7 – BOB
INFLYATSIYa VA UNGA KURAShISh YO‘LLARI
7.1. Inflyatsiyaning mohiyati va turlari
Muomalada qog‘oz pullar va tanga pullarning mavjudligi inflyatsiyani vujudga keltiruvchi iqtisodiy kategoriyalardan biri hisoblanadi. “Inflyatsiya” termini – lotincha so‘zdan olingan bo‘lib – “shishirilgan”, “bo‘rttirilgan”, “ko‘pchigan” kabi ma’nolarni anglatadi. Inflyatsiyaning iqtisodiy mohiyati muomaladagi naqd pullarning sotib olish qobiliyatini pasayishi, tovarlar va xizmatlarning bahosini o‘sib borishini anglatadi.
Inflyatsiya so‘zi birinchi marta amerikalik iqtisodchi A.Delmar tomonidan 1864 yilda iqtisodiy oborotga kiritildi. Bunga AQSh Federal hukumati 1861 – 1865 yillarda mamlakat fuqarolar urushi davrida davlatning xarajatlarini qoplash maqsadida muomalaga juda katta miqdorda qog‘oz pullarni emissiya qilishi sabab bo‘ldi. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari iqtisodiy adabiyotlarida inflyatsiya termini birinchi jahon urushidan keyin, sobiq ittifoq adabiyotlarida esa 1920 yillarning o‘rtalaridan keng miqyosda paydo bo‘ldi.
Biroq, shuni ta’kidlash joizki, inflyatsiya natijasida pullarning qadrsizlanishi, ularning to‘lov qobiliyatining pasayishi kabi muammolar tarixan qog‘oz pullar muomalaga chiqarilishi va tangalarning zarb qilishi davridan boshlangan. Dastlabki davrlarda inflyatsiyaning vujudga kelishining asosiy sabablaridan biri, hukumat tomonidan iqtisodiyotga haddan ortiqcha sifati va og‘irligi talab darajasidan past bo‘lgan haqiqiy qiymatga ega bo‘lmagan tanga pullar muomalaga chiqarilishi hisoblanadi. Masalan, Qadimgi Gresiyada miloddan avvalgi VI asrda metall tangalarning tarkibida qimmatbaho metallarning hajmini yarmidan ko‘prog‘ini oddiy metallarga, ya’ni haqiqiy qiymatga ega bo‘lmagan metallarga almashtirildi. Xuddi shu holat Rim Imperatorlari tomonidan ham amalga oshirildi. O‘rta asrlarga kelib, ko‘pchilik davlatlarning hukumdorlari kumush tangalarni mis tangalarga, keyinchalik oddiy alyumin metallarga almashtirdi. Bu jarayon hukumatga qimmatbaho metallarni tejash evaziga mamlakat xazinasiga juda katta boylik sifatida qabul qilindi. Biroq, pullarning to‘lov qobiliyatini pasayishi va qadrsizlanishiga olib keldi.
Muomalada qog‘oz pullarning paydo bo‘lishi natijasida tanga – pul bilan bog‘liq inflyatsiya muammosi qog‘oz – pulga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi. Davlatning burjuaziya boshqarish tuzumining vujudga kelishi davrida o‘rta asrlarda pul muomalasida paydo bo‘lgan muammolarni barqaror pul tizimini tashkil etish orqali bartaraf etishga urinishlar bo‘ldi.
XVIII – XIX asrlarda va XX asrning boshlarida birinchi jahon urushiga qadar inflyatsiya muammosi ayrim mamlakatlarda mavjud bo‘lib, davriy xarakterga ega edi. Masalan, inflyatsiya muammosi Fransiyada – 1789 – 1791 yillarda Buyuk fransuz revolyusiyasi davrida, Angliyada Napolen bilan urush davri – XIX asrning boshlarida mavjud edi. Oltin monometallizm tizimi joriy etilgan mamlakatlarda uzoq yillar davomida barqaror pul tizimi amal qildi.
Birinchi jahon urushi davrida oltin monometallizm tizimining barbod bo‘lishi va qog‘oz pullarning oltin tangalarga qat’iy belgilangan kurs asosida ayirboshlanishi bekor qilinishi natijasida davlat o‘zining inflyatsiyaga qarshi kurashish mexanizmidan mahrum bo‘ldi. Shu davrdan boshlab, inflyatsiya iqtisodiyotda doimiy xarakterga ega bo‘lgan va keng qamrovli muammo sifatida barcha mamlakatlarda namoyon bo‘la boshladi.
Inflyatsiyaning mohiyati iqtisodiy adabiyotlarda turli iqtisodchi olimlar tomonidan turlicha talqin etiladi. Xususan, K.R.Makkonnell, S.Bryu va K.Eklund inflyatsiyani iqtisodiyotda baholarning o‘rtacha ko‘tarilishi sifatida36, P.Xeyni esa pulning sotib olish qobiliyatining pasayishi yoki qiymatining yo‘qolishi ekanligini ta’kidlaydilar37.
Markazlashgan iqtisodiyot sharoitida inflyatsiyani vujudga kelishi 1930 yillarda muomalaga haddan ziyod qog‘oz va tanga pullarni chiqarilishi natijasida iqtisodiyotning “pul kanallari” to‘lishi yuz beradi, bu o‘z navbatida inflyatsiyaga olib kelishi ta’kidlandi, 1940 yillarda esa inflyatsiyaning sababi iqtisodiyotda qog‘oz pullar to‘lov vositasini bajarishi har qanday holatda inflyatsiyani keltirib chiqarishini e’tirof etishdi, 1950 yillarda inflyatsiyani kelib chiqishining asosiy sababi sifatida uning yetarli darajada oltin va boshqa moddiy qimmatliklar bilan ta’minlanmaganligi ekanligini qayd etdilar.
1960 yillarda iqtisodchi olimlar inflyatsiya murakkab, ko‘p omilli ijtimoiy – iqtisodiy jarayon ekanligini, uni tashqi va ichki omillar ta’sir qilishi natijasida vujudga keladigan iqtisodiy kategoriya sifatida baholadilar.
Inflyatsiyaning iqtisodiy mohiyatiga qator xorijiy va mahalliy olimlar o‘zlarining fikrlarini bildirgan. Xususan, Rossiya iqtisodchi olimlari V.A.Щegorsov va V.A.Taranlar “Inflyatsiya – bu tovarlar va xizmatlar sifati va iste’mol qiymati o‘zgarmagan holda ularning bahosini o‘sib borishidir, bu jarayonda pulning qadri pasayib boradi.”38, deya ta’kidlaydilar.
Mamlakatimiz iqtisodchi olimlaridan, professor Sh.Abdullaeva inflyatsiyaning iqtisodiy mohiyatiga: “Inflyatsiya so‘zining iqtisodiy mohiyati –muomalada mavjud bo‘lgan tovarlar va ularning bahosiga nisbatan ko‘p pul chiqarish degan ma’noni anglatadi” deya ta’rif beradi39.
Guvohi bo‘lganimizdek, inflyatsiyaning mohiyatiga turlicha fikrlar bildirilgan. Fikrimizcha, “Inflyatsiya – bu tovarlar va xizmatlar bahosining ortib ketishi natijasida muomaladagi qog‘oz va tanga pullarning sotib olish qobiliyatining pasayishidir”.
Tovarlar va xizmatlar bahosining ortib ketishini har doim ham inflyatsiya sifatida qaralishi maqsadga muvofiq emas, agar muomaladagi pul massasi tegishli tovarlar va xizmatlar massasi bilan ta’minlanmasligi natijasida ularning bahosi ortsagina bunday holat inflyatsiya sifatida qaralishi mumkin. Muomalada ortiqcha pul massasi paydo bo‘lmagan holatda yalpi talabning yalpi taklifga nisbatan ortib ketishi natijasida bozor kon’yukturasining o‘zgarishi, ya’ni bozorda tovarlar va xizmatlar bahosining ortib ketishi iqtisodiyotda inflyatsiya mavjudligini anglatmaydi. Bunday holatda baholarning ortishi noinfiliatsion omillar ta’siri natijasida paydo bo‘ladi. Xususan, iqtisodiy va tabiiy resurslarning taqchilligi natijasida ularning bahosini ortishi, mavjud tovarlar va xizmatlar sifatining pastligi natijasida kam hajmdagi sifatli tovarlar va xizmatlar bahosining ortib ketishi kabilar shular jumlasidandir.
Umuman olganda, ta’kidlash joizki, iqtisodiyotda inflyatsiyaning vujudga kelishi muomalada pul mablag‘lari hajmining haddan ortiq ko‘payishi natijasida pul muomalasi bilan bog‘liq iqtisodiy inqirozdan dalolat beradi. Bu tovarlar va xizmatlar umumiy bahosining sezilarli sur’atlarda o‘sib borishida (1), tovarlar va xizmatlar taqchilligida (2), rezidentlarning milliy valyutadan “qochishi”, ya’ni ularning xorijiy valyutalarni jamg‘arishga bo‘lgan iqtisodiy manfaatdorligini ortib borishida (3), milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan kursining pasayishida (4), mablag‘larni ko‘chmas mulklarga joylashtirilishida (5), tovar va xizmatlarning baholarini boshqa barqaror pul birliklariga bog‘lab aniqlash kabilarda namoyon bo‘ladi.
Iqtisodiyotda inflyatsiya darajasini aniqlashning turli yo‘llari mavjud bo‘lib, ulardan asosiylari iste’mol baholari indeksi (1) va inflyatsiya darajasini (2) aniqlovchi tengliklar hisoblanadi.
(1)
bu yerda:
IBI – iste’mol baholari indeksi;
JDIKB – joriy davrdagi iste’mol savatchasi baholari;
O‘DIKB – o‘tgan davrdagi iste’mol savatchasi baholari.
(2)
bu yerda:
– joriy davr iste’mol baholari;
– bazaviy davr iste’mol baholari.
Iste’mol savatchasi – odamlarning birinchi darajali ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan tovar va xizmatlar yig‘indisi. Iste’mol savatchasi yordamida odamlarning yashash uchun zarur bo‘lgan eng kam miqdordagi xarajatlar miqdori hisob – kitob qilinadi. Iste’mol savatchasiga Rossiyada 407 ta, AQShda 300 ta, Fransiyada 250 ta, Angliyada 350 ta, Germaniyada 475 ta tovar va xizmatlar turi kiradi.
Inflyatsiya juda ko‘p qirrali bo‘lib, u asosan quyidagi shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin:
sudraluvchan inflyatsiya;
shiddatli inflyatsiya;
giperinflyatsiya;
kutilgan va kutilmagan inflyatsiya;
ochiq inflyatsiya;
yopiq inflyatsiya;
talab xarajatlar inflyatsiyasi;
taklif (xarajatlar) inflyatsiyasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |