Tabiatshunoslikni o’qitishning o’lkashunoslik tamoyili. Maktab o’lkashunosligining vazifasi o’quvchilar tomonidan ta'lim-tarbiya maqsadida har xil manbalar bo’yicha va bevosita kuzatishlar asosida o’z o’lkasi hududini har tomonlama o’rganishdir.
O’lkashunoslik hayot bilan bog’lanishning qudratli vositasidir. Ko’pchilik o’quvchilarning maktabni bitirganlaridan keyin mahalliy sanoat va qishloq xo’jaligi korxonalariga ishlash uchun borishlari hisobga olinganda, o’lkashunoslik alohida ahamiyat kasb etadi.
O’lkashunoslik bevosita tabiat muhofazasi bilan bog’liq, chunki o’z o’lkasini bilish o’quvchilarga uni muhofaza qilish va ko’kalamzorlashtirish bo’yicha ishlarda ongli qatnashish imkoniyatini beradi. o’z o’lkasini o’rganish o’quvchilarning mustaqilligini rivojlantiradi, chunki bu ijtimoiy-foydali mehnatda faol qatnashishga imkon beradi.
O’lkashunoslik materialini o’rganish bo’yicha ish o’quv maqsadlariga javob berishi kerak, shuning uchun ham uning mazmuni va xarakteri o’quv dasturi bilan belgilanadi. O’lkashunoslik ishlari tashkil qilinish shakllari bo’yicha sinfda va sinfdan tashqarida bo’lishi mumkin. Faqat ular barcha o’quvchilar tomonidan bajarilsin.
O’lkashunoslik tamoyili nazariy tabiatshunoslik kursining o’quvchilar o’z o’lkalari tabiati bilan bevosita muloqotda bo’lishida oladigan tasavvurlarga uzviy ravishda bog’lanishini nazarda tutadi. o’lkashunoslik bilimlaridan foydalanish o’quv o’lkashunosligining bosh maqsadidir. Buning uchun o’qituvchi yetarli o’lkashunoslik materiallariga ega bo’lishi, o’quv materialini o’zlashtirish va tushunib olishga yordam beradigan mahalliy ma'lumotlarni darslar uchun tanlab olishi kerak.
Shunday qilib, tabiatshunoslikni o’qitish “og’zaki sxemada” bo’lmay, balki haqiqatni kuzatish asosida quriladi. Bundan o’lkashunoslikdan tabiatshunoslikni o’qitishda har kuni va uzluksiz foydalanish kerakligi ma'lum bo’ladi. Barcha darslar o’lkashunoslik tamoyili asosida tuzilishi kerak.
O’quv o’lkashunosligini o’lkani o’rganish bo’yicha faqat yurish va to’garak ishlari tashkil qilish bilangina emas, balki har xil tabiiy hodisalarni muntazam kuzatishlar bilan, o’rganilayotgan hududning ajoyib tabiiy va xushhavo joylarini tekshirish bilan hamda o’z kuzatishlarini umumlashtirish bilan ham bog’lash kerak bo’ladi.
Darslardagi umumlashtirish o’rganiladigan dastur mavzulari bilan bog’liq holda borishi lozim. O’lkashunoslik tamoyilining mohiyati shundan ham iboratki, u o’quvchilarga tanish bo’lgan joyda tabiat hodisalarini kuzatish va haqiqiy tasavvurlar asosida tabiatshunoslik asoslarini tashkil qiluvchi tushunchalarni shakllantirish imkoniyatini beradi.
Jonajon o’lkani o’rganish umumiy tabiatshunoslik kursini o’rganish bilan parallel holda olib borilmog’i lozim. 3- 4- sinflardagi o’lkashunoslik tadqiqotlarining muhim qismi tuproqqa, o’simlik va hayvonot dunyosiga xarakteristika tuzish, daryolar oqimining rejimi va xarakterini o’rganish, tabiat muhofazasidir. O’quvchilar o’zlarining shahar yoki qishloqlarida qanaqa? daryo,anhor kabi suv havzalari, ko’chatzorlar borligini, ifloslanishdan saqlashni bilib olishlari kerak. Hayvonlarga g’amxo’rlik qilish lozim. Qimmatli tabiat obyektlarining ta'rifini tuzish va ularni qo'riqlash,zararli tabiiy jarayonlarning (jarliklar, o’pirilishlar, yemirilishlardan hosil bo’lgan jismlarning) odamning xo’jalik faoliyatiga ta'sirini o’rganish va ularning oldini olishda ishtirok etish lozim.
O’lkashunoslik tamoyilini o’quv-tarbiya ishlarida faqat maktab o’lkashunoslik burchagida mahalliy materiallarni izchil ravishda to’plab borgan sharoitdagina amalga oshirish mumkin. Eng oddiy o’lkashunoslik kuzatishlari, boshlang’ich sinfda o’quvchilar chiqargan xulosalar ular ongida asta-sekin to’planib boradi va bu xulosalar hayotda hamda tabiatni keyinchalik o’rganishda kerak bo’ladigan asosiy tabiatshunoslik tushunchalarini shakllantirish uchun baza bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |