Bretton Vuds va yangi oltin deviz standarti (1945 – 1968 yy.).
Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin AQSh tomonidan yangi pul tizimi taklif etildi. Uning qoidalari 1944 yilda Nyu – Xemshir shtatining Bretton – Vuds shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada kelishildi va 1945 yilning iyul oyida AQSh Kongressi tomonidan ratifikatsiya qilindi. Yangi amaliyotga kiritilgan Bretton – Vuds pul tizimining 1920 yillarda qabul qilingan oltindeviz standartidan farqli jihatlari ko‘p emas edi. Shu nuqtai nazardan, ushbu pul tizimi ham kamchiliklardan holi emas va navbatdagi moliyaviy tartibsizliklarni kelib chiqishiga tashlangan dastlabki qadam edi.
Bretton – Vuds pul tizimining eski oltindeviz standartidan amaldagi farqi shunda ediki, uning asosini ikki “tayanch valyuta”(funt va dollar) emas, balki yagona dollar tashkil etib, 35 dollar 1 unsiya oltingan tenglashtirilgan. Shu bilan birga, amaldagi tizimni 20 yillardagi oltindeviz standartidan farqli jihatlari, amerika fuqarolari dollardagi hisob – kitoblarni oltin bilan so‘ndirish imkoniyatining yo‘qligi va dollardagi hisob – kitob qilish xuquqi xorijiy davlatlar va banklarga berilganligini e’tirof etish lozim. Ya’ni, jahon pulini (oltin) dollar bilan so‘ndirish vakolati faqat davlat organlariga berildi. Shu jihatdan Bretton – Vuds tizimi ham 1920 yillarni oltindeviz standarti kabi moliyaviy piramida asosiga qurildi.
AQShda moliyaviy piramidaning asosini, faqatgina xorijiy davlat xukumatlari talab qilish xuquqiga ega bo‘lgan oltin tashkil etgani holda, muomalada ta’minlanmagan dollarlar mavjud bo‘lgan. Boshqa davlatlarda moliyaviy piramidaning asosini, valyuta zaxirasi sifatida saqlanayotgan dollar tashkil etgani holda, muomalada ta’minlanmagan milliy valyutalar amal qilgan. Bunday moliyaviy piramidani tashkil etish uchun AQShda yetarlicha imkoniyatlar mavjud edi. Chunki, ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh da to‘plangan juda katta miqdordagi oltin zaxiralari (25 mlrd doll.), ularga moliyaviy piramida qurish imkonini bergan. Bretton – Vuds tizimi amaliyotga joriy qilinishi bilan Yevropa davlatlari valyutalarining dollarga nisbatan kursi oshirildi. Masalan, Buyuk Britaniya funt sterling kursi urushgacha bo‘lgan vaqtdagi qiymatga, ya’ni 4,86 dollarga tenglashtirildi. Funtning sotib olish qobiliyatiga nisbatan qaralganda esa, uning qiymati pastroq bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, 1945 yilda dollar kursi sun’iy pasaytirilishi va boshqa davlatlar valyutalarining kursi dollarga nisbatan sun’iy oshirilishi natijasida “dollar tanqisligi” yuzaga keldi. AQShdan tashqarida yuzaga kelgan “dollar tanqisiligi”ni oldini olish maqsadida Amerika hukumati tomonidan Yevropa mamlakatlariga moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Boshqacha qilib aytganda, Yevropaga moliyaviy yordam berilishi, dollar kursini sun’iy pasaytirilishi natijasida AQSh to‘lov balansi profitsitini qisman moliyalashtirishga xizmat qilgan.
Bretton – Vuds tizimida Amerika hukumatiga shunisi aniq bo‘ldiki, ushbu tizim doirasida dollar inflyatsiyasini oshirilishi javobgarlikka olib kelmas edi. Shu nuqtai nazardan, urushdan keyingi davrda inflyatsiyani rag‘batlantirilishi AQShda davlat siyosatiga aylandi.
1950 yillar boshida dollar inflyatsiyasi natijasida xalqaro savdo oqimi o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi. AQShda pul taklifi va kredit hajmi ortib borishi natijasida, aksariyat Yevropa mamlakatlari (G‘arbiy Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Italiya)ning valyutalari yanada mustahkamlandi. Inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan Buyuk Britaniyada esa mamlakatdan dollarni chiqishini oldini olish maqsadida funtni 2,40 dollargacha devalvatsiya qilindi. Yevropa va Yaponiyada ishlab chiqarishning barqaror rivojlanishi AQSh to‘lov balansida kamomadni yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Inflyatsiyani cheklashda oltin tanga standartining klassik yondoshuvchanligi o‘zining xususiyatini butunlay to‘xtatishi bilan birga, Bretton – Vuds tizimining qoidalari G‘arb davlatlariga doimiy dollar zaxiralarini ko‘paytirishni va buning asosida milliy valyuta taklifi va kredit hajmini oshirishni talab etgan.
Shu tariqa 1950 – 1960 yillarga kelib, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari va Yaponiya dollar zaxirasini oshirib borish siyosati samarasiz ekanligi hamda yangi tizim tashkil etilganda dollar kursi sun’iy baholanganligidan sarosimaga tushdi. Chunki dollarning sotib olish qobiliyatining tushishi, G‘arb davlatlarida dollarga bo‘lgan ehtiyojni pasaytirdi.
Bretton – Vuds tizimi Yevropa mamlakatlari iqtisodiyoti uchun “tuzoq” sifatida qaraldi va qarama – qarshiliklar ortdi. Fransiya nomidan Oltindeviz standartini yoqlab va amaldagi tizim qoidalariga qarshi fikrlar bilan davlat moliyaviy maslahatchisi de Gollya Jak Ryueff chiqdi. Amerika siyosatchilari va iqtisodchilari yuzaga kelgan qarshiliklarga e’tibor bermay, Yevropa dollarni “tayanch valyuta” sifatida qabul qilganligini ta’kidladi. Ularning fikriga ko‘ra, Yevropa aynan Bretton – Vuds tizimini amal qilishi natijasida iqtisodiy tanglikdan chiqish muammosini hal etgan. Davlatlar o‘rtasidagi kelishuvga asosan boshqa mamlakatlarda dollarning inflyatsiya darajasi ortishidan qat’iy nazar, AQSh yanada pul taklifini oshirish huquqiga ega edi.
Yevropada oltinning bir unsiyasi uchun 35 dollarga teng bo‘lgan miqdori saqlanib qolingan edi. 1950 yillarda Yevropada dollar massasini ortib ketishi, uning oltinga va yevropaning “qattiq” valyutalariga nisbatan qadrsizlanishiga hamda Amerikadan oltinni chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. Buning natijasida AQShning oltin zaxiralari 25 mlrd. dollardan, 9 mlrd. dollargacha kamayib ketdi. Yevropa mamlakatlari hukumatlari va Markaziy banklarining dollarni oltin bilan so‘ndirish talabini qondirilmasligi oqibatida Bretton – Vuds tizimining izdan chiqish xavfi tug‘ilgan edi. Lekin, Yevropa mamlakatlarida yuzaga kelgan ushbu salbiy holat ham AQShni pul taklifini oshirishdan qaytarmadi. Shu tariqa 60 yillarning oxirida Yevropada 80 mlrd dollardan ortiq “yevrodollar” nomini olgan pullar paydo bo‘ldi. Yevropada muomalada bo‘lgan dollarni oltin bilan so‘ndirish talabini to‘xtatish maqsadida AQSh siyosiy bosim o‘tkaza boshladi. 1930 yilda oltindeviz standartining inqirozga yuz tutishida ham Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida shunday vaziyat yuzaga kelgan.
Ta’kidlash joizki, iqtisodiy qonunlarni aylanib o‘tish, AQSh inflyatsiyani hisobga olmagani kabi, mamlakatda ijtimoiy – iqtisodiy salbiy oqibatlarga olib keladi. Shu tariqa 1968 yilda Amerika tomonidan taklif etilgan “abadiy va buzilmas” Bretton – Vuds tizimi yemirila boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |