Maktabgacha ta’limni tashkil qilish va boshqarish tamoyillari
Har qaysi sohani samarali idora etish, avvalambor, boshqarish tamoyil va mezonlari, usul va uslubiarining ilmiy asoslangani, qay darajada takomillashgani bilan belgilanadi. Shu bois ularning har birini tavsiflash, mohiyatini ifodalashga ehtiyoj tug‘iladi. Bu ustuvor tamoyillarga tayangan holda maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishda quyidagi omillar alohida ahamiyat kasb etadi:
1) demokratik-xalqparvarlik asosida boshqaruv. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Maktabgacha ta’lim tizimiga doir qonun hujjatlari asosida ishlarni tashkil etish;
2) yakkaboshchilik tamoyili – ma’lum maqsadga qaratilgan ish usuli bo‘lib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari yillik ish rejasini to'liq bajarishga qaratiladi;
3) hamkorlik tamoyili - barcha masalalarni jamoa a’zolari bilan birgalikda hal etishni nazarda tutadi;
4) aniqlik tamoyili - pedagogik, metodik va xo'jalik ishlarini ma’lum maqsadga qaratilgan holda aniq, puxta tashkil etish va bajarilishini tahlil qilish;
5) xo‘jalikni boshqarish tamoyili - ish yuritishni to‘g‘ri tashkil qilish asosida smetadagi mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlash, uning bandlarini o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni olib borish;
6) tanqid va o‘z-o‘zini tanqid - rahbar va har bir xodimning o‘z ishiga nisbatan talabchanlik bilan yondashish, mehnat va ishlab chiqarish intizomiga rioya qilish, bajaradigan ishlarga tanqidiy munosabat;
7) farqlash tamoyili - ishdagi ijobiy va salbiy jihatlarni va ilg‘or ish tajribalarni ko‘ra olish;
8) yangilikni his qila olish tamoyili - o‘z ustida tinimsiz ishlash asosida ta’lim sohasidagi o‘zgarish va yangiliklardan xabardor bo‘lish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ilg‘or pedagogika texnologiyalarni o‘zlashtirish va ish faoliyatida qo‘llay olish. Maktabgacha ta’limni tashkil etish va unga rahbarlik qilish sohasining metodologik asosini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun, «Maktabgacha ta’lim to‘g‘risida»gi konsepsiya va nizomda ko‘rsatib berilgan maqsad va vazifalar tashkil etadi. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim tashkiloti mustaqil ravishda o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan, qonunchilikka va pedagogik tamoyillarga zid bo‘lmagan har qanday qarorlar qabul qilishga haqlidir. Tamoyil - biror bir sohada, jumladan, ta’lim sohasida ilmiyamaliy jihatdan asoslangan xulosalar, erishilgan natijalar. Boshqarish usuli - boshqaruv subyektining (bizning holatimizda bu - maktabgacha ta’lim boshqaruvi idoralari, tashkilot rahbariyati va h.k.) muayyan maqsadlarga erishishni nazarda tutgan holda boshqaruv obyektiga (bizning holatimizda bu - maktabgacha ta’lim tashkiloti, tarbiyalanuvchilar va h.k.) ta’sir etish usul hamda vositalarining majmuyi. Boshqarishning psixologik uslublari - bu shaxsning mustahkam psixologik xislatlari - diqqat, idrok, tafakkur, sezgi, ong orqali boshqarish uslublari majmuyi. Bu tushunchalar o‘zaro bir-birlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bularning barchasi kishilar o‘rtasidagi munosabatlarda kuzatiladi. Bugungi kunda jamiyat hayotining barcha sohalarida, shu jumladan, boshqarish jarayonida zamonaviy axborotkommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari tatbiq etilib, ularga tayangan yondashuvlar qaror topmoqda. Boshqarish usulining eng muhim belgilaridan biri uning ilmiy yondashuvga tayanishida namoyon bo‘ladi. Zero, bugun boshqaruv jarayonini ilmiy asosda tashkil etmasdan uning izchilligi va samaradorligini tasavvur etib bo‘lmaydi. Albatta, rahbar shaxs muayyan sohani, korxona yoki tashkilotni samarali boshqarishi uchun, avvalo, yetarli malaka va bilim, rahbarlik salohiyati, ko‘plab ma’naviy-axloqiy xislat va fazilatlar sohibi bo‘lishi darkor. Ta’lim sohasi, jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish ham bundan istisno emas. Ushbu tashkilotlardagi boshqaruv faoliyatida nazariy bilim va amaliy tajriba va ko‘nikmalarni o‘zaro uyg‘un holda qo‘llash ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq masalalarni talab darajasida hal etish, bu jarayonda foydalaniladigan usul va uslublarni uzluksiz takomillashtirib borish, umuman olganda, maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, kadrlar tanlash, tayyorlash, malakasini oshirish barobarida ularning rahbarlik salohiyati va ma’naviyatini yuksaltirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |