3. Elbek she’rlari
TUTQUN QUSHCHA
Oltindan to‘qulg‘on tor bir qafasda
Yotardi bir qushcha doim qayg‘uda.
Ul har kun shul holda yotg‘och qamalib,
Yig‘lardi ko‘b vaqt, tinmayin o‘ksib.
Buning qayg‘isidan xabarsiz inson
Go‘yokim, bo‘lib ul bunga mehribon,
Qafasning oldidan uzmayin o‘zin,
Qushchaning sayrashin kutib turardi.
Qushchaning mungli, hazin nolasi,
Tutqinlik qiynog‘in aytib yig‘lashi
Unga ko‘b yoqardi, lazzat berardi,
Quvonchdan o‘ynab ul, tinmay kulardi.
Shul choqda bu holni uzokdan bir qush
Ko‘rdi-da qushchaga dedi: — «Boyaqish,
Seni bu tutqinga solg‘on — sayrashing,
Esizdir, oqizma endi ko‘z yoshing!
Bu oltin qafaslar yolg‘uz sen uchun,
Sening shul ingragan bir tovshing uchun.
Sening bu ingrashing insonlar uchun
Keng, totli, yoqimli turmush bag‘ishlar.
Sening bu foydangdan ko‘zlarin yumib,
Qachon bu insofsizlar qo‘yib yuborar?!
Qutilmoq istasang, sen, hech yig‘lama,
Ularga yolinma, sira indama!
Kuch to‘pla, kuch bilan qafasin buzg‘il,
Kulliqning oltinli bo‘g‘ovin uzg‘il!..»
1918
KO‘Z YOSHLARIM
Qorong‘i kun, qora bir tun kabi edi bu ochun,
So‘nilg‘on erdi «yoniq»lar u kech ichinda butun.
Butun jim o‘lmish edi tegra yoq qorong‘idan
Yurak yonib tepar erdi qo‘rqinchli qayg‘udan.
Ko‘zim o‘nginda kelib turguvchi buzuq uylar,
Yurakni ezguvchi ul qayg‘uli go‘zal munglar…
Ochardi ko‘zlarimni ozda yumg‘ali qo‘ymay,
Sochardi yoshlarimni birda ting‘ali qo‘ymay.
Miyamdagi u go‘zal ezgu-ezgu umidlar,
Yurakda tebrangan ul qutli-qutli armonlar
Bari yo‘qolmish edi, qayg‘uning tegida qolib,
Yurak o‘tida sovingan edi yonib-da yonib.
Shu choq ko‘rindi sekin, ezgu qutli, nurli quyosh
Ochunga soldi ko‘zin, bolqunib-da kuldi yuvvosh.
Buning bu kulgisidan tindi ko‘zdagi yoshim,
U qo‘rqinchli ko‘rinishdan qutuldi bu boshim.
1919
QARG‘A
Bilasizmi, qarg‘a qanday bir qushdir?
Sevmaydir yoz, sevgani-da bir qishdir.
Ul sevadir, jonsiz, o‘ksiz qirlarni,
Istaydir ul yana sovuq kunlarni.
Sovuq kundan ajrab qolmas hech bir-da,
Sovuqlikni oxtarar ul tun, kunda.
Kdyg‘a ketsa, qayg‘a yetsa sovuqlik,
Ergashadir ketidan ul yorug‘lik (?).
Qunt qilsangiz, tanirsizlar ularni,
Yoz istamas go‘zal qanotlarini.
Ular bilmas bulbul kabi o‘qishni,
Bari bilar ko‘rganlarin cho‘qishni.
Shuning uchun ul qushlarni netarsiz?
Yoz kelgach-da, bulbullarni kutarsiz!..
1919
TIL
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat —
Kimlar erur turk tilini sotg‘uvchi?
Bulbul kabi sayrab turg‘on bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otg‘uvchi?!
Boldan totli, jondan tunuq turkchani
Tushunmayin xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uvchi?!
Ochunlarda boyligin ko‘rsatmasdan,
Kimdur bunga: «yorarmi, yoramas» degan?
Mungli qushim, unlarni qo‘y, sen sayra,
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsunlar,
El ichida bo‘sh-bo‘g‘ozliq sotsunlar.
1920
Do'stlaringiz bilan baham: |