Ijtimoiy-iqtisodiy globallashuv jarayonlari va yangi ming yillikda jahon sivilizasiyasi. Ilmiy adabiyotda globalizatsiya jarayoni haqida dastlab amerikalik olimlar fikr yuritishgan deb qabul qilingan. “Globalizatsiya” terminini birinchi bo‘lib T.Livettu o‘zining 1983 yilda nashr etilgan “Garvard biznes revyu” maqolasida qo‘llagan bo‘lib, unda globallashuv yirik transmilliy korporatsiyalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qo‘shilish fenomeni sifatida qaralgan.
Garvard biznes maktabi maslahatchisi yapon Kenichi Omae o‘zining 1990 yilda nashr etilgan “CHegarasiz dunyo” asarida ushbu terminga kengroq ta’rif beradi. Uning fikricha, kishilar, firmalar va bozorlarning ahamiyati tobora oshib, davlatning nufuzi qisqarib boradi. Globallashuv erasida barcha xalqlar va jarayonlar global bozorning ta’siriga tushadi, an’anaviy davlat esa o‘zining tabiiyligini yo‘qotib biznesdagi hamkor sifatida yaroqsiz bo‘lib qoladi. Xalqaro iqtisodiy sahnada asosiy harakatlanuvchi sub’ektlar sifatida global firmalar qoladi.
M.YU.CHernavskiyning fikricha, ushbu fenomen uch xil ma’noda tushunilishi mumkin. Birinchidan, kishilar, davlatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar hududining kengayib borishi sifatidagi tarixiy jarayon sifatida. Ikkinchidan, dunyoning siyosiy-iqtisodiy va madaniy bir xillikka tomon harakati sifatidagi umumiylik va gomogenizatsiya jarayonlarining kuchayishi natijasida ro‘y beradigan dunyoning universallashuvi sifatida. Uchinchidan, o‘zaro iqtisodiy munosabatlar sohasida milliy chegaralarning shaffoflashib borishi sifatida374.
SHuningdek, M.YU.CHernavskiy globalizatsiya hodisasini modernizatsiya mahsuli sifatida qaraydi. Uning fikricha, Sovet Ittifoqining “amerikanizatsiya” loyihasiga qarshi qo‘llagan modernizatsiya loyihasi keyinchalik globalizatsiya nomini oldi. Boshqacha aytganda, globalizatsiya sotsialistik modernizatsiya loyihasi inqirozining qonuniy oqibatidir.
YAna bir rus olimi Rossiya strategik tadqiqotlar markazi rahbari o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Mixail Muntyanning fikricha, globalizatsiya hodisasiga ilmiy jihatdan aniq va mazmunli qarash asosan globallashuv jarayonini fan-texnika inqilobining informatsion bosqichi va uning dunyo iqtisodiy, moliyaviy, telekommunikatsion, transport tizimlari rivojiga real ta’siri bilan bog‘lovchi olimlarning ishlarida uchraydi.
Ular globallashuv tushunchasini jamiyatning informatsion bosqichdagi xalqaro rivojlanishning asosiy yo‘nalishi sifatida taqdim etadilar. Ularning fikricha, Internet va butun dunyoni qamrab olgan turli xil transmilliy tashkilotlar, korporatsiyalar va harakatlar globallashuv jarayonining ramziy timsollari hisoblanadi.
YAna bir o‘rinda globallashuvning quyidagi ta’rifi keltiriladi: “Globallashuv-mavjud global jarayonlarni boshqarish maqsadida davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning keng qamrovli aloqalari va hamkorliklari tizimidir”.
SHu o‘rinda ta’kidlash lozimki, globallashuv va global rivojlanish tushunchalari bir-biridan farq qiladi, zero global rivojlanish butun dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan, inson faoliyati natijasida ro‘y berayotgan va insoniyat taraqqiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik, informatsion, psixologik o‘zgarishlar majmuasidir.
YUqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, globallashuv jarayoni ko‘p qirrali va xilma-xil ta’rifli hodisadir.
Bizga ma’lumki, XX asr oxiri va XXI asr boshida dunyo bir-biriga bog‘liq elementlardan iborat bo‘lgan yaxlit tizimga aylanib bordi. Bu esa globallashuv jarayonini jahon siyosati va xalqaro munosabatlarda asosiy omilga aylantirdi hamda ushbu fenomen jahon siyosati fanida bosh paradigma sifatida qabul qilindi. Demak, yuqorida qayd etilgan davrlarda globallashuv har qanday rivojlanishning asosiy omili va tendensiyasiga aylandi. Sababi har bir davrning rivojlanish qonuniyatlari va asosiy tendensiyalari bo‘lgani singari biz yashayotgan informatsion jamiyatning ham rivojlanish qonuniyati globallashuv hodisasidir.
Buning mohiyati shundaki, bugungi kunda hech bir davlat biqiq holatda avtarkiya sharoitida tashqi dunyodan uzilgan holatda yashay olmaydi, ya’ni bunday davlat progressga erishishi mumkin emas. SHuningdek ayrim dolzarb muammolar borki, ularni bir yoki ikkta davlat miqyosida hal etib bo‘lmaydi. U jahon hamjamiyati e’tiboriga muhtoj. Bu esa davlatlarning tabiiy ravishda globallashuv jarayoniga tortilishiga olib keladi. Ko‘rinib turibdiki qonuniyatni o‘zgartirish mumkin emas.
Globallashuv erkin xalqaro savdo gimnining “muallifi” hisoblanadi. Globallashgan iqtisod butun dunyoda farovonlik darajasini oshirish, shuningdek, ijtimoiy sohadagi muammolarni likvidatsiya etishda eng samaralidir. Xattoki, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida ham erkin savdo tufayli ijobiy natijalarga erishish mumkin, chunki kuchli raqobat bosimi resurslarga ehtiyotkorona munosabatni shakllantiradi va tabiat bilan munosabatda oqilonalikka majbur etadi. Eng asosiysi bu jarayon shaxs rivojlanishiga olib keladi. Sababi texnologiya yangi turlarining kirib kelishi, ishlab chiqarish usul va vositalarining takomillashishi intellektual jihatdan salohiyatli kadrlarga ehtiyojni vujudga keltiradi. Natijada kishilarda yangiliklarni o‘zlashtirish va intellektual salohiyatni oshirishga etarlicha impuls beriladi. Kuchli raqobat ularni o‘z-o‘zlarini takomillashtirishga va mavjud sharoitga moslashishga majbur etadi. Nihoyat bu butun jamiyatda intelektning yuksalishiga olib keladi.
Bundan tashqari globallashuvning demokratizatsiya, informatizatsiya kabi jarayonlari jamiyat rivojida alohida ahamiyatga ega. Jumladan, demokratizatsiya jarayonida sotsiumning elementlari ierarxiyasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ushbu ierarxiya quyidagicha strukturaga ega bo‘ladi: shaxs-jamiyat-davlat. Bunda davlat shaxs va jamiyat manfaatlarini ta’minlovchi instrument vazifasini o‘taydi. Jahon arenasida o‘z nufuziga ega bo‘lishni istagan har qanday davlat ushbu ierarxiyaga amal qilishi lozim.
Informatizatsiya jarayoni ham shaxs rivojida muhim ahamiyatga ega. Bunda shaxs o‘zining axborotga bo‘lgan ehtiyojini etarli darajada qondiradi. SHuningdek u ham informatsiya resursiga ega bo‘ladi, ham dunyoqarashini zamonaviy talab darajasida shakllantiradi.
Ammo yuqoridagi ijobiy xususiyatlariga qaramasdan globallashuv hodisasi uchinchi dunyoda negativ qabul qilinadi. Jumladan, AQSH professori (asli afrikalik) Dennis Brutusning fikricha, globalizatsiya “profitsbeforepeople”, ya’ni “foyda insondan muhim” prinsipi asosida harakat qilmoqda. Uning bahosiga ko‘ra, globalizatsiyaning tarqalishi bilan ijtimoiy hayotda inson qadri yo‘qoldi, pul axloq ustidan hukmronlik o‘rnatdi375.
Professor Mbeki globalizatsiya jarayonini antidemokratiya maqsadidagi biznes deb ataydi. Uning fikricha globalizatsiya kelishi bilan biznesning moliyaviy shaffofligi to‘liq yo‘qoldi va oylik maoshlar qisqardi. U o‘zi bilan g‘arb qulchiligining yangi shaklini olib keldi. Bunday qulchilikning xarakterli xususiyati shundaki, unda «xo‘jayin» shaxssizlashadi.376
YAna bir antiglobalist, Qoxiradagi Amerika universiteti professori Arui Mafele globallashuvni «Butun dunyo kapitalistlari birlashing!» shiori ostida ro‘y berayotganligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, globallashuv tabiiy jarayon emas, balki u siyosiy boshqariladi. Globallashuvning asosiy raqibi - bu milliy oppozitsiyadir.377
Albatta globallashuv jarayonining salbiy oqibatlaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa uning madaniy standartizatsiya, informatizatsiya va qadriyatiy universalizatsiya jarayonlari milliy identifikatsiya krizisini keltirib chiqaradi. Ammo bunday salbiy holatlarni oldini olishning samarali yo‘li bu- ushbu jarayonning faqatgina ta’sir ob’ekti emas, balki sub’ektti ham bo‘lishdir. Bugungi kunda ayrim davlatlarni hisobga olmaganda dunyoning deyarli barcha mamlakatlari globallashuvning ob’ekti hisoblanadi. Masalan, YAponiya ushbu jarayonning ham ob’ekti, ham sub’ekti. U globallashuvning ob’ekti sifatida G‘arb qadriyatlarini o‘zlashtirib, sub’ekt sifatida ularni adaptatsiyalashgan ko‘rinishda Osiyoning boshqa mamlakatlariga taqdim etmoqda.378Globallashuv davr taqozosi, rivojlanishning ayni damdagi tabiiy qonuniyati. Undan voz kechish yoki boshqacha yo‘ldan rivojlanish mumkin emas.
Bugungi kunda globallashuv atamasi shunchalik mashhur bo‘lib ketganganki, uni XXI asr mahsuli desak mubolag‘a bo‘lmaydi. SHu o‘rinda, izohlash uchun xilma-xil yondashuvlar, nazariyalar, paradigmalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning hammasini sharhlab quyidagi xulosaga kelish mumkin: globallashuv halqlar, mamlakatlar transformatsiyasi, insoniyatning bir butunlikka integratsiyasini keltirib chiqaradi. SHu ma’noda, muayyan jamiyat o‘zidan etuk deb hisoblagan boshqa jamiyatning mafkura, qarashlar, ilmiy-texnikaviy, madaniy yutuqlarni o‘zlashtirishi globallashuv ta’siri ostida bo‘ladi. SHu borada, kimdir buni jahonning yangi tarkibi shakllanishida xalqlarning yaqinlashuviga, iqtisodiy farovonlikka ijobiy ta’sir etadi, deb (K.Omae, P.Draker, T.Piters, S.Reysmit, S.Xantington va b.) hisoblasa, boshqalar (Z.Bauman, N.V.Zagladin, F.Fukuyama, G.P.Martin, X.SHuman, M.G.Delyagin, V.I.Dobrenkov va b.) globallashuv milliylikning yo‘qolishi, bir mamlakatning boshqa yirik ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan davlatlarga qaramligini oshiradi deb qaraydilar.
SHu asnoda nafaqat oddiy o‘quvchi, balki o‘z mustaqil mushohada-mulohazasiga ega bo‘lgan odamlarda ham globallashuv jarayoni ta’sirida jahonning yangi tarkibi yoki bo‘lmasa millatlarning totuvligini ta’minlovchi madaniyati, ma’naviyati qanday bo‘lishi to‘g‘risida gumon-shubhalar, ikkilanishlar paydo bo‘lishi tabiiy.
Bundan tashqari, globallashuv masalasiga oid zamonaviy bahslar ushbu muammoni yanada chigallashtirib yubormoqda hamda yangi muqobil g‘oya, nazariyalarning paydo bo‘lishiga turtki bermoqda. Jumladan, “Fransuz olimi Jak Le Dyumgi quyidagi yondashuvlarni ishlab chiqadi:
Liberal yondashuv. Globallashuv faqatgina ob’ektiv jarayon emas, foydali fenomen sifatida iqtisodiy, ijtimoiy samaradorlikka olib keladi;
Madaniy yondashuv. Milliy madaniyatlar inqirozi tarixiy jamiyatlar to‘qnashuvi, “chatishgan madaniyat” ning paydo bo‘lishi”379.
YUqoridagi yondashuvlardan farqli o‘laroq Golland tadqiqotchisi YA.N.Piters globallashuvni izohlashda quyidagi paradigmalar tipologiyasini taklif etadi.
“Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi”. Turli madaniyatga mansub jamiyat mamlakatlarining konfrontatsiyasi;
“Makdonaldlashuv”. Transmilliy kompaniyalar amalga oshirayotgan moderinizatsiya ostida (vesternizatsiya, evropeizatsiya, amerikanizatsiya) madaniyatlari gegemonlashuvi.
“Gibridlashuv”. Halqaro munosabatlar ostida umumiy, aralash madaniyatning paydo bo‘lishi”380.
Globallashuvning bir qator muammolariga Z. Bauman ham o‘zining ko‘plab ishlarida alohida to‘xtalgan. Globallashuv, uning fikricha, nafaqat yagona dunyoning shakllanishi, balki uning alohida qismlarga ajralishining kuchayishi va ohir-oqibatda uning mahsuli sifatida “individuallashgan” jamiyatning qaror topib borishidir. ““Globallashuv”, - deb yozadi Z.Bauman, - hozirda hammaning og‘zidan tushmaydigan, urfga hamda shiorga aylangan so‘z, sehrli hamda barcha mavjud va bo‘lg‘usi tilsimlarning eshigini ochib beruvchi qandaydir kalit bo‘lib qoldi. Kim uchundir “globallashuv” – bu, baxtli hayot uchun zarur bo‘lgan jarayon, boshqalar uchun – barcha baxtsizliklar sababidir. Hamma uchun globallashuv – bu, bizning dunyoimizning muqarrar qismati, orqaga qaytmaydigan jarayon; bundan tashqari, barcha insonlarning bir hil darajaga va bir hil qiyofaga aylanib borishidir”381.
SHunday qilib, globallashuv ko‘p qirrali jarayon bo‘lganligi uchun uni sharhlashda ancha muammolarga duch kelamiz. Buni bartaraf etish maqsadida jahonda globallashuv ta’siri ostida bo‘layotgan jarayonlarni to‘liq va mukammal tahlil etib ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi paytlarda, ayrim ko‘zga ko‘ringan g‘arb mamlakatlari o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida halqaro huquq me’yorlarini buzib, davlat va xalqlarning suverenitetiga qarshi chiqib, jahonda o‘z tartiblarini o‘rnatishni faollashtirib bormoqdalar. Bunga Iroq va Afg‘onistonda olib borilgan urushlar, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi inqilobiy harakatlar yoki bo‘lmasa yaqin kunlarda sodir bo‘lgan Gruziya va Janubiy Osetiya o‘rtasidagi ixtiloflar yaqqol misol bo‘la oladi. G‘arbning bu agressiv siyosatiga hech qanday halqaro tashkilot yoki davlat to‘sqinlik qila olmadi.
Bundan tashqari, madaniyat sohasida ular o‘z rivojlangan OAV lari orqali qolgan hududlarni o‘z qarash, yondashuvlariga moslashtirib, qadriyatlarini singdirib bormoqdalar. Afsuski, bunday ta’sirlarga to‘siq qo‘yishning iloji yo‘q. Sababi, bugungi kunda XXI asr buyuk texnologiyalar asri deb ham yuritilib, buning asosida hatto bir kichkinagina axborotning tarqalishi ham ko‘zga ko‘rinmas darajada, tez sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Bunda, “o‘rgimchak to‘ri” deb nomlanmish internetning xizmatlari ko‘magi asosida dunyoning bir burchagida sodir bo‘lgan biror bir voqea-hodisa tafsiloti dunyoning ikkinchi burchagiga yashin tezligidek, etib bormoqda. SHu bilan birga, kishilarning bundan boxabar va bexabar bo‘lishi yoki axborotning biror “elementini” o‘zlashtirishi salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda. Ammo bu erda, achinarli tomoni shundaki, axborot aniq va noaniq bo‘lishi kishilarni chalg‘itib qo‘yayotir. SHu boisdan, hech ikkilanmay aytish mumkinki, axborot psixologik xavfsizlik tahdidining namoyon bo‘lishi va uning insoniyat ongiga keskin ta’sir qilishi, mana shunday holatlarning negizida vujudga kelmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan tashqari, SHarq uchun absurd bo‘lib tuyulgan sifatlar ham kirib keldi. Bu esa, o‘z-o‘zidan yoshlar ongini zaharlanishi, o‘z hayotiy-milliy qadriyat va urf-odatlariga, bundan ham xavflisi ma’naviyatiga xilof ravishda, chet el madaniyatini “ommaviy madaniyat” sifatida o‘zlashtirayotganligi, yoshlarni g‘arb foydasiga fikr, xulosa chiqarishlariga moyil qilib qo‘ymoqda. SHuningdek, milliy tillar ayrim xorijiy tillar so‘zlari, birikmalari bilan ifloslanmoqda. Insonlar bir xil ovqatlarni iste’mol qiladilar, bir xil kiyinadilar, bir xil filmlarni ko‘radilar, ma’lumotlarni OAV dan oladilar. Bu holat umumiylikni yoki g‘arblashuvni yuzaga keltirib, milliylikni unutilishiga, izdan chiqishiga, eng qo‘rqinchlisi yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Ammo mana shunday vaziyatda insonlarning globallashuv jarayoni ta’sirida ma’naviy va mafkuraviy tahdidlarga mustahkam iroda bilan dosh berish va kurashish uchun ularda yagona imkoniyat mavjud bo‘lib, bu mafkuraviy immunitet hisoblanadi. Bu o‘rinda, mafkuraviy ta’sir haqida gap ketar ekan, buni biz birgina Prezidentimiz ta’biri bilan izohlashimiz mumkin, “Globallashuv jarayonining yana bir o‘ziga xos jihati shundan iboratki, hozirgi sharoitda u mafkuraviy ta’sir o‘tkazishning nihoyatda o‘tkir quroliga aylanib, har xil siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilayotganini sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam, albatta, kuzatishi muqarrar”382. SHunday bo‘lsa ham, globallashuv jarayoni ta’siri ostida bu immunni yuzaga chiqarishda har bir davlatning milliy g‘oya va mafkurasi alohida ahamiyatga ega. Albatta, bunda, mafkura negizi vatanga muhabbat, sadoqat, ishonch tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan bo‘lib, ajdodlarning asriy orzusi bo‘lgan tinchlik va osoyishtalik, uni asrab-avaylash, mustahkamlash hamda asrlar osha davom etib kelayotgan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, an’analarimizni kelajak avlodlarigacha etib borishini ta’minlash, maqsadiga qurilgan bo‘lgandagina, mafkuraviy immunitet yuzaga chiqadi.
YUqorida keltirilgan mantiqiy xulosalardan so‘ng, dono o‘zbek halqimiz ta’biri bilan aytganda, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi albatta. Globallashuv jarayoni ham xuddi shunday, ya’ni, uning kamchilik tomoni bo‘lgani kabi yutuq tomonlari bo‘lishi tabiiydir.
Nega deganda, globallashuv jarayoni ta’siri mamlakatlar bir qancha muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar. YA’ni, ma’lum maqsadlar yo‘lida, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hamkorlik yo‘lini tutdilar. Bu esa, davlatlar, mintaqalar o‘rtasida integratsiya jarayonlarini kuchayishi, halqaro munosabatlarni shakllanishi, ekologiyani buzilishi natijasida yuzaga kelgan tabiiy ofatlar mahsuli talofatlar vaqtida o‘zaro ijtimoiy yordamlarni ko‘rsatilishi yoki jahonshumul muammo sifatida qaralishi, ilm-fan yutuqlarini tezlik bilan dunyoning har bir eriga etib borish va rivojlanishi, xavfsizliklarga birgalikda kurash olib borilishiga sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi davr jahonda yalpi global sivilizatsiyaning qaror topishida avvalo iqtisodiy integratsiyalashuv va globallashuvning ahamiyati ortib bormoqda. Iqtisodiy globalizatsiya “yagona jahon iqtisodiyoti, jahon bozori, pirovard natijada jahon hamjamiyatining barpo etilishidir, - deb qayd etadi V.S. Egorov. - U Markaz – AQSH boshchiligidagi iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning periferiya – uchinchi va to‘rtinchi dunyo mamlakatlari, rivojlanayotgan va postkommunistik mamlakatlarga nisbatan mafkuraviy, siyosiy va iqtisodiy ekspansiyasi yo‘li bilan milliy davlatlar chegarasidan o‘tadi (ularni qo‘porib tashlaydi)”383.
CHindan ham shundaymi? Dunyo miqyosida bozor tashkil etish uchun zo‘rlik ishlatilishi shartmi? Bizning nazarimizda, muallif bu erda ko‘p jihatdan haq. Ko‘p jihatdan, lekin to‘la emas. Agar globalizatsiya iqtisodiy tazyiq va siyosiy bo‘ysundirish chora-tadbirlariga asoslangan jarayon deb tushunilsa, u chindan ham haq. Lekin ushbu jarayonlarga muayyan tarixiy nuqtai nazardan qaraydigan, iqtisodiy globalizatsiyani faqat ekspansionizm natijasi emas, balki iqtisodiy jihatdan nisbatan teng bo‘lgan davlatlarning ixtiyoriy ravishda asta-sekin birlashishi, qoloq mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati asta-sekin oshirilishi va tenglashtirilishi bilan bog‘liq uzoq davom etadigan murakkab jarayon deb tushunadigan bo‘lsak, bu erda boshqacha yondashuv, boshqacha talqin zarur. Ammo hali dunyoning bironta ham rivojlangan davlati shuni o‘z oldiga bosh vazifa qilib qo‘ygani yo‘q.
YUqorida qayd etilgan juda qiziqarli va foydali ilmiy-falsafiy tadqiqot muallifi aynan shu haqda so‘z yuritadi. U globalizatsiya natijasida rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida tafovut kuchayib borayotganini, XX asr oxiriga kelib ular o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut nisbati 74:1 ga etganini tashvish bilay qayd etadi384. Rivojlangan mamlakatlar globalizatsiyadan tobora ko‘proq naf ko‘rmoqdalar, ular jahon iqtisodiyotiga qo‘shilish niyatidagi yangi mamlakatlarga o‘z “o‘yin qoidalari”ni qabul qilishni shart qilib qo‘ymoqdalar, natijada globalizatsiya jarayonlari yagona markaz – AQSHdan turib tartibga solinmoqda va nazorat qilinmoqda385.
Iqtisodiy globalizatsiyaga shu nuqtai nazardan qaralsa, ushbu jarayonni ro‘y bergan hodisa deb emas, balki unga sari harakat deb tavsiflash mumkin.
Boshqacha qilib aytganda, hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida globalizatsiya emas, balki regionalizatsiya jarayonlari ro‘y bermoqda. SHu nuqtai nazardan sotsiologik lug‘atlardan biri mualliflarining “globalizatsiya – muayyan mahalliy kichik tizimlarga tabaqalashgan jahon umumiy ijtimoiy-madaniy tizimining vujudga kelishi”386, degan fikriga qo‘shilish mumkin.
SHu munosabat bilan, bizning nazarimizda, iqtisodiy globalizatsiya sari harakat to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki iqtisodiy salohiyati teng mamlakatlarning mintaqaviy (mahalliy) uyushmalari orqali amalga oshirilmoqda. Bu erda teng salohiyatli degani bir xil degan ma’noni anglatmaydi. Markaziy Yevropadagi ayrim sobiq sotsialistik mamlakatlar Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilishi shundan dalolat beradi. Ma’lumki, ushbu mamlakatlar o‘z iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra Yevropa hamjamiyatining eski a’zolaridan ancha orqada.
Ushbu tushunish jahonning rivojlangan davlatlari iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilishning boshqa yo‘llarini istisno etmaydi. Ammo bunga erishish juda ham qiyin. Faqat iqtisodiy rivojlangan qudratli davlatlardan biri bo‘lgan Rossiyaning “Katta ettilik”ni teng huquqli a’zosi bo‘lishi bilan uni “Katta sakkizlikka” aylanishiga sabab bo‘ldi.
Ko‘rib turganimizdek, globalizatsiyaga o‘tish shakllari juda serqirra va rang-barangdir. Ular jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarida: siyosiy va ijtimoiy sohalarda, iqtisodiyotda, madaniyatda, millatlararo munosabatlarda va h.k.da namoyon bo‘ladi.
Hozirgi zamonda iqtisodiyot sohasida globallashuvning uch asosiy yo‘nalishini qayd etadi:
moliyaviy globalizatsiya;
jahon savdo-sotiq unumdorligini oshirish;
dunyo miqyosidagi transnatsional kompaniyalar (TNK) tarmog‘ining vujudga kelishi va kengaytirilishi.
Ushbu yo‘nalish doirasida globalizatsiyaning quyidagi asosiy jarayonlarini qayd etish mumkin:
- iqtisodiyotning internatsionallashuvi;
- jahonda yagona aloqa tizimining rivojlanishi;
- axborot, bilimlar va ekspertlar ahamiyatining oshib borishi;
- transnatsional iqtisodiy diplomatiyaning yaratilishi.
Iqtisodiy globallashuvning tarafdorlari bo‘lishi bilan birga tanqidchilari ham mavjud. Ayrimlar globallashuvga ijobiy hodisa deb qaraydi, chunki u butun jahonda mehnat unumdorligini va odamlarning turmush darajasini oshirishga qodir. Ularning fikricha, dunyo miqyosidagi iqtisodiy integratsiya mehnat taqsimotini yaxshilaydi, mehnat haqi past mamlakatlarga ko‘p mehnat sarfini talab etuvchi ishlab chiqarishlarga ixtisoslashish, mehnat haqi darajasi katta bo‘lgan mamlakatlarga esa ishchi kuchidan yanada unumliroq foydalanish imkonini beradi. Globalizatsiya kapitalni investitsiyalar uchun qulayroq shartlar asosida taklif qilgan istalgan mamlakatga joylashtirishga, mahalliy moliyaviy loyihalarning past daromaddorligi tuzog‘iga ilinmaslikka imkoniyat yaratadi.
Globalizatsiya raqiblari esa bunga qarama-qarshi fikrlarni ilgari suradi. Ularning ta’kidlashicha, mehnat haqi darajasi past bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan raqobatning kuchayishi rivojlangan mamlakatlarda ish joylari qisqartirilishi va hatto mehnat haqining kamaytirilishiga olib keladi.
SHu nuqtai nazardan “Trud-7” gazetasida e’lon qilingan bir maqola387 diqqatga sazovor. Unda ko‘k rangli jinsi (bluejeans) ishlab chiqaruvchi mashhur “Levi Straus” kompaniyasining taqdiri haqida so‘z yuritiladi. Kompaniyaga raqobat tazyiqi kuchayishi natijasida u ishlab chiqarish hajmining bir qismini ishchilar o‘z mehnati uchun ko‘p haq to‘lamaydigan joylarga, ya’ni rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Maqola mualliflarining fikricha, ushbu tazyiq zamirida aynan globalizatsiya jarayonlari yotadi. Unda rivojlangan mamlakatlar o‘z raqobatbardoshligini oshirish uchun mehnat haqini va ijtimoiy ta’minot nafaqalarini kamaytiradi, atrof muhit ustidan nazoratni susaytiradi. Raqobat tazyiqi natijasida aksariyat davlatlar o‘z iqtisodiy siyosatini amalga oshirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Iqtisodiy tangliklarni vujudga keltirishga qodir moliya korchalonlari ta’siri kuchayib borayotgani ham jiddiy tashvish uyg‘otadi.
SHu munosabat bilan milliy iqtisodiyotlar yagona jahon xo‘jaligiga qo‘shilishi jarayoni ilgari ro‘y bergan jarayonlarga qaraganda bir qancha o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Ilgari, XX asr boshida jahonning katta qismi global iqtisodiyotda ishtirok etmas edi. Bugungi kunda savdo-sotiq va investitsiyalarga o‘z chegaralarini ochib qo‘ygan mamlakatlar soni juda ko‘paydi. Nafaqat rivojlangan mamlakatlar, balki rivojlanayotgan mamlakatlar ham bozor munosabatlariga o‘tish bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirmoqdalar.
Ikkinchi xususiyat aloqa vositalari narxi kamayishi hisobiga transport xarajatlarining qisqarishida ifodalanadi. Arzon va samarali kommunikatsiyalar tarmog‘i firmalarga ishlab chiqarish jarayonining har xil tarkibiy qismlarini turli mamlakatlarga joylashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, zamonaviy axborot texnologiyalari ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasida yuzma-yuz muzokarada bo‘lish zaruriyatini ancha kamaytiradi va ularga ilgari xalqaro bozorlarda sotishning iloji bo‘lmagan tovarlarga xaridor topishning yangi shakllarini topish imkonini beradi.
Uchinchi xususiyat – yalpi xalqaro moliyalashtirish oqimlari tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, er yuzida chet el valyutasining kundalik aylanmasi 1973 yilgi 15 mlrd. AQSH dollaridan 2000 yilda 1,5 trln. AQSH dollariga ko‘paydi.
To‘rtinchi xususiyat fan-texnika taraqqiyoti va “axborotlashgan jamiyati”ning shakllanishi bilan bog‘liq. Ommaviy sanoat ishlab chiqarishi oddiy hodisaga aylandi. Uchinchi dunyo mamlakatlaridagi ta’lim dasturlari va texnik taraqqiyot natijasida turli mamlakatlar ishchilarining mehnati bir xillashdi, binobarin, mehnat haqidagi katta tafovut hisobiga ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish imkoniyati kengaydi.
Transnatsional korporatsiyalar global iqtisodiyot rivojlanishini harakatlantiruvchi kuchlardan biriga aylanib bormoqda. Masalan, transnatsional korporatsiyalar o‘z mamlakatlaridan tashqarida amalga oshirgan sotish hajmlari eksport hajmlaridan 20-30% tezroq o‘smoqda. Transnatsional korporatsiyalar umumiy sotish hajmining o‘rta hisobda 45% ni eksport tashkil etadi. Moliya bozorlarida transnatsional korporatsiyalar muhim operatsiyalar holatini belgilovchi qudratli kuchga aylanmoqda. Ularning yalpi valyuta zaxiralari jahonning barcha Markaziy banklari umumiy valyuta zaxiralaridan bir necha baravar ko‘p.
Xullas, globalizatsiya ham davlatlararo, ham transnatsional shakllarda rivojlanadigan ikki yoqlama jarayon. SHu sababli uning tarmoqlari ham keng: davlatlar, ularning ittifoqlari, xalqaro tashkilotlar, nohukumat tashkilotlari. Iqtisodiy globalizatsiyaning tabiati ikki qarama-qarshi tendensiya: 1) rang-baranglikning kamayishiga qarab bir xillashish va 2) turmush darajasi va tarzida tafovutlarning ulushida ham namoyon bo‘lmoqda.
Hozirda integratsiyaviy hamkorlikda xalqaro tashkilot va organlar, ayniqsa, BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi, Butunjahon savdo tashkiloti (BST), taraqqiyot va tijorat bo‘yicha BMT Konferensiyasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ), Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Hududiy va hududlararo miqyosdagi integratsiya jarayonlarini Yevropa Ittifoqi (EI), Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkiloti (IRHT), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), SHanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) va yana BMTning hududiy iqtisodiy komissiyasi belgilab beradi.
Xalqaro tashkilotlar hujjatlarini tartibga solish jarayoni va konferensiyalarda faol ishtirok etish xalqaro iqtisodiy huquqning o‘ziga xos jihatlaridandir. Bu masalalarda BMT tomonidan Davlatlarning iqtisodiy huquq va majburiyatlari xartiyasi, yangi xalqaro iqtisodiy tartib to‘g‘risidagi Deklaratsiya (1974), BMT Bosh Assambleyasining "Birlashuv va progressiv rivojlanish prinsiplari va xalqaro huquqiy me’yorlari yangi iqtisodiy tartibning huquqiy aspektlari sifatida" (1974) rezolyusiyasi, Iqtisodiy ittifoq tuzish to‘g‘risidagi Kelishuv (1993), Iqtisodiy ittifoqning xalqaro iqtisodiy qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi Kelishuv (1994) va boshqa huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Hozirgi iqtisodiy globalizatsiya muammolarining tahlilida O‘zbekiston Respublikasida ro‘y berayotgan globalizatsiya jarayoni va uning jahon hamjamiyatiga, shu jumladan xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga qo‘shilishi biz uchun alohida o‘rin tutadi.
Ushbu jarayonda respublikamiz o‘rnini belgilar ekan, I.A.Karimov O‘zbekiston kapital sarflash nuqtai nazaridan ham, dunyo miqyosidagi keng qamrovli xavfsizlikning tarkibiy qismi sifatida mintaqada barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan ham borgan sari e’tiborga sazovor bo‘lib borayotganini qayd etadi. “Bunday sharoitda integratsiya jarayonini, xalqaro institutlar va tashkilotlarda suveren davlatlarning ishtirok etishini kengaytirish jarayonini faqat tarix taqozosi deb emas, balki ayrim mintaqalar ko‘lamida ham, shuningdek, umuman - butun sayyoramiz ko‘lamida ham sobitqadamlik, barqarorlikning qudratli omili deb hisoblamoq zarur”388.
O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida turli darajalarda - dunyo miqyosida va mintaqa ko‘lamida - integratsiya jarayonlarida qatnashsa-da, ammo bir muhim qoidaga: bir davlat bilan yaqinlashish hisobiga boshqasidan uzoqlashmaslikka amal qiladi389.
SHu sababli O‘zbekiston alohida mamlakatlar bilan ham, turli davlatlararo birlashmalar, uyushmalar bilan ham o‘zaro foydali asosda iqtisodiy hamkorlik qilmoqda, jahonning barcha davlatlari bilan iqtisodiy, ilmiy-texnik va boshqa aloqalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi integratsiyalashuvini ta’min-lashga xalqaro moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlar – Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar ham katta yordam ko‘rsatmoqda.
Mustaqillik yillarida mamlakatda tashqi iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, jahon iqtisodiy tizimiga O‘zbekistonning qo‘shilishi yo‘llarini mustaqil belgilash tamoyillari ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilmoqda.
2001 yil iyunda SHanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida so‘zlagan nutqida I.A.Karimov Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy aloqalarni ham yanada mustahkamlashga chaqirdi va: “Bizning diqqat-markazimizda ko‘p qirrali iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik tizimini tashkil etish va chuqurlashtirish mintaqadagi xalqlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlovchi qudratli vosita sifatida qaralmog‘i zarurligini masalasi turishi lozim”,390 deb qayd etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |