28-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining o‘zida belgilangan shartlarga muvofiq yoki ularning ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra prolongatsiya qilinishi (muddati uzaytirilishi) mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasining ushbu xalqaro shartnomasini imzolash to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinadi.
3-bob. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini e’lon qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va saqlash 29-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini e’lon qilish O‘zbekiston Respublikasining kuchga kirgan xalqaro shartnomalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida hamda boshqa manbalarda, shu jumladan tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari e’lon qilinadigan rasmiy manbadir. Qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini e’lon qilishning boshqa rasmiy manbalari ham belgilanishi mumkin.
Autentik matnlari chet tillarda tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat tilida e’lon qilinadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boshqa tillarda ham e’lon qilinishi mumkin.
30-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini xalqaro tashkilotlarda ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyatida va boshqa xalqaro tashkilotlarning tegishli organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoki u bilan kelishilgan holda boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining ro‘yxatdan o‘tkaziladigan idoralararo shartnomalarini tegishli xalqaro tashkilotlarda ushbu tashkilotlarning amaldagi qoidalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish bunday shartnomalar qaysi davlat organlarining nomidan tuzilgan bo‘lsa, o‘sha davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
31-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reestri va ularning saqlanishi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reestri O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish va ularning elektron nusxalarini saqlashning yagona davlat tizimidir.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reestri O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari haqidagi, shu jumladan ularning rekvizitlarini va axborot-ma’lumotnoma tusidagi boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reestri O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasarrufida bo‘ladi va u O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish hamda ularning asl nusxalarini va depozitariy tomonidan rasman tasdiqlangan nusxalarini saqlash tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilayotgan xalqaro shartnomalarning asl nusxalari (tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari, rasmiy tarjimalari) ular imzolangan (depozitariydan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari, rasmiy tarjimalari olingan) kundan e’tiboran ikki haftalik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga saqlash uchun topshiriladi, ushbu hujjatlarning ko‘chirma nusxalari esa, ular kuchga kirgan kundan e’tiboran ikki haftalik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining tegishli davlat organlariga va boshqa tashkilotlariga yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi idoralararo shartnomalarining asl nusxalari mazkur shartnomalar qaysi davlat organlari nomidan tuzilgan bo‘lsa, o‘sha davlat organlarida saqlanadi, ushbu shartnomalarning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari esa, ular imzolangan (depozitariydan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari, rasmiy tarjimalari olingan) kundan e’tiboran ikki haftalik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga va boshqa manfaatdor davlat organlariga yuboriladi.