Kamarlar va oyoqlar skeleti.
Yelka kamari. Sudralib yuruvchilar yelka kamarining asosiy qismini bir oz dorzal joylashgan kurak va ventral holda o'rnashgan korakoid suyaklari tashkil etadi. Bu har ikkala suyak yelka suyagi birikadigan bo’g’im kosasini vujudga keltiradi. Kurakka dorzal holda kurak usti tog’ayi, korakoidning oldiga esa tog’ay prokorakoid qo’shiladi (114-rasm).
114-rasm. Echkemarning elka kamari: 1 - ko'krak; 2 - ko'krak usti tog’ayi; 3 - korakoid; 4 - yelka bo’g’im kosasi; 5 - prokorakoid; 6 - to'sh suyagi; 7 -qovurg’a; 8 - to'sh usti suyagi; 9 – o'mrov suyagi.
Yaxshi taraqqiy etgan to'shga bir qancha qovurg’alar birikadi. Shunday qilib, sudralib yuruvchilar ko'krak qafasining taraqqiy etishi va o’q skeletida tayanch yelka kamarining bo'lishi bilan suvda va quruqlikda yashovchi hayvonlardan farq hiladi. To'shning ventral tomoniga sudralib yuruvchilar uchun xos bo'lgan «T» shaklli ingichka qoplag’ich suyak-to'sh usti suyagi birikadi. Uning oldida ingichka qoplag’ich suyak - o'mrov suyagi bo'lib, o'mrovning tashqi uchlari kurak suyaklari bilan, ichki uchlari esa to'sh usti suyagining o'simtasi bilan birikadi. O'mrov hamda suvda va quruqlikda yashovchi hayvonlarda uchramaydigan to'sh usti suyaklari yelka kamari o'ng va chap bo'limlarini o'zaro mustahkam biriktiradi. Ilonlarda yelka kamari reduktsiyalangan, toshbaqalarda esa o'mrov va to'sh usti suyaklari qorin qalqoni tarkibiga kiradi.
Chanoq kamari. Chanoq kamari o'rta chiziq bo'ylab tog’ay orqali birikadigan ikkita simmetrik palladan iborat. Har qaysi palla uchta: dorzal joylashgan yonbosh suyagi va ventral o'rin olgan quymich suyagi va qov suyaklaridan tashkil topgan. Bu uchta suyak orqa oyoqlarining birikishi uchun quymich kosasini hosil qiladi. Sudralib yuruvchilarda o'ng va chap quymich hamda qov suyaklari o'zaro birikkan, bunday chanoq kamari yopiq kamar deb ataladi (115-rasm).
115-rasm. Echkemarning chanoqkamari: 1 - yonbosh suyagi; 2 - quymich suyagi; 3 – qov suyagi; 4 - chanoq kosasi; 5 - dumg’aza umurtqalari.
Oyoqlar skeleti quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlarning oyoqlari tipik bosh barmoqli sxema asosida tuzilgan. Oldingi oyoqning proksimal bo'limi - yelka bitta yelka suyagidan, ikkinchi bo'lim-bilak ikkita: tirsak suyagi bilan bilak suyagidan iborat. Bilakuzuk ikki qator bo'lib joylashgan, nisbatan mayda suyakchalardan iborat. Ularning yonboshida oltinchi barmoq qoldig’i hisoblanuvchi bitta-noksimon suyakcha bor. Kaft bir qator o'rnashgan 5 ta uzunchoq suyakdan iborat. Bularga har qaysisida uzunasiga o'rnashgan bir nechta suyakcha besh qator barmoq falangalari birikadi (116-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |