O‘zbekistonning sug‘oriladigan yerlarida o‘sadigan kanakunjut bo‘yi 2 metrga yetadigan o‘t tariqasidagi bir yillik o‘simlik hisoblanadi. O‘zining vatanida ko‘p yillik, bo‘yi 10 metrga yetadigan daraxt, Euphoreiaceae oilasiga mansub. Sovuqqa juda chidamsiz, tabiiy holatda tropik va subtropiklarda (Afrika va Osiyo) o‘sadi.
Qadimgi Misrda miloddan avval 7- asrda ham ma’lum bo‘lishi aniqlangan. Issiqsevar bo‘lgani uchun maysalari — 1°S da, katta o‘simliklar esa —3—4°S sovuqda nobud bo‘ladi. Kanakunjutni Respublikamizning janubiy viloyatlarida va samaradorlik harorati yuqori, suv yetarli bo‘lgan yerlarga o‘stirish maqsadga muvofiqdir.
Uning o‘sish davri 120—150 kun. O‘zbekistonda asosan „Xersonskaya- 10“ navi ekiladi.
Kanakunjutni kuzgi don ekinlaridan bo‘shagan yerlarga ekish tavsiya etiladi. Kanakunjutni ekish uchun yerlarni kuzda 27—30 sm chuqur haydab shudgor qilib qo‘yiladi. SHudgor oldidan gektar hisobiga 10—15 tonna chirigan go‘ng va 50—60 kg fosforli o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Erta bahorda yerlar boronalanadi va 1—2 marta kultivatsiya qilinadi. Tuproq harorati 10—12°S gacha isiganda ekish mumkin. Bu muddat aprel oylarining boshlariga to‘g‘ri keladi. Ekishdan oldin urug‘i TMTD ning 80%li eritmasi bilan ishlanadi (4 kg/t). Uni keng qatorlab ekiladi. Qator oralari 70 sm, ekish sxemasi 70 x 20 sm, urug‘ SUPN-8, SPCh-6 MF yoki makkajo‘xori va chigit ekiladigan seyalkalarda gektariga 50—80 ming dona unuvchan urug‘ ekiladi. O‘simlik tup soni 30—40 ming/ga, kam shoxlanadigan navlari uchun 50—60 ming/ga. Ekish chuqurligi 6—8 sm bo‘lishi lozim.
Begona o‘tlarga qarshi ekishdan oldin 2,4 D 500 (1,6—2,0 l/ga) bilan ishlanadi. Maysalanish boshlanganida qator oralariga ishlov beriladi va 2—3 marta sug‘oriladi. Gullash va mevalash fazasida ikki marta sug‘oriladi. O‘simlikda 4—5ta chin barg rivojlanganda asosiy poya va va yon shoxlarining uchlari chilpiladi. Bu o‘simlikning yaxshi rivojlanishini tezlashtiradi. Kanakunjutni o‘suv davrida 2—3 marta o‘g‘itlanadi. Birinchi o‘g‘itlash unib chiqqandan keyin gektariga 40 kg dan azot va 20 kg kaliy o‘g‘iti bilan o‘g‘itlagich kultivatorlar bilan o‘g‘itlanadi. Ikkinchi va uchinchi marta oziqlantirish gullash va meva hosil qilish davrida 50—60 kg azot, 20 kg fosfor va 30 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirishni tavsiya qilinadi. Kanakunjutni oziqlantirish sug‘orishdan oldin amalga oshiriladi. Umuman vegetatsiya davomida 90—100 kg azot, 70 kg fosfor va 50 kg dan kaliy o‘g‘itini qo‘llash uning o‘sishi, rivojlanishi tezlashadi va hosildorligi yuqori bo‘ladi. O‘simlikni bir vaqtda yetilishi uchun uni defolyatsiya qilinadi. Barglari 8—10 kundan keyin quriydi va to‘kiladi. O‘zbekistonning iqlim sharoitida kanakunjutni sun’iy ravishda bargini to‘kmasa ham u yaxshi yetiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |