O‘zbekiston Respublikasi mineral xom ashyo bazasi
O‘zbekiston Respublikasi yer bag‘rida milliy xo‘jalikda foydalanilyotgan deyarli barcha turdagi foydali qazilmalar mavjud. Hozirda 1717 dan ortiq kon va 118 turdagi mineral xomashyoning 1000ga yaqin foydali qazilmalarining istiqbolli namoyonlari aniqlangan, ularning 65 tasi o‘zlashtirilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi foydali qazilmalar zaxiralari Davlat balansi ma’lumotlariga ko’ra (01.01.2015 yil holati bo’yicha), O’zbekiston hududida 1838 ta kon, shu jumladan: 235 ta uglevodorodlar koni; 151 ta metallar koni; 5 ta ko’mir va yonuvchi sloanetslar koni; 55 ta tog’ ruda; 28 ta tog’ kimyo va 30 ta rangli toshlar xom ashyolari koni; 714 ta turli maqsadda foydalaniladigan qurilish materiallari va 620 ta yer osti chuchuk va mineral suv koni.
Respublika oltinning tasdiqlangan zaxiralari bo‘yicha dunyodagi davlatlarning birinchi beshtaligiga kiradi, qazib olish bo‘yicha esa to‘qqizinchi o‘rinni egallaydi. Uchta tog‘-kon-iqtisodiy rayon - Qizilqum (Muruntov, Mutenboy, Triada, Basapantov, Omontoytov, Ko‘kpatos, Dovg‘iztov va b.), Nurota (Zarmiton, Gujumsoy, Sarmich, Biron, Marjonbuloq va b.) va Toshkentoldi (Ko‘chbuloq, Qayrag‘och, Qizilolmasoy, Qovuldi, Pirmirob, Guzaksoy va b.) da joylashgan tub konlar asosiy ahamiyatga ega. Respublikaning bashoratga oid resurslari chamalangan zaxiralardan ikki karra ortiq.
Respublika hududida kumush zaxiralari 26 ta konda hisobga olingan bo‘lib, zaxiralarining 80,4 foizi Qalmoqqir va Dalneye, Uchquloch, Xondiza, Ko‘chbuloq, Qizilolmasoy, Muruntov kompleks va oltinma’danli konlarga to‘g‘ri keladi. Visokovoltnoye, Kosmonachi, Oqjetpes kumush konlari hisoblanadi.
O‘zbekiston uran zaxiralari va uni qazib olish bo‘yicha dunyo davlatlarining birinchi o‘ntaligiga kiradi. Uranning tayyorlangan zaxiralari tog‘-kon-metallurgiya kompleksini 20 yildan ortiq muddatga barqaror ishlashiga kafolat beradi.
Respublikada rangli, nodir va tarqoq metallarning katta negizi yaratilgan. Mis zaxiralari Olmaliq tog‘-kon ma’danli rayonidagi mis-porfirli kompleks konlarida jamlangan. Olmaliq konlari ma’danlari misdan tashqari oltin, kumush, oltingugurt, tellur, selen, reniyning katta zaxiralarini o‘z ichiga oladi.
Volfram zaxiralari Langar, Ingichka, Qo‘ytosh, Yaxton, Sargardon, Saritov va Sovutboy konlari ma’danlarida jamlangan.
Qo‘rg‘oshin va rux konlari sanoatga oid uch turdagi karbonatli jinslarda qo‘rg‘oshin-ruxli stratiformali (Uchquloch, Qulcho‘loq), skarn-qo‘rg‘oshin-ruxli (Qo‘rg‘oshinkon, Kumushkon) va vulqonogen jinslardagi kolchedan-polimetalli konlar bilan ifodalangan.
Mamlakatda temirning o‘nlab namoyonlari aniqlangan. Tebinbuloq titan-magnetitli, Temirkon gematit-magnetitli va magnetitli ma’dan konlari baholangan, Surenota skarn-megnetitli koni chamalangan.
Respublika hududida marganetsning ko‘plab namoyonlari ma’lum. Dovtosh,Qizilbayroq, Taxtakaracha qatlamli konlari ko‘proq o‘rganilgan.
Yonuvchi slanetslar neft mahsulotlari va bir qator rangli va nodir metallarni olish uchun xom ashyo bo‘lishlari mumkin. Janubiy va G‘arbiy O‘zbekiston hududida Boysun, Jom, O‘rtabuloq, Sangruntov, Oqtov, Uchqir, Kulbeshkak konlari zaxiralari baholangan.
Respublika nometall foydali qazilmalarning katta resurslariga ega. Ushbu guruhni (70 turdan ortiq) asosan tog‘-kon, tog‘-kimyo ma’dani va shisha-keramika xom ashyolari, agroma’danlar, qurilish materiallari, sorbentlar va abrazivlar konlari tashkil qiladi. Ular sirasiga fosforli angidritning umumiy zaxirasi 122 mln.t., bashorat qilingan resurslari 100 mln.t. bo‘lgan fosforitlar konlari, grafit, kaliy tuzlari konlari (Tubegaton konining chamalangan zaxiralari 686 mln.tonnani tashkil qiladi); miqdori 90 mlrd.t. baholangan tosh tuzi zaxiralari ( Xo‘jaikon, Tubegaton, Janubiy O‘zbekistonda - Boybichekan va Qoraqalpog‘iston Respublikasida - Borsakelmas, Oqqal’a).
Respublikada qimmatli agroma’dan xom ashyolari - bentonitlar va bentonit tarkibli gillar, glaukonitlarning (Arabdasht, Xovdag, Azkamar va b.) katta zaxiralari mavjud.
Mavjud geologik ma’lumotlar O‘rta Osiyodagi yangi olmosli mintaqa mavjudligidan dalolat beradi, uning doirasida tarkibida olmos mavjud bo‘lgan turli xildagi nokimberlitli jinslar (lamproitlar, lamprofirlar, ishqorli bazaltoidlar, pikritlar, giperbazitlar, melankratli karbonatitlar) namoyon bo‘lgan. Bugungi kunda respublikada 20 ga yaqin trubka ma’lum bo‘lib, ulardan uchtasi sanoatga oid bo‘lishi mumkin deb hisoblanadi.
Gidromineral xom ashyolari hozircha O‘zbekiston uchun noan’anaviy hisoblandi va ular yanada chuqurroq o‘rganishni talab qiladi. Buxoro - Qarshi, Surxondaryo, Ustyurt va Farg‘ona artezion havzalari yer osti suvlarini tadqiq qilish natijasida yod, brom, litiy, rubidiy, seziy, stronsiy va boshqa sanoat konsentratsiyalari aniqlandi. Ushbu havzalar chuqur gorizontlarining yer osti suvlari uglevodorodlar konlari bilan birga uchraydi. Ularni tabiiy gaz, neft va kondensatlarni qazib olish chog‘ida kompleks tarzda o‘zlashtirish katta iqtisodiy samara olishdan tashqari, atrof muhitga ta’sir qilayotgan texnogen bosimni kamaytirish imkonini beradi.
Yer osti suvlari suv resurslarining talaygina qismini tashkil qiladi. Chamalangan konlar umumiy miqdorining 90 foizidan foydalanilmaydi va u ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashda zaxira bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonning mustaqilligi yillarida geologiya tarmog‘i muvaffaqiyatli rivojlanishda davom etdi, 950 yangi konlar va turli foydali qazilma uchastkalari qidirib topildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |