20.4. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki
Fransiyaning sobiq Prezidenti Fransua Mitteran 1989 yilning 25 oktabrda Yevropa parlamentining yig‘ilishida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeETB)ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Shundan so‘ng 1990 yil 29 mayda Parijdagi kelishuvga asosan YeETB ta’sis etildi va bu kelishuv 1991 yil 28 martdan kuchga kirdi.
1991 yil 15 – 17 aprel kunlari bank boshqaruv kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda bank ta’sischilari bo‘lgan 40 ta mamlakat va 2 ta xalqaro tashkilot, ya’ni Yevropa ittifoqi (YeI) va Yevropa investitsiya banki (YeIB) ishtirok etdi.
YeTTB faoliyatining eng asosiy jihatlarini quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin. 1991 yilning noyabrida YeTTBning Varshava vakolatxonasi ochildi va Estoniya, Latviya va Litva davlatlari bankga a’zoligi tasdiqlandi. Bugungi kunda YeTTBning aksiyadorlari 60 mamlakat, YeI va YeIB xalqaro tashkilotlar xisoblanadi. Umumiy imzolangan kapital – 1964 mlrd yevro, to‘langan kapital – 5,2 mlrd yevro.
YeTTBning faoliyat maqsadi va asosiy vazifasi bozor munosabatlarini rivojlantirish va jahon iqtisodiy integratsiyasini chuqurlashtirish uchun tashkil etish hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan YeTTBning asosiy vazifasi Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida, Rossiya va Markaziy osiyo mamlakatlarida rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonlarini tezlashtirishdan iborat. Bugungi kunda YeTTB loyixalari Yevropa va Osiyoning 27 davlatida amal qilmoqda. Boshqa xalqaro moliya tashkilotlaridan farqli o‘laroq, bank nizomiga asosan loyixa amalga oshirilayotgan davlatlarda ko‘p partiyaviylik, plyuralizm va bozor iqtisodiyoti tamoyillari amal qilishi shart.
YeTTB ning investitsiya loyihalari orqali:
sanoatda tarkibiy islohatlar o‘tkazish;
raqobat, xususiylashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish;
moliyaviy tashkilotlar faoliyati va xuquqiy tizimni barqarorlashtirish;
xususiy sektorni rivoji uchun infrastrukturani qo‘llab quvvatlash;
korporativ boshqaruv tizimini tadbiq etish, shu jumladan tabiatni muhofaza qilish masalalari moliyalashtiriladi.
YeTTBning tarkibiy tuzilishi va faoliyati ustidan boshqaruv kengashi, direktorlar kengashi va bank prezidenti nazorat olib boradi. Boshqaruv kengashi YeTTBning yuqori organi bo‘lib, bankning har bir a’zosidan ikkitadan shaxsni boshqaruvchi va uning muovinini o‘z ichiga oladi. YeTTBga a’zo mamlakatlar hoxishiga qarab, bu shaxslar istalgan vaqtda o‘zgartirilishi mumkin.
Direktorlar kengashining 23 a’zosi bo‘lib, uning ikkitasi YeI va YeIB tomonidan; 6 ta direktor AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya tomonidan saylanadi. 15 ta direktorlar saylash bir xil davlatlarga to‘g‘ri keladi: 4 tasi donor mamlakatlar, 5 tasi istisno tariqasida loyiha amalga oshirilayotgan mamlakatlar tomonidan va 6 tasi donor va loyiha amalga oshirilayotgan davlatlar kelishuviga ko‘ra saylanadi. YeTTBni yig‘ilishlarida ovoz berish tartibi aksiyalar ulushiga qarab belgilanadi.
YeTTB ustav kapitali tarkibida YeI va YeIBning kvotalari 51 % ni, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlariniki – 13%, boshqa Yevropa mamlakatlariniki – 11% , boshqa a’zo mamlakatlar hissasiga – 24 % kvota to‘g‘ri keladi. Bankning kapitali tarkibida eng yuqori ulush AQSh (10%), Italiya, FRG, Fransiya, Buyuk Britaniya va Yaponiya (8,5 % dan) mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
YeTTBning kredit siyosatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, asosan a’zo – mamlakatlarda ishlab chiqarishni rivojlantirish, shuningdek hamkorlikda sindikat kreditlarini berish, korxonalarning ustav kapitaliga investitsiyalar kiritish, qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishni kafolatlash, mamlakat infrstrukturasini rivojlantirish va eksport – import operatsiyalari bo‘yicha dasturlarni qo‘llab – quvvatlash masalalari alohida o‘rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |