchilik ishlarini amalga oshirishadi. Samarqandliklar Anushaxonning bu qo’polliklaridan qo’rqib, Samarqand darvozalari kalitlarini uning qo’liga topshirishadi.
Anushaxon g’ozal Kesh tomon yo’l oladi va bu orada Shahrisabzning bir nechta katta kishilari xorazmliklardan chekinadilar. Anushaxon Samarqand va Shahrisabzni qo’lga kiritgach, Qarshining jasur kishilari juma namozida to’pla-nishib, mirza Xonxoji shayx ul-islom huzurida hukmdorlariga sadoqatliliklari to’g’risida qasam ichadilar. Anushaxon qarshiliklarning xonga bunchalar sadoqatli ekanliklarini eshitgach, Qarshi darvozalari uning uchun osongina ochilmasligini tushunadi. So’ng ko’plab va’dalar bitilgan xatni elchilar orqali qarshiliklarga jo’natishga qaror qiladi. Biroq bu ishi samara bermaydi, hatto uning elchilari o’ldirib yuboriladi. Bu vaqtda Subhonqulixon qozi Badi’ning uning huzuriga kelishini buyuradi hamda unga Anushaxonni Qarshiga hujum qilmasligiga ko’ndirishini so’raydi.
Shu o’rinda hukmdorlarning davlat ishlarini yurituvchi - vazirning yordamisiz davlatni bo’ysundirish mushkulligi to’g’risida gapiriladi. Subhonqulixon hujjatlar hamda qog’oz va daftar ishlarini mirzo Abdul-Boqi devon va mirza Rizo daftardorga topshiradi. Ularning yordamida mamlakatda tartib va qonun o’rnatiladi. Biroq, yomon kimsalarning tuhmatlari oqibatida shu ikki odam o’z lavozimlaridan olib tashlanadi va vazir majburiyatlariga kiradigan hujjatlar ishlar adolatsiz, pastkash Mirzo Bekler qo’liga o’tadi. U yig’imlarni oshirib, xalq boshiga kulfatlar soladi. Lekin xalq xudodan uning ketishini so’rab iltijo qilishni boshlashadi va keyinchalik uning lavozimidan chetlatilishi musulmonlar baxtiga sabab bo’ladi.
Keyingi o’rinlarda Muhammad Saidxoji naqib haqidagi hikoya berib o’tiladi. Anushaxon Samarqandga kirib kelganida qo’zg’olon ko’taradi va o’zining to’rt mingga yaqin kishilariga Kasbi va Kosonni talashga buyruq beradi. Buni eshitgan Subhonqulixon mazkur ishga qarshi chora ko’rishni Muhammad Saidxoji naqibga topshiradi. U otini dushmanga qarshi yo’naltirib, 200 ta kishisi bilan raqibining yo’lini o’rab oladi. Xoji huzuriga Nodirbiy dodxox va Ali sayid eshikog’aboshi yordamga keladi. Xorazmliklar esa mag’lubiyatga uchrab chekinadilar.
Shuningdek, muhim voqealardan biri bu tashqi ko’rinishdan va xarakter jihatidan go’zal bo’lgan Xoja Zakariya shayx ul-islomning Anushaxon makkorligi va yovuzliklaridan sarosimaga tushib, istar-istamas unga o’z qizlaridan birini berishidir. Xojalar bilan qarindoshlik rishtalarini bo’g’lagandan keyin Anushaxon Dabusiya qal’asiga yo’l oladi. Qattiq janglardan so’ng Subhonqulixon g’alabani qo’lga kiritadi, Anushaxon esa mag’lubiyatga uchrab, Samarqandga ketadi. Bu orada yo’lda xudo tomonidan Anushaxonga dahshatli jazo beriladi.
Anushaxonning bir o’g’li bo’lib, uni boshqa farzandlariga qaraganda ko’proq yaxshi ko’rar va unga bo’lakcha e’tibor qaratar edi. Ammo bu o’g’li otasining ko’zini temir mil bilan ko’r qiladi. Shu bilan Anushaxon o’z qilmishiga jazosini oladi.
Anushaxonning ko’r bo’lganidan so’ng Xorazm amirlari pushaymonlikdan Subhonqulixon huzuriga kelishib, unga umrlarini oxirigacha xizmat qilishga rozi bo’lishadi. Shundan so’ng xonga elchi yuborib, son-sanoqsiz in’omlar yuborgan holda itoatliklarini ifodalashadi. Hattoki Bek-Qulibiy otaliq va boshqalar ham xon huzuriga kelishib, uning xizmatiga kirishadi. Shu tariqa Subhonqulixon Andijon va Turkistondan Xinjon va Badaxshongacha bo’lgan o’lkalarni bo’ysundiradi hamda ularning obodonchiligiga e’tibor qaratadi. Adolatli qonun o’rnatib xalqi va dehqonlarini xursand qiladi, shariat qonunlariga hurmat ko’rsatadi. Qo’lidan ish keladigan har bir erkak kishiga naqd pul beradi, marhamat ko’rsatib ot sovg’a qiladi, ba’zilariga tunlar kiydiradi.
IV fasl Subhonqulixonning Amudaryodan o’tishi (xorazmliklarning Movarounnahrdan ketganidan keyin oliy hazrat xizmatkorlari ishtirok etgan vo -qealar haqida)19
Xorazmliklar Buxoroni qurshab olishganida Subhonqulixonning o’g’li Siddiq Muhammad otasiga yordamga kelish umidini amalga oshirmaydi. O’zining bir qancha g’ulomlari so’zlariga quloq tutib, Amudaryoga qaytib Balx qal’asiga kirib keladi. U g’ulomlarining sotqinligi haqida bilmasdi, xorazmliklarning harakatiga hatto e’tibor ham bermadi. Subhonqulixonni ranjitgan yana bir holat shu bo’lganki, Anushaxon Subhonqulixon tomonidan mag’lubiyatga uchrab, Xorazmga qaytganida Siddiq Muhammad g’iybatchilar gapiga quloq solib Hindistonga Hasanxo’jani yuboradi. Shuningdek, Siddiq Muhammad xon xizmatkorlariga nisbatan ham yomon munosabatda bo’ladi.
Buxoro qo’shinlari daryoni ko’rib, undan gubsarlar yordamisiz kechib bo’lmasligini tushunib yetgach, sarosimaga tushishadi. Subhonqulixon ularning sarosimaga tushganlarini ko’rib, kechib o’tish ishlari bilan shug’ullanishni buyuradi. Keyingi kuni tongda Subhonqulixon o’zining yaqin kishilari Yayloq qushbegi, Xo’jamberdi miroxo’r saroy bilan daryoning narigi tomoniga o’tadi. Daryodan o’tib bo’lgach, Balx shahriga yo’l olishadi. Bu vaqtda Muhammad Siddiq hukmdorning yurishi haqida bilib oladi. Ba’zi g’iybatchilar gapiga quloq solib, xonga itoat etishdan bosh tortadi. Balx darvozalarini bekitib, qurollanishga tayyorgarlik ko’radi. Subhonqulixon esa darvozalarning bekitilganini bilib, qurollarning ovozini eshitgach, o’g’liga xat jo’natadi. Xatni harbiy turklarning otliq qo’shini boshlig’i Qilichbiy dodxox topshiradi. Shuningdek, unga qo’shib xoja Muhammad Amin kitobdorni qo’shib jo’natadi. U Siddiq Muhammadni o’zining yumshoq tili bilan yovuzlik olovini o’chirishga harakat qiladi. Shundan so’ng Muhammad Amin Subhonqulixonning Balxdagi amirlari bilan ittifoq tuzadi. Shunda Siddiqxon kutilmaganda o’z amirlari bilan otasining huzuriga keladi va shaharga kirib, arkda qolishga ko’ndiradi. Xon Siddiqning xizmatkorlariga marhamat ko’rsatib, Siddiq Muhammadni o’z yoniga o’tqazadi.
Keyinchalik o’sha davrda ro’y bergan voqealar haqida hikoyalar berib o’tiladi. Masalan, Samarqandni boshqarayotgan va o’sha davrning dongdor kishilaridan biri bo’lmish Olloyorbiy devonbegi durman hamda uning boshiga g’am tushgani haqida, ya’ni o’g’illaridan biri bo’lgan Qalandarbekning jangda og’ir jarohatlanib, so’ng esa jon berganligi haqida gapirib o’tiladi.
Yana bir hikoyada esa xonga va davlat ishlariga xiyonat qilishga qodir bo’lmagan G’oyib Nazarbiy saroy to’g’risida so’zlab o’tiladi.
Bir qancha hikoyalardan so’ng muhim voqea sifatida asar muallifi Samandarxo’janing o’zidek bir kasb egasi bo’lgan Mirza Yusuf bilan har doim yuzma-yuz ko’rishmasa ham, ammo bir-birlari bilan xat-xabar jo’natishgani, bir-birlarini bo’lib o’tayotgan voqealardan xabardor qilishgani to’g’risida beriladi.
Xo’ja Samandar ham bir vaqtlar Nasaf viloyatida yashaganida ikkita qo’shnining kelishmovchiligi ustidan chiqib qoladi. Ya’ni muallif bir tojik bilan qo’shni bo’lib yashaganida uning faqat bitta eshagi bilan oilasini boqayotganini aytib o’tadi. Ammo bir kuni Qarshida yashaydigan bir turk kelib, eshakni ko’rgach, eshagining noqonuniy ekanligi hamda uning aslida turkka tegishli ekanligini aytadi. Shu tariqa ikkalasi bir eshakni deb urushib qolishadi. Shunda turk qozi Badi’ oldiga borish taklifini beradi. Ular qozi huzuriga borisharkan, ikkalasi alohida ikki yo’ldan borayotib, qozi oldiga kelganda esa ikki tomondan 10 tangadan pora berishadi. So’ng qozi bo’lib o’tgan voqeani so’zlab berishlarini so’raydi. Voqeani eshitib bo’lgach, eshakni o’zining g’ulomi Mushkobga berib, evaziga 10 tanga olishni hamda eshakka egalik qilishdan voz kechishlarini so’raydi. Aks holda ularni jazolashlarini aytib o’tadi. Arz qiluvchilar unga yana pora berishlarini aytishsa ham baribir qozi hech qaysi gapga ahamiyat bermaydi. Oxiri ular eshakni berishga rozi bo’lib ketishadi. Keyingi hikoyalarda esa uning kutilmaganda qilmishiga yarasha jazo sifatida kasal bo’lib vafot etishi beriladi.
Xulosa
“Dastur ul-muluk” asari uzoq vaqt davomida etika-didaktik asar sifatida ko’rib kelingan edi. Ammo XIX asrning oxirida uning Buxoro xonligining XVII asr so’nggi choragidagi muhim voqealarni o’z ichiga olgan tarixiy manba ekanligi tasdiqlandi.
Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari Buxoro xonligining XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy ahvolini, shuningdek, Buxoro bilan Xiva xonliklari o’rtasidagi siyosiy munosabatlarni o’rganishda katta ahamiyatga ega. Asarda o’zaro kurashlar, oily martabali mansabdorlar orasida keng tarqalgan buzuqlik, poraxo’rlik, zulm va mehnatkash xalqning og’ir ahvoli haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. “Dastur ul-muluk”da o’zbeklarning etnik tarkibi haqida ham muhim dalil va ma’lumotlarni uchratish mumkin. Shuningdek, Xoja Samandarning asarida bir qator faktlar borki, ular xon hokimiyatining taqdiri, xalqlarning huquqlari poymol etilgan holatlari haqida mulohaza yuritishga sabab bo’la oladi. Ushbu asar nafaqat Buxoro xonligining XVII asrda bo’lib o’tgan siyosiy voqealarni, balki ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni ko’rib chiqish imkonini beradi.
“Dastur ul-muluk”ning 21-bobini tashkil etuvchi ikkinchi katta tarixiy qismi Buxoro xonligi tarixini o’rganishda muhim hisoblanib, unda muallif davridagi voqealar bayoni o’z aksini topadi va qolgan boblardan farqli asl hisoblanadi. “Dastur ul-muluk”da Buxoro xonligidagi 1092/1681 dan 1106/1694-95-yillar oralig’ida sodir bo’lgan voqealar tasvirlangan. Biroq ushbu asarda bu yillarda muallif ko’rgan yoki eshitgan barcha voqealar ham ifodalanmagan. Bunday voqealar bayonini unga zamondosh bo’lgan boshqa mualliflarning asarlaridan, jumladan Muhammad Aminning “Muhit at-tavorix” va Muhammad Yusuf Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy” kabi mashhur tarixiy asarlardan topish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Xoja Samandarning “Dastur ul-muluk” asarining tarixiy qismi biz uchun ikki munosabatlarda muhim: bir tomondan, unda boshqa manbalardagi ma’lumotlarni to’ldiruvchi O’rta Osiyoning XVII asr oxiri tarixi bo’yicha qimmatli ma’lumotlar mavjud bo’lsa, ikkinchi tomondan unda o’sha davr Buxoro jamiyatining (to’g’rirog’i birinchi nabatda yuqori jamiyat) turmush tarzi hamda urf-odatini yorituvchi asl faktlar keltirib o’tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |