Klassitsizmning tanazzuli,sentimentalism. Sentimental-romantik an’analarning rivoj topishi,romantizm. Ijtimoiy-siyosiy voqelikdagi o’zgarishlar adabiyot oldiga yangi masalalarni qo’ydiki, bularga yechim topish uchun adabiy yo’nalishlar,ayniqsa XVIII asrda maydonga kelgan klassitsizm va sentimentalizm astoydil ishga kirishdi.Rus klassitsizmi XVIII asrning 20-yillari so’ngida paydo bo’lib, XIX asrning 20-yillarigacha iste’molda bo’ldi. Asr boshida bu yo’nalish o’zining dabdabali uslubi va ozodlik uchun kurash pafosini ifoda etolgani jihatidan ham ilg’or ijodkorlarni o’ziga jalb etdi. K.F.Rileev va A.S.Pushkin ijodining dastlabki bosqichlarida klassitsizmning ta’siri seziladi.Sentimental yo’nalish tarafdorlari esa uning ulug’vor pafosini qoralab,adabiyot oddiy insonlar his-tuyg’ulari va iztiroblarini aks ettirishi lozim deb hisoblaydilar.Sentimentalizmda inson tabiatining javhari ong emas,hisdir, degan qarashga asoslanadi.Rus adabiyotida bu yo’nalishda Karamzin ijodini kuzatishimiz mumkin.Rus sentimentalizmi romantik an’analar bilan birgalikda mavjud bo’ldi.Karamzinning “Bechora Liza”, I.I.Dmitriyevning masallari,lirik qo’shiqlarida sentimental- romantik an’analar aks etgan deyishimiz mumkin.Lekin bu ikki yo’nalish ham uzoq yashab qololmadi, sentementalizm 1812 yildan so’ng butkul adabiyot sahnasidan ketdi.
XIX asr boshidagi rus adabiyotining chinakam badiiy yutugi sifatida romantizmni aytishimiz mumkin.Yevropa adabiyotida XVIII asrning oxiri-XIX asrning birinchi yarmida yetakchilik qilgan yo’nalish.Romantizm adabiyoti mavjud reallikdan qoniqmaslik tufayli, ma’rifatchilikka xos olamni aql bilan raso holga keltirish g’oyasiga ishonchning barbod bo’lishi natijasi o’laroq yuzaga kelgan bo’lib, “reallikdan qochish”ga, realolamdan ko’ra mukammalroq olam yaratishga intiladi. Romantizm adabiyotining umumlashtirish prinsipi- ideallashtirish, u voqelikka boqiy va mutlaq ideallar asosida yondashadi,shuning uchun ham romantizmda voqelik bilan ideal orasidagi nomutanosiblik yaqqol ko’rinadi,ularning ziddiyati o’ta keskin namoyon bo’ladi. Natijada romantizm adabiyotida olam ikkiga ajraladi,ikkisi- ideal olam va mavjud olam alohida yashaydi.Romantizmning bosh ziddiyati-ezgulik va yovuzlik kurashi, unga ko’ra, yovuzlik ham, unga qarshi kurash ham boqiydir.Yovuzlikka qarshi kurashayotgan betakror shaxs –romantizm adabiyotining bosh qahramoni.Shaxsning sirli va adadsiz ichki olami bu adabiyotning markaziy muammosiga aylanadi. Romantizm shaxsdagi betakror individual xususiyatlarga urg’u beradi, asosiy e’tiborni uning ichki olamidagi ziddiyatlar,qalbiyu ongidagi izohlash mushkul harakatlar, g’ayrishuuriy holatlarga qaratadi. Rus romantizmining asoschisi esa V.A.Jukovskiy sanaladi,garchi ijodining dastlabki yillarida sentimentalizm yo’nalishida ijod qilgan bo’lsada. Jukovskiy she’riyati klassitsizmning tantanavor ulug’ligiga zarba berdi,Shoir inson qalbi va yuragiga murojaat qildi.U o’zining romantik balladalarida,she’rlarida rus xalqining vatanparvarligini vasf etgan bo’lsa-da, shoir yuksak g’oyalar va ilg’or qarashlarni olg’a surish darajasiga chiqa olmadi.Jukovskiy rus she’riyati shakllarining anchagina demokratlashtirishga hamda o’zining betakror tarjimalari bilan G’arbiy Yevropaning ko’pgina ijodkorlarini rus kitobxonlariga tanishtirishdek ezgu ishlar qilgan bo’lsa-da,ammo shogirdi va do’sti bo’lmish Pushkindan ancha orqada qolib ketdi.
Rus romantizmining ilg’or vakillarining oldingi safida dekabrist-shoir K.F.Rileev hamda bir guruh shoirlar, Vyazemskiy, Batyushkov,Baratinskiy,Yazikov va bosqalarni sanab o’tishimiz kerak. Romantizm XIX asr`boshidagi inqilobchilarning dastlabki avlodining isyonkor va kuchli shaxsiyati, zo’ravonlikka qarshi kurashi aks etgan qarashlarining ifodasidir.Yosh Pushkinning poema va she’rlari rus adabiyotidagi romantizmning yorqin ifodasi sifatida maydonga keldi hamda realizm bosqichiga zamin hozirladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |