Ist’emol (ipoteka) krediti asosan aholiga yashashi uchun zarur bo‘lgan buyumlarni (uy, mashina, televizor, muzlatgich, mebel va boshqalar) olishga beriladi. Iste’mol krediti pul va tovar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Pul ko‘rinishidagi iste’mol krediti bank muassasalari tomonidan jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida savdo tashkilotlarining hisobiga o‘tkazib beriladi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda iste’mol krediti hisoblangan ipoteka krediti juda tez sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Ipoteka krediti iqtisodiyotning markazlashgan tuzumi sharoitida mavjud bo‘lmagan. Bu holat o‘sha davrda nashrdan chiqqan lug‘atlarda ham e’tirof etilgan. Xususan, 1988 yilda mamlakatimizda nashrdan chiqqan O‘zbekiston sovet ensiklopediyasida ipotekaga “Ipoteka (yun), uzoq muddatli kredit olish uchun ko‘chmas mulk (yer, imoratlar)ni garovga qo‘yish. Sotsialistik mamlakatlarda yo‘q.”57, deb ta’rif etilgan. Agar ushbu ta’rifning “sotsialistik mamlakatlarda yo‘q” degan jumlasiga e’tibor qaratadgan bo‘lsak, haqiqatda ham markazdan rejalashtirish tuzumi sharoitida ushbu kredit turining amal qilmaganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Shuningdek, 1984 yilda Moskva shahrida nashrdan chiqqan moliya – kredit lug‘atida ipotekaga berilgan ta’rif ham buni tasdiqlaydi, unda “Ipoteka – (grekcha hypotheke so‘zidan olingan bo‘lib – garov, zaklad) ssuda olish maqsadida turli shakldagi ko‘chmas mulklarning (asosan yer va qurilish binosi) garovidir. Qarzdorning to‘lovga layoqatsizligi sharoitida kreditlarning talabi garovga qo‘yilgan mulkni sotish evaziga qondiriladi. SSSR va boshqa mamlakatlarda qo‘llanilmaydi.”58, deb ta’kidlanadi.
Xorijiy mamlakatlar iqtisodiy adabiyotlarida ipoteka atamasi ko‘chmas mulklarni garovga qo‘yish natijasida vujudga keladigan moliyaviy munosabat bo‘lib, uning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulk kredit (qarz) oluvchining tasarrufida qolishi ma’lum bo‘ladi. Ipoteka atamasi va ipoteka krediti haqida so‘z yuritganda, ularning iqtisodiy mohiyatini to‘liq aniqlash maqsadida, quyidagi ikkita holatga e’tiborimizni qaratamiz.
Birinchi xolat, ipoteka – bu garov. Garov mavjud ekan – ipoteka mavjud bo‘ladi, garov mavjud bo‘lmasa ipoteka ham bo‘lmaydi, bu kredit ipoteka krediti hisoblanmaydi. Ushbu holatni yanayam aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, bank qarzdorga uy joyni yer, kvartira yoki uchastkani garovga qo‘yish orqali kredit berdi. Ushbu kredit qarz oluvchi tomonidan qanday maqsadga ishlatilsa ham bu kredit ipoteka krediti hisoblanadi.
Ikkinchi xolat, bank qarz oluvchiga uy joy olish uchun ta’minlanmagan kredit berdi, ya’ni garov sifatida kredit oluvchi tomonidan hech qanday narsa qo‘yilmadi. Bu ishonchili ipoteka krediti bo‘ladi.
Ipoteka so‘zi (atamasi)ni kelib chiqishining tub ildiziga e’tibor qaratganimizda, uning vujudga kelishi va shakllanishining asosida qadimgi greklarning qarz berish munosabatlari yotganligi ma’lum bo‘ladi.
Demak, manbalarga ko‘ra, ipoteka atamasi birinchi marta eramizdan oldingi VI asrda Gresiyada vujudga kelgan. Qadimgi greklar qarz oluvchini kreditor oldidagi majburiyati evaziga yerni tikishgan. Qarz oluvchining yer maydonining chetiga maxsus yog‘och o‘rnatilgan bo‘lib, unda ushbu yer garov vazifasini o‘tayotganligi haqidagi yozuv qayd etilgan. Bu yog‘och ustun “ipoteka” deb atalgan, yunon tilida “tirgovich”, “poya”, “taglik” ma’nolarini anglatgan59.
Bizning nazarimizda, ipoteka atamasining vujudga kelishi va uning ma’nosi yuqoridagi matnda, atroflicha, to‘liq va aniq berilgan. Shu bilan birga, mazkur ta’rif uning dastlabki vujudga kelishi jarayonidagi mohiyatini anglatish bilan birga, hozirgi kundagi ipotekaga xos bo‘lgan xususiyatlarni to‘liq ochib berishga xizmat qilmaydi, albatta bu tabiiy holat, chunki iqtisodiy rivojlanish jarayonlari va munosabatlarning takomillashuvi ipoteka atamasining ham rivojlanishi va takomillashuviga sabab bo‘lmoqda. Quyida ipoteka atamasiga berilgan ta’rifda fikrimizning tasdig‘ini kuzatishimiz mumkin.
Demak, ipoteka – (grek. hypotheke – zaklad, garov ) – ko‘chmas mulk ko‘rinishidagi garov (asosan yer va binolar) bo‘lib, asosiy maqsad ssudani olishga qaratilgan. Ipoteka shunday garov turiki u kreditorning qo‘liga berilmaydi, balki qarzdorning ixtiyorida qoladi60.
Masalan, yuqorida qayd etilgan moliya – kredit lug‘atida unga quyidagi tavsiflar berilgan. “Ipoteka krediti – uzoq muddatli ssuda bo‘lib, kapitalistik mamlakatlarda yer va ishlab chiqarish hamda yashash uchun qurilgan binolarni garovga qo‘yish asosida beriladi. Quldorchilik tuzumi davrida vujudga kelgan bo‘lib, feodalizm davrida kengaydi, biroq kapitalizm sharoitida rivojlandi. XIX asrning o‘rtalaridan boshlab ipoteka krediti sifatida ixtisoslashgan – ipoteka banklari tomonidan, qator mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi va boshqa tijorat banklari tomonidan berila boshladi. Revolyusiyaga qadar Rossiyada dvoryan va yerli (zemelnыe) banklar tomonidan berilgan”.
Taniqli iqtisodchi olim, professor O.I.Lavrushin “ipotekali kredit – ko‘chmas mulk, yer maydoni garovi ostida berilib, bozor iqtisodiyoti sharoitida faol ishlatiladigan kreditning bir shakli hisoblanadi. Yer mulkiga ega tashkilotlar va ixtiyorida xususiylashtirilgan xonadoni (kvartira), yer maydonlari bo‘lgan aholiga bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lgan kredit munosabatlariga kirishish imkonini beradi61, deya ta’kidlaydi. Olim ipoteka kreditiga bergan ta’rifida uning bozor iqtisodiyoti sharoitida yuz berishi, shuningdek, aholining xonadoni va yerini xususiylashtirish lozimligiga alohida e’tibor qaratgan.
“Ipotekali kredit – deya ta’kidlaydi, yana bir rossiyalik olim A.S.Neshitoy, uy – joy olish, qurish yoki yerni sotib olish uchun beriladigan kredit. Odatda, ushbu kreditni banklar va ixtisoslashtirilgan bank bo‘lmagan moliya – kredit institutlari taqdim etadi”62. Bu yerda ipoteka kreditini olish uchun qo‘yiladigan garov ob’ektining ahamiyati xususida fikr bildirilmagan. Chunki, yuqorida ta’kidlaganimizdek, agar kreditning garovi sifatida mulk qo‘yilmas ekan u ipoteka krediti hisoblanmaydi63.
Do'stlaringiz bilan baham: |