Kolostomiyani parvarishlash Axlatli oqma (kolostoma) – bu notabiiy orqa teshik bo’lib, axlat massalarini chiqarish uchun xizmat qiladi. Asosan chap yonbosh sohaga qo’yiladi.
Maqsad. Kolostoma atrof terisini yallig’lanishini oldini olish.
Ko’rsatma. Har gal axlat kelgandan keyin tozalash maqsadida.
Kerakli anjomlar. Steril doka salfetkalar va paxta shariklar; steril pinset, shpatel; qaychi; steril vazelin moyi; sink mazi yoki Lassar pastasi; 3 % vodorod peroksid eritmasi; 96% spirt; steril va ishlatilgan shariklar uchun buyraksimon tog’orachalar.
Kolostomiyani parvarishlash texnikasi Muolaja rezina qo’lqopda bajariladi.
Tog’oraga bir nechta sharik solinadi va vodorod peroksid quyiladi.
Sharik pinset bilan olinadi, kolostoma atrof terisi pereferiyadan ichak teshigi tomon tozalanadi. Tozalash bir necha bor takrorlanadi.
Kolostoma atrof terisi spirtli sharik bilan artiladi.
Kolostoma atrofiga shpatel bilan qalin qilib maz yoki pasta surtiladi.
Kolostomaga vazelin bilan namlangan salfetka, ustidan yana paxta bilan salfetka qo’yiladi.
Bog’lam bint bilan yoki bandaj, maxsus tasma bilan mahkamlanadi.
Izoh. Maz yoki pasta terini ichak hosilasi bilan zararlanishi oldini olar ekan, uni har kuni artib tashlash kerak emas. Aksincha ustiga har kuni yangidan surtish lozim. Bu maz juda ifloslanib ketsagina artib tashlanadi va o’rniga qayta surtiladi.
Tsistostomani parvarishlash Tsistostoma – siydik qopini qov usti sohasi oqmasidir va siydik qopi, siydik yo’llari jarohatida, prostata bezi gipertrofiyasida, chanoq a’zolari funksiyasi buzilishi bilan kechuvchi orqa miya jarohatlarida qo’yiladi.
Maqsad. Tsistostoma atrof terisi yallig’lanishini oldini olish.
Ko’rsatma. Har kuni siydik qopini yuvgandan so’ng.
Kerakli anjomlar. Furatsilinning 1:5 000 eritmasi, kumush nitratning 1:5 000 yoki kaliy permanganatning och-pushti rang eritmasi; 3 % vodorod peroksid eritmasia; 96% spirt; Jane shpritsi; steril pintset; steril paxta shariklar va doka salfetkalar; siydik yig’gich; suvli hammom idishi; siydik yig’ish uchun konteyner; leykoplastir yoki maxsus teshikli kamar; rezina qo’lqop.
Tsistostomani parvarishlash bosqichlari: Siydik qopiga oqma orqali Petsser yoki Maleko kateteri o’tkaziladi. Bu kateterlar uchida kengayish bo’lib, tushib ketishini oldini oladi. Manipulyatsiya rezina qo’lqopda bajariladi.
Furatsillin yoki kumush nitrat eritmasi idishdagi suvli hammomda +38 °S isitiladi va Jane shpritsiga 100-150 ml olinadi.
Kateterga Jane shpritsi ulanadi va siydik qopi antiseptik eritma bilan yuviladi, siydik yig’gichga chiqariladi.
Siydik yig’gich konteyner yuviladi yoki yangisiga almashtirib kateterga ulanadi.
Kateter atrofi perikis vodorodga namlangan paxta bilan artiladi.
Tsistostoma atrof terisi spirt bilan artiladi.
Quruq aseptik bog’lam qo’yiladi. Bunda salfetka o’rtasigacha kesiladi va kateter atrofidan aylantirib joylashtiriladi. Ustidan ikkinchi salfetkani ham shunday kesib qarama-qarshi tomondan qilib joylashtiriladi.
Salfetkalar leykoplastir yoki bandaj bilan mahkamlanadi.
Izoh. Tsistostomadan (epitsistostoma) siydik yaxshi chiqishi uchun bemorni yon tomonga aylantirib turish tavsiya etiladi.