Bog'liq MAJMUA Ixtisoslikka kirish KT Elektrokimyo 2021-2022
2-sxema. Ikkilamchi kimyoviy tok manbalarining tasnifi 2-sxemada keng miqyosda tarqalgan akkumulyatorlar hamda texnik jihatdan birmuncha istiqbolli, lekin kamroq tarqalgan akkumulyatorlar ham keltirilgan. Sinflanishdagi asosiy belgi sifatida elektrolit turi hisoblanadi.
Akkumulyatorlarning kislotali, ishqoriy, qattiq va suyultirilgan elektrolitli turlari ma’lum.
Sanoatda birgina kislotali– qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar ishlab chiqarilmoqda. Germetik bo‘lmagan qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar ishlatilish sohasiga qarab bir necha xil turlarga bo‘linadi.Kislotali qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar boshqa ikkilamchi tok manbalaridan ancha ustun turadi.
Ishqoriy akkumulyatorlarda 3-rasmda ko‘rsatilgan elektrokimyoviy sistemadan foydalaniladi. Rossiyada temir-nikelli, Yevropa mamlakatlarida kadmiy-nikelli ishqoriy akkumulyatorlar ko‘proq ishlab chiqariladi. Sanoatda ulardan keyin kumush-ruxli va kumush-kadmiyli akkumulyatorlar ishlab chiqariladi, chunki ularning narxi juda yuqori bo‘lganligi uchun ularga talab pastroq. Yuqori solishtirma xarakteristikaga ega bo‘lgan nikel-ruxli akkumulyatorlarni takomillashtirishga ko‘p yillardan beri ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, lekin ularning xizmat muddati yetarli emas. Juda istiqbolli bo‘lgan yangi turdagi tok manbalari – metall-gazli akkumulyatorlar ishlab chiqarishga asoslangan nikel-vodorodli akkumulyatorlar ham alohida ahamiyatga ega.
Qattiq elektrolitli akkumulyatorlarning solishtirma energiyasi juda yuqori hisoblanadi. Ularning orasida natriy sulfatli, 300 ºS ga yaqin haroratlarda ishlovchi akkumulyatorlarni alohida qayd etib o‘tish kerak.
Suyultirilgan elektrolitli akkumulyatorlar xizmat muddati uzoq vaqtligi va yuqori solishtirma xarakterga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Masalan, Li | LiA | FeSx(A-anion) sistemasi arzonligi va uzoq vaqt ishlashi bilan xarakterli hisoblanadi.
Kimyoviy tok manbalarining shakliga qarab ham sinflarga ajratish mumkin. Barcha birlamchi element va akkumulyatorlar shakliga ko‘ra to‘g‘ri burchakli, silindrsimon va diskli turlarga bo‘linadi. Silindrsimon tok manbalarining balandligi diametridan katta yoki teng bo‘ladi. Diskli tok manbalarining balandligi esa diametridan kichik bo‘ladi.
Jizzax «O‘ZEKSAYD» qo‘shma korxonasi 1998 yilda «Jizzax akkumulyator» aksiyadorlik jamiyati negizida O‘zbekiston-AQSH hamkorligida 147 mln. AQSH dollari ustav fondi bilan tashkil etilgan. 2001 yil oxirida Jizzax shahrida ishga tushirildi. Yillik loyiha quvvati 1,0 mln. dona har xil turdagi akkumulyatorlar. Keyinchalik “Jizzax akkumulyator zavodi” AJga aylantirildi. Agar zavodni tarixiga bir nazar solsak, 2003 yildan boshlab zavodda innovasion texnologiyaga asoslangan kam xizmat ko‘rsatiladigan avtomobillar uchun starter batareyalari, 2005 yildan boshlab esa xizmat ko‘rsatilmaydigan akkumulyatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2006 yilda zavod ISO 9001:2000 standarti bo‘yicha sifat menjmenti tizimi sertifikatini oldi. 2007 yil “Golden trophy for quality” va “European Quality” mukofotini sovrindori bo‘ldi. 2012 yilda esa ISO/TS 16949:2009 bo‘yicha sifat menejmenti tizimi sertifikatiga ega bo‘ldi. 2012 yili yuqori sifatli mahsuloti uchun “Высшая проба” xalqaro mukofotining laureati diplomi bilan taqdirlandi.
Mahsulot jahonning ilg‘or firmalari(MAC, WIRTZ, OXMASTER, LINKLATER, PROPERZI va boshqa) texnologiyalari asosida ishlab chiqariladi. Korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlar «ENERGY», «ATLANT», «CLASSIC» va «HOPPENERGY» savdo markalari bilan sotiladi. Ishlab chiqarilgan akkumulyatorlarning yarmi chetga eksport qilinadi.
2012 yilda masshtabli modernizasiya va texnik qayta jihozlashni olib borish doirasida zavodga SOVEMA(Italiya)da ishlab chiqarilgan qo‘rg‘oshin lentasini cho‘zish yangi liniyasi va MAIN-TECH(Janubiy Koriya)da ishlab chiqarilgan batareyalarni shakllantirish liniyasi o‘rnatildi.
Hozirgi kunda zavod Expanded metal texnologiyasini qo‘llash orqali eng zamonaviy talablarga javob beradigan sig‘imi 35 A.soat dan 190 A.soat gacha bo‘lgan xizmat ko‘rsatilmaydigan kalsiyli batareyalar ishlab chiqarmoqda.
Zavodda 3 syex –qurg‘oshin lomini qayta ishlash va qotishma tayyorlash syexi, elektrodlar tayyorlash syexi, batareyalarni yig‘ish va shakllantirish syexi mavjud. Zavodda eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan va ISO/IEC-17025 xalqaro standarti bo‘yicha akkreditasiyalangan tekshiruv laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Zavod mutaxassislari esa AQSH, Braziliya, Janubiy Koriya, Turkiya va Rossiya ilg‘or korporasiyalarining zavodlarida o‘qish va stajirokadan o‘tgan. Zavodning muxandislik va ishlab chiqarish imkoniyati katta.
Bugun O‘zbekistonni iqtisodiyoti eng ilg‘or texnologiyalar asosida jadal rivojlanib borayotgan davlat sifatida butun dunyo yaxshi biladi. Mamlakatimizning ulkan ilmiy-texnik va ishlab chiqarish solohiyati tobora yuksalib barayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 13 martda qabul qilingan “Jizzax maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2015 yil 4 martdagi “2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizasiya va diversifikasiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishni yangilash va innovasiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha uzluksiz jarayonning mantiqiy davomi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining ushbu Farmonlariga muvofiq, hozirgi kunda Jizzax akkumulyator zavodini texnologik modernizasiya qilish ishlari uzluksiz davom etmoqda.