“Azamat” mahallasida uchrashuv o‘tkazish va tadbirkorlar o‘rtasida axborot ishlarini olib borish
Samarqand viloyati
Samarqand sh.
mehmonxona xo‘jaligi
Urgut tumani
sopol buyumlar tayyorlash
to‘qish, milliy suvenirlar tayyorlash
savdo-vositachilik faoliyati
Samarqand tumani
issiqxona sabzavotchiligi
chorvachilik
Jizzax viloyati
Jizzax sh.
shoyi ip tayyorlash (pillani qayta ishlash)
to‘qimachilik ishlab chiqarishi
milliy kiyimlar va kelin uchun sarpo tayyorlash (pardalar, choyshablar, yostiqlar va shu kabilar)
aholi uchun kiyim tikish
qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash
Sirdaryo viloyati
Guliston sh.
qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash
zardo‘zlik ustaxonasi
Xorazm viloyati
Urganch sh.
shoyi ip tayyorlash (pillani qayta ishlash)
Ushbu monitoring doirasida Inson huquqlari bo‘yicha vakil “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan birgalikda “Oilaviy biznes: holati, muammolari va rivojlanish istiqbollari” mavzuida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.
Sotsiologik tadqiqotning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
oilaviy tadbirkorlik subyektlarining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan xabardorligi darajasini aniqlash;
“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganidan so‘ng tashkil etilgan hamda mavjud oilaviy biznes subyektlarining faoliyat yuritish sharoitlarini aniqlash;
oilaviy tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiluvchi qiyinchiliklar va muammolarni aniqlash.
Ijtimoiy so‘rov Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida o‘tkazildi. So‘rovning umumiy ko‘lami 450 ta oilaviy tadbirkorlik subyektini qamrab oldi.
“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqni qo‘llash amaliyotini, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxs va hunarmandchilik faoliyatini tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Yuridik shaxs va hunarmandchilik faoliyatini tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillari, Ombudsman Kotibiyati xodimlari, Ombudsman mintaqaviy vakillarining Ekspert guruhi a’zolari, hokimliklar, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hududiy bo‘linmalari, Adliya vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi Markaziy kengashi, Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” jamg‘armasi, “Hunarmand” uyushmasi vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
Monitoring tadqiqotlari davomida joylarda ishchi guruhlar tomonidan uchrashuvlar tashkil etildi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunning qoidalarini tushuntirishga qaratilgan axborot-ma’rifiy ishlar o‘tkazilib, Ombudsman, uning mintaqaviy vakillari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yoritildi, monitoringning maqsad va vazifalari tushuntirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan mamlakatimizning sakkizta viloyatida — Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazmda o‘tkazilgan monitoring tadqiqotlari O‘zbekistonning bugungi kundagi bozor xo‘jaligida oilaviy tadbirkorlik o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lib borayotganligidan, yirik korporativ tuzilmalar va iqtisodiyotning davlat sektorini uzviy to‘ldirib, ular bilan o‘zaro hamkorlik qilayotganidan dalolat beradi. An’anaviy oilaviy biznes O‘zbekistonda jadal rivojlanish bosqichida turibdi. Mazkur biznes, asosan, keng ko‘lamda maishiy xizmatlar ko‘rsatish, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarini qamrab olgan. Hozirgi vaqtda oilaviy biznes xizmati turlariga ehtiyoj saqlanib turgan mintaqalarda oilaviy biznes korxonalarini tashkil etish orqali iste’mol majmualarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oilaviy korxonalarning katta qismini hunarmandchilik korxonalari tashkil etmoqda.
Monitoring tadqiqotlari jarayonida O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish ko‘p jihatdan vorislik xususiyatiga ega ekanligi aniqlandi, tadbirkorlikning eng yaxshi an’analarini tahlil qilish esa mavjud shart-sharoitlarga moslashgan oila sarmoyasini boshqarish texnologiyalarining shakllanayotganligini kuzatish imkonini berdi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalarini tadqiq etish bu faoliyat turining bir qator o‘ziga xos ijtimoiy va iqtisodiy afzalliklarini aniqlash imkonini berdi.
Birinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy munosabatlarning alohida ishtirokchisi bo‘lmish kichik oilaviy biznes aholining o‘rta sinfini shakllantirish, jamiyatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sotsial barqarorlikni ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
Ikkinchidan, oilaviy biznes iqtisodiyotning bozor tuzilmasini va raqobat muhitini, barcha darajadagi budjetlar uchun soliq solinadigan bazani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish yo‘li bilan aholi bandligini oshirish hamda bozorni rang-barang tovarlar va xizmatlar bilan boyitish imkonini beradi.
Shu bilan birga, bozor iqtisodiyoti rivojlanishining hozirgi bosqichida huquqiy jihatdan tartibga solish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning alohida shakli bo‘lgan oilaviy tadbirkorlik mamlakatimizda qayta tiklanayotgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida o‘zining ravnaq topishiga respublika va mahalliy darajadagi davlat hokimiyati organlarining e’tiborini jalb etayotgan bo‘lsa-da, biroq amalda davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qonunchilik talablarini buzish hollari ham uchrab turibdi.
Oilaviy tadbirkorlik subyektlari faoliyati bo‘yicha monitoring tadqiqotlari O‘zbekiston Respublikasida kichik tadbirkorlikning bir qator umumiy muammolarini aniqlash imkonini berdi, bu quyidagilar bilan bog‘liq:
oilaviy biznes rahbarlarining samarali boshqarishga tayyor emasligi;
davlat organlarining ayrim xodimlari tomonidan sun’iy ravishda yaratilayotgan ma’muriy to‘siqlar;
sansalorlik, ayniqsa mintaqaviy darajada;
banklar tomonidan beriladigan kreditni ta’minlash shartlari bilan bog‘liq bo‘lgan kreditlashning taqchilligi;
tavakkalchiliklarni sug‘urta qilishning samarali tizimi mavjud emasligi;
yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini lizingga sotib olish qiyinchiliklari;
zarur kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislarning yetarli emasligi;
mahsulotni sotish uchun zarur bo‘lgan bozorlarning yetarli emasligi;
yirik korxonalar bilan kooperatsiyalashuv mexanizmining yetarli darajada rivojlanmaganligi;
kichik va oilaviy biznesni axborot hamda maslahat jihatidan qo‘llab-quvvatlashning chegaralanganligi.
O‘zbekiston Respublikasida sakkizta viloyat misolida kichik oilaviy biznes korxonalarining ish tajribasini tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, aksariyat tadbirkorlar bugungi kunda oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish va rivojlantirishda bir qator hal qilinmagan muammolar mavjudligini, bunda tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy bazasi va tizimini yanada takomillashtirish masalalari eng dolzarb muammolardan biri ekanligini ta’kidlaydilar.
Hatto qulay tashqi muhit mavjudligiga qaramay, ko‘pgina tadbirkorlar oilaviy biznesdagi, ko‘pincha shu jumladan oilaviy korxonalardagi muvaffaqiyatsizliklarga quyidagilarni asosiy sabab qilib ko‘rsatadilar:
kichik va o‘rta tadbirkorlik vakillarini huquqiy jihatdan ta’minlash va ularning huquqiy savodxonligi darajasining pastligi;
o‘z biznesini boshqarish uchun malaka etishmasligi;
tanlangan faoliyat turi bo‘yicha tajriba etishmasligi;
moliyaviy faoliyat ustidan yetarli darajada nazorat yo‘qligi;
strategik rejalashtirishdagi kamchiliklar;
biznesni boshqarish omillaridan samarali foydalanish (moliyaviy manbalarni jalb etish, texnologik yangilashni amalga oshirish, intellektual mulkni muhofaza qilishni tashkil etish) mahoratining yo‘qligi.
Shunday qilib, monitoring tadqiqotlarini o‘tkazish jarayonida aniqlangan oilaviy biznes subyektlari duch kelayotgan muammolarni umumlashtirish ularni quyidagi tarzda guruhlash imkonini beradi:
1. Oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilarining huquqiy savodxonligi yetarli darajada emasligi;
2. Biznesni boshqarish (moliyaviy manbalarni jalb etish, texnologik yangilashlarni amalga oshirish) omillaridan samarali foydalana olmaslik;
3. Ichki bozorda kichik innovatsion biznes mahsulotlari va xizmatlariga yetarli darajada talab yo‘qligi, tashqi bozorlarga chiqishda yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmaslik;
4. Ishlab chiqarish infratuzilmasining taqchilligi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
ma’muriy va tashkiliy to‘siqlarni bartaraf etish uchun qulay tadbirkorlik muhitini shakllantirish;
kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslardan erkin foydalana olishini ta’minlovchi sug‘urta, kredit va boshqa institutlarning rivojlanishiga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ko‘rish;
oilaviy korxonalarga moliyaviy, moddiy, axborot, maslahat va tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatadigan infratuzilmani tizimli ravishda rivojlantirish;
“biznes-inkubatorlar” faoliyatini kuchaytirish, zamonaviy kompyuter texnologiyalari va kommunikatsiyalardan foydalangan holda oilaviy korxonalarni axborot bilan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish;
biznes va sanoatni oilaviy korxonalarning innovatsion mahsulotlaridan xabardor qilish tizimini yaratish;
tadbirkorlik g‘oyalarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish — tadbirkorlik sohasida e’tiborga loyiq obrazlarni, xulq-atvor modellarini va hayotiy strategiyalarni shakllantirish;
oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni va oilaviy biznesni boshqarish usullariga o‘qitishni tashkil etish.
Monitoring natijalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha Komissiyaning, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi hamda “Hunarmand” uyushmasining qo‘shma majlisida muhokama qilindi.
III. Ombudsmanning fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha faoliyati
Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishi insonning buzilgan huquq hamda erkinliklari to‘g‘risidagi fuqarolar shikoyatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularni tiklash yuzasidan qonuniy chora-tadbirlar ko‘rishdan iboratdir.
Ombudsmanning fuqarolar shikoyatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha faoliyati “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tashkil etildi. Bu ish fuqarolarning Ombudsman Kotibiyatiga umumiy pochta va elektron pochta, telefon aloqasi orqali, Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlarining shaxsiy qabuli vaqtida kelib tushgan, mamlakatimiz mintaqalarida inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini o‘tkazish jarayonida olingan murojaatlarni ko‘rib chiqish asosida amalga oshiriladi.
2012-yilgi hisobot davrida Ombudsmanga fuqarolardan 12 826 ta murojaat tushgan bo‘lib, shundan 7 658 ta shikoyat va ariza — Ombudsmanning markaziy ofisiga, 895 ta murojaat esa — mintaqaviy vakillarga tushgan.