Korrupsiya (lotincha: corrumpō — aynish, poraga sotilish) — mansabdor shaxsning oʻz mansabi boʻyicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiisteʼmol qilishidan iborat amaliyot. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham K. deyiladi. K. davlat apparati va parlament faoliyatida ayniqsa, avj oladi. Saylanadigan lavozimlarga nomzodlar saylov kampaniyasini oʻtkazish harajatlarini koʻtarish K. koʻrinishlaridan biridir (saylangan kishi turli imtiyozlar, yordam, xizmatlar koʻrsatib "oʻz qarzini" qaytaradi). Aksariyat K. lobbizm (monopoliyalarning qonunchilik organlari va amaldorlarga tazyiq oʻtkazish bilan shugʻullanadigan muassasa va agentlari tizimi) bilan bogʻlangan. Xalqaro darajada 1970-yillarda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oliy davlat amaldorlarini sotib olish boʻyicha "Lokxid ishi" eng yirik K. koʻrinishlariga misol boʻladi. Porani xaspoʻshlash uchun yirik bitishuvlarda koʻproq "xizmat haqi" toʻlash amaliyotidan foydalaniladi.[1]
Makroiqtisodiy tadqiqotlarga binoan, korrupsiya iqtisodiy oʻsish va taraqqiyotga xalal beruvchi eng katta omildir.
Korrupsiya bir necha ming yillik tarixga ega. Yozma manbalarda korrupsiya haqida eramizdan avvalgi Shumer podsholigi davrida eslatib oʻtiladi. Korrupsiya bizning kunlargacha yetib kelganligi shundan dalolat beradiki, boshqa illatlar kabi, uni ham tag-tugi bilan yoʻqotib boʻlmaydi. Hatto rivojlangan oʻarb davlatlari ham korrupsiyadan butkul xalos boʻlolmagan. Biroq jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish Yer yuzidagi barcha davlatlarda hamisha va hamma zamonda davom etgan.
1.Korrupsiya tushunchasining ma’nosi va uning tarixiy ildizlari. Qadim yunon faylasufi Aristotel ta’kidlaganidek: Hokimiyatga pul bilan erishgan odam undan daromad olishga intiladi. Korrupsiya – nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga ishonchi yo‘qoladi, uyushgan jinoyatchilik kuchayadi, jamiyatda ma’naviyat izdan chiqa boshlaydi. Korrupsiya oqibatida kelib chiqadigan noxush hodisalar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Korrupsiya buzg‘unchilik tabiatiga ega ekani uchun ham insoniy jamiyat qadim zamonlardan boshlab unga qarshi kurashib keldi.Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash ilk bor miloddan avvalgi XXIV asrda Mesopotamiyaning Lagash degan shahar-davlatida boshlangan, lekin taassufki, barcha sa’y-harakatlar zoe ketgan. Keyingi zamonlarda ham korrupsiyaga qarshi qancha-qancha kurashlar yuz berdi, lekin ular besamar yakun topdi.
Insoniyat tarixida korrupsiyani tugatish yo‘llari va huquqiy asoslari Hindistonda yaratildi. Bundan 2,5 ming yil avval yozilgan “Artxashastra yoxud Siyosat ilmi” kitobi davlatni boshqarish va xo‘jalik yuritish mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘sha davrning siyosiy va iqtisodiy qomusi sifatida dunyoga keldi. Bu asarga davlatni tuzish, boshqarish va uni rivojlantirishning huquqiy asoslari, deb qarash ham mumkin. Kitob muallifi sifatida brahman Kautile nomi (u Chanakya ismi bilan ham mashhur) zikr etiladi. “Artxashastra”ning 26-bo‘limi korrupsiyaga bag‘ishlangan. Bo‘limda korrupsiya “o‘zlashtirish” iborasi orqali izohlanadi: “Shohning shaxsiy yoki boshqa mulklariga qo‘l cho‘zish o‘zlashtirishdir. Bu holatda narxi yuqori bo‘lgan buyumlarni o‘zlashtirganlik uchun o‘lim jazosini qo‘llash, narxi o‘rtacha bo‘lgan buyumlarni o‘zlashtirganlik uchun ularni undirib olish, narxi past bo‘lgan mulklarni o‘zlashtirganlik uchun ularni qaytarib olish jazolarini tayinlamoq lozim”. “Artxashastra”da poraxo‘rlikning qirqta turi tasnif etiladi. Korrupsiyaning oldini olishga javobgar mansabdor shaxs vaqti-vaqti bilan xalq to‘planadigan joylar vabozorlarda quyidagicha murojaat qilib turishi lozimligi aytiladi: “Biron bir boshliqdan zarar ko‘rganlar bo‘lsa, shu haqda bizga xabar bersinlar”.
Islom dinida ham pora harom qilingan, bu borada hadislar ham juda ko‘p. Ulardan biri Payg‘ambarimizning mana bu qarg‘ishlaridir: "Pora beruvchiga ham, pora oluvchiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!". Yana ul zot aytadilar: "Pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ikkovi orasida yurib porada vositalik qiluvchini ham Alloh la’natlasin!".
Alisher Navoiyning zamondoshi, podshoh Husayn Boyqaroning voizi Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Axloqi muhsiniy” asarida shohzodaga nasihat tariqasida quyidagi pandni bergan edi:
“Ummollardan (ish yurituvchi amaldorlar) pora olishdan ehtiyot bo‘lsin. Bilsinki, to bir kishi boshqalardan pora olmasa, boshqaga pora bermaydi. Agar vazir pora olishga sabab bo‘lsa, pora olishga ruxsat bergan bo‘ladi. Pora berish va pora olish haromdir. Va pora olgan pora bergandan yomonroq bo‘ladi, chunki oluvchi beruvchi oldida zabun bo‘ladi”.
XX asrga kelib Shvesiya, Singapur, Yangi Zelandiya, Shveysariya kabi mamlakatlarda korrupsiyani qattiq jilovlashga muvaffaq bo‘lindiki, mazkur davlatlar fuqarolari va davlati orttirgan tajriba barchani korrupsiyaga qarshi kurashga ruhlantirmoqda.
Qurʼoni karimda poraxoʻrlik bevosita taqiqlanadi: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yoʻl bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun uni hokimlarga gunohkorona tashlamang” (Baqara surasi, 188).
Lekin shunga qaramay, poraxoʻrlik Usmoniylar xalifaligida ham mavjud boʻlgan. Avvaliga xalifa turli idoralar faoliyatini shaxsan oʻzi nazorat qilardi, lekin vaqt oʻtishi bilan bu ishni oʻziga yaqin odam — xalifaning turli ishlar boʻyicha shaxsiy yordamchisi boʻlgan vazirga topshirib qoʻydi. Vaqt oʻtishi bilan vazirlar keng tarmoqli davlat apparatini shakllantirdi. X asrning oʻrtalariga kelib, u yoki bu lavozimga tayinlanish uchun amaldorlar tomonidan vazirlarga pora berish amaliyoti shakllanib boʻlgandi.
Bundan, masalan, xalifa Muqtadirning vaziri boʻlgan Ubaydulloh Hoqoniy (926-yil vafot etgan) amaldorlarni turli lavozimlarga tayinlash va olib tashlashda faol foydalandi. Pulga qattiq muhtojlik se-zayotgan davlat soliqlar toʻplashni xususiy shaxslarga topshirgani bois bu turli suiisteʼmolliklarni yuzaga keltirardi. Shu tariqa poraxoʻrlik xalifalik tanazzulga yuz tutishining sabablaridan biriga aylandi.
Bu holat Usmoniylar saltanatida ham istisno emasdi. Xususan, dehqonlardan turli soliqlarni toʻplashda harbiy xizmatchilar qingʻirliklar sodir etardi. Bu suiisteʼmol holatlarini hattoki Usmoniylar saltanati shayxulislomlari chiqargan maxsus fatvolar ham bartaraf qila olmadi. Sipohilar nimadir “uzatish” evaziga asta-sekinlik bilan harbiy yurishlarga bormay qoʻydi, oʻzlariga taqdim etilgan yerlarda muqim qolib, amalda davlat mulkini shaxsiy mulk qilib olishdi. Davlat esa, oʻz navbatida, vazirlar timsolida koʻngilsiz reaksiyadan xavfsiragan holda, harbiylar bilan toʻqnashuvga borishdan hadiksirardi.
Usmoniylar saltanatida poraxoʻrlik oqibati shu boʻldiki, qoʻshinlar harbiy tayyorgarligini yoʻqotdi, natijada XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida qator magʻlubiyatlarga uchrab, davlatning qudratiga putur yetkazdi.
Xullas, qadim zamonlardayoq ushbu illatga qarshi qattiq jazolar belgilanganiga qaramasdan, bu hamisha ham koʻngildagidek natija bermagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |