Dorivor gulxayri ko‘p yillik o‘t o‘simlik bo‘lib, bo‘yi 3—4 yilda 2— 2,5 m ga yetadigan, ildizpoyasi yo‘g‘on, ildizi qalin etli, 1—2 metr chuqurlikkacha yetadi. Ildizpoyasi va o‘q ildizi birinchi yili oxirlaridayoq yog‘ochga aylanadi.
Olimlar tomonidan o‘tkazilgan ilmiy kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, dorivor gulxayri havoning quruqligiga va tuproqning qisqa muddatli qurishiga (ildiz tarmoqlari yaxshi rivojlanganligi tufayli) bardosh beradi. U shamolga va qishning sovuqligiga chidamli o‘simlik hisoblanadi. Dorivor gulxayri respublikamizda tarqalgan (sho‘rlangandan tashqari) barcha sug‘oriladigan tuproqlarda ekib o‘stirish mumkin. Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda o‘simlik 6—8 yil saqlanishi mumkin. SHu boisdan dorivor gulxayrini poliz, sabzavot ekinlaridan tozalangan yerlarga ekish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dorivor gulxayri o‘simligi ekiladigan maydonlar kuzda yer haydash oldidan gektariga 20—25 tonna organik o‘g‘itlar va 40—50 kg superfosfat o‘g‘iti bilan oziqlantirib 25—28 sm chuqurlikda haydab qo‘yiladi. Gulxayri urug‘i erta bahorda yoki kech kuzda ekiladi. Kuzda ekilganlarining unishi yaxshi bo‘ladi. Bahorda ekilgan o‘simlik qiyg‘och unishi uchun urug‘ 2—3 soatga 20—25 daraja issiq suvda ivitib qo‘yiladi. Keyin suv bir oz sovigandan so‘ng to‘shalgan brezent yoki bo‘z ustiga yupqa qilib yoyiladi, tez qurishi uchun tez-tez aralashtirib turiladi. Sochiluvchanlik xususiyatga ega bo‘lgandan keyin ekishga kirishiladi.
Urug‘larni sabzavot ekadigan seyalkalarda 1—2 sm chuqurlikda tuproqqa qadaladi. Egatlar oralig‘i 60—70 sm va o‘simlik oralig‘i 10—12 sm qilib ekiladi va gektariga 10—12 kg urug‘ sarflanadi. Unib chiqqan maysalarda 3—5 ta chin barg hosil bo‘lgach egatlar olinib ketma-ket sug‘orib turiladi. Mo‘‘tadil sharoitda dorivor gulxayri urug‘lari 8—10 kunda, tuproq namligi yetarli bo‘lmagan maydonlarda 18—20 kundan keyin unib chiqadi. Maysalar to‘liq unib chiqqandan keyin, ya’ni birinchi sug‘orishdan 7—10 kun o‘tgach yagana o‘tkaziladi va 1 metr yerda 8—10 ta sog‘lom o‘simlik qoldiriladi. O‘simliklarni bu darajada siyraklashtirish natijasida ularning o‘sishi va rivojlanishi tezlashadi. Ikkinchi va keyingi yillarda esa o‘simlikning bo‘yi 200—230 sm dan oshadi. Dorivor gulxayri ekilgan maydonlar birinchi yili 5—6 marta o‘toq qilinadi va oralari kultivatsiya yordamida yumshatiladi. Zaruratga ko‘ra o‘simliklar orasidagi begona o‘tlar qo‘l kuchi bilan tozalanadi. Gulxayri ekilgan maydon birinchi yili 8—10 marta sug‘oriladi.
Gulxayri mineral o‘g‘itlarga (ayniqsa azotli va fosforli) talabchan o‘simlik hisoblanadi.
Birinchi yili aprel-may oylarida sug‘orishdan oldin 80—90 kg azot, 60—70 kg fosfor va 30—40 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirish tavsiya etiladi.
Gulxayrining poyalari qirqilmay dalada qishda qoldiriladi. U qorni tutib qolishda yordam beradi. Ayniqsa eroziyaga uchraydigan yerlarga ekilgan dorivor gulxayri tuproqni yuvilishdan saqlaydi.
Erta bahorda qurigan poyalar daladan yig‘ib olingach, o‘simlik oralari kultivatorda ayni vaqtda har gektar yerga 50—60 kg dan azotli va fosforli o‘g‘itlar bilan (aprel oyining oxirlarida) oziqlantiriladi. Ikkinchi marta shonalash fazasida gulxayrining shox-shabbalari tutashib ketguniga qadar (iyun oxiri) 40 kg dan azot va 30 kg dan kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantiriladi. Mineral o‘g‘itlarni sug‘orishdan oldin amalga oshirishni tavsiya qilinadi.
Gulxayri hayotining ikkinchi yili (avgust oylarining boshlarida) meva tugadi. Urug‘lari poyasining 10 sm dan 230 sm gacha balandligida, asosiy qismi 60—80 sm oralig‘ida joylashadi.