II bob boʻyicha xulosalar
III BOB. ROBINDRANAT TAGOR IJODINING HINDISTON, POKISTON VA BANGLADESH IJTIMOIY FIKR RIVOJLANISHIGA TA’SIRI
Robindranat Tagor diniy - falsafiy konseptual dunyoqarashlarining Hindiston, Pokiston va Bangladesh mustaqilligi uchun ahamiyati
“Mening istagim - faqat ozodlik”, – degan edi mutafakkir. Uning ijtimoiy-siyosiy qarashlari diqqatga sazovordir. Uning ijtimoiy qarashlari ozodlik g‘oyalari va mustamlakachilarga nisbatan norozilik hislari bilan sug‘orilgan. Shu bilan birga faylasuf G‘arb sivilizatsiyasi erishgan yutuqlarni havas bilan tilga oladi. Uning ijobiy jihatlaridan o‘rnak olish kerakligini ta’kidlaydi. O‘rni kelganda ularni ayovsiz tanqid qiladi, ularga bo‘lgan nafratini yashirmaydi.
Aslida odamning bir xatti-harakatining o‘zida biz ko‘p qarama-qarshi tomonlarni ko‘rishimiz mumkin. Insonning tashqi xatti-harakatida ziddiyatday bo‘lib ko‘ringan narsa, ichki dunyosida shubhasiz qandaydir yashirin asoslarga ega bo‘ladi; demak, chin haqiqat negizi aniq va ravshanlikda emas, u chuqur joylashgan bo‘ladi; shu sababdan juda ko‘p bahs va ixtiloflar bo‘lib turadi va bir voqea bir-biriga tamomila zid ikki xil tariqada bayon qilinadi.
Tagorni san’atkor “tabib”, deb ta’riflash joiz. Uning asarlari inson ruhi xastaliklari va qalb jarohatlarini davolashga xizmat etishi bilan g‘oyatda e’tiborlidir. Tagor tushunchasida bosqinchilik yuzaga chiqargan “tashabbus”, kelgindilar olib kelgan tartib-qoidalar xalq axloqi va ma’naviy sog‘lig‘ini yemirib, hind ruhini majruhlantiradigan kasallikday narsalar edi.
Tagorning jamiyat haqida qarashlari dolzarb va bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. U Yevropada bo‘ldi, g‘arb madaniyati bilan yaqindan tanishdi. Dunyo mamlakatlari bo‘ylab sayohat qildi va ulardagi bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Tagor shunday bir tarixiy davrda yashadiki, bu vaqt yer yuzida kapitalizm rivojlana boshlagan, sotsializm va fashizm g‘oyalari kurtak ota boshlagandi. G‘arb mustamlakachilik siyosatiga, Hindistondagi Britan mamuriyatiga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘ldi. Hind jamiyatining qoloqligi, uni rivojlantirish haqida o‘zining ilg‘or g‘oyalarini ilgari surdi. Dunyoda bo‘layotgan voqealarga nisbatan befarq turmadi va o‘z munosabatini bildirdi. O‘zining ijtimoiy qarashlarida mustamlaka zulmidan qutulish, yer islohoti, sanoatni rivojlantirish, jamiyatda ayollar mavqei va ta’lim-tarbiya masalalarini ilgari surdi.
Rabindranat Tagorning ayniqsa jamiyat hayotiga doir qarashlari diqqatga sazovordir. Jamiyatning shafqatsiz qonunlari bo‘ladi. Unga ko‘ra esa, bir-biriga teng bo‘lmagan odamlar o‘rtasida bir-birlarining huquqda tengligini e’tirof qiluvchi odamlarga xos adolat, xayrixohlik va boshqa yaxshi fazilatlar ifodasi bo‘lmaydi. Juda ko‘p hollarda shunday bo‘ladiki, o‘z tengilariga xuddi uy hayvonlariga mehribonlik qilganday munosabatda bo‘ladiganlar o‘zidan past turadigan kishilarga yirtqich yo‘lbarsdek, timsoh yoki tog‘ burgutidek munosabat qiladilar.
“Har bir jamiyatning insonparvarlik to‘g‘risida o‘z tasavvuri bor. Faqat kutubxonada, faqat qiroatxonada emas, har bir uyda, har bir xonadonda, har bir oilada shunday tasavvur bor. Hammamizning sho‘rimiz qurigani shuki, bizning mamlakatimizda insonparvarlik g‘oyasi xastalikka chalinib qolgan, binobarin, uning ahvoli kundan-kun yomonlashib bormoqda”43.
Biz kundalik hayotda ko‘rgan narsalarimizni haqiqat deb qabul qilamiz va mavjud voqelikka nisbatan ishonch bildiramiz. Buning sababi voqelikning shunday ham ravshanligida bo‘lsa kerak. Lekin agar gap inson xususida borsa, juda ko‘p hollarda fazilatlaridan ko‘pchiligi bizga nomalum bo‘lgan kishilarni chin inson deb bilamiz. Biz uning ba’zi ishlarini ko‘ramiz-da, shu bilan uni yaxshi bilib oldik, deb o‘ylaymiz; shu sababdan, bir kishi faktlarga asoslanib ikkinchi bir kishini sof, olijanob deb hisoblaydi, boshqa bir kishi esa, xuddi o‘sha faktlarga qarab, o‘sha kishini iflos, xarom deb hisoblaydi. Mangoliyada Chingizxon millat qahramoni sifatida ezozlanadi, vaholanki, biz turkiylarning Temuchinga bog‘liq jihatlarimiz mangollarga qaraganda ko‘proq, deb hisoblashga asoslarim yetarli. Ikki daryo orasiga bostirib kelgan mo‘g‘ul qo‘shinining saflari turkiyzabon sipohlar bilan to‘la edi. Lekin biz Chingizni yovuz qiyofasini ko‘ramiz va uni vahshiyliklarini ko‘p tilga olamiz. Lekin hamma ham shunday fikrda deb yoza olmaymiz. Xususan bugungi kun hind tarixchilari Hindistonga bostirib kirgan fotihlardan ikkitasini alohida ta’kidlashadi. Ulardan biri Mahmud G‘aznaviy bo‘lsa, ikkinchisi Temur edi. Ularning Hindistonga tashrifi juda ko‘p qirg‘inlarga sabab bo‘lganligini va mislsiz talafotlarga sabab bo‘lgandi. Bir xil kishilar Napoleonni shaxsga sig‘inish darajasiga ko‘targan edilar, boshqa birovlar esa, uni yovuz deb bilardilar. Qadimgi Misrda firavnlar o‘zlarini xudo deb atashgacha borib yetgandilar. Hindistonda ba’zi bir kishilar Akbarni liberal-demokrat deb hisoblaydilar, boshqa birovlar bo‘lsa, Hindistondagi fuqarolar boshiga yog‘ilgan behad balolarga uni aybdor, deb biladilar. Hind jamiyatida shunday kishilar ham bo‘lganki, toifalar hind jamiyatini himoya qiladi deb hisoblaganlar, boshqa birovlar esa toifachilik usuli sha’nimizga dog‘ tushirdi deydilar. Ular ham, bular ham faktlarni dalil keltiradilar.
“Yevropalik millatlar Yevropada qanchalik madaniy, olijanob va odil bo‘lsalar, Yevropadan tashqarida ular hamma shu fazilatlardan mahrumdirlar – hozirgacha bunga dalil-isbotdan ko‘pi yo‘q”44.
Tagor ingliz mustamlakachilariga qarshi kurash quroli tarzida ikki narsaga qayta-qayta urg‘u beradi. Bulardan biri – erkin Ruh. Ikkinchisi ma’rifatli Aql. “Bizning yurtimiz Aql hurligidan allaqachonlar judo etilgan. U faqat saltanatini emas, savollar bermoq shijoatini ham yo‘qotdi”45. Bu – Tagorning so‘zlari. Xuddi shu parokandalik va aqliy tanballik mamlakatda tafakkurli kishilarning ozayib ketishiga sabab bo‘lgandi. Fikrli odamlarning borlari ham “yangi haqiqatlarni axtarish bilan emas, eski aqidalar muhofazasi bilan” band edilar. Faylasufni qiynagan muammolardan biri ham mana shudir.
“Nur va soyalar” (1894) hikoyasida ingliz mustamlakachilarining mahalliy xalqlarga o‘tkazgan zulmi haqqoniy tasvirlanadi. Hikoyaning qahramoni yosh advokat Shoshibushon ingliz mustamlakachilarining yovuzliklari bilan chiqisha olmaydi. Inglizlar o‘z istagan noma’qulchiliklarini qila beradilar. Viloyat sudyasi hatto itiga hurmat ko‘rsatmaganliklari uchun ham hindlarni tahqirlaydi. Boshqa bir ingliz - paroxod kompaniyasining boshqaruvchisi o‘z paroxodidan o‘zib ketmoqchi bo‘lgan barkasning yelkasiga o‘q uzadi. Kema ag‘darilib, undagi odamlardan biri o‘ladi. Yana bir ingliz politsiya chinovnigi aylanib o‘tishni o‘ziga ravo ko‘rmay, o‘z qayiqchilariga baliq ovlovchi dehqonlarning daryoga tashlagan to‘rlarini kesib tashlashni buyuradi. Shularning hammasi Shoshibushonning ko‘z oldida ro‘y beradi. Aybdorlarni jazolashni talab qiladi. Lekin sud aybdorlarni emas, haqiqatni talab qilib chiqqan Shoshibushonni turmaga yo‘llaydi. Otasi Oliy sudga murojaat qilmoqchi bo‘lganda, Shoshibushon qat’iy qarshilik ko‘rsatib, bunday deydi: “Turmaga borganim tuzuk. Temir zanjirlar yolg‘on so‘zlamaydi, turma devoridan tashqaridagi “ozodlik” esa meni aldab, musibatlarga giriftor qildi...”. U 5 yil turmada yotib chiqadi. Bu asar mustamlakachilar ustidan chiqarilgan aybnoma edi.
Kurashda ora yo‘lda to‘xtash – Tagor nuqtai nazari uchun yot narsa. Shu bois ham u yaratgan xarakterlar fikr va amaliyotda bir-birlarini to‘ldirib boradilar. “Gourmaxon” romanining qahramoni Gora qaysidir fazilatlari bilan Shoshibushonga yaqin va maslakdosh. U e’tiqodda sobit.U ham Shoshiga o‘xshab nurga, ziyoga talpinadi. Biroq “Chin Hindiston siymosi, ulug‘vor Hindiston siymosi”dan uning qalbi va hayot yo‘li butkul munavvardir.“Hindistonning nimaligiga aqling yetadimi? Uni qanday bo‘lsa shu holicha tasavvur eta olasanmi? Mana, sen kecha-kunduz shu Hindistonni deb ishlaysan, qani ayt-chi, bu Hindiston o‘zi qanaqa?”46 Bunday savollarga Gorada javob aniq. Uning ulug‘ maqsadi, birinchi galda, ona xalqini aqli pastlik va jaholat botqog‘idan qutqarish. Buningsiz u ozodlikni tasavvur etolmaydi. U bag‘rida kelishuvchanlik, zarracha bo‘lsin, haqsizlik tuyg‘ularini yashirgan Aqlga ishonmaslikka chaqiradi.Chunki bunday Aql tashqi voqelikdagi aldov va yovuzliklar bilan olishuvda ham mug‘ombirlik qiladi. Gora inglizlarning g‘oyalarini qabul qilishni xo‘rlik hisoblamaydi, ammo, ayni paytda bu g‘oyalar xalqning o‘z qadr-qimmatini his qilishga yordam berolmasligini teran bilardi. Bilgani uchun ham maskanlar va “ertalab soat o‘ndan kech soat beshgacha “qo‘l” bo‘shamaydigan joylarda – mahkama va korxonalarda Hindiston yo‘qligini kuyinib so‘zlagan.
30-yillarda Tagorning siyosiy qarashlari yanada o‘sadi, u o‘z ijodida milliy ozodlik harakatiga e’tibor qaratadi. Bu davrda “Intiho haqida doston” (1929), “To‘rt qism” (1934) romanlari, “Yaproqlar” (1936), “Tungi sham” (1938), “So‘nggi she’rlar” (1941) she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Tagor 30-yillarda badiiy asarlar bilan bir qatorda ko‘plab darsliklar, falsafa va din bo‘yicha ilmiy risolalar yozdi, milliy ozodlik harakati masalalarini adabiyotda yanada kengroq yoritishga katta e’tibor berdi, hind she’riyatida yangi siyosiy janrni yaratdi (“Afrika”, 1936; “Budda ixlosmandlari”, 1937 va b.).
“Madaniyatli xristianlarning Amerikaga qanday zulm qilib, uni qanchalik xonavayron qilganliklari, Avstraliya xalqlarini qanday rahmsizlik bilan yo‘q qilib tashlaganliklari to‘g‘risidagi juda eski haqiqatlarni takrorlab o‘tirishning zarurati yo‘q deb bilaman”47.
O‘zining bir she’rida esa, g‘arb mustamlakachiligiga nisbatan quyidagicha munosabat bildiradi:
“Ular kelishdilar-ku tuzog‘u kishan bilan,
Sirtlon tirnoqlariga o‘xshar ular panjasi.
Bular zo‘ravonlardan uyushgan bir podadir,
Ularning uy hayoli qora zulmatdan yomon”48.
Ushbu she’rda Tagor qora zamin deb, Afrikani nazarda tutadi. Afrikalikning tusi qora bo‘lsa ham, uning qora pardasi ortida haqiqiy insoniy qiyofasi yashirindir. Mudhish qora niyatli kishilar kim edi? Nega u o‘zining insonlik qiyofasini berkitadi? Aslida esa Afrika xalqlari xuddi hindlardek yoki boshqa mustamlaka qilingan xalqlar singari uzoq vaqt mobaynida kamsitilib kelindi. Bu qit’a uch asr davomida qul bozorining xomashyo manbaiga aylantirildi. Afrikadan Amerikaga millionlab insonlar qul qilinib olib ketildi. Bu ishni yevropalik oq tanli mustamlakachilar amalga oshirdi. Ular Afrikaga qullarida tuzog‘u-kishanlar bilan keldi. Qul savdosida portugallar yetakchilik qildilar. Bunga keyinchalik ispanlar va boshqalar ham qo‘shildilar. Ular qul savdosini daromad manbaiga aylantirdilar. Oq tanli ovchilar guruhlari Afrika qishloqlarini tunda o‘rab olardi. Tinch aholiga hujum qilib, qo‘lga tushgan barchani qullikka mahkum etardi. Qul bo‘lgan qora tanli har qanday insoniy huquqlardan mahrum etilardi. Qora tanli aholi Afrikaning o‘zida ham asoratga solindi.
“Lekin siz madaniyatli millat o‘z madaniyatini oyoq osti qilganda ham, o‘z vahshiyligini o‘zidan kamroq madaniyatli deb hisoblagan boshqalarga ishlatganda ham vijdoni azoblanmasligini tushunib olishingiz mumkin. Madaniy millatning o‘n to‘qqiz asr mobaynida to‘plab kelgan siyosati yaqqol ko‘rinib turgan Yevropa sahnasidan pastga tushib, kiyimini almashtirish uchun sahna orqasiga shoshilib chiqib ketayotgan artist singari qorong‘u zulmat mamlakatlariga gum bo‘lib ketdi – o‘sha yerga borib qarasa, qip-yalang‘och matalibi49 ham yevropalik xalqlarning qip-yalang‘och asl nusxasidan yomon emas ekan”50.
Tagor bu yerda nima demoqchi? Qip-yalang‘och asl nusxa nima-yu, niqoblanish, ikkiyuzlamachilik nima? Bugun biz Tagor aytib ketgan gaplarga qo‘shimcha tarzda shuni ham aniq ayta olamizki, g‘arbda ham muammolar bor va bu kelajakda o‘zining oqibatlarini ko‘rsatmay qolmaydi.G‘arb ham ideal jamiyat namunasiga davo qila olmasligi kundan-kun yaqqolroq namoyon bo‘lib bormoqda.
“Asl haqiqat shundaki, inglizlarning rahmsizligi vahshiy Lobengulaning inglizlarga ko‘rsatgan olijanobligi va oliy qahramonligi oldida uyalib, rangi o‘chib ketadi. Vaqt o‘tishi bilan buni inglizlarni o‘zlari ham e’tirof eta boshladilar. Tagor buni inglizlarning shon-shuhrati bilan bevosita bog‘laydi. Lekin shuni ham aytish adolatdan bo‘ladiki, bugungi kunda juda ko‘p inglizlar bularning hammasini qahramonlik deb bilmaydilar”51.
Tagor ingliz siyosatining birdan-bir real negizi axloq prinsiplari, deb ta’kidlaydi. Ba’zan bu prinsiplarning qo‘li baland keladi, ba’zan past ham keladi, lekin ulardan voz kechish ham mumkin emas. Irlandiya Buyuk Britaniyaga murojaat qilib, Irlandiyaga biron huquq berilsin deb talab qilganda, u bir tomondan, qonli urushga tayyorlanib qilichini charxlar, ikkinchi tomondan esa, ingliz xalqining adolat ideallariga murojaat qilishga intilardi. Hindiston ham o‘z dardini aytib dengizning naryog‘idagi arboblarning darvozasini qoqishga jur’at etganda, bu gal ham inglizlarning nomus ideallariga murojaat qilishga harakat qilgandi. Lekin tarixning o‘zi Tagor aytganidek, inglizlar ko‘proq tayoqni ishga solishlarini isbotladi.
Hind xalqining mustamlaka holati, uning mudhish qashshoqlik manzarasi va bundan qutulish yo‘llari Tagorning jamiyat haqidagi qarashlarining asosini tashkil etadi. U o‘z zamoniga nisbatan aytadiki, o‘sha davrda hech bir mamlakatda xalq odamning normal ma’naviy va jismoniy taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan eng oz miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, ma’rifat va tibbiy yordamdan hindlarchalik mahrum qilingan emasdi. Angliya uzoq vaqt davomida Hindiston hisobidan boylik to‘pladi. Jahon sivilizatsiyasining ulug‘vorligi va madaniy mamlakatlar insonparvarlik g‘oyalari ortida mana shunday xunuk va mudhish manzara yashirin edi.
Tagor sanoat rivojlanishi xalq farovonligi va jamiyat taraqqiyotining garovi, deb hisoblaydi. Angliya sanoati taraqqiyoti baland darajada bo‘lganligi bois butun dunyoda o‘z nufuzini saqlab turdiyu, lekin Hindistonda sanoat rivojiga yo‘l bermadi. Yaponiya sanoati juda yuksak darajada taraqqiy qilganligi uchun har jihatdan farovon mamlakat bo‘lib oldi. Tagor Yaponiyaning kuchayib borayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turardi. Yaponiya 2- jahon urushidan mag‘lubiyat bilan chiqdi, lekin sanoat rivoji natijasida yana oyoqqa turib oldi va bugungi kunda rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin oldi.Faylasuf yaponlar aqlli bo‘lganliklari uchun rivojlandi va boshqalar aqlli bo‘lmagani uchun qoloqlikka mahkum, degan fikrga zarracha qo‘shilmaydi. Tagor hindlar aql jihatidan yaponlardan juda orqada qolib ketgan degan gaplarga jiddiy e’tibor berish kerak emas deb hisoblaydi. Qadimiy madaniyat egalari bo‘lgan bu ikki mamlakat o‘rtasidagi farqni Tagor faqat bir narsada deb hisoblaydi: “Hindistonni Angliya oyoq osti qilib qul holiga keltirgan bo‘lsa, Yaponiya hatto biron G‘arbiy mamlakatga zarracha ham qaram bo‘lgan emas. Holbuki, begonalar madaniyatining namoyondalari agar uni madaniyat deb atash mumkin bo‘lsa, mamlakatimizni boshdan-oyoq talaganliklarini biz yaxshi bilamiz”52.
Tagorning fikricha, bunday sharoitlarda shuhratparast G‘arb madaniyatining hurmatini va uning ijobiy jihatlarini saqlash mumkin emas. Hindiston uning erksevarligini emas, balki zo‘ravonlik tomonini tatib ko‘rdi. Odamlar o‘rtasidagi eng qimmatbaho o‘zaro munosabatlarning yo‘qligi (kishilar orasida shunday gap bo‘lgan taqdirdagina taraqqiyot haqida gap bo‘lishi mumkin), mana shu hol hindlarning taraqqiyot yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Biz hamma narsadan ham xabardor bo‘lavermaymiz, bilgan narsalarimiz ham to‘la-to‘kis haqiqat ekanligi mahol bir narsa, chunki urush voqealari to‘g‘risida xabar beruvchi vositalar ham shu bir vaqtlar mustamlakachi bo‘lganlarning qo‘lidadir. Tagorning ushbu fikrlari nafaqat hindlar, balki barcha mustamlaka jabrini tortgan millatlarga ta’alluqlidir. Tagor aytadiki, bunday gaplar kechiktirilmasligi kerak, biz madaniyatli, buyuk deb bilganlar ham biz o‘ylaganchalik emasdir.
Inglizlar hozirgi paytda axloq masalalari tobora o‘tkirlashmoqda, faqat noziktabiatlik qilish bilan uncha uzoqqa borib bo‘lmadi, deb hisoblaydilar. Inglizlar tarixi shuhrat cho‘qqisiga yetganda, inglizlar o‘z siyosatlaridagi hamma qaltis masalarni juda osonlik bilan bartaraf qilgan edilar. Zarurat adolatsizlikka yo‘l qo‘ygan edi. Dengizlarda qaroqchilik qilgan normand korsarlari kuch va matonat timsoli edilar, ularning bugun boshqa xalqlarga zo‘rlik qilishda taraddudlanib turgan ingliz avlodlari esa, ojiz va zaifdirlar. Kimga nisbatan? Matabililarga. Kimga qarshi? Lobengulaga qarshi. Men inglizman, men sening oltin konlaringni ishga solmoqchiman, bog‘-bo‘stonlaringga ega bo‘lib olmoqchiman; aldamchilik va ayyorlikning nima keragi bor, yolg‘on gaplarni o‘ylab chiqarish va gazetalarda fosh qilingan “bir qancha” yomon niyatlar to‘g‘risida dod-voy ko‘tarish va ta’na qilishning nima keragi bor?”.
Tagor inglizlarni tanqid qiladi. Aslida u faqatgina afrikalik matabililar haqida emas, millatdoshlari, hind xalqi nomidan va butun dunyodagi mustamlakachilar zulmi ostida ezilayotgan millatlar, elatlar to‘g‘risida gapiradi. Bundan uni na g‘arbning taraqqiy etgan sivilizatsiyasi, na g‘arbliklar bergan “Nobel” mukofoti qaytarib qoladi. Tagor aytadiki, gazetalarda fosh qilingan “bir qancha” yomon niyatlar to‘g‘risida dod-voy ko‘tarish va ta’na qilishning hojati yo‘q. Ba’zi bir jihatlarni tan olish bilan juda ko‘p qilmishlarni oqlab bo‘lmaydi, aks holda butun dunyo aybsizlardan iborat bo‘lib qolgan bo‘lardi.
Shuni aytish kerakki, yoshlikda jozibador bo‘lib ko‘ringan narsalar yillar o‘tgan sayin o‘z jozibasini yo‘qotib boradi.
Tagor yo‘qorida aytgan fikrlarini quyidagi oddiy misol bilan taqqoslash mumkin. Faraz qilaylik, bir sho‘x, ochko‘z bola o‘zidan kichik, zaifroq boshqa bolaning qo‘lida turgan shirinlikni ko‘rib qolsa uning qo‘lidan shirinligini tortib olib, og‘ziga urishdan ham toymaydi, sho‘rik bola yig‘lasa ham parvo qilmaydi. Yana shu yuzi qora bola haligi bolaning yig‘isini to‘xtatish uchun uning chakkasiga bir musht tushirishdan ham toymaydi, boshqa bolalar esa, ichlarida bu bolaning zo‘ravonligiga va dovyurakligiga qoyil qolishlari ham mumkin.
Agar baquvvat katta bir kishida ochko‘zlik paydo bo‘lsa, u shirinlikni tarsaki bilan emas, aldamchilik bilan tortib oladi; bu ish oshkora bo‘lib qolgan taqdirda, u sal uyalinqiragan bo‘ladi. U endi tanish-bilishlarining cho‘ntagiga qo‘l cho‘zishga yuragi bo‘lmaydi, lekin biron bir uzoq qishloqlik qashshoq, madaniyatsiz onaning yalang‘och oriq bolasi qo‘lida biron ovqat ko‘rib qolsa, uning boshqa yeydigan narsasi bo‘lmasa ham, u yoq-bu yoqqa olazarak bo‘lib qarab oladi-da, kishi bilmas bir hamla bilan bolaning qo‘lidan ovqatni tortib oladi. Bolaning big‘illab yig‘laganini eshitib, tevarak-atrofdan odamlar yugurishib keladi, shunda haligi o‘g‘ri ko‘zini qisib: bu qora vahshiy bolaning xo‘p adabini bardim-a, deb yana maqtanadi. Lekin ochligimdan ovqatini tortib oldim demaydi. Bu yerda ona – Hindistonning o‘zidir. Tagorning o‘zi bu haqda shunday deydi: “O, Hindiston onajon, qo‘shiqlarim sen uchun.
Sening boyliging – bizning kambag‘alligimizda
Yuragimiz seniki - o‘zga bizda nima bor?”53
“Hozirgi kunlarda o‘tmish zamonlardagidek uyatsizlik, hayosizlik bilan bosqinchilik qilib bo‘lmaydi. Hozirgi zamonda har bir ish anglab, bilib turib qilinadi, shuning uchun hozir har bir kishi o‘z qilmishi uchun javobgar bo‘lishi lozim. Ana shu vajdan biron ish qilish ham ilgarigiday oson gap emas, javobgarlikdan ham qutulib ketolmaysan. Shunday bo‘lgandan keyin, ilgarigi qaroqchi sho‘ri qurib XX asrda yoki XXI asrda tug‘ilib qolsa, juda ham bevaqt dunyoga kelgan bo‘lardi.
Jamiyatda mana shunday bevaqt dunyoga kelish hodisalari hamma vaqt bo‘lib turadi. Bosqinchilar dunyoga kelib turadi, lekin ularni birdaniga bilib olish mumkin emas, zamon va makon jihatdan sharoit bo‘lmagandan keyin ular ko‘p vaqtgacha o‘zlarini bildirmasdan yuradilar. Ular nuqul ekipajlarda yuradilar, gazeta o‘qiydilar, karta o‘ynaydilar, xotinlar orasida juda shirin so‘z bo‘lib ketadilar; bu oppoq ko‘ylaklar qora syurtuk kiygan Robin Gudning yana dunyoga kelishini iltijo qilib yurganligini hech kim bilmaydi ham”54.
Tagorning jasorati bosqinchilikka qarshi chiqishdanmas, bosqinchilarni tanishdan boshlanadi. Lekin ingliz mustamlakachilarining asl basharalarini tanishda Tagor hech payt xato qilmagan. Bunda u tug‘ilib voyaga yetgan oila muhitining roli va ta’siri ham juda katta edi.
Tagor shuni ta’kidlaydiki, jamiyat hech qachon yomon, g‘arazgo‘y insonlardan holi bo‘lmaydi. Bosqinchilar va shunga o‘xshashlarni qo‘llab quvvatlovchilar har doim ham istagancha topiladi. Faylasuf ushbu gaplarni aytganda qanchalar haq bo‘lganini bugungi kunda dunyoda bo‘lib turgan voqealar isbotlab turibdi. Qaroqchi, g‘arazgo‘ylarni sayyoramizning xohlagan burchagidan, istagan qit’asidan topish mumkin. Ular istagan vaqtlarida boshqa qiyofaga kirib oladilar. Tagor fikricha, ular axloq pardasidan tamomila mahrum, dag‘al, vaxshiyona qiyofali nusxalardir. O‘z vaqtlari kelishini kutib kul ostidagi cho‘g‘dek berkinib yotadilar. Qaysidir zamon va makonda ularning kuni tug‘adi va dunyoga razolat urug‘ini sochadilar. Bunga insoniyat o‘z tarixida ko‘p martalab guvoh bo‘lgan.
“Yevropada, kuch siyosati muhabbat siyosati bilan juftlashsa, siyosatining nasihatgo‘yligini oshiradi, kuch bo‘lsa kamayadi, degan fikr bor. Muhabbat, shavqat – bular hammasi kishining qulog‘iga yoqadiku, lekin o‘z hukmronligimizni o‘z qonimiz bilan barqaror qilish to‘g‘risida gap borganda go‘daklarday bo‘sh ko‘ngillik qiluvchi va hozirgi zamon mehribonligini kuylovchi yig‘loqi siyosatga butun vujudimiz bilan nafrat bildiramiz. Bu yerda muzika, adabiyot, san’at, olijanoblik, u yerda qinidan sug‘urilgan qilich va behayolik bilan qilinadigan hokimlik”55.
Tagor jamiyatni boshqarishda ikki yo‘nalishni aytadi. Liderlar ushbu yo‘llardan birini ishlatadilar, yoki shu ikkisi o‘rtasida bo‘ladilar. Faylasuf fikricha, ular orasida mana shu ikki xil fikr yangrab turadi. Bulardan biri kuchni ishga solishga chaqiriq bo‘lsa, ikkinchisi, mehr-muhabbat, tinchlik va adolat g‘oyalarini keng yoyishga chaqiriqdir. Millat ichidagi bunday chegaralanishlar uning kuchini zaiflashtirishi, to‘siqlar vujudga keltirishi turgan gap edi. Tagor buni zamonasining juda ko‘p ilg‘or fikrli kishilari kabi yaxshi anglab yetgandi.
“Hamma narsani axloq jihatidan isbotlash kerak. Qaroqchilar Qora dengizga ovga jo‘naganlarida, Klayv hindlar yeriga inglizlar bayrog‘ini tikkanida, ingliz yigitning dengiz naryog‘ida bir chittak ham yeri yo‘q degan ma’naviy dalillari bor edi”56.
Tagor aytadiki, bosqinchilar har qancha ko‘z yosh qilsalar ham, zo‘ravonlarning tanho hukmronlik qilgan zamoniga qaytishi mumkin emas. XX asrga kelib insoniyat shunday bir davrga qadam qo‘ydiki, endi hech qanday ma’naviy dalil o‘zgalar yeriga egalik qilishga, o‘zgalar mulkini talon-taroj qilish uchun yetarli bahona bo‘lolmaydi. Bizning davrimizga kelib, har qanday zo‘ravonlik butun mamlakatda g‘azab to‘lqiniga sabab bo‘ladi. Agar hozir mazlumlardan birontasi adolat sudiga murojaat qilsa, garchi yakka-yolg‘iz qolish xavfi bo‘lsa ham, adolatni, haqiqatni qaror topdirishga jon-jahdi bilan kurashuvchi bir to‘da insonlar hamma yerda topiladi. Lekin, shuni ham aytib o‘tish kerakki, bunday insonlar Tagordan oldin ham, uning davrida ham quvg‘inga duchor bo‘lganlar va qatag‘on qurboni bo‘lganlar. Bizning zamonamizda esa, bunaqa holatlar yo‘q deb aytish esa, mushkul bir ishdir. Binobarin, hozirgi zamonda garchi bir kishi bo‘lsa ham, adolat talab qilsa, Qudratli Egoizm yo sal uyalib nariroq suriladi, yoki bo‘lmasa, yuziga adolat niqobini kiyib olishga harakat qiladi. Odob-axloqdan mahrum bo‘lgan, uyalib-netmay o‘zini baralla oshkor qiluvchi qonunsizlikka faqat kuchni qarshi qo‘yish mumkin, lekin qonunsizlik yuziga niqob tortmoqchi va zo‘ravonlik bilan bir ekanligini tan olmasdan, adolat panohiga sig‘inib, zo‘rlik qilishga intiladigan bo‘lsa, uning o‘zi o‘ziga dushman orttiradi. Tagor aslida haqiqiy qonunbuzarlar, muttahamlar qonun va adolat himoyachilarining o‘zi ekanligini ta’kidlaydi, albatta, bazi bir istisnolarni aytmaslik, bizningcha nohaqlik bo‘lardi. Adolat himoyachilari zo‘rma-zo‘raki qonunga rioya etishadi, imkon bo‘ldi deguncha uni aylanib o‘tishga va “Egoizm”ni xafa qilmaslikka harakat qiladilar. Mana shu narsa jamiyatimizning oxiri ko‘rinmayotgan va davosi topilmayotgan og‘riqli nuqtasidir. Tagor bu fikrlarni berishiga sabab shu ediki, dengizning naryog‘idagi inglizlar bir qadar zaif tortib, shu vajdan tashvishga tushib qolgandilar. Endi ular bir vaqtlardagidek ko‘r-ko‘rona zo‘ravonlik qila olmasdilar. O‘z yeriga, o‘z mulkiga egalikni, ozodlikni talab qilayotgan insonlarni bir vaqtlardagidek to‘p og‘ziga tutib burda-burda qila olmay qoldilar. Tagor aytadiki, hindlar inglizlar nojo‘ya ishlarni qilib kelganligini bilib qoldilar. Shuning uchun ham inglizlarni ayblashga va ularga qarshi bosh ko‘tarishga jur’at qildilar. Tabiiyki bu inglizlar noroziligiga sabab bo‘lgandi.
“Ular, navoblar o‘zboshimchalik qilganda, maratxlar talaganda, tuglar dorga osganda sizning Kongresdagi vakilingiz va gazeta redaktorlaringiz qaysi go‘rda edi, deydilar. Ular yo‘q edilar, bo‘lganlarida ham ularning qo‘lidan hech ish kelmasdi. Bu – yashirin suiqasdlar zamoni, maratxlar va rojputlar o‘rtasidagi qirg‘in zamonalari edi, u zamonlarda kuchga, faqat kuchni qarshi qo‘yish mumkin edi. U zamonlarda o‘g‘rilarga avliyolar hayotidan hikoya qilib berish hech kimning esiga ham kelmagan edi”57.
Birinchi jahon urushidan so‘ng Hindistonda shunday vaziyat yuzaga kelib qoldiki, endi inglizlarda hind yeri masalasida yakdillik yo‘qoldi. Ularning yakdillik bilan bosh ko‘tarib chiqishga qurblari yetmay qoldi. Bundan esa tabiiyki o‘sha vaqtdagi hind Kongresi foydalandi, harakatlarini jadallatdi, gazetalar faollashib qoldi. Hindlar dunyoqarashida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tagor inson uchun eng muhimi dunyoqarash ekanligini takidlaydi. Bir vaqtlar yurtga bosqinchilar bostirib kelayotgan bir damda ham bir-birini o‘ldirganlarga endi bunday ishlar noto‘g‘ri bo‘lganini aytsangiz tushunadi. O‘sha vaqtda esa buning iloji yo‘q edi. O‘g‘rilarga nasihat qilishning ham foydasi yo‘q edi. Endi o‘g‘riga nasihat qilsangiz hech bo‘lmasa Xudodan qo‘rqqanidan o‘zini yomonliklardan tiyadi, har holda zo‘rlik qilishga yuragi dov bermaydi.
“Hind ijtimoiy tashkilotlari va gazetalarning faolligi o‘sib ketyapti deb ochiqdan-ochiq shikoyat qiluvchi inglizlar aslida svadeshi ishtirokchilarining milliy tabiatida ong paydo bo‘lganidan afsuslanadilar. Odamlarning o‘sib ketganligi, o‘z nuqsonlarini ko‘rib uyalganlaridan ilm ola boshlaganligi inglizlarga ayniqsa qayg‘uli narsaday ko‘rinadi”58.
Bunda inglizlarni tashvishga solishga yetarli sabablar bor edi. Ayniqsa, birinchi jahon urushi imperialistik davlatlarni larzaga soldi. Buyuk Britaniyaning avvalgi shon-shuhratiga putur yetdi. Imperiya o‘z mustamlakalariga bir qator yon berishlarga majbur bo‘ldi. Mustamlakalarda, xususan, Hindistonda ozodlik harakatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Nafaqat, Hindistonda, butun dunyo bo‘ylab mustamlakalarni ozodlik kurashi cho‘lg‘ab olgandi. Bu o‘rinda Turkistonda bolsheviklarga qarshi bo‘lib o‘tgan ozodlik harakatlarini ham alohida ta’kidlab o‘tish mumkin.
Vivekananda o‘tmishga aylanayotgan feodal tartib ham, mamlakatda tashkil topgan burjua munosabatlari ham to‘laligicha maqul emas degan xulosaga kelgan ilk hind mutafakkiri bo‘lgan.
“Mehnat qiluvchilar hokimiyati” o‘rnatilishi g‘oyasini ma’qullab, va hattoki “dunyoning barcha mamlakatlarida” uning o‘rnatilishi muqarrar deb hisoblagan Vivekanda, Bonkimchondro singari, sotsializmga olis ideal sifatida qaragan.
Ijtimoiy qarama-qarshiliklardan qutulishning yagona yo‘li bu “hind ma’naviyati”ni tasdiqlashda deb bilib, Vivekandadan boshlab, hind mutafakkirlari Hindistonning tarixiy vazifasi – dunyoga qutqaruvchi ma’naviyat olib kirishdir deb hisoblashgan.
Birinchi Jahon urushining oxirigacha millatchilar ommaviy harakat tashkil etish dasturini amalga oshira olmadilar. Bunga Gandi muvaffaq bo‘ldi.
Milliy harakatning yetakchi vakillari mamlakatda burjuaziya tashkil topishi yangi ekspluatator sinfi shakllanishiga olib kelayotganini anglay boshlashdi. Bu haqida birinchilardan bo‘lib Gandi gapirib o‘tgan. 1908 yilda u shunday yozgan: “Fabrikalari orqasidan boylik ortirayotgan kimsalar boshqalaridan yahshiroqga o‘xshamaydi. Hind Rokfelleri Amerika Rokfelleridan yaxshiroq bo‘lishiga umid qilish tentaklikdir. Puli bor insonlar ingliz hokimiyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Ular ushbu hokimiyat barqarorligi tarafdoridirlar”59. Shu bilan birga, mamlakatda kapitalizmni oldini olish umidida u: “Agar ertaga britan boshqaruvi hind boshqaruviga almashtirilganda ham Hindistonning ahvoli yaxshilanib qolmasdi, faqatgina, Angliyaga oqib ketayotgan pullarning bir qismi tejab qolinardi xolos”60 deb ta’kidlaydi. Ushbu g‘oyalarni siyosiy nuqtai nazardan rivojlantirgan holda, 1913 yilda Bipin Chandra Pal bunday yozgan: “Hokimiyat bosqichma-bosqich tashqi begona byurokratiyadan hind burjuaziyasi qo‘liga o‘tgani sayin, mamlakatda xalq va boshqaruv sinfi o‘rtasida ziddiyatlarning rivojlanishiga olib keladi”61.
Hindistonda birinchi bo‘lib, 90 yillarning oxirida Bal Gangadxar Tilak proletariat illatlarini qoralab chiqqan. Uning “Maratta” gazetasi shunday yozgan: “Inglizlar hokimiyati notavon dehqonlarni o‘z sevimli dalalarini, uylarini tashlab, Bombeyning kir va tor mavzelariga joylashishga majbur qilmoqda. Ular u yerda badbo‘y kulbalarda yashab peshona teri bilan bir bo‘lak non topishadi, o‘z qishloqlariga qaytganda esa, ularning jamg‘armalari faqatgina yer solig‘ini to‘lashga yetadi. Maxarashtrning jasur dehqonlari va Konkanning ziroatchilari endi armiya va flotda xizmat qilmayaptilar. Ingliz hokimiyati qachonlardir Konkan va Maxarashtrning asosiy kuchi hisoblanganlarni, o‘z Vatanlari iftixori sanalganlarni – oddiy batraklarga aylantirdi”62.
Bu kabi Hindiston uchun yangi bo‘lgan g‘oyalarni deyarli bir vaqtda Gandi va Ananda Kumarasvami ishlarida kuzatish mumkin. Ularning ikkisi ham egasining millati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar fabrikalarga hamla qilgan. “Qishloq hunarmandi chorasiz qolganda, fabrika Lankashirda yoki Bombeyda qurilganining, buning oqibatida hind yoki manchesterlik fabrikantlar boylik orttirayotganining unga qizig‘iyo‘q…- deb yozgan Kumarasvami 1907-1908 yy.- Hindistonni faqatgina bir masala qiziqtiradi, Sharqda ham G‘arbning yirik shaharlarida tijorat tizimi rivojlanishi tufayli yuzaga kelgan jismoniy va axloq degradatsiyasi, alkogolizm va ishsizlik muammolari ham yuklanadimi. Bundan havfsirash uchun juda ko‘pgina asoslar mavjud”63. Ananda Kumarasvami o‘z asarida yirik kapitaldan ozod bo‘lgan mayda ishlab chiqaruvchilar jamiyatini tuzish rejalarini rivojlantirgan. Aynan shunday jamiyatni u sotsialism deb bilgan, va u sotsializmning ideali aynan Hindiston tomonidan amalga oshirilishi mumkin degan: “Sanoat ishlab chiqarilishi sotsializm asosida tashkil etilishi mumkinligini aynan biz ko‘rsatib berishimiz kerak”64.
Kumaravamida gap faqatgina sanoat rivojlanishi haqida borgan – ushbu masalaning muhokama etilishi svadesh harakati tomonidan rag‘batlantirilgan. U qishloq xo‘jaligi hamda qishloqlarni deyarli tilga olmagan. Shu bilan bir vaqtda, mamlakatda “bizning qishloqlarimizdagi og‘ir ahvolga kelgan hayotni”65 qayta tiklash g‘oyalari tarqala boshladi. Ko‘p hollarda bu qishloqlarga e’tibor qaratishga, “yangi avlodni” – ya’ni intellegensiyani – qishloqlarda ishlashga da’vat etishdan iborat edi. Ayni damda, qishloq hayotini yahshilash bo‘yicha dastur ishlab chiqib, uning asosida ekspluatasiyadan ozod bo‘lgan jamiyat qurishga urunishkar ham bo‘lgan.
Aynan ana shunday dastur bilan 1908 yilda Pabnada bo‘lib o‘tgan Bengal provinsiya anjumanida Rabindranat Tagor o‘zining “Rais nutqlari”da chiqish qilgan. Tagor qishloq jamiyatini “xalq tayanchi va onasi” deb ataydi, va u yerdagi dehqonlarning kambag‘alligini, ularning polisiya, soliq yig‘uvchilar va b.ning qurboniga aylanayotgani haqida afsus bilan gapirib o‘tgan. Qishloq jamiyatini u “ildizi bilan sug‘urib olingan daraxtga” o‘xshatadi, va u endilikda “shavqatsiz yanga zamon to‘lqinida suzib boradi…Yirik fabriklar girdob singari qashshoq dehqonlarni o‘z domiga tortib ketmoqda”66.
Ammo Tagorning dasturini amalga oshirishdagi rejelari utopikligicha qolgan edi. Uning dasturida zodagonlarning yerga egalik qilishini bartaraf etish ko‘zda tutilmagan edi. Mamlakatni kelajakda kutayotgan ijtimoiy ziddiyat baxtsizligidan qutqarib qolish umidida qandaydir o‘zaro bitimga kelish nazarda tutilgan. U zamindorlarni insofga va vatanparvarlikka chaqirgan, “umumiy farovonlik yo‘lida shahsiy manfaatlardan kechish” lozimligiga ishontirgan. Vivekanda esa xalq nafrati bilan tahdid qilgan: “boshqalarning hokimiyatini kamaytirish evaziga o‘zining hokimiyatini cheksiz qilish – cho‘ntagida dinamit bilan yurish bilan barobardir. Qasosdan qutulib bo‘lmaydi”67.
XIX asr ohiri XX asr boshlarida yuzaga kelgan, yuqorida keltirib o‘tilgan, Hindiston milliy-ozodlik harakatining yetakchi mutafakkirlarining g‘oya va qarashlari Gandi fikrlarining shakllanishida tarixiy asos bo‘lib xizmat qildi. Mustamlakachilik tuzumi va ingliz hukmronligiga qarshi e’tiroz, millatchilik va demokratizmning mujassamlahstirish va unga qo‘shimcha ravishda Hindistonda ingliz hukmronligi yuzaga keltirgan pulning va boylarning cheksiz hokimiyatisingari “zamonaviy tsivilizasiya”ning tanqidi, yirik sanoatdan voz kechib mayda ishlab chiqaruvchilar jamiyati haqidagi orzular, patriarxal munosabatlar va institutlarni, va ayniqsa diniy ongni ideallashtirish, diniy-axloqiy targ‘ibot vaijtimoiy kelishuvga intilish – bularning barchasi Gandining ijtimoiy konsepsiyasida mujassamlantirilgan.
Tagor dehqonlarni og‘ir ahvoldan chiqarish uchun yer islohoti o‘tkazish zarur, deb hisobladi. Uning maqsadi dehqonlarni jipslashtirish va ularni oyoqqa turg‘izish edi. Buning uchun quyidagi ikki tadbirni amalga oshirish lozim, deb hisoblardi.
Birinchidan, huquq qonuniga muvofiq, yer-suv mulkdorlar qo‘lida emas, balki dehqonlar qo‘lida bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, agar dehqonlar kollektivlashtirish negizlarida birlashtirilmasa, qishloq xo‘jaligini taraqqiy qildirish mumkin emas. Ota-bobo zamonlaridan qolgan omoch bilan yer haydab, parcha-parcha yerda hosil olaman deb urinish siniq ko‘zada suv tashish bilan baravardir.
Avvalo, shunisi borki, agar yer dehqonlarga beriladigan bo‘lsa, shu onning o‘zidayoq yer-suv sudxo‘rlar qo‘liga o‘tib ketadi, buning natijasida dehqonlarning halokatli ahvoli undan beshbattar bo‘ladi, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |