Maxsarsimon levzeya O‘zbekistonga 1955 yilda Leningradning botanika bog‘idan olib kelib ekilgan. O‘simlik yorug‘sevar, nisbatan qurg‘oqchilikka chidamliligi, sovuqqa bardoshliligi, o‘sib rivojlanish davomida issiqqa talabchan emasligi bilan ajralib turadi va 5°S darajagacha sovuqqa chidaydi.
O‘zbekistonning tog‘ va tog‘ oldi tuproqlarida yaxshi o‘sadi. Levzeya o‘simligi ko‘p yillik bo‘lgani uchun urug‘idan va ildizpoya qalamchalaridan ekib o‘stiriladi. Uni ekish uchun begona o‘tlardan tozalangan, o‘rtacha mexanik tarkibli yerlar tanlanadi. Undan tashqari almashlab ekish dalalarida joylashtirish yaxshi natija beradi. Ekishdan oldin yerlar organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirib 27—30 santimetr chuqurlikda haydab qo‘yiladi. Levzeyani bizning sharoitimizda erta bahorda ekish mo‘‘tadil muddat hisoblanadi. Ekishdan oldin yerlar chizellanadi va mola bilan tekislanadi. O‘simlik ekiladigan hududning ob-havo sharoitiga qarab martning oxiri aprelning boshlarida stratifikatsiya qilingan urug‘lar bilan oddiy usulda, qator oralarini 45—60 santimetrdan qilib, urug‘larni 2—3 sm chuqurlikda ekiladi. Gektariga 20—25 kg urug‘ sarflanadi.
Dala sharoitida maysalar 9—20 kunda unib chiqadi. Har bir metr yerda 20—25 ta o‘simlik qoldiriladi(yagana qilingandan keyin). Ekinlarni sug‘orishda tuproq tarkibidagi namlikni va o‘simlik holatini hisobga olib sug‘orish olib boriladi. Vegetatsiya davomida 8—9 marta sug‘oriladi. Ekinzorlar birinchi yili 50 kg azot, 30 kg fosfor va 20 kg kaliy bilan
oziqlantiriladi. Oziqlantirish sug‘orishdan oldin amalga oshiriladi. Mavsum davomida 4—5 marta kultivatsiya qilinib, begona o‘tlardan tozalanadi.
Ikkinchi yili o‘simlikning shonalash davrining boshlarida 40 kg azot, 30 kg fosfor va 20 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlan-tiriladi. Mavsum davomida 6—7 marta sug‘oriladi. 2—3 sug‘orishdan so‘ng o‘simlik oralari yumshatiladi. O‘simlikni gullash fazasida gektar hisobida 50 kg azot va 30 kg kaliy o‘g‘iti berib oziqlantirishni tugatiladi va uning rivojlanishi yanada tezlashadi. Levzeya o‘simligi rivojlanish davrida, ayniqsa gullash fazasida oziqa moddalarni ko‘p talab qiladi. SHularni hisobga olib vegetatsiya davomida 80—90 kg azot, 70—80 kg fosfor va 50 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirilsa rivojlantirilgan xomashyoni yig‘ib olish mumkin bo‘ladi.
Maxsarsimon Levzeyani vegetativ yo‘l bilan ko‘paytirishda o‘simlik 3 yoshli bo‘lganida har tukini 2—3 qismga bo‘lish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda o‘simliklarning yashovchanligi 80—95 foizni tashkil etishi kerak. Uning mavsum davomidagi parvarishi yuqorida bayon etilganlardan farq qilmaydi. O‘simlikning barcha qismi xomashyo hisoblanadi. Ildiz tarmoqlari mavsum oxirlarida tez rivojlanadi. SHuning uchun o‘simlik ildizlari kech kuzda yig‘ib olinishi kerak.