5.2. Investitsiya muhitini baholash usullari
Har qaysi investor ma’lum bir mamlakat va uning hududiga investitsiya kiritishdan avval o’sha mamlakat va hududning investitsiya muhitini baholash, uning jozibadorligini aniqlashga kirishadi. Albatta, bunda yuqorida ko’rib o’tilgan omillar o’rganiladi, tahlil qilinadi va shu asosda investitsiya qarorlari qabul qilinadi.
Xorijiy investor uchun yuqorida qayd qilingan barcha omillar muhimdir. Shuning uchun ham rivojlangan ko’pgina mamlakatlarda investitsiya loyihalarini baholaydigan, investitsiyalar qo’yilishiga talab bo’lgan davlatlarning investitsiya muhitini o’rganadigan va aniq xulosa va ma’lumotlarni investorlar uchun taqdim etuvchi maxsus firmalar, tashkilotlar mavjuddir. Masalan: Shvetsariya, Germaniya kabi qator mamlakatlarning nufuzli axborot xizmatlari davlatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy holatini baholash uchun har biri «0» dan «4» gacha bo’lgan (0-qoniqarsiz va 4-o’ta qulay) 4 balli shkala bo’yicha baholanadigan 15 ta muhim ko’rsatkichni hisobga oladigan «BERI»49 (business environment risk index)ni qo’llaydi.
Quyidagi 5.1-rasmda ular investitsiya qarorlarini qabul qilish bo’yicha ahamiyatidan kelib chiqib aks ettirilgan.
5.1-rasm. Xorijiy investitsiyalar uchun hudud jozibadorligini (maftunkorligini) baholashning BERI indeksi
5.1-rasmdan ko’rinadiki, «BERI» indeksiga kirgan ko’rsatkichlar orasida siyosiy barqarorlik (0,12 ball) eng katta ahamiyatga ega. Tahlillar ko’rsatishicha, G’arb ekspertlari, aynan, harbiy harakatlar yoki ichki vaziyatning keskinlashuvi yuz bergani bois, shuningdek, iqtisodiy va siyosiy nobarqarorlik tufayli Gruziya, Moldava va Tojikistonga reytinglarda so’nggi o’rinlar berishgan, ya’ni ular «BERI» indeksining eng past ko’rsatkichi darajasiga ega.
Mazkur usulning mohiyati shundaki, obro’li ekspertlarni50 tanlash asosida va ularga 5 balli (0 dan 4 ballgacha va ularning yig’indisi 1 ga teng) shkalada 15 ta asosiy mezonlar bo’yicha mamlakat riskini baholash taklif etiladi. Ushbu usulda baholash mezonlari va ularning qiymatlari quyidagilardan iborat51:
– siyosiy barqarorlik (0,12);
– xorijiy investitsiyalarga bo’lgan munosabat (0,06);
– milliylashtirilishi xavfi (0,06), agar mamlakat qonunchiligida mulkni haq to’lamasdan ekspropriatsiya qilish ko’zda tutilgan bo’lsa, 0 ball qo’yiladi;
– valyutaning devalvatsiya qilinish ehtimoli va darajasi (0,06);
– to’lov balansining holati (0,06);
– biznesning byurokratlashish darajasi (0,04);
– iqtisodiy o’sish sur’ati (0,1);
– valyutaning erkin almashinuv darajasi (0,1);
– shartnoma majburiyatlarini bajarish soni (0,06);
– mehnat unumdorligi darajasi va ish haqi xarajatlari (0,05);
– yuridik va marketing maslahatlarini olish, malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati (0,02);
– aloqa va transportni tashkil qilish (0,04);
– davlat organlari va jamoat tashkilotlarining munosabatlari (0,04);
– qisqa muddatli kreditlarni olish shartlari (0,08);
– uzoq muddatli kreditlar, xususiy kapitalni olish, foydalanish shartlari (0,08).
Umuman olganda, «BERI» xizmati bu borada katta obro’ qozongan tashkilotdir. Mazkur tashkilot kapital import qiluvchi mamlakatlardagi investitsiya muhitini tahlil qilib, investitsiyalarning risklilik darajasini aniqlab beradi. «BERI» xizmati matbuotlar orqali turlicha indekslar bilan investorlarning xorijiy mamlakatlarga investitsiya qo’yishining xavf-xatarlilik, risk darajasini aniqlab beradi. Hozirda bu xizmat ko’rsatuvchi tashkilot 55 dan ortiq kapital import qiluvchi mamlakatlardagi investitsiya muhitini 15 ta ko’rsatkichni qamrab oluvchi mezon (ball) bilan baholamoqda. Bunda mamlakat investitsiya muhiti qanchalik yuqori ballga ega bo’lsa, u shunchalik barqaror mamlakat hisoblanadi. Bu ball indekslarini hisoblashda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy omillar ta’siri ham hisobga olinadi. Bu tashkilot faqatgina hozirgi joriy davrnigina emas, balki istiqbolda kutilayotgan o’zgarishlarni ham baholaydi.
Bir vaqtning o’zida, investitsiyalar samaradorligini aniqlash ularni safarbar etishning istiqbollarini bashoratlashda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, iqtisodiyot bo’yicha investitsiyalar taqsimotining to’g’ri yo’nalishlarini aniqlab olishga imkon beradi. Shu maqsadda foydalaniladigan ICOR (incremental capital-output ratio) koeffitsienti asosiy kapitalga qo’yilgan mablag’larning kelgusi yilda YaIMning o’sishiga ta’sirini aniqlashga imkon beradi va YaIMda investitsiyalar salmog’ining keyingi yildagi YaIMning qo’shimcha o’sish sur’atiga nisbatini ifodalaydi.
ICOR koeffitsienti investitsiya resurslarining samarali ishlatilishini belgilab beruvchi ko’rsatkich hisoblanib, u qanchalik kichik bo’lsa, shunchalik ahamiyatli hisoblanadi va aksincha52.
Investitsiyalar iqtisodiy o’sishni ta’minlash bilan birga kelgusida investitsiyalash manbalarini yaratish uchun ham xizmat qiladi. Shu sababli yalpi investitsiyalarning YaIMga nisbatan ulushi YaIMning o’sish sur’atidan 4-8 marotaba ko’p bo’lishi lozim. Qolaversa, yalpi investitsiyalarning aholi jon boshiga to’g’ri kelgan miqdorini va uning o’tgan yilga nisbatan o’sish darajasini aniqlash investitsiyalar samaradorligini real baholashning muhim sharti hisoblanadi. Shuningdek, muayyan bir tarmoq bo’yicha yalpi investitsiyalarning samaradorligini aniqlashda joriy davrda tarmoqda band bo’lgan kishilar boshiga nisbatan to’g’ri kelgan o’rtacha investitsiyalar miqdorini hisoblash ham foydalidir.
ICOR = I : ∆YaIM (5.1),
bu erda: I – o’tgan yilda YaIMda investitsiyalarning ulushi; ∆YaIM – yalpi ichki mahsulotning o’tgan yilga nisbatan qo’shimcha o’sish sur’ati.
O’zbekiston iqtisodiyoti uchun ICOR ko’rsatkichi darajasini quyidagi jadval orqali ko’rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |