Politologiyaning predmeti: Jamiyat siyosiy sistemasining shakllanishi, uning amal qilishi va rivojlanishi, shaxs, ijtimoiy guruhlar, millat va elatlar, xalqlar va davlatlar to’g’risidagi fandir. Demak, siyosatshunoslik – siyosat, siyosiy jarayonlar, siyosiy faoliyat va siyosiy hokimiyatni o’rganuvchi fandir, deb ta’riflash ham mumkin.
Politologiya – siyosiy institutlar va siyosiy jarayonlar, siyosiy madaniyat, xalqaro tizimlar, uning mexanizmi va vositalari hamda amaliyotini o’rganadigan fandir. Demak, siyosiy ta’limotlarning shakllanishi va rivoji, siyosiy madaniyat va mafkura, xalqaro tizimlar hamda umumbashariy taraqqiyotning siyosiy muammolarini o’rganish siyosatshunoslik fanining asosiy yo’nalishlaridir.
Politologiya – jamiyatning siyosiy tizimi, siyosat, siyosiy jarayonlar, davlat hokimiyati, siyosiy partiyalar, siyosiy tashkilotlar va harakatlar bilan o’zaro munosabatda bo’lgan turli ijtimoiy guruhlar, fuqarolarning o’rni va roli, hokimiyatga munosabati, uni saqlab turish mexanizmi va vositalari, jarayonlari hamda amaliyotni o’rganadigan fandir.
Yaxlit ijtimoiy hodisa sifatida siyosatning mohiyatini yoritish politologiyaning predmetidir. Unda:
makro va mikro siyosat darajalarida zaruriy tuzilish elementlarini, uning ichki va tashqi aloqa va munosabatlarini aniqlash;
turli siyosiy institutlar va jarayonlarda amal qiladigan qonuniyatlarni, asosiy tendentsiyalar hamda taraqqiyotning istiqbolini aniqlash va bashorat qilish;
ijtimoiy siyosat o’lchovining ob’ektiv mezonlarini ishlab chiqishni amalga oshiradi.
Politologiya fani o’rganadigan mavzular doirasi keng bo’lib, u o’z ichiga hokimiyat bilan bog’liq aniq mavzularni mujassamlashtirgan.
Politologiya fanida yetakchi o’rinni jamiyat siyosiy hayoti, uni harakatga keltiruvchi siyosiy tuzilmalar va mexanizmlar faoliyatini o’rganish egallaydi.
«Politologiya»da o’zaro siyosiy munosabatlar deganda, turli siyosiy kuchlar, siyosiy partiyalar va harakatlarning siyosiy hokimiyat doirasidagi faoliyatlarini tushunmoq lozim. CHunki siyosiy munosabatlardan tashqari yana boshqa munosabatlar ham mavjud bo’lib, ular o’z faoliyatlarida jamiyatda amalga oshirilayotgan siyosiy munosabatlarni o’z manfaatlariga mos keladigan tarzda o’zgartirishlari mumkin.
SHunday qilib, turli ijtimoiy guruhlar, qatlamlar, siyosiy institutlar xohish-irodasidan xoli mavjud siyosiy munosabatlardan farqli ravishda siyosiy faoliyat muhim sub’ektiv omil hisoblanadi. CHunki u insonlarning milliy istiqlol mafkurasi, siyosiy qarashlari, maqsadlari va dasturlariga asoslanadi. Bunday omil jamiyatda mavjud bo’lib turgan siyosiy munosabatlar mazkur guruhlar manfaatlarining uyg’unligini ta’minlashga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Politologiya fani o’rganadigan mavzular tizimida siyosiy hokimiyat markaziy o’rinni egallaydi. Siyosiy hokimiyat negizida davlat hokimiyati nazarda tutiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |