ASOSIY QISM:
Hamza Hakimzoda Niyoziy — XX asr oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan, shoir, dramaturg, teatr arbobi, pedagog. U novator ijodkor sifatida badiiy adabiyotning hamma turlarida qalam tebratdi, uni xalq qalbiga yanada yaqinlashtirdi. U adabiy ijod bilan musiqa, rejissyorlik sanʼatini qoʻshib olib bordi, natijada oʻlmas sahna asarlarini yaratdi: “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi”, “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari”,“Maysaraning ishi” kabi sheʼriy toʻplam va dramalari mana shunday ijodning yorqin namunalaridir. Hamza Turkiston oʻlkasida jadidchilik harakati shakllanayotgan bir pallada badiiy ijodga kirib keldi va bu harakatning butun mazmunidan shaklu shamoyiligacha uning badiiy ijodi va amaliy faoliyatida oʻz ifodasini topdi. Jadid pedagogi sifatida usuli savtiya maktablari ochdi va ular uchun bir necha darslik va majmualar yaratdi.
Hamza 1889 yil 6 martda Qoʻqonda ziyoli oilada — tabib Ibn Yamin Niyoz oʻgʻli oilasida tugʻildi. Ibn Yamin oʻzbek, arab, fors tillarida ancha savodli boʻlib, Qoʻqon ulamosi orasida katta eʼtiborga loyiq tabib edi. Hamza dastlab mahalla maktabida, 1899— 1906 yillarda Qoʻqon madrasalarida oʻqidi, birmuncha vaqt rus-tuzem maktabida rus tilini oʻrgandi.
XX asr boshlarida sodir boʻlayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalar Hamza hayotiga, uning ijodkor sifatida shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatdi, 1905 yil inqilobiy harakatlar Rusiyaning chekka oʻlkalari xalqlarida maʼrifat, ozodlik, istiqlol sari intilishlariga turtki boʻldi. Uning badiiy ijodga, nafis sanʼatga boʻlgan qiziqishi 1900 yillardan boshlandi. 1908 yilda Namanganda oʻqib yurgan kezlarida Hamza tatar maorifchisi Abdulla Toʻqmullin bilan tanishadi: “Ul menim qoʻlimda oʻz qalamim bilan yuz sahifadan ortigʻroq eski usuldagi yozishmalarimi koʻrib, tarbiyagʻa kirishdi”,- deb yozadi Hamza tarjimai holida. 1909 yilda Hamza Buxoroning ulugʻ taraqqiyparvar mudarrislaridan, usuli jadid maktablari tarafdorlaridan boʻlmish Muhammad Ikrom ibn Abdusalom qoʻlida arab tilini oʻrganish uchun Buxoroga boradi, ammo u yerda yuz bergan shia va sunniy janjali bunga imkon bermaydi.
Uning ijodiga, ayniqsa Ismoilbek Gaspralining “Tarjimon”, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetalari, Rizo Faxriddinning “Shoʻro” jurnali, shu bilan birga, oʻzbek tilida Toshkentda chiqa boshlagan Ismoil Obidiyning “Taraqqiy”, Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻlining “Xurshid”, Abdulla Avloniyning “Shuhrat” gazetalari kuchli taʼsir koʻrsatdi, ular bilan aloqa oʻrnatdi. Hamzaning ilk sheʼrlari va maqolalari mana shu gazeta va jurnallarda bosildi.
“Tarjimon” gazetasini muntazam kuzatib borgan Hamza Gaspralining 1906-1907 yillarda shu gazeta sahifalarida bosilgan, butun turk olamining, shu jumladan, Turkiston oʻlkasining mustamlaka asorati botqogʻiga tushib qolishi sabablari haqida bahs yurituvchi “Mukolamai salotin” asari bilan tanish boʻlgan.
Hamza 1910 yilda Toshkent shahrida amaliy faoliyatga kirishib, Qashqar mahallasida birinchi marta usuli jadid maktabi ochadi. Bu davrda u Toshkentda Turkiston jadidchilik harakatining rahbari Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli va uning atrofidagi shogirdlari usuli jadid muallimlari aka-uka Shokirjon va Sobirjon Rahimiylar, Samiʼqori bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Mana, Hamza arxividagi hujjatlardan biri: “Pirlardan: muhtaram ustozi oliy muallim Munavvarqori… Adreslari: Eski Toshkand, usuli savtiya maktabida, mahalla Mehrobodda. Muloqotimiz 1908 milodiy 11 dekabrda”.
1911 yilda Qoʻqon shahrida u shunday maktab ochadi. Bu maktablar chor maʼmurlarining taʼqibi bilan yopiladi. U 1911 yilda haj safariga otlanadi: Afgʻoniston, Hindiston, Turkiya, Arabiston mamlakatlarining markaziy shaharlarida boʻladi. Hamza qayerda boʻlmasin, u yerning taʼlim-tarbiya, oʻquv muassasalari bilan tanishadi.
Haj safaridan qaytgach, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda, adabiy-badiiy ijodga beriladi. 1914 yilda dastlab Margʻilonda, keyin Qoʻqonda usuli jadid maktabi ochadi. Bu haqda “Tarjimai holi”da quyidagilarni yozgan edi: “1914 yilning oxirlarida Margʻilonda maktab ochdim. Sakkizinchi oygacha bormay, Andreyev ismindagʻi Skobel maorif rahbari tomonidan majburiy yopildi… Undan yana Hoʻqand kelib, yoʻqsil bolalar uchun pulsiz oʻqish maktabi ochdim… oʻzim 4 oyga davom ettirgandan keyin uyezd nachayligi Medinskiy tomonidan tintuv boʻlib yopildi. Lekin hech bir qanday qogʻozlarim qoʻliga tushmagani uchun qamalmay qutuldim”.
Hamza bu davrda yangi maktablar uchun “Yengil adabiyot”, “Oʻqish kitobi”, “Qiroat kitobi” kabi darsliklar yaratdi. 1915 yilda qoʻqonlik maʼrifatchilar bilan hamkorlikda usuli jadid mak-tablari uchun darsliklar nashr qilish, oʻquvchilarni Toshkent va boshqa shaharlarda bosmadan chiqqan darsliklar bilan taʼminlash maqsadida “Gʻayrat” kitobxonasi tashkil etadi. Bu kitobxonada Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvarqorining “Adibi avval”, “Adibi soniy”, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniylarning darsliklari ham koʻp nusxalarda boʻlgan.
Hamza oʻz ijodini anʼanaviy lirik sheʼrlar yozishdan boshladi. U “Nihoniy” (yashirin, maxfiy maʼnolarini bildiradi) taxallusida ijod qildi va 1905-1914 yillarda ushbu taxallusda yaratgan sheʼrlarini toʻplab, “Devoni Nihoniy”ni tuzdi. Devonga shoirning 177 sheʼri kiritilgan boʻlib, ulardan 150 tasi gʻazal, qolganlari masnaviy, murabbaʼ, muxammas, musaddas va 1 maktubdan tashkil topgan; bulardan 165 ta sheʼr oʻzbek tilida, 10 ta sheʼr fors- tojik tilida, 2 ta sheʼr oʻzbek va rus tilida shiru-shakar janrida yozilgan.
Shoir ijodida muhim oʻrinni ajoyib sheʼriy guldastalari — “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi” egallaydi. Bu umumiy nom ostidagi 7 sheʼriy toʻplamga 1915—1917 yillarda yaratgan sheʼrlari kiritilgan. Bu sheʼriy toʻplamlar: “Atir gul”, “Oq gul”,“Qizil gul”, “Pushti gul”, “Sariq gul”, “Yashil gul”, “Safsar gul”. Ularda xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini uygʻotish, ilm-maʼrifatga daʼvat etish gʻoyasi yetakchi edi:
Bu Nihon qon yigʻlayur millat uchun laylu nahor,
Yoz oʻtub, qish keldi holo, bizga boʻlgan yoʻq bahor,
Sarsari bodi jaholat qilmak istar toru mor,
Chora shul maktab ochaylik, shoyad oʻlsun sabzazor.
Ey musulmonlar, qachon bir darda darmon istariz?
Millata shavkat, taraqqiy, shaʼnu davron istariz?
Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar” majmuasi»dagi mazkur 7 toʻplamga kirgan sheʼrlari, matbuotda eʼlon qilgan sheʼr va publitsistik maqolalari, yaratgan dramalari, “milliy romanlari” uning jadidchilik harakatining badiiy adabiyotdagi yirik namoyandalaridan biriga aylanganligini koʻrsatadi. Abdulla Avloniy kabi Hamza “Quloq notalari ila eshitilib kelmish milliy tabarruk ashulalarimizning oʻrni yoʻqolmasun uchun baʼzi qabih sheʼrlar oʻrniga” milliy ruh, millatning istiqlol haqidagi orzu-intilishlarini ifodalovchi soʻzlar bilan bu xalq kuylarini muzayyan qilish, bu bilan millatni uygʻotish vazifasini oʻz oldiga qoʻydi. Hamza milliy istiqlol gʻoyalarining musiqa, xalq kuylari vositasida, qoʻshiqlar shaklida xalq qalbiga tezroq va taʼsirliroq kirib borishi mumkinligini yaxshi tushungan. Oʻzbek adabiyotida sharqiyalarning yaratilishi ham koʻproq Hamza va Abdulla Avloniylar faoliyati bilan bogʻlanadi. Hamza Hakimzoda musiqa sohasida ham katta qobiliyat sohibi edi. Shu maʼnoda, Hamzaning ushbu toʻplamlari A. Avloniyning “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” toʻplamlariga hamohangdir.
Shoirning Birinchi Jahon urushi arafasida xalq orasida mashhur boʻlgan “Loʻm-loʻm Mamajon” ashulasi ohangida yaratgan “Yigʻla, Turkiston” sheʼrini olib koʻraylik. Ashula quyidagi satrlar bilan boshlanar edi:
Loʻm-loʻm, loʻm-loʻm Mamajon, loʻm-loʻm Mamajon,
Istakonda choy ichgan, loʻm-loʻm Mamajon.
Hamza millatni jaholat, istibdod, ilmsizlik tufayli fajeʼ ahvolga tushgan Turkistonni yigʻlashga daʼvat etadi: sen shunday yigʻlaginki, hatto “ruhsiz tanlar tebransin”, seni shunday ahvolga solgan, oʻzi zillatga, xorlikka botgan millat uygʻonsin!
“Loʻm-loʻm Mamajon” ashulasidagi shoʻx ohang oʻrnini qaygʻu va uning ohangida millatni ilm-maʼrifatga daʼvat egallaydi:
Darigʻ tutmang ilm uchun ketsa molu jon,
Oʻquv farzligi ming yoʻl Qurʼonda farmon,
Maʼrifatsiz tonulmas ahkomi imon,
Ilmsizga aytulmas komil musulmon.
Yigʻla, yigʻla, Turkiston, yigʻla, Turkiston,
Ruhsiz tanlar tebransun, yigʻla, Turkiston.
Xorazm xalq kuylari ohangida bitilgan “Yaxshi holin yoʻqotgan oqibatsiz Turkiston” misrasi bilan boshlanuvchi sheʼrida shoir mustamlaka oʻlkaning iqgisodiy, maʼnaviy, siyosiy tutqun ahvolini buyuk dard bilan qalamga olgan. Har bir millatning istiqboli — ilm- maʼrifatda. Shoirni qiynayotgan, uning faryod chekishiga sabab boʻlayotgan narsa millatning ilmsizligi, bu ilmsizlik oqibatida oʻziga “Oʻlmasindan ilgari jismiga kafan bichgan”i:
Boʻgʻzi sori toʻlguncha gʻaflat sharobin ichgan,
Oʻlmasindan ilgari jismiga kafan bichgan,
Umid rishtasin kesub, oru nomusdan kechgan,
Bogʻlu qoʻling, Turkiston, nobakorlarmi chechgan?
Oʻzgalarchi? Ular oʻz xalqi uchun molu jonini qurbon qiladilar, ilm-maʼrifat yoʻlida bor- yoʻgʻini baxshida etadilar, millat ravnaqi uchun qon yutadilar. Shoir shu oʻrinda Turkistonning oʻtmishiga razm soladi: olamga ilm nurini taratgan, iqboli quyoshdek charogʻon zamonlarning oʻtib ketganidan afsus chekadi:
Esiz, esiz Turkiston, qani avvalgi holi?
Olamga ziyo bergan ul xurshidi iqboli?
Abri gʻaflat qurshadi, tun boʻldi istiqboli,
Xoʻr boʻlsa millatimiz, tutmasmikin uvoli.
Shoir shunday xulosaga keladi: sening bogʻliq qoʻlingni bu nobakorlar yechmaydi! “Vatanga molik boʻlgan nobakor toʻngʻiz” kelgindilardan Turkistonni ozod qilish uchun oʻzligini yuksak darajada masʼul biladigan hakiqiy millat fidoyilarini tarbiyalash kerak.
Shoir har toʻrt misradan keyin takrorlanuvchi:
Zulmat toshi yogʻilsa-da, koʻzi ochulmaz,
Ruhsiz tandur, xanjar ursa, qoni sochulmaz, —
Do'stlaringiz bilan baham: |