Hamzaning ‘’Yangi saodat’’ asari 1915-yilda yozilgan bo’lib, unda mustamlakachilik siyosatiga qarshi ma’rifatparvarlik, xalqparvarlik g’oyalari bo’rtib turadi.
‘’Yangi saodat yoxud milliy roman’’ asari 46 betdan iborat.U qo’qonda nashr etilgan. Asar muallifning ‘’Kirish so’zi’ bilan boshlanadi. Unda asarning ‘’qora mehnatchilarga’’ bag’ishlanganligi aytilgan. Hamza asarda mehnatkashlarni ilmli-bilimli bo’lishga, hunar o’rganishga da’vat etadi.
‘’Yangi saodat’’- Hamzaning nasrdagi bizga ma’lum dastlabki urinishi bo’lishiga qaramay, undagi tasvir, sa’ati, qahramonlar obrazining yorqinligi, g’oyaning izchil olg’a surilganligi va til xususiyatlari muallifning katta ‘’nasriy’’ iste’dodga ega ekanligidan dalolat beradi.
‘’Yangi saodat’’ romancing bosh qahramoni Olimjon bo’lib,uning hayot yo’li turmush mashaqqatlarini yengib, nurli maqsad sari shaxdam borishi va ‘’g’arib millat uchun kerakli kishi’’kishi bo’lib yetishishi jadid adabiyoti qahramonlari uchun xos bo’lib, Hamza ana shu qahramon taqdirini tasvirlash bilan jaholat botqog’ida yashayotgan xalqiga ibratli bir siymoni, baxt-saodatga erishish yo’lini ko’rsatmoqchi bo’ladi.
Olimjon – Abduqahhor ismli tagli-tugli boyning o’g’li. Uning otasi johil bir savdogar bo’lganligi sababli ‘’ saodat va chin turmushlari uchun eng birinchi daraja ilm va ma’rifat’’dan mahrum bo’lib qolgan edi. Hayotda ancha qiynaladi. Onasi Maryam uni jadid maktabiga o'qishga beradi. Xulq-odobi va iqtidori bilan muallim e’tiborini qozongan Olimjon – ‘’millat gulshaniga yangi qo’ngan bu andalib’’ – tez orada obro’ –e’tibor qozonadi. Dastlab ustozga yordamchi bo’lib, maktabda saboq beradi, so’ng Abdurahmon ismli savdogarga mirza bo’lib, uning yolg’iz qizi Nazokatxonim ismli qizga uylanadi. Shu asnoda Olimjon adashgan otasidan xabar topib, Toshkentda yamoqchilik orqasidan tirikchilik o’tkazayotgan Abduqahhorni oilasi bag’riga olib keladi. Abdurahmonboy vafot etgandan so’ng esa Olimjon undan qolgan boylikka ega bo’lib,’’mashaqqatsiz bolik va chin maishat’’ ga yetishadi.
Ushbu asarda Hamzaning yetuk maʼrifatparvarligi yana bir bor namoyon boʻldi. Asarda Abdulqahhor ismli ancha katta savdogar boy “dunyo ham oxiratning saodati” boʻlmish ilm- maʼrifatni egallash oʻrniga ichkilik, qimor kabi qabih ishlarga berilib ketadi va butun mol- dunyosini barbod qiladi. Oqila xotini Maryam har qanday qiyinchiliklarga qaramay, oʻz umrini oʻgʻli — olti yoshli Olimjonni, uch yoshli qizi Xadichani tarbiyalashga bagʻishlaydi: Olimjonni usuli jadid maktabida oʻqitadi. Oʻz odobi, ilmga chanqoqligi bilan Olimjon jadid muallimining mehrini qozonadi, muallim unga otalarcha mehr-muruvvat koʻrsatadi. U voyaga yetgach, singlisi Xadichani ham oʻqitadi va yaqin maktabdosh doʻsti Ahmadjonga uzatadi. Darbadarlikka duchor boʻlgan otasi Abdulqahhorni yana oʻz oilasiga qaytaradi, ilm- maʼrifatli Olimjon oilasini saodatga musharraf etadi. Asarda Olimjon taqdirida muhim ahamiyat kasb etgan, oʻzining yolgʻiz qizi Nazokatxonni, boyligini unga qoldirgan Abdurahmonboy obrazi ham ancha toʻlaqonli yaratilgan. Muallifning romandan koʻzlagan asosiy maqsadi millatni “jaholat va gʻaflat zindoni”dan “dunyoning haqiqiy mohtobi” maʼrifat gulzoriga yetaklashdir. Bunga erishishning birinchi omili insonlarda ilm- maʼrifatga ragʻbat, muhabbat uygʻotish boʻlsa, ikkinchisi, oʻquv muassasalarini davr talablari asosida tubdan oʻzgartirish zaruratidir. Chunki mavjud eski maktablar yoshlarni oʻqishdan bezdiradi. Mana, asar muallifi orzu qilgan ilm maskani maktab: “Olimjon, oh, bu qandoq joy? Taning rohat oladi. Bu dunyoning bogʻchasi va jannati desang ham rostdur. Mana, qandoq oq uylar. Qandoq pokiza kursilar, bular yozmoq uchun kerakli doskalar, hisobga choʻtlar, tomosha qilmoqqa chiroylik xaritalar. Bular hammasi ilm oʻrganmoq uchungina hozirlangan. Mana — ilm qandoq aziz neʼmat. Dunyoda ilmdan ortiq ham lazzatli, shirin neʼmat bormi? Yoʻq, albatta, yoʻq boʻlsa kerak. Mana, ilm oʻqiydurgan kishilar shoh, gado, boy, faqir boʻlsin, mundogʻ ulugʻ joy hammasiga ham barobardir”.
Hamza “Yangi saodat” asarida yana bir muhim masalaga — xalq ongiga singib ketgan “Xudo bersa boʻladi-da” degan eʼtiqod (buni Hamza “fasod eʼtiqodlar” jumlasiga kiritadi)ga eʼtiborni qaratadi. Mutaassiblar tomonidan singdirilgan bu eʼtiqodga asosan odamlar “bersang yeyman, ursang oʻlaman” qabilida ish tutib, oʻzlari hech bir harakat qilmaydilar.
Muallif bunday asossiz eʼtiqodni keskin fosh etadi: “Xudo bersa boʻladi-da, degan johil ota-bobolarimizning asossiz soʻz va fasod eʼtiqodlaridur. Xudo zolim emas, birovga berib,birovga bermay qoʻymas. Xudoy taborak va taolo saodat — ilmda, razolat — jaholatda, har bir ish bandaning oʻz harakatiga muvofiq, deb oʻz kalomida takror xabar bergan”.
Asarda Abdulqahhorning johilligi tufayli katta mashaqqatlarga yuz tutgan oila ahvolini, miskin, gʻarib Olimjon ruhiyatini tasvirlashda Hamza sentimental uslub boʻyoqlaridan ancha keng foydalangan. Maktabni bitirish imtihoniga Olimjonning otasi Abdulqahhor ismiga “Daʼvatnoma” keladi. Uni olgan Olimjonning ruhiy-psixologik holati tasviriga eʼtibor qiling: «Oh, biz kelaylik Olimjonni holigʻa. Muallim hazratlarining lutf-marhamatlariga naqadar sabr qila olmaslik darajadagi shodliklarga yetishgan Olimjon boʻlsa kerak, deb gumon qilmak xatodur. Zeroki, otasi Abdulqahhor ismiga bergan
“Daʼvatnoma” qoʻliga tekkandan keyin: “Sani otang qani, imtihon kuni boshingda kim turadi? Sanga dasturxonni kim qilib berur? Kim sani oʻqiganlaringni koʻrar? Bu bolaning otasi qaysi, degan savolga jamoat orasidin kimni koʻrsatilur?” — degandek bu ruhsiz qogʻozni dovushsiz itoblariga naqadar maʼyuslanib turganda, Olloh… muallim hazratlarining soʻz orasida yana: “Otalaringiz, otalaringiz”, — deb takror qilib turgan xitoblariga butun fikri yoʻqolub, yuragi titrab, bagʻri ezilub, koʻzi zaharlik yoshlar bila toʻlgan Olimjon dod deb qichqirub yubormoqgʻa sharmu hayo qilub, ming mashaqqatlar bilan oʻzini uyiga yetkurib oldi».
Muallif lirik chekinishlardan oʻrinli foydalangan. Ular vositasida asarning taʼsirchanligiga erishgan. “Al-Isloh” jurnalida eʼlon qilingan “Yangi saodat” romani haqidagi taqrizda asarning shu jihatlariga alohida diqqat qilinishi bejiz emas. Chunonchi, taqrizda oʻqiymiz: “Yangi saodat” ismli 46 sahifali turkiy va Turkiston shevasida bir milliy roʻmonning yangidan tabʼ boʻlub nashr qilinuvi bizni koʻp masrur etdi. Xalqni oʻquv va yozuv tarafigʻa targʻib qilmoq uchun hozirgacha Turkiston shevasinda buningdek taʼsirli roʻmon nashr oʻlinmamish, desak mubolagʻa boʻlmasa kerak. Bu roʻmonning muharriri Hamza Hakimzoda Niyoziy janoblari va noshiri Xoʻqandda “Madoro” kutubxonasidir».
“Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi”ning “Birinchi boʻlim”ida “Dilogʻon” ohangi bilan aytiluvchi “Koʻzni oching, qardoshlar!” sheʼrida shunday misralar bor:
Tashlab Nihon koʻngilda boʻlgan illatni,
Kinu bugʻzu adovat, fisqu gʻiybatni,
Sunniy, shiiy soʻzlarni barbodlashaylik,
Millat yoʻlin koʻplashub obodlashaylik.
Ulfatlashub, yozlashub ham qishlashaylik,
Teatr yasab, konsertlar, olqishlashaylik.
1915 yilda nashrga tayyorlangan ushbu toʻplamdan joy olgan yuqoridagi misralar Hamzaning sahna sanʼatiga alohida ahamiyat berganligini koʻrsatadi.
Xulosa:
Hamza XX asr oʻzbek adabiyotiga tamal toshini qoʻyganlardan biri. XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek madaniyatining eng yirik namoyandalaridan, faol maʼrifatparvar shoir, oʻqituvchi, jamoat arbobi. U sheʼriyatni hayotga va xalqqa yaqinlashtirish, hozirgi zamon nasrini oʻzbek adabiyotida qaror topdirish, ayniqsa drama, komediya, tragediya yaratish bobida va teatr sanʼatini rivojlantirishdaulkan izlanishlar va kashfiyotlar qilgan sanʼatkordir. Hamza kompozitor, rejissyor, jurnalist, pedagog va darsliklar muallifi sifatida ham keng maʼlumdir. Hamzaning “Zaharli hayot” , “Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” , “Maysaraning ishi” kabi dramatik asarlari oʻzbek adabiyotida yangi hodisadir
Hamza oʻz asarlarida hurriyat, baxt-saodatga birlashish, oʻqish-oʻrganish, mehnat va kurash orqali erishish mumkinligini ta’kidlagan.
‘’Yangi saodat ‘’ romani negizida ikki xil inson – o’qigan va o’qimagan inson taqdiri yotadi. Hamza bu ikki insonni bir oiladan topadi. O’qimagan inson – Abduqahhor, o’qigan inson – o’z farzandi Olimjon tufayli tubanlikdan ko’tarilib, ‘’do’st-u dushmanni ajratib , insof va diyonatli, shafqat va marhamatli kishi’’ga aylanadi.
‘’Shohlar bir kun gado bo’lur, bizlarga o’xshab, Gadolar yana bir kun shoh bo’lib qolur, - bolajonlarim’’- deydi : Maryam oilasi parokanda bo’lgan kezlarda. O’g’li Olimjon ko’z o’ngida ilm va ma’rifat tufayli gadodan shohga aylanadi.
Yozuvchi asar g’oyasini faqat Olimjon taqdiri bilan ochmay, uning kitobxon qalbiga yetib borishi uchun boshqa imkoniyatlardan ham foydalanadi. Qisqasi Hamza asarda ilm-ma’rifatli bo’lish har narsadan ustun ekanini ko’rsatgan.
Hamzaning maʼrifatchilik faoliyati Turkistonda XX asrning boshidagi umumiy maʼnaviy oʻzgarishlar, ilgʻor pedagogik va ijtimoiy-falsafiy fikrlar, jadidchilik harakati rivojiga muhim taʼsir koʻrsatdi. U oʻz ijodi bilan oʻzbek milliy adabiyotining taraqqiysi, undagi realistik yoʻnalishning borgan sari rivoj topib borishida katta ahamiyatga ega boʻldi. Oʻz xalqi, vatanining farovonligi, maʼnaviy rivoji yoʻlida charchamay, nihoyatda foydali ishlarni amalga oshirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |