Qonunchilik
Qonunchilik-1) davlatning oʻz oldida turgan vazifa va funksiyalarini amalga oshirish usullaridan biri. Bu vakolatli davlat organlari (parlament) tomonidan davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalari boʻyicha qonunlar qabul qilish faoliyatida ifodalanadi (qarang Qonun chiqaruvchi hokimiyat); 2) muayyan davlatda amalda boʻlgan yoki ijtimoiy munosabatlarning barchasini yohud maʼlum bir sohasini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar (mas, fuqaro qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi) yigʻindisi. Q. ayni paytda huquq normalarini oʻzida ifodalagan normativ aktlarning oddiy jamlanmasi boʻlmay, balki, ularni yuridik kuchi va ahamiyatiga qarab bir tizimga solinishidir. Q. tizimi bilan huquq tizimi oʻzaro uzviy bogʻliq. Huquq tizimi huquqning mazmunini, uning ichki tuzilishini ifodalasa, Q. tizimi huquqning tashqi shaklini, mavjud huquq normalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritadigan, eskilarini bekor qiladigan aktlarni ham ichiga oladi.
Q. tizimi gorizontal (tarmoq) va vertikal (pogʻonaviy) tuzilishdan iborat. Q. tizimining gorizontal tuzilishi uning qanday ijtimoiy munosabatlarni tartibga solayotganiga bogʻliq holda shakllanadi, bunda q. tarmogʻi bilan huquq tarmogʻi bir-biriga toʻla mos keladi. Mas, konstitutsiyaviy huquq — konstitutsiyaviy Q, mehnat huquqi — mehnat qonunchiligi, jinoyat propessual huquq — jinoyat protsessual Q. Qonunchilik tizimining vertikal tuzilishi — normativ-huquqiy aktlarning yuridik kuchiga qarab pogʻonaviy joylashuvini ifodalaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Hukumati qarorlari, respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari va boshqa markaziy idoralarining hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi hujjatlaridan iborat. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston qonunchiligi butunlay yangidan shakllandi. Q. tizimida banklar va banklar faoliyatiga doir, xususiylashtirish, bankrotlik, soliq, bojxona, xalqaro shartnomalarga doir yangi Q. tarmoqlari va yoʻnalishlari vujudga keldi. Q.da ijtimoiy munosabatlarning muayyan bir sohasini tartibga soladigan normativ aktlarni oʻz ichiga olgan Q. tarmoqlari bilan bir qatorda, majmuaviy tusdagi Q. yoʻnalishlari shakllanmoqda (mas, tabiatni muhofaza etish, transportga doir, xoʻjalik qonunchili-gi, aholining alohida qatlamlari, jumladan, ayollar, bolalarga oid majmuaviy Q. tarmoqlari). Q.ni takomillashtirish maqsadida mamlakat hududida amalda boʻlgan barcha Q. aktlarining Konstitutsiyaga mosligini taʼminlash va shu maqsadda mavjud Q.ni qayta koʻrib chiqish, eskirgan, samarasiz normativ aktlarni bekor qilish, yangi qonunlar ishlab chiqish, qonun qabul qilishni takomillashtirish, hajm jihatdan kattalashib ketgan majmuaviy Q. tarmoqlarini mustaqil tarmoqchalarga ajratish zarur (mas, fuqarolik qonunchiligi tarmogʻidan oila qonunchiligining ajralib, mustaqil Q. tarmogʻiga aylanishi kabi).
Do'stlaringiz bilan baham: |