Oddiy arpabodiyon yoki oq zira-ukrop hidi anqib turadigan bir yillik yoki ikki yillik o‘simlik bo‘lib, O‘zbekistonda tarqalgan barcha sug‘oriladigan yerlarda yoki lalmikor yerlarda ham o‘sadigan yorug‘sevar va qurg‘oqchilikka moslashadigan o‘simlik hisoblanadi. Arpabodiyon uchun haydab ekiladigan va kuzgi ekinlardan bo‘shagan yerlarni ajratish tavsiya qilinadi. Arpabodiyon ekiladigan yerlarni kuzda haydashdan oldin mahalliy o‘g‘itlar va superfosfat berib 25—28 sm chuqurlikda sifatli qilib haydab qo‘yiladi. Sizot suvlarining sathi chuqur va yog‘ingarchilik kam bo‘ladigan yerlarda azot o‘g‘itidan gektar hisobiga 20—30 kg berish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Arpabodiyon o‘simligini urug‘larini kuzda va erta bahorda ham ekish mumkin. Ekishdan oldin yer tekislanadi va begona o‘t qoldiqlaridan tozalanadi.
Urug‘ini mart oyining oxiri va aprelning boshlarida tuproq harorati 15—17°S bo‘lganda qator oralari 60—70 sm qilib 1—2 sm chuqurlikda sabzavot seyalkalari bilan gektariga 8—10 kg dan urug‘ sarflab ekiladi. Urug‘larni bir tekis ekilishi uchun yog‘och qipiqlari, qum yoki chirindiga aralashtirib ekish tavsiya qilinadi.
Bahorda ekilgan urug‘lar 6—8 kunda unib chiqadi. Kuzda ekilgan urug‘larning bir qismi sovuq tushguncha unib chiqadi va maysalari to‘pgulbarg tarzida qishlaydi. Saqlab qolingan ekinlardagi maysalarning bir qismi to‘pgulbarg holatida bo‘ladi va ikkinchi yili gullay boshlaydi. Arpabodiyonni yaxshi o‘sishi va rivojlanishi uchun uni yaganalash, begona o‘tlardan tozalash va oralariga ishlov berishdan boshlanadi. Birinchi kunlarda maysalarning sekin o‘sishi kuzatila boshlaydi va begona o‘tlar orasida qolib ketmasligi uchun yerlarni kultivatsiya va yumshatib turiladi. Arpabodiyon zich ekilganda yoki begona o‘tlar ko‘payib ketganda bahor seryomg‘ir kelganda o‘simliklarda zararkunanda va kasallik paydo bo‘lishini oldini olish kerak bo‘ladi. O‘simlik tuplarining zichligi bir metrga 10—15 donadan ortiq bo‘masligi kerak. Birinchi yili o‘simlikning ildiz tizimiga zarar yetkazmasdan ehtiyotkorlik bilan qator oralariga ishlov berish tavsiya qilinadi. Tuproqning namligi va o‘simlikning holatiga qarab sug‘orishni tabaqalab o‘tkazish lozim. Mavsum davomida 6—7 marta sug‘oriladi. Arpabodiyon o‘suv davrida, ayniqsa ildiz tizimining rivojlanish fazasida suvni ko‘proq talab qiladi.
Arpabodiyon o‘simligini maysalar unib chiqqandan keyin ularning yaxshi rivojlanishi uchun qator oralariga ishlov berish bilan bir vaqtda gektar hisobiga azot o‘g‘itidan 40 kg va 20 kg dan kaliy o‘g‘iti beriladi. O‘g‘itlarni 7—8 sm chuqurlikda solish tavsiya qilinadi. Ikkinchi oziqlantirish shonalash fazasida 30 kg dan azot va 20 kg dan fosfor o‘g‘iti berilganda uning o‘sishi va rivojlanishi yanada tezlashadi. Oxirgi oziqlantirish arpabodiyonning poyasi o‘sib, gullay boshlashi davrida gektar hisobida 40 kg dan azot va 20 kg kaliy o‘g‘iti beriladi. Bu davrda arpabodiyonning bo‘yi 2 metrgacha va undan balandroq bo‘lib, ko‘plab meva tuggan fazasiga to‘g‘ri keladi. Arpabodiyon meva tutgan fazasida oziqa elementlarga juda talabchan bo‘ladi. O‘simlikni oziqlantirish sug‘orishdan
oldin amalga oshirilishi kerak. SHularni e’tiborga olib mavsum davomida oddiy arpabodiyon ekilgan maydonlarga o‘rtacha gektar hisobiga 90—100 kg azot, 70—80 kg fosfor va 50—60 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirish tavsiya qilinadi.
Ikkinchi va keyingi yillarda arpabodiyon ekinzorlariga gektar hisobida 40 kg dan azot, 30 kg dan fosfor va 20 kg dan kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantiriladi. Keyingi yillari arpabodiyon ekilgan yerlarda uning ildiz poyalari birlashib ketishi munosabati bilan oralarini kultivatsiya qilish va o‘g‘itlash imkoniyati bo‘lmaydi. SHuning uchun argotexnik tadbirlarni shox-shabbalari birikib ketgunga qadar amalga oshirilishi tavsiya qilinadi.