12.4. Muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdorini aniqlash asoslari
Naqd pul muomalasini tartibga solishning asosiy vazifasi, bu – muomalaga chiqarilishi yoki olinishi lozim bo‘lgan naqd pul miqdorini aniqlashdan iboratdir. Ushbu vazifa muomala uchun zarur naqd pul mablag‘lariga bo‘lgan talabni aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumki, naqd pullar kichik hajmdagi chakana va uyushmagan savdo hamda naqd pulli xizmatlar uchun to‘lovlarda qo‘llaniladi. Yoki, naqd pul aylanmasining umumiy pul aylanmasidagi ulushi yuqorida ko‘rsatilgan naqd pulli to‘lovlarning jami to‘lovlardagi ulushi bilan aniqlanadi.
Demak, naqd pulga bo‘lgan talab umumiy pul massasiga bo‘lgan talabning bir qismidir. Lekin, umumiy pul massasiga nafaqat tovarlar va xizmatlar hajmi, balki pulning aylanish tezligi va bank foiz stavkalarining darajasi ham ta’sir etadi. Ushbu omillar nazariy jihatdan olimlar tomonidan allaqachon asoslanib ulgurilgan va bugungi kunda juda ko‘p mamlakatlarning iqtisodiyotini boshqarishda pulga bo‘lgan talab va taklifni tartibga solish mexanizimi sifatida qo‘llanilmoqda. Fanda bu usul monetarizm (pulning miqdoriy nazariyasi) nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
Bunda shuni qayd etib o‘tish lozimki, klassik – dastlabki monetarizm asoschilari muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdorini asosan muomaladagi mavjud tovarlar qiymati va turli pulli to‘lovlar yig‘indisidan kelib chiqqan holda aniqlashga uringanlar.
Keyinchalik kapitalistik tovar ishlab chiqarish rivojlangani sari muomaladagi pul miqdorini belgilovchi yangi ob’ektiv omillar vujudga kela boshlagan. Ayniqsa, pul muomalasi banklar tomonidan tartibga solina boshlangandan so‘ng pulga bo‘lgan talab va taklif banklarning ssuda foizlari darajasiga ko‘proq bog‘lanib borishi kuzatilgan. Natijada, iqtisodchi olimlar tomonidan pulga bo‘lgan talab va taklifni boshqarish bilan bog‘liq yangi zamonaviy monetarizm vujudga kelgan.
Albatta, ushbu bobda naqd pul muomalasi uchun zarur pul miqdorini aniqlash bo‘yicha olimlar tomonidan bugungi kungacha yaratilgan barcha nazariyalarni taxlil qilib chiqish mumkin emas. Lekin, Markaziy banklar tomonidan amalga oshirilayotgan zamonaviy naqd pul siyosatining negizini chuqurroq tushunish uchun ularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
Masalan, ingliz iqtisodchisi U. Petti (1623 – 1687) muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdori aholining bir haftalik pul daromadlari, yer ijarasi uchun to‘lanadigan haqning yarmi va barcha eksport qilinadigan tovarlar summasining to‘rtdan bir qismining yig‘indisiga teng bo‘lishi lozim deb hisoblagan.
Ingliz faylasufi J. Lokka (1632 – 1704) muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdorini ish haqining ellikdan bir qismi, yer ijara haqining to‘rtdan bir qismi va yillik tovar aylanmasining yigirmadan bir qismlarining yig‘indisi sifatida topishni taklif qilgan.
Ingliz iqtisodchisi R. Kantilon (1680 – 1734) muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdori mamlakatdagi mavjud mahsulotlar qiymatining to‘qqizdan bir qismi yoki yer ijarasi uchun to‘lanadigan haqning uchdan bir qismiga teng bo‘lishi lozimligini e’tirof etadi.
Shotland iqtisodchisi A. Smitt (1723 – 1790) ushbu ko‘rsatgichni aniqlash mumkin emas deb hisoblagan bo‘lsa ham, lekin ko‘pgina olimlar uni yillik umumiy ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatining beshdan, o‘ndan, yigirmadan va o‘ttizdan bir qismiga teng bo‘lishini ta’kidlaganlarini eslatib o‘tadi.
Agar, e’tibor berilgan bo‘lsa yuqorida sanab o‘tilgan nazariyalar klassik, ya’ni dastlabki monetarizmga taaluqli ekanligini sezish qiyin emas.
Zamonaviy monetarizm nazariyasining ilk namoyondalaridan bo‘lgan ingliz iqtisodchisi A. Marshall (1842 – 1924) muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdori aholining qo‘lida pul ushlab turish istagi va ulardan daromad ololmaslik xavfi bilan o‘lchanishini o‘rtaga tashlagan. Yoki, A. Marshall fikricha odamlar qo‘lidagi ortiqcha naqd pullardan hech qanday naf ololmaslik hissi muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pul miqdorini belgilashda asosiy omil bo‘lib hizmat qiladi.
Miqdoriy pul nazariyasining yorqin namoyondalaridan bo‘lgan mashhur ingliz olimi J. Keyns (1883 – 1946) ilk bor muomala uchun zarur pul miqdorini bank foizlari darajasi bilan bog‘liq ekanligini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Uning fikricha bank foizlari stavkasi tushib ketsa, odamlar pullarini banklarda saqlashdan ko‘ra o‘z qo‘llarida ushlab turishni ma’qul ko‘radilar va muomalada pulga bo‘lgan talab oshib boradi. Agar, bank foiz stavkasi ko‘tarilsa, odamlar qo‘lidagi pullarini daromad olish maqsadida banklarga qo‘yishdan manfaatdor bo‘ladilar va muomalada pulga bo‘lgan talab pasayib ketadi. Ko‘rinib turibdiki, J. Keynsning pulga bo‘lgan talabni aniqlash ta’limoti uchun “foizlar nazariyasi” asos bo‘lib xizmat qilgan.
Shundan kelib chiqqan holda J. Keyns, muomala uchun zarur bo‘lga pul miqdori mamlakat milliy boyligining o‘ndan bir qismidan tortib to ellikdan bir qismigacha bo‘lgan oraliqda o‘lchanishi mumkin deb hisoblagan. J. Keynsning bu fikrini inkor qilib bo‘lmasada, lekin uning nazariyasiga ko‘ra muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pulning aniq miqdorini aniqlash mumkin emas edi.
Shu sababli, naqd pul muomalasini samarali boshqarish usullarini qidirish bo‘yicha ilmiy ishlar muntazam davom ettirilgan va iqtisodchi olimlar tomonidan pul miqdorini aniq ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha bir qancha yangi nazariyalar yaratildi.
Bulardan diqqatga sazovorlisi, ikki amerikalik olim U. Baumol va J. Tobinlar tomonidan bir – biriga bog‘liq bo‘lmagan holda yaratilgan “portfel tanlovi” nazariyasidir.
Ushbu nazariyaga asosan bitimlarni amalga oshirish uchun naqd pulga bo‘lgan talab odamlarning kassa shaklida (qo‘lida) saqlanadigan naqd pullar bo‘yicha vujudga keladigan alternativ xarajatlarini (bank foizlari sifatida olinishi mumkin bo‘lgan daromadlarini yo‘qotilishi nazarda tutilmoqda) hisobga olgan holda aniqlanadi. Yoki, mualliflar yil davomida baholar barqaror va xarajatlar bir xil bo‘lgan hollarda, odamlar rejalashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish uchun qancha naqd pullarni o‘z qo‘lida saqlab turishlari maqsadga muvofiq ekanligini aniqlashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan va uni quyidagi formula orqali ifodalashgan:
N= /2F
Bunda:
N – bankka tashriflar soni;
F – har bir tashrifning xarajatlari qiymati;
Y – qo‘ldagi naqd pullar miqdori (aniq kassa qoldiqlari);
i – omonat bo‘yicha to‘lanadigan bank foiz stavkasi.
Bunga ko‘ra, bankka tashriflar soni oshgan sari xarajatlar ko‘payadi va odamlar qo‘lidagi pul miqdori oshib boradi, ayni paytda esa bankdan olinishi mumkin bo‘lgan foizlar ko‘rinishidagi daromadlar kamayib boradi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida bizning Respublikada ham boshqa barcha sobiq ittifoqdan ajralib chiqqan mamlakatlar qatori muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdori sobiq “SSSR Davlat banki” qo‘llagan kassa rejasini tuzish usuli bilan aniqlanib keldi. Ma’lumki, ma’muriy buyruqbozlik boshqarish usuliga asoslangan sotsialistik jamiyatda ishlab chiqarilgan tovarlar va pulli hizmatlar narhi hamda unga asosiy qarama – qarshi ko‘rsatgich bo‘lgan ish haqi miqdori deyarli o‘zgarmasdi. Bu esa, bank kassalaridan beriladigan va kelib tushadigan naqd pullar miqdorini aniq belgilash imkonini berardi.
Bozor iqtisodiyoti munosabatlari to‘la shakllanib ulgurmagan sharoitda bizning Respublikada ham kassa aylanmalarini homcho‘t qilish orqali naqd pul muomalasini tartibga solish usulidan foydalanilmoqda. Tijorat banklari kassa aylanmalarini xom – cho‘ti faqat choraklik davrlar uchun qo‘llanilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki naqd pulga bo‘lgan talab va taklifni o‘rganish maqsadida statistika organlaridan olingan ma’lumotlarga asosan quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
xalq iste’mol mollarining umumiy hajmi, turlari bo‘yicha ishlab chiqarilishi, chiqarilayotgan mahsulotlar aholi talablariga mos bo‘lishi borasida doimiy monitoring olib boradi, tayyor sanoat mahsulotlarining qoldig‘ini, savdoning ahvoli va tovar zahiralarining holatini, chakana savdo tarmog‘idagi tovar zahiralari tarkibini tovar aylanmasining mo‘ljaldagi hajmining bajarilishini tahlil qiladi;
aholining tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji qanday qondirilayotganini o‘rganadilar hamda ana shu o‘rganish natijalaridan aholining to‘lovga qobil talabini qondirishni yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
pul muomalasining holatini hamda uning tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish asosida tegishli idoralar bilan birgalikda pul muomalasini barqarorlashtirish, tashkilotlarning naqd pulga bo‘lgan ehtiyojlarini uzluksiz qondirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqib, joylardagi davlat boshqaruv organlari muhokamasiga qo‘yadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |