II. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish
7. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish turlari:
ov qilish;
baliq ovlash;
hayvonot dunyosidan ilmiy, tibbiy, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy va estetik maqsadlarda foydalanish;
hayvonlar faoliyatining foydali xususiyatlaridan foydalanish;
hayvonlardan ularning faoliyati mahsulotlarini olish maqsadida foydalanish;
ko‘paytirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, namoyish qilish hamda tijorat maqsadlarida tutqunlikda saqlash (pitomniklarda, hayvonot bog‘larida va hokazo);
zoologiya kolleksiyalari tashkil etish va ulardan foydalanish;
yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish, ularni iqlimlashtirish va qayta iqlimlashtirish;
tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya, o‘latga qarshi va veterinariya maqsadlarida foydalanish.
Qonun hujjatlarida hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlari va usullari ham nazarda tutilishi mumkin.
8. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish umumiy va maxsus bo‘lishi mumkin.
9. Hayvonot dunyosidan umumiy foydalanish hayvonlarni yashash muhitidan ajratib olmasdan va hayvonlarga zarar yetkazmasdan amalga oshiriladi.
Barcha tabiiy suv havzalarida 5 kilogrammgacha miqdorda baliqlarni sport va havaskorlik tarzida ovlash ham umumiy foydalanishga tegishli bo‘ladi.
10. Hayvonot dunyosi obyektlaridan umumiy foydalanish foydalanuvchining yashash uchun zarur ehtiyojlari bilan cheklangan miqdorda bepul amalga oshiriladi.
11. Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq to‘lov evaziga O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi deb ataladi) tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
12. Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish tasdiqlangan kvotalar doirasida amalga oshiriladi.
Yovvoyi hayvonlarni tutishga kvotalar har yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Kelgusi yil uchun yovvoyi hayvonlarni tutishga kvotalar tabiatdan foydalanuvchilar tomonidan joriy yilning 1 — 30-dekabri mobaynida bergan buyurtmanomalari asosida shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga kelishish uchun yuboriladi. Tabiatdan foydalanuvchilarning buyurtmanomalariga asosan 1-mart — 30-aprel davrida ushbu yovvoyi hayvonlar turlari zaxiralarining mavjudligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijobiy xulosasiga asosan ularni ovlash uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilishi mumkin.
Tasdiqlangan kvotalar, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tabiatni muhofaza qilish hududiy qo‘mitalariga yilning birinchi choragi mobaynida, shuningdek hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanuvchilarga ularning buyurtmanomalari asosida yetkaziladi.
13. Nizom (ustav)larida yovvoyi hayvonlarni ushlash, tayyorlash, ov mahsulotlarini qayta ishlash huquqi ko‘zda tutilgan korxonalar (yuridik shaxslar) tomonidan sanoat maqsadidagi ov amalga oshiriladi.
14. Hayvonot dunyosidan foydalanganlik uchun to‘lov hayvonot dunyosidan foydalanuvchilarni yovvoyi hayvonlarni va ularning yashash joyini muhofaza qilish tadbirlarini bajarishdan, biotexnika tadbirlarini o‘tkazishdan ozod etmaydi. Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda hayvonot dunyosidan foydalanish ularning rejimiga muvofiq amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |