14.2.Ekologik turizmning mohiyati. Ekologik turizmning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni
Ekologik turizm o‘tgan asrning oxirlaridan boshlab jahon turizmi industriyasiga asta-sekin kira boshladi. Butunjahon turizm tashkilotining ma’lumotlari bo‘yicha keyingi besh yilda ekologik turizmda turistlar oqimi tobora ko‘payib borayotganligi haqida hisob – kitob natijalari keltirilgan. Ushbu turizm yo‘nalishida janubiy YYevropa, Janubiy – sharqiy Osiyo, kichik Osiyo, Xitoy va Afrika qit’asidagi davlatlar oldingi o‘rinlarda borishmoqda.
Albatta, qayd qilingan geografik tabiiy manzillar betakror tabiat mintaqalar bo‘lib, doimiy bahor va yoz iqlimiga ega bo‘lgan davlatlarning tabiatdagi biologik xilma-xillik resurslari, sharoitlari bu mintaqalarda yil davomida turistlar oqimining ko‘payishini ta’minlaydi, imkoniyatlar yaratadi. Hozirgi kunga kelib jahonda ekologik turizm jadal suratlar bilan rivojlanib borayotgan turizm sohalaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlagandek «Go‘zal geografik va tabiiy sharoitlar Respublikamiz hududida ekologik turizmni rivojlantirish uchun g‘oyat qulaydir. Bu borada mamlakatning tog‘li hududlarida joylashgan, zamonaviy jihozlangan sayyohlik majmualarida qishki va noyob sayyohlik dasturlari tashkil etilgan. Sayyohlikning yangi yo‘nalishi-yirik qo‘riqxonalar va bog‘lar xududida tashkil etilgan tabiatshunoslik turizmi rivojlanmoqda»32.
14.3.Xorijiy ekoturizm bozori
Darhaqiqat, O‘zbekistonda ekologik turizm rivojlanib borishining yana bir sababi turist o‘zi qiziqgan tabiat va uning tabiiy sharoiti, biologik resurslari bilan tanishibgina qolmasdan, bu tabiat bag‘rida dam oladi, tabiat go‘zalligini chuqur his qiladi. Uning resurslarini avaylash xohish-istagi paydo bo‘ladi. Respublikamizning ekologik turizm salohiyatini hisobga olganimizda ekologik turizmni rivojlantirishning asosiy resurslari – 4 faslli tabiat mavsumlari, o‘zining ekologik tizimlariga ega bo‘lgan 5 ta tabiiy landshaft bio-xilma-xilliklarida endemik (faqat O‘zbekiston tabiatida) turlarning mavjudligidan iborat. O‘zbekistonning ekologik turizmdagi resurslar salohiyatiga alohida to‘xtalganimizda, quyidagi ekoturizm manbalarini keltirish, tavsiflash masalaga ravshanlik kiritadi.
O‘zbekiston 3,8 mln. gektarga ega bo‘lgan ovchilik – baliqchilik yer maydonlariga ega, ulardan 1 mln. gektarini suv fondi tashkil etadi. Respublikamiz faunasi 97 turdagi o‘txo‘r hayvonlar, 424 turdagi qushlar, 58 turdagi sudralib yuruvchilar va 83 tur baliqlarga ega. Bulardan, O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobiga» o‘txo‘r hayvonlarning 24 turi, qushlarning 48 turi, sudralib yuruvchilarning 10 turi, baliqlarning 18 turi va 78 turdagi umurtqasizlar kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti ma’lumotlari bo‘yicha, O‘zbekistonda hozirgi kunda 4148 tur o‘simliklar mavjud. Shulardan, 3000 turlari oliy, yovvoyi o‘suvchi o‘simliklar, ulardan 9 foizi endemiklardan iborat. O‘zbekiston hududining muhofaza etilayotgan tabiiy hududlar tarkibida 2164 km2 ni tashkil qilgan 10 ta davlat qo‘riqxonasi, 6061 km2 ni tashkil etgan 2 ta milliy bog‘ va noyob turlarga kiruvchi hayvonlarni ko‘paytirish respublika markaziy – «Jayron» ekomarkazi, 12186 km2 maydonni tashkil etgan 17 ta davlat buyurtmaxonalari mavjud.
Keltirilgan ma’lumotlarga qo‘shimcha qilib qayd qilish mumkinki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning o‘rtasida, ekologik turizmning rivojlanishi uchun qulay transport, geografik hududlarida joylashgan. Ekspertlarning ma’lumotiga qaraganda ekoturizm sayyohlik bozorining 10-20 %ini qamrab olgan, o‘sish sur’ati esa umumiy turizm industriyasining o‘sish sur’atidan 2 – 3 marotaba oshib ketdi. Shuning uchun ham bugungi kunda ekologik turizmni rivojlantirish asoslarini va ekologik resurs maskanlariga turistik marshrutlar tuzishning uslubiy asoslarini ishlab chiqish zarur bo‘lmoqda.
O‘zbekistonlik ekolog olimlarning fikricha, – ekoturizm ma’rifiy-ma’naviy tushunchalar ostida ekoturistlarning ekzotik tabiiy hududlarga, ularning hayvonot va o‘simliklar dunyosiga, tabiiy hududlarning tarixiy yodgorliklariga, arxeologik topilmalariga, geologiyasiga, paleontalogiya qoldiqlariga sayohatlari kabi tabiat bilan bog‘liq majmualar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |