Bog'liq 9727c5622144c61c3c285aca34f7d484 Buxgalteriya hisobi II qism.
32.9-rasm. Bozorda harakat qiladigan o‘zaro raqobatlashuvchi iqtisodiy sub’ektlar Korxonalar o‘z biznes faoliyatini tashkil qilishda mol yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi zarur axborotlarni hisobga olishi zarur. Mol yetkazib beruvchilar korxonalar faoliyatiga yetkazib beriladigan mahsulotlarni bahosi va sifatining maqbulligini ta’minlash orqali ta’sir ko‘rsatadi.
Bu omillarning ta’sir darajasi quyidagi holatlar bilan belgilanadi:
etkazib beriladigan o‘rinbosar mahsulotlarning yo‘qligi;
mol yetkazib beruvchilarning faoliyat doirasi (yirik yoki kichik korxona);
sotuvchi-mol yetkazib beruvchi tizimida xaridorlarning hissasi (agar bu hissa yuqori bo‘lmasa, sotuvchi baholarni oshirishi yoki mahsulot sifatini pasaytirishi mumkin).
Biznesni boshqarishga ta’sir etuvchi mijoz va xaridorlarning o‘zaro aloqasi omili korxonalarga bozorda mustahkam o‘rin egallash uchun distribterlik tizimini ishlab chiqishni talab qiladi. Mijoz va xaridorlarning korxona faoliyatiga ta’siri mahsulot (tovar, ish va xizmat)lar bahosini pasaytirish va ularning sifatini oshirish bilan bog‘liq.
Ushbu omillarning ta’sir darajasi quyidagilar orqali ifodalanadi:
mijoz va xaridorlarning zarur axborotlar bilan ta’minlanganligi;
mahsulot (tovar, ish va xizmat)larning xaridor uchun nafliligi va h.k.
Bozorda o‘rinbosar tovarlarning paydo bo‘lishi an’anaviy, zamonaviy talablarga javob bermaydigan tovarlarni siqib chiqaradi. Shuningdek, bu holat bozorda raqobat muhitini shakllantiradi va korxona biznesini boshqarishga yangi talablarni qo‘yadi, jumladan:
mahsulot (tovar)larning yangi turini ishlab chiqarishni taqozo etadi;
faol marketing tadqiqotlarini olib borish, tovarlar reklamasini samarali yo‘lga qo‘yish zaruriyatini yuzaga keltiradi;
mahsulot (tovar)larning bahosini pasaytirish orqali ularning raqobatbardoshligini ta’minlashni talab qiladi;
xaridor (mijoz)larga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish, iste’molchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni taqozo qiladi.
Yuqorida ta’kidlangan omillar korxonalarda biznesni markazlashtirilmagan holda boshqarishni tashkil etish va istiqbolli rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi biznesni samarali amalga oshirishda korporativ boshqaruvni joriy etish maqsadga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Korporativ boshqaruv tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi tuzilmalarning shakllanishi yirik va o‘rta korxonalarni vujudga kelishi bilan bog‘liq iqtisodiyotni kapitalizatsiyalash jarayonining boshlanishidir. Korporativ boshqaruvning asosini korporatsiya, xolding kabi tuzilmalar tashkil etadi.
«Korporatsiya» (lot. corporatio - birlashma) biznesni tashkil etishning maxsus shakli bo‘lib, u umumiy maqsadlarga erishish, birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun birlashgan va huquqiy mustaqil sub’ektlar yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Ko‘pchilik hollarda korporatsiyalar aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi va menejerlar tomonidan boshqariladi.
Korporativ boshqaruv konsepsiyasi dastlab Britaniyada 19-asrda ishlab chiqilgan. Korporativ boshqaruvning o‘ziga xos jihatlari quyidagilardan iborat:
korporativ boshqaruv tuzilmasi ko‘p pog‘onali bo‘lib, nisbatan murakkabligi bilan ajralib turadi;
boshqaruv jarayoniga (strategiyasi va taktikasi) tegishli mexanizm orqali (aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi) ta’sir eta olish imkoni mavjud;
mulkdorni korxonaga egalik qilishi, biroq, uning korxonani joriy boshqarishga bevosita aralasha olmasligi;
ishlab chiqarishni boshqarish yollanma boshqaruvchilar tomonidan amalga oshirilishi, aksiyadorlarga esa nazorat qilish funksiyasi yuklatilishi;
aksiyadorlarning soni cheklanmaganligi, bu holat yirik investorlarga korxona boshqarish va nazorat qilish imkonini beradi.
Korporativ boshqaruv tuzilmalarining mohiyatini tushunish uchun aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organi mazmuniga to‘xtalib o‘tish zarur. Chunki, mazkur tuzilmalarning asosini aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etadi.
Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining umumiy tashkiliy tuzilmasi 3-ilovada keltirilgan.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining oliy organi bo‘lib, u kamida bir yilda bir marta chaqiriladi. Bu organ korxona rivojlanish strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi, mavjud qonunchilik doirasida korxonani boshqarishning qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Umumiy majlislar oralig‘idagi muddat ichida aksiyadorlarning huquqlarini himoya qiluvchi va Nizomda nazarda tutilgan vazifalarni bajaruvchi Kuzatuv kengash tuziladi. Kengash a’zolari yillik majlisda aksiyadorlar safidan saylanadi. Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining a’zolari Kuzatuv kengashiga a’zo bo‘la olmaydi.
Aksiyadorlik jamiyatining boshqaruvi (ijro organi) yoki Nizomda ko‘rsatilgan boshqa idoralar aksiyadorlik jamiyatining ijroiya organi hisoblanib, jamiyat faoliyatini tashkil qiladi va uning faoliyati yakunlari bo‘yicha yig‘ilishga yillik hisobotni taqdim etadi.
Aksiyadorlik jamiyatining Nizomiga muvofiq tayinlanadigan yoki saylanadigan boshqaruv raisi boshqaruv ishiga rahbarlik qiladi. Boshqaruv raisi ishonch qog‘ozisiz jamiyat nomidan faoliyat ko‘rsatishga haqlidir.
Aksiyadorlar safidan saylanuvchi taftish komissiyasi jamiyat boshqaruvining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini nazorat qiladi. Taftish komissiyasining a’zolari jamiyatning ijroiya organi tarkibiga kira olmaydilar.
Aksiyadorlik jamiyati har yili kamida bir marta o‘zining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishga majburdir.
Jahon tajribasi boshqaruvni tashkil qilishning aksiyadorlik shakli yuqori samaraga ega ekanligini isbotlaydi.
Korporativ shaklidagi tuzilmalarning rivojlanishini tahlil qilishda ularning afzallik va kamchilik jihatlarini inobatga olish zarur (32.4-jadval).