4. Ota urug`i davri. Metallning tarqalishi
Bu davrgacha odamlar tabiatdagi bor narsalarni tutib va terib eb, tirikchilik qilib kelganlar. Ular chorva boqishni ham, ekin ekishni ham bilmaganlar.
Ovchilik va baliqchilikning rivojlanib borishi natijasida kishilar avval misni va keyinroq misga qalayni qo`shishdan chiqqan jez (bronza)ni ishlata boshlaganlar.
Turkmanistonda Kopetdog` etaklaridagi soylar quyi oqimida Anav, Qahqa, CHacha, Namozgoh kabi tepalar metall yangi tarqalgan zamonda paydo bo`lgan eng qadimgi o`troq dehqon aholi yashagan qishloqlar xarobalaridan iboratdir. Bu vaqtda Xorazmda Kaltaminor chaylasidagi kabi katta-katta to`da bo`lib yashash davri o`tib, aholi mayda guruhlarga bo`linib, suv toshqinlari chegarasida juda ibtidoiy dehqonchilik va bir oz chorvachilik bilan kun ko`rgan. Ular Turkmanistondagi singari soyning quyi oqimida bo`lmasdan, balki daryo toshqinlari ketidan tentirab yurgani uchun ularning turmushi ancha qoloq, o`ylar ham omonat chaylalardan iborat bo`lgan. Bu xil hali mustahkam o`rnashmagan dehqon va chorvadorlar madaniyati birinchi marta Xorazmda o`sha Kaltaminor chaylasi yaqinlarida aniqlangani uchun «Toza bog`yop madaniyati» deb atalgan. Qariyb shu xil madaniyat Moxondaryo xavzasida ham topildi. Moxondaryo Zarafshon daryosining qurib qolgan bir irmog`i bo`lib, qorako`l rayonining shimolidagi cho`lda uning (Moxondaryoning) izlari hali yo`qolib ketmagan va uning bo`ylarida o`sha ibtidoiy davr qishloqlari va mozorlari mavjud. Bu joy professor YA. G`. G`ulomov tomonidan 1950 yildan boshlab tekshirilgan. Bu joydagi qishloqlarning suv toshqinlari o`tgan joylaridagi taqir ustida juda ko`p chaylalar o`rni bo`lib, unda bino izlari ko`rinmaydi. Lekin idish, qurol va boshqa narsalar ularning o`troq aholi bo`lganligidan darak beradi. Bunda ibtidoiy ochiq qishloqlar va ularda teshdan, jezdan ishlangan qurollar, zeb-ziynat buyumlari shunchalik ko`pki, u joylarni tekshirish kelgusida katta natijalar berishi mumkin.
Qorako`l shaharchasidan qariyb 15 km shimoli-g`arbda Zamonbobo ko`li bo`yida o`sha davr aholisining katta qabristoni topilib tekshirildi. Mozorlarda o`liklarning oyoq-qo`lini bukib, g`ujanak qilib, chap tomonga yonboshlatib ko`mganlar. SHu tariqadagi 41 ta mozor ochildi, ulardan ba`zilarida er va xotin birga dafn etilgan. U zamonda ona urug`i davri bitib, ota urug`i hukmron bo`lgan va erkakning xo`jalikdagi va oiladagi roli ortgan, xotin unga xususiy mulk qatori tobe bo`lib qolgan davr edi. SHuning uchun er o`lsa, xotinini ham o`ldirib birga ko`mish odat bo`lgan.
Mozorlarda idishlar, o`qlar, zeb-ziynat buyumlari, ba`zi qurollar, hatto jez oynalar o`likning yoniga qo`yilgan. Lahad qilib ko`mish o`sha vaqtda amalda bo`lgan. SHunga yaqin bir joydan topilgan ikkinchi bir qabristonda ham o`liklarni yuqoridagiday g`ujanak qilib ko`mganlar. Topilgan suyaklar yonida jez isirg`alar, qimmatbaho toshlardan marjonlar, jez bilakuzuklar topilgan.
Bu joydagi qishloqlar atrofida ekin erlari bo`lgani, toshqinlarni birlashtiruvchi kichik ariqlar qazilganligi aniqlandi. Bu erlarda janubiy Turkmaniston tepalaridagi singari bo`yoqli sopol idishlar ishlab chiqarishni bilganlar, kulollik charxi ishlatilgan, sug`orib dehqonchilik qilish vujudga kelgan.
Namangan viloyati CHust shaharchasi yonidagi «Buvana mozor» degan joyda ham shunday qishloq topilgan. U erdagi aholi atrofdagi buloq Suvlaridan foydalanib, dehqonchilik qilib, o`troq holda qishloq-qishloq bo`lib yashaganlar. CHustliklarning sopol idishlari Turkmaniston o`troq dehqonlariniki singari bo`yoqli, xilma-xildir. Jezdan quyma buyumlar ko`p ishlatganlar. Xom g`ishtlardan erto`la uylar qurib yashaganlar. Bu qishloq aholisi bundan qariyb 300 ming yil muqaddam, temir davriga ko`chishda ham o`sha joyda kun kechirganlar.
Xuddi shunday qishloq Andijon viloyati Qo`rg`ontepa rayonidagi Dalvarzintepada ham topilgan. Bularning har ikkisi ham bir xil bo`lib, bu ahvol jez davrida Farg`ona soylari suvidan foydalanib dehqonchilik qiluvchi o`troq dehqonlar qishlog`i ko`p bo`lgan, degan xulosani chiqarishga imkon beradi.
Jez davrida bunday obod bo`lgan Xorazm, Moxondaryo rayonlari, CHust, Dalvarzin va Kuchuktepada olib borilgan arxeologiyaga oid qazishmalardan shu ma`lum bo`ldiki, CHust madaniyatini yaratgan qadimgi dehqonlar atrofi devorlar bilan o`ralgan mustahkam qishloqlarda paxsa yoki xom g`ishtlardan qurilgan uylarda yashaganlar. Masalan, qadimgi CHust qishlog`i xarobasida uzunligi 286 metr, eni 2—3 metr va balandligi 1,5 metrcha keladigan tashqi devor qoldiqlari ochildi. SHunday devor qoldiqlari Dalvarzinda ham 200 metr masofada topilib, uning eni 4,6 metr, balandligi 2,5 metr keladi. Dalvarzintepada atrofi devor bilan o`ralgan ark xarobasi topilib, devorining uzunligi 130 metrga va balandligi 2,5 metrga teng. Dalvarzintepaning sharqiy qismida hatto 80 m masofada eni 4 mli tosh yo`l ochildi. Bulardan tashqari, bu erda bir necha to`rt burchakli paxsa devorli uylar ham topildi.
Dalvarzinda topilgan 900 ga yaqin tosh o`roq, CHustdan topilgan tosh va jez o`roq, 415 tosh yorg`uchoq, don uchun kovlangan 17 ta o`ra hamda kuyib ko`mirga aylangan arpa, bug`doy, tariq, suli donlari va boshqa ashyolar qadimgi dalvarzinliklar va chustliklar asosan dehqonchilik bilan shug`ullanganligini ko`rsatadi. Arxeologiyaga oid topilmalar: suyakdan yasalgan moki, qadoq toshlar, urchuqlar, jez igna va bigizlarga qarab hukm qilganda, aholining turmushida to`quvchilik va tikuvchilik ham ma`lum rol’ o`ynaganligini ko`ramiz. CHustliklarda hdm, dalvarzinliklarda ham mahalliy degrezlik va miskarlik ancha taraqqiy qilgan. CHunki bu yodgorliklardan juda ko`p metall buyumlar: jez, o`roq, pona, pichoq, kamon o`qlarining paykonlari, nayza uchlari, zeb-ziynatlar, jez oynalar, bilaguzuklar, isirg`alar, cho`lpilar, munchoqlar hamda turli xil jez buyumlar qo`yiladigan tosh qoliplar, shuningdek, degrezlik qo`rasining qoldiqlari topilganligi buning yaqqol dalilidir. CHust madaniyatiga mansub yodgorliklardan topilgan guldor sopol buyumlar kulolchilikning ham ancha rivoj topganligidan guvohlik beradi. Sopol idishlar shakli xilma-xil, ular asosan tovoq, ko`za va xumcha, tuvak, qozon va ko`pgina boshqa xil idishlardan iborat. Sopol idishlarning sirtiga qizil bo`yoq berilib sayqallangan. Ularning bir qismi qora bo`yoqdan turli xildagi geometrik chiziqlar bilan naqshlangan. Agarda CHust madaniyatiga mansub yodgorliklarda chiqqan topilmalar yuqorida qayd etilgan chorvador qabilalarga mansub moddiy madaniyat qoldiqlari bilan solishtirilsa, bronza davrida o`troq dehqonchilik bilan shug`ullangan aholining madaniy jihatdan chorvador qabilalarga nisbatan ancha ustunligi ma`lum bo`ladi.
Demak, jez davrida xalq o`zi ekin ekib, o`z qo`lida hayvonlarni urchitib tirikchilik o`tkazish yo`liga o`tgan. Bu narsa jamiyat tarixida juda katta iqtisodiy va ijtimoiy burilish edi. Erga ekin ekish, qo`sh qo`shish kabi asosiy xo`jalik ishlari faqat erkaklarning qo`lidan keladigan ish bo`lib, bu narsa erning, ya`ni otaning oilada hukmronlik holatini mustahkamlaydi. Ona o`z urug`idan ajralib, erning urug`iga o`tadi. Bola otaniki hisoblanib, merosni ham otadan oladi.
Hozirgi zamon dehqonchiligi va chorvachiligining asosi o`sha jez davrida, taxminan hozirgi zamonamizdan 4000 yillar avval vujudga kelgan. Misr, Iroq, Janubiy Turkmaniston kabi mamlakatlarda undan ham ilgariroq vujudga kelgan.
Bundan keyin jamiyat vohalarda o`troq dehqonlarga, dasht va tog`larda esa ko`chmanchi chorvadorlarga ajraladi. CHorvasi ko`payganlar o`tloq izlab, molini haydab, joydan-joyga qo`chib yurishga majbur bo`lib qoladi. Xullas, Farg`ona, Surxondaryo vodiylarida so`nggi bronza davriga mansub atrofi mudofaa devorlari bilan o`ralib, mustahkamlangan qishloqlar xarobalarini topib tekshirish bronza davrida o`troq dehqonlar yaratgan madaniyatni o`rganishda juda boy va qimmatli materiallar beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |