4. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartiblashning chora-tadbirlari. Keyns
investitsiyani rag’batlantirish to’g’risida.
J.M.Keyns ta’limotidagi asosiy yutuqlardan biri shundan iboratki, unda
iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solib turishning zarurligi ko’rsatib berildi. Bu
erda shu narsani aytib o’tish joizki, J.M.Keynsdan oldingi iqtisdchilar (D.Rikardo,
A.Pigu, K.Viksell) ham bu borada nazariya yaratganlar. Ammo J.M.Keyns nazariyasi
uning o’tmishdoshlari va zamondoshlari nazariyalaridan shu bilan farq qiladiki, u
ishsizlik va ortiqcha ishlab chiqarish inqirozlari tasodifiy, o’z-o’zidan yuaga
keladigan hodisalar emas, balki kapitalistik bozor mexanizmi harakati tug’diradigan
hodisalar ekanligini isbotlagani holda, birinchi marta iqtisodiyotni davlat tomonidan
muntazam, uzluksiz ravishda tartibga solib turish zarurligini e’lon qildi. J.M.Keyns
nazariyasining asosiy xususiyati shundan iboratki, u birinchi bo’lib makroiqtisodiy
davlat tartiblashi foydasiga asosiy dalillarni bayon qilib berdi, bunda u hukumron
bo’lgan tartiblashning mikroiqtisodiy yondashuvini rad etdi. Firmaning
(mikroiqtisod) rivojlaanishi sharoiti bir butun milliy iqtisodiyotning (makroiqtisodiy)
rivojlanish sharoitini belgilab berolmasligini ko’rsatib berdi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartiblashning keynscha nazariyasi uch asosiy
holatni o’z ichiga oladi: birinchidan, o’z-o’zidan harakatga keladigan bozor
mexanizmiga baho beriladi; ikkinchidan, iqtisodiyotning boshboshdoqlik asosida
rivojlanishi jarayonida bo’ladigan qiyinchilik va ziddiyatlarning sabablari talqin
qilinadi; uchinchidan, kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida iqtisodiyotni
tartiblash tadbirlari tizimi belgilanadi.
J.M.Keyns klassiklarning iqtisodiyotning o’zini-o’zi tartiblash mexanizmini
tanqid qilib, bozor iqtisodiyotida bunday mexanizm amal qilmasligini, iqtisodiyotni
davlat yordamida tartiblash mumkinligini ko’rsatib, «davlat iste’molga bo’lgan
moyillikka o’zining rahbarlik ta’sirini qisman muvofiq ravishdagi soliq tizimi,
qisman foiz normasini belgilash yo’li bilan va ehtimol, boshqa usullar bilan
o’tkazishi lozim bo’ladi», deb yozadi.
J.M.Keyns fikriga ko’ra, iqtisodiy jarayonlarni davlat tomonidan
tartiblanishining samaradorligi davlat investitsiyalari yordamida vositalarni
qidirishga, aholining to’la ish bilan bandligiga erishishga, foiz normasini pasaytirish
va belgilashga bog’liq. Uning ta’kidlashicha, davlat investitsiyalari ular etishmay
qolgan sharoitda qo’shimcha pul chiqarish bilan kafolatlanishi (byudjet
kamomadidan qo’rqmagan holda) kerak, kamomad esa ish bilan bandlikning o’sishi
va foiz normasining pasayishi bilan bartaraf etiladi. Boshqacha aytganda, J.M.Keyns
kontseptsiyasi bo’yicha, ssuda foizi qancha past bo’lsa, investitsiyalarga bo’lgan
qiziqish shuncha yuqori bo’ladi, bu o’z navbatida ish bilan bandlikni oshiradi,
ishsizlikni tugatishga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |