Forobiy (873-950)
Abu Nasr Forobiy nafaqat Markaziy Osiyo va Sharqning, balki butun dunyoning asrlar osha e’tirof etilib, benihoya katta hurmatga sazovar bo‘lib kelayotgan buyuk mutafakkiri, qomusiy olimi, mashhur faylasufidir.
Arastudan keyin falsafa olamida, xususan, Sharqda unga teng keladigan alloma chiqmaganligidan Forobiyga «Ikkinchi muallim» kunyasi berilganligi ham uning tafakkuri qanchalik keng bo‘lganligini asoslaydi.
Forobiy o‘zining sermahsul ilmiy ijodida o‘z davridagi ma’lum fanlarning deyarli barchasiga oid asarlar yaratib, ularda fundamental tadqiqotlar va natijalarga erishdi, falsafaning barcha sohalari bilan shug‘ullandi. Forobiy dunyoqarashining yakunlovchi qismi, so‘nggi maqsadi - inson jamoasi, insonning ijtimoiy mohiyati, uning kutgan orzu-umidlari, isoniy munosabatlar, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishilgan fuqarolar jamiyatini qurish masalalaridir, deb ko‘rsatadi M. Xayrullaev1.
Forobiy asarlarining ko‘p qismi ta’lim, falsafa, bilimlarni o‘zlashtirishning fiziologik va psixologik asoslarini nazariy o‘rganishga qaratilgan. Uning fikricha, sezgi organlari yurak, miya inson tug‘ilgan vaqtda mavjud bo‘ladi, boshqa hamma narsalar aqliy va axloqiy xususiyatlar, xarakter xislatlari, bilim insonning o‘z faoliyati mobaynida hosil bo‘ladi. Forobiyning yana bir buyuk xizmati shundaki, u insonlarga baxtli, to‘g‘ri yashashni uqtiradi, bilimlarni egallashga undaydi.
Forobiy ijtimoiy hayot, jamiyat va uning taraqqiyoti masalalarida ham, jamiyat taraqqiyotida qadriyatlarning o‘rnini ko‘rsatishga harakat qildi, chuqur falsafiy masalalarni o‘rtaga tashladi. U o‘zining «Fozil odamlar shahri» asarida har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi. U mazkur narsalarni bir o‘zi qo‘lga kirita olmaydi, balki bu jarayonda o‘ziga o‘xshagan kishilarning, ya’ni jamiyatning yordamiga muhtoj bo‘ladi. Bu ishda yetuk jamiyat, ideal davlat haqidagi fikrlarni rivojlantirib, alloma inson va insoniyat taraqqiyotida jamiyat a’zolarining birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishlari lozimligini uqtiradi. Ideal jamiyat a’zolari esa nafaqat milliy, balki umumbashariy qadriyatlarning ham o‘rnini to‘g‘ri tushunishi, yoshlarga ta’lim va tarbiya berish, jarayonida milliy va umuminsoniy qadriyatlar mushtarakpigiga erishish kerakpigini ko‘rsatadi.
Forobiy insonlarni o‘zaro hamkorlikka chaqiradi, dunyoda yagona bir butun inson jamoasi tuzish haqida orzu qiladi. Albatta, bu jamoada milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligiga erishilgan, ularning integratsiyalashuvi intensivlashgan bo‘ladi, deydi alloma. «Baxt-saodatga erishuv haqida» risolasida Forobiy davlatni har tomonlama yetuk, o‘zida eng yaxshi insoniy fazilatlarni namoyon qilgan kishilar yordamida boshqarish zarurligini qayd etadi. Shuningdek, u har tomonlama yetuk aholini ilm va ma’rifatga olib boruvchi ideal jamiyat haqida fikrni olg‘a suradi. «Fozil odamlar shahri» asarida u davlatni boshqarayotgan shaxs, hokim Ollohdan boshqa hech kimga bo‘ysunmasligi kerakligini uqtirib, davlat boshlig‘i ega bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘n ikki fazilat haqida qimmatli fikrlar bildirgan.
Alloma ta’kidlaganidek, davlatni boshqarayotgan kishi avvalo, sog‘lom bo‘lishi, o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarishda biror nuqson xalal bermasligi lozim. Ikkinchidan, shahar hokimi tabiatan nozik farosatli bo‘lib, suhbatdoshining so‘zlarini, fikrlarini tez tushunib, ilg‘ab olishi zarur. U anglagan, ko‘rgan, eshitgan, idrok qilgan narsalarini xotirasida to‘liq saqlab qolishi kerak, ya’ni xotirasi o‘ta kuchli kishigina shaharga hokim bo‘lishi mumkin. Unday kishi, yuqoridagilardan tashqari, bilim, ma’rifatga havasli, o‘qish-o‘rganishdan aslo charchamaydigan, taom yeyishda, ichkilikda o‘zini tiya biladigan, haq va haqiqatni, odil va haqgo‘y odamlarni sevadigan, yomonlardan jirkanadigan bo‘lishi lozim. U o‘z qadrini biluvchi, nomus va oriyatli, ulug‘, oliy ishlarga intiladigan, mol-dunyo ketidan quvmaydigan, tabiatan adolatlarvar, jabrlanganlarga madad beradigan bo‘lib, o‘zi zarur deb hisoblagan chora-tadbirlarni amalga oshirishda qat’iyat, sabot, jur’at va jasoratlik ko‘rsatishi, qo‘rqoqlikka yo‘l qo‘ymasligi zarur.
Xulosa qilib aytganda, o‘rta asrlarning buyuk mutafakkiri, ulug‘ vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy o‘zining sermuhsul ijodida barcha sohalarda qilgan ijodida alohida e’tibor bilan jamiyatni o‘rgandi. U inson va insoniyat baxtli yashashi uchun yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishi, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga amal qilib yashashi lozimligini asoslab berdi, inson, uning hayoti eng oliy qadriyat ekanligini, uning manfaatlarini yoqlash har qanday jamiyatning eng birinchi vazifasi ekanligini ko‘rsatdi. Prezidentimiz I.Karimov haqli ta’kidlaganidek, «Milliy taraqqiyotimizning taqdiri oliy qadriyat sanalgan inson, uning erkinliklari, huquqlari hamda manfaatlari ta’minlanganligiga, mustaqil fikrlashi, aqliy zakovat bilan ruhiy-ma’naviy salohiyatni o‘zida uyg‘unlashtira olishiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir».
Do'stlaringiz bilan baham: |